Janobi muallifi muhtaram va muharriri mukarram fikri balandlarig‘a arz qilurmanki, ushbu maslahatnomami jaridai muboraklarig‘a darj[1] qilsalar, salomat bo‘lsunlar.
Insonning qadri ilm bilan bilinur. Podshoh davlatining taraqqiy va rivoji ilm bilan hosul bo‘lur. Biljumla[2], dunyo va oxiratning obodligi ilmdandur. Agar ilm bo‘lmasa, sanoatlar va zuhdi taqvo paydo bo‘lmas. Afsuski, biz turkistonliklar sharafi ilmdan benasibadurmiz. Ore, oz-oz funundin bor. Taraqqiy va rivojimizg‘a kifoya qilmaydur. Har fanni qovaid[3] va usulidin bilijmol olim bo‘lmoq har hamvatanlarimizg‘a lozimdur. Toki dini millat obod va maishati davlat farovon bo‘lsun. Holi oqsoqol – oqsoqol hamvatanlarimiz ahkomi Islomdin g‘ofildur. Ilmi sinoye nari tursun… Bul johillikni eng birinchi sababi – maktablarimizni buzug‘likidindur. Maktablarda imtihon yo‘q, har ilmdin kam-kam yo‘q, ilmi hisob yo‘q. Tafahhumi ahkom yo‘q. Tajvidi Qur’on yo‘q. Parvarish yo‘q. Ihtimom[4] yo‘q. Faqat sodda iborat o‘qimoq bor. Xat[5] yozmoq bor. Bu ham necha yil o‘tub, sag‘ir[6] kabir[7] bo‘lgandin so‘ngra zo‘rg‘a muyassar bo‘lur.
Ag‘niyolar[8]imiz beparvo, hukumatdorlarimiz besa’y, musohilakor va ulamolarimiz tanparvar[9] va berivoj.
Hech kim ilm holig‘a boqmas. Ag‘niyolarg‘a tanka va so‘m bo‘lsa bo‘lur. Boshqa fikrdin kerak emas. Ammo andak sa’y qilinsa, oz vaqtda vatanlarimiz ilmdin obod bo‘ladur. Maktablarda har ilmning muxtasarotlarini o‘z tilig‘a o‘qutub bildirsunlar. Muallimlar yaxshi imtihon qilsunlar. Bu yanglig‘ muhim xayr va naf’i omma nasni qilmoqliki uch toifani ittifoqlari bilan bo‘lur: toifai ulamo, toifai ag‘niyo, toifai ahli hukumat. Ulamo tahqiqi masoil qilib, har fandin oson-oson ta’lif qilsunlar. Ag‘niyo sarfi zar qilsunlar va hukumatdorlar ijro qilsunlar. Agar hukumat tarafindin farmon bo‘lsa, ko‘p yaxshi ta’sir qilurdi. Va agar bu yanglig‘ qilmasalar, vatanlarimiz tobora xarob va na obod bo‘lur. Zeroki, ilmsiz toifa quruq daraxt kabidir. Quruq daraxtdin hech narsa hosil bo‘lmas. Kuyub kul bo‘lur. Shuncha g‘aflat uyqusida umr o‘tdi, emdi uyalmoq ham yaxshi ishdur. Dini millat va vatan ahvolig‘a boqmoq kerak.
Mulla Sayyid Ahmad Mudarris Vasliy Samarqandiy
«Turkiston viloyati gazeti» 1906 yil 15 fevral, 7–son
Tabdil qiluvchi va izohlar: Abror Hasan o‘g‘li
______________________
[1] Kiritib qo‘ymoq, gazetadagi maqolalar orasiga kiritsalar ma’nosida
[2] Umuman olganda
[3] qoidalar
[4] E’tibor
[5] Yozuv
[6] kichik
[7] katta
[8] Boylar
[9] Behol, bekor, beor, tanbal