O‘tkan bir kun maktabda edim. Bu ikki yillik maktabda bir muallim jug‘rofiya darsi bermakda ekan; tashqaridan turib o‘zimni ko‘rsatmasdan bir oz darsni tingladim; dars mana shunday davom qilmoqda edi. Jugrofiya, birinchi dars:
Agar bizdan so‘rasalarkim, dunyoda nima bor? Javob bermog‘imiz kerakkim, quruqlik bilan suv bor deb. Tag‘in agar so‘rasalarkim, quruqlik ko‘bmi suv ko‘bmi? Javob beramizkim, dunyoning to‘rt hissadan bir hissasi quruqlik, uch hissasi suv deb. Agar tag‘in so‘rasalarkim, quruqlikni nima qilg‘onlar? Javobga aytmog‘imiz lozimdirkim: beshga taqsim qilg‘onlar deb. Ular qaysilar deb so‘rasalar, javob beramizkim, birinchi Ovrupo, ikkinchi Osiyo, uchinchi Afriqo … deb.
Mana dars, mana mantiq, mana 8—9 yashar bolalarga jug‘rofiya darsi!..
Mana sho‘rolar hukumatining barobarlashgan mehnat maktabiga aylantirish kerak deb jon chekishib yotqon maktabi ahvoli! Mana ta’lim va tarbiya!
Hozir Samarqandda 32 maktab bor ekan. Mana shuning nechasi shu ahvolda deb so‘rag‘on so‘rog‘g‘a «barchasi — hammasi shunday», demakdan boshqa javob yo‘q.
Maktablarimizning barchasining shu ahvolda bo‘lishi yaxshi muallimlarimizning yo‘klig‘idan emas, muallimlarimizning orasinda yaxshilari bor, lekin bular ba’zi maktablarda birtagina tushub qolg‘onlar, bu muallimlar o‘z darslarini tuzukkina beradilar.
Lekin o‘shal maktablarda-da boshqa darslar yuqoridag‘i turush bilan boradir.
Tavof qilmayturg‘on joyi shu yerdakim, shu ahvolni hozirgacha hech kim maydonga qo‘ymagon, hech bir vaqt bu to‘g‘rida yozilmagon, so‘ylanmag‘on.
Bu muallimlar kurslarinda ta’lim va tarbiya oti bo‘lib o‘zi bo‘lmag‘onidan kelgan. Hozirdagi sakkiz oiliq «ta’lim vatarbiya» kurslarinda muallim bo‘lmag‘oni uchun ta’lim va tarbiya darsi yo‘q ekan. Mana siz andak muhokama qiling. Bu faqat muallimning aybi emas. Bunga maorif idorasi ham ayblik. Balki aybning ko‘bi maorif idorasindadir. Muning ilojini topish mumkin. Samarqand shahrinda ta’lim va tarbiyadan xabarlik bir-ikki muallim bor, topiladir…
Biz hozirgi muallim kuchi va shu ahvoli bilan maktabni hech olib borolmaymiz. Agar olib boramiz deb qo‘ng‘iroq (asror) qilsak, jinoyat qilg‘on bo‘lamiz. Menimcha, bu 32 maktab miqdorini o‘nga tushirish kerak. Muallimlar orasidan saylab o‘n maktabga yarasha ajratish kerak. Lekin kursg‘a ta’lim va tarbiya darsini haqiqatda kirgizish keraqdir. Bu bir.
Ikkinchi: maktablarga bolalarning kelmasligi; ou tabiiy bir hol. Birinchi – sira maktabdan bola foydalanmaydir; gimnastikadan boshqa narsa yo‘q
So‘g‘un – butun muallimlarning da’vosincha bizim xalqning muhabbatini jalb qilish uchun maktablarda din darslari bo‘lsin. Muallimlar rasmiy soatlardan boshqa bir soat-yarim soat din darsini bersalar, bolalarni keltirish uchun otasini, qarindoshlarini qamashlik kerak bo‘lmay qoladir.
Bu tajriba bilan isbot bo‘lg‘ondir. Maorif idorasi, sho‘rolar hukumati din darsi o‘qitishga qarshi emasdir. (Xususan Turkistonda). Shu shart bilankim, hukumat puli ketmasun, mullalar o‘qutmasunlar!
Chunki hukumat musulmonlar uchun pul bersa, din darslariga o‘ruslar uchunda kerak bo‘ladir, bu esa sho‘ro hukumatining qonun asosi tarafidan nomlang‘ondir.
Chunki ular xurofot va safsatadan boshqa narsa berolmaydirlar. Bularni esa keltirib, sakkiz-etti yashar bolalar oldiga qo‘ysak, foyda yo‘qdir. Balki ko‘b zarardir. Bultur muni tajriba qilib ko‘rdik…
Mana bu yukni tadbirini ko‘rishni maorif idorasiga tavsiya qilar edim.
«Maktablarda ahvol» maqolasi V.M. imzosi bilan «Mehnatkashlar tovushi» gazetasining 1921 yil 15 fevral sonida bosilgan.