Hijriy 5 asr ila 10 asr orasidag‘i besh yuz yilliq bu davr Xuroson va Movarounnahrda islom madaniyatining gullagan mavsumi edi. Beshinchi asr(lar) arabning yangi ruhiy ortishi bilan Eronning yer yuzida mumtoz mavqe tutg‘on davridir. U vaqtlar rub’i maskunning eng fayzli qitasi va ma’lum dunyoning og‘izlarda doston bo‘laturg‘on qismi Iroq va Xuroson edi. O‘rta Osiyoning yangi tarixida eng boy va shavkatli davlatlar shu davrning mahsulidirlar.
Mamlakat obod, xalq esonliq ichida edi. Chunki rub’i maskunning boylig‘i shu o‘rtag‘a yig‘ilg‘on edi.
Bu voqealarda Iroq, Xuroson va Balxning markaziy shaharlari Bag‘dod, Hirot, Nishopur, Balx dunyo tijorasining yo‘llari ustida edilar. Hindining qamishlari, Chinning san’atkorona ishlang‘on va to‘qilg‘on asbob va kiyimliklari, Misr va Shomning pombiq, ipak qog‘ozlari, Eronning qimmatbaho toshlari, xullasi, dunyoning bir tomonidan ikkinchi tomonig‘a har narsa bu yo‘llardan o‘tar edi. Mana shu zamonlarda edikim, islom madaniyatining yetishtirg‘on hakim va adiblari dunyoda yagonalik tug‘ini ko‘targan edilar.
Hakim Sanoiy, Mavlono Jaloliddin Rumiy, Farididdin Attor, Abu Ali ibn Sino, Forobiy, Xayyom kabi eng buyuk va mashhur kishilar shu asrning yetishtirgan kishilari orasidadir. Bu o‘rta asr madaniyatining ikkinchi bir varag‘i bo‘lg‘on 8, 9, 10 asr turk dahosining asriy madaniyati o‘zlashtirib ochilg‘on va yuksalgan bir davridir.
Voqean, yuqorida otlarini sanag‘onlarimiz orasida ham turklar bor, lekin bu keyingi davr turk dahosining o‘z mamlakatida, o‘z muhitida va o‘z muassasalari uchun ishlatishi bilan ayriladir.
U davrda Temur, Yildirim, Bobir kabi buyuk qo‘mondonlar, Ahmad Yassaviy, Navoiy, Sulton Husayn, Fuzuliy kabi shoirlar, Ulug‘bek, Qushchi kabi hay’atshunos hakimlar yetishdilar.
Tarjimayi holi va tarbiyasi
O‘rta Osiyoning shu «oltun davri»ning 844 hijriysida edikim, bu kun turk adabiyotining otasi sanalaturg‘on Alisherbek Hirotda dunyoga keldi.
Alisherning otasi Ganjinai Bahodir Temur bolalarining xizmatlarida yuraturg‘on ma’murlardan biri edi va hijo vazni bilan she’rlar aytganidan shoirliq ila mashhur bo‘lmish edi va shuning uchun Kichik baxshi debda atar edilar.
Ganjinai Bahodir o‘zi ham ilm va fazl odami bo‘lgonlikidan Alisherning tarbiyasiga kichik yoshdan ahamiyat berdi. Alisher avval Hirotda boshlang‘ich maktabda o‘qidi va o‘zining yigitlik va faoliyat yillarida eng yaqin do‘sti bo‘lg‘on Husayn ham shu maktabda o‘qur edi.
Alisher olti yoshda ekan, oilasi Shohruhning vafotidan so‘ng Mashhadga ko‘chdi (850 hijriy).
Bu shaharda Alisherning yoshligiga qaramay, Sulton Abulqosim Bobirning yonida otasining o‘rniga tayin etdilar.
Alisherning fazl va kamolga bo‘lg‘on maylini ko‘rgon Abulqosim Bobir uning forsiy va turkiy qalam tajribalarini tashviq etar va doimo navozishlarda bo‘linar edi. Bu orada Hiriyning eski vaziri Mavlono Humoyi muammoda yagona erdi. Alisherg‘a rahbarlik etdi. Va u zamonlardan boshlab ikki tilda muhimgina asarlar yoza boshlag‘onidan zullisonayn (ikki til egasi) laqabini oldi.
Alisher 17 yoshda ekan, Bobir o‘lgandan so‘ng diniy va ilohiy ilmlar bilan shug‘ullanmak istadi. Shu vaqtlarda edikim, Xurosonning mashhur shoirlaridan Shayx Kamol Turbatiy bilan tanishdi va istifoda etdi. Shu vaqtlarda yana bir Hirotga kelib, Sulton Abu Saidning xizmatiga kirgan bo‘lsa ham xursand bo‘lmasdan Movarounnahrga jo‘nadi. Alisher Movarounnahrning markazi bo‘lg‘on Samarqandga kelib, Abullaysning bolalaridan va shaharning buyuklaridan Xoja Jaloliddin Fazlulloh Abullaysning madrasasiga qo‘ndi. Bu Xoja usuli fiqhtsa shunday mohir – usta emishkim, hamma sirlarni uni (Ibn Hojib) bilan bir o‘tar ekanlar («Majo-lis un-nafois»).
Alisher ikki yilcha bu fozili muhtaramning yonida turdi, yana shu vaqtlarda shoir Mavlono Yusuf Badihiy Andijoniy bilan tanishdi. Samarqandda ilm bilan mashg‘ul bo‘ldi. Sulton Abu Said o‘lgandan keyin Husayn Boyqaro taxtga o‘ltirg‘och, Alisherni Samarqanddan Hirotg‘a chaqirdi.
Bu vaqtlarda Sulton Husayn yonida bo‘lg‘onidan idora va hukumat ishlari bilan mashg‘ul bo‘ldi.
875 hijriyda isyon etgan Muhammad Yodgor ustiga Sulton Husayn ila birga yurish qilib, uni o‘z qo‘li bilan tutib, hukmdoriga taqtsim qildi.
Bunda boshqa idora va hukumat ishlariga ko‘b yararlig‘lar ko‘rsatganidan 876 da muhrdori xoqoniy belgilandi. Yana shu yilning o‘zida amirlik rutbasini oldi.
Alisher har qancha podshoh tomonidan ochiq yuz va iltifot ko‘rsa ham doimo hukumat va idora ishlaridan bezg‘in edi va takror-takror ishdan bo‘shatilishini so‘rar edi. Alisher idora ishlarig‘a har qancha yararliq ko‘rsatsa ham, unda fazl va kamolga mayl nihoyat darajada edi.
Uning eng buyuk g‘ussasi sevgisining ikkiga bo‘linishi edi. Biri eng yaqin do‘sti bo‘lg‘on Husayn Boyqaroning yuzidan o‘tolmasdan uning buyurg‘on ishlari ila mashg‘ul bo‘lish, holbukim madaniyat, ilm va san’atga ortiqcha berilgan bir kishi bo‘lg‘onidan hukumat ishlari unga ko‘b mone’ bo‘lur edi.
Alisher istar Mashhadda, istar Samarqand va Hirotda bir tomondan zamonining eng buyuk idora kishilari, zodagonlari orasida bo‘lsa, ikkinchi tomondan Movarounnahrda birinchi mavqe qozanaturg‘on olimlar, shayxlar, adiblar va san’atkorlar orasida edi, ulardan ko‘b foydalandi.
U asrda mutasavvuflar eng buyuk o‘rin tutar edilar.
Alisher Samarqandda turg‘on muddatda Xoja Jaloliddin Fazlulloh Abullaysdan, Mavlono Jomiydan va boshqa u yerda nihoyat darajada ko‘b bo‘lg‘on mutasavvuf olimlardan ta’sirlandi.
Yuqorida ko‘rsatishimizcha, bir tomondan muhit, bir tomondan muosir buyuk kishilar unga tasavvuf talqin qilardi. Bu yuqorida ko‘rsatg‘onlarimizdan Mavlono Jomiy bir tomondan diniy-ilohiy rahbarlikda bo‘lsa, ikkinchi tomondan asrning eng buyuk adib, shoirlari ila birga unga adabiyot va sufat talqin qilar edi.
Mashhadda turg‘onda Bobirning vaziri Mavlono Humoyi, shoiri mashhuri xurosoni Shayx Kamol Turbatiy, Samarqandda Mavlono Yusuf Badihiy Andijoniy va so‘ngra Hirotda o‘nlarcha shoir, adib, san’atkor ila birga bo‘ldi.
Mutasavvufligi
Mana shu muhit va shu tarbiyada yashag‘on va o‘qug‘on Alisher tabiiy o‘laroq tasavvuf manzumai fikriyasiga berildi. Eng ko‘b tarqalg‘on va eng quchli namoyandalari bo‘lg‘on bir falsafa tasavvuf edi.
Navoiy tasavvufning ruhoniyatchiligiga shuncha berilgan edikim, har asarining har yerida buning ta’siri ko‘riladir.
Chig‘atoy she’rining ustozlaridan biri bo‘lg‘on Lutfiy to‘g‘risida har vaqt so‘z ochilsa, Navoiy u bilan ko‘rishganini va uning Navoiy to‘g‘risida iltifotkorona qarag‘onini va shuning uchun doimo uning ruhoniyatining yordamida bo‘lishini tamanno qilar edi.
Eng buyuk so‘fiylardan Sayid Ahmad Ardasherning yaqin musohiblaridan va bu kishi haqida juda samimiy edi — doimo «bugun umrida bu zot kabi mukammal bir shaxsiyatga uchramaganini» takror qilar edi.
Mavlaviy Jomiy esa Navoiyning piri edi. Bu kishiga muhabbati shu qadarkim, har asarida hech bo‘lmasa, bir-ikki sahifa bu zotning tavsifiga hasr qilg‘ondir.
Jomiy ham o‘zining «Bahoriston»ida Navoiy to‘g‘risida ayrim bir fasl ayirib, uning madh, sanosida shuncha mubolag‘a qiladirkim, u asrda uncha buyuk odamdan hech kim bu iltifotni ko‘rgan emasdir.
Mavlaviy Jomiy vositasida naqshbandg‘a intisob etdi. Bu manzumayi fikriya ta’siri bilan Navoiy 38 yoshda, 881 hijriyda kasb-kamolga mashg‘ul bo‘ldi.
Ilmiy, adabiy shaxsiyati
Ko‘rdikkim, Navoiy otasining qo‘lida ekan, ilmiy, adabiy bir muhitda edi. Otasi bir shoir va eski an’anaviy bir shoir bo‘lish sifati bilan ham asriy va tarbiyaviy adabiy ta’sir ijro etdi. Shuning uchunda Navoiy eng kichik yoshdan she’r ayta boshladi.
Alisher 14-15 yoshda ekan, fors va turkiy she’rlarini Abulqosim ko‘rdi va uni tashviq qilar edi va Abulqosim Bobirning vaziri Mavlono Muammoiy qo‘l ostida yozg‘on turkcha, forscha asarlari muhimg‘ina mavqe olg‘onidan shu vaqtdan boshlab uni zullisonayn atay boshladilar.
Navoiy o‘z hayotida eng ko‘b yozg‘on kishilardandir. Mavlaviy Jomiy hayot ekan, Navoiyning o‘n minglab ko‘b g‘azal yozgonin va «Xamsa»sininggina o‘ttiz ming bayt ekanin zikr etadir.
Navoiy forsiy bilan ham ancha mashg‘ul bo‘ldi. «Xamsa»sini qandaykim Nizomiyg‘a javoban yozg‘on bo‘lsa, mushoira maydonida bo‘lg‘on va Xusrav tomonidan yozilg‘on «Bahr ul-abror» degan qasidag‘a javob aytdi.
Navoiyning «Tuhfat ul-afkor»i Xusravning «Bahr ul-abror»idan ko‘b ham qolishmaydir va bundan ko‘b qimmatli fikrlar yuritgandir.
Masalan, uning matlai shudir:
Otashin la’liki toji Xusravonro zivar ast,
Axgari bahri xayoli xom puxtan sar ast.
Tarjimasi:
U olovga o‘xshag‘on la’lki, podshohlarning tojlarining ziynatidir, bilasizmi nima uchun? U boshda xom xayollar pishirmakkagina yarayturg‘on bir uchqundir.
Navoiy bir mujiddir
Yuqoridagi bo‘limlarda Navoiyning muhiti va asrining buyuklarini aytdik. Tabiiy, so‘z borishidan ma’lumkim, bu muhit har qancha turk aralash bo‘lsa ham, eron-fors muhitidir va bu shaxslar har naqadar turklar bo‘lsa-da, fors unsurlar ko‘pchilikdir va tabiiy, turk aralash bir fors madaniy sohasidir.
Navoiyning asli muxim shaxsiyati na mutasavvufligi, na shoirligi, na tarix yozg‘onidir. Uning mumtozligi shunday qaynagon va yuzlarcha yildan beri singib ketgan forslikning markazida turklar muassasalarini qurishidir.
Navoiyning forsg‘a va fors madaniyatig‘a bir dushmanlig‘i yo‘qdir, u to‘g‘ridan-to‘g‘ri millatchi va turklikni sevaturg‘on bir shaxsiyatdir.
Navoiy o‘z asarlarida forschaning nozik, ohangdor bo‘lg‘onini va u bilan she’r aytish qulay va xush kelaturg‘onligini aytadir. Lekin «modomiki, biz ayri irqmiz va ayri bir til egasimiz, nima uchun o‘z elimiz tushunaturg‘on qilib o‘z tilimiz bilan yozmaylik?» deydir.
Fors tili ishlatish bilan noziklashgan ekan, nechun turk tili shunday bo‘lmasun. Forsda bu qadar go‘zal asarlar bor ekan va bularni bizning turk anglamas ekan, nechun u mahrum bo‘lsun va bu asarlardan istifoda qila olmayturg‘on bir vaziyatda qolsun?!
«Turk tili har qancha qo‘pol va og‘ir bo‘lsa ham o‘zimizniki bo‘lg‘oni uchun yaxshi ko‘rinadir».
Tuzildi bu tizmak bori sarsari,
Yana turkiy alfoz ila bir sari…
Qoshingda sening garchi ko‘b vazni bor,
Chu bor o‘z so‘zing yo‘q anga e’tibor.
Ki so‘z zodai tab’u farzand erur,
Chu farzand erur, jong‘a payvand erur.
Necha zodai tab’ erur nopisand,
Kishining o‘z ollida bor arjumand.
Necha bum farzandi manxusdor,
O‘z ollida xush jilva tovusdor.
Kenib shahi yo‘q garchi xashakcha,
Qalandar qadar suru chelakcha.
Mana bu muhokama natijasida u qo‘lig‘a qalam oldi va forsning eng mashhur asarlarig‘a qarshi turk klassik asarlari(ni) vujudga keltirdi.
Mana, Navoiyning bizga muhim bir xizmati va uni bu kun turk adabiyoti otasi atalishining amaliy o‘zagi shundadir.
Alisherbek bundan besh yuz yil ilgari qarshi isyon qildi va o‘zining «Muhokamat ul-lug‘atayn» otli asarida turkchaning forsiydan hech vaqt qolishmasligini, balkim undan qat-qat ortuq va boy ekanini isbot etdi.
«Modomiki, Navoiy shu fikrdadir, nima uchun forsiycha bir devon bir necha qasida va bir necha asarlar yozdi?» degan e’tiroz bo‘lishi mumkindir.
Bir kishi o‘z fikrini qabul qildirmoq uchun eng oldin o‘zining muxotablaricha bir saviyadan bo‘lishi kerakdir. Alisher ham shu yo‘lni tutdi. Boshlab ularning o‘z yo‘llarida sherlar, asarlar yozdi, kamolini ko‘rsatdi va so‘ngra o‘zining sirini ochdi va dardini sochdi.
Navoiyning Sulton Husayn va undan keying‘i davrg‘a qilg‘on xizmati va qildirg‘on ga’siri kuchli va ko‘bdir. U doimo ilm, fazl egalarini tarbiyat qilar, ularga vazifalar belgilar va asarlar yozdirar edi.
Navoiyg‘a bag‘ishlanib juda ko‘b asarlar yozilg‘ondir.
Sulton Husayn asari to‘g‘risida boshqa asarlarga qarag‘onda bizda ko‘b manba va ma’xazlar bor. Bularning eng birinchisi Navoiy (da)dir.
«Ravzat us-safo». «Habib us-siyar», Vosifiy kabi tarix va hikoyachi munag‘g‘iraflar, Jomiy, Mavlono Husayn kabi axloqiy, diniy asarlar yozaturg‘on mualliflar va bundan boshqa o‘nlarcha devo(n)chi, tazkirachi va turli yo‘lda yozg‘uvchi adib va shoirlarning barchalari Alisherning musoxiblari va uning himoyati ostida yashag‘on fazl egalari derlar.
Bu olim va adiblar va boshqa uning san’atkor musoqiblari ham bor edi. Uning suhbatida asrining eng buyuk musiqashunoslari, hofizlari, musavvirlari ishtirok etdilar.
Hatto Navoiyning musiqa olamida ham mashhur ekani va bir necha navolar bastalag‘ani ma’lumdir.
Rassomlikda ham Navoiy ancha xizmat qildi. Ko‘b rasmlar chizg‘oni rivoyat etiladir. Bu maydonda bir necha shogirdlar yetishtirg‘onligi Movarounnahr san’atkorligi dunyosida muhim o‘rin tutadir.
Navoiyning o‘ttizdan ortiq asari borligi rivoyat qilinadir.
Qo‘limizda bo‘lg‘onlari:
«Chor devon», «Xamsa»si, «Tarixi Ajam», «Majolis un-nafois», «Muhokamat ul-lug‘atayn», forsiy bir devoni.
Vafoti 906 hijriy zulhijja yoki sha’bon oyidadir. Qabri Hirotda, o‘zi solg‘on jomening sahnidadir. Umri oltmish ikkidir.
Ilova:
Bu kichkina maqola jurnalimizning Navoiy yubileyiga ishtiroki uchun yozildi. Bunda ko‘b hollar va voqealar qisqa, ba’zan hatto bir satrda o‘tildi. O‘zbekiston Maorif komissarligi ilmiy sho‘rosi nomidan yaqin fursatda Navoiyning besh yuz yilligi munosabati bilan qilinaturg‘on yubileyda juda keng bir reja tuzildi.
Ilmiy sho‘roning keyingi majlisida shu yaqin ikki-uch oy orasida Navoiy uchun bir «aysilish» majlisi qilishg‘a va bungacha Navoiyning tarjimai holi va faoliyatig‘a oid bir majmua va Navoiy asarlaridan terma, yana bir majmua va eng so‘ngida uning rasmini katta, kichik hajmda tarqatishga qaror qilindi.
Shuning uchun, modom, maxsus bir majmua chiqariladir, yana undan tafsilot berish ortuqcha bilindi. Kelgusi tekshirishlarning matnigina taqdim qilinadir.
___________
«Alisher Navoiy» – bu maqola V.M. imzosi bilan «Maorif va o‘qitg‘uvchi» jurnalining 1925 yil 3-sonida e’lon qilingan. Uni fitratshunos H.Boltaboyev quyidagi izohlar bilan «Yoshlik» jurnalining 1991 yil 5-sonida qayta nashrga tayyorlab e’lon qildirgan. Shu manbadan foydalanildi.
1. Rub’i maskun – yer yuzi.
2. Hay’atshunos – astronom.
3. Tahsili qavoid fozili ulumi naqliya va takmili fununi maorifi aqliya – naqliy va aqliy fanlar qoidasi, komili.
4. Muosir – zamondosh.
5. Sufat – so‘fiylik.
6. Intisob – nasib etmoq.
7. Hasr – bag‘ishlamoq.
8. «Bahr ul-abror» – Xusrav Dehlaviyning «Daryoi abror» asari nazarda tutilmoqda. Bunday nomlanish Fitrat va A. Sa’diy asarlarida ham uchraydi. O‘sha paytdagi mavjud qo‘lyozmalarda shunday zikr etilgan bo‘lishi mumkin.
9. Mujid(d) – tirishuvchi, jiddiy harakat qiluvchi.
10. Bu fikr Fuod Ko‘prulizoda, Ismoil Hikmat kabi ulug‘ turkiyshunoslar tomonidan ham qayd etilgan.
11. Manhus – bexosiyat.
12. Muxotab — xitob (murojaat) qaratilgan kishi.
13. Ma’xaz — material.
14. Musohib — suhbatdosh, hamdam.
15. Rasuh — salohiyat.
16. Hovo — kuy.
17. Vadud Mahmud «forsiy bir devon» deganda 1924 yili M. Solijonovning kutubxonasidan topilgan, dastlab Navoiyga nisbat berilgan «Devoni Foniy»ni nazarda tutgan. Chuqur navoiyshunos bo‘lgan Fitrat bu devonning Navoiyniki emas, balki boshqa kashmirlik Foniyning devoni ekanini isbot etgandi. Bu haqda qo‘shimcha ma’lumot kerak bo‘lsa, Fitratning «Navoiyning forsiy shoirligi ham uning forsiy devoni to‘g‘risida» maqolasiga qarang: «Maorif va o‘qitg‘uvchi», 1925 yil, 12-son, 38-41-betlar.
18. Modomiki demoqchi bo‘lsa kerak.