Munavvarqori Abdurashidxonov. Mahbusdan ariza (1930)

Vostochniy otdel upolnomocheni o‘rtoq Agidulinga tarjimasi: o‘rtoq Karutskiyga ham Moskovdan kelgan mehmon o‘rtoqqa

Mahbus Munavvar qori Abdurashidxonovdan

ARIZA

Bugun man mahbuslarning gunohkori va eng haqsizi sifatinda har huquqdan mahrum va hatto eng og‘ir gunohlilar ham foydalanadurg‘on uborniy va yuvinishg‘a ham chiqorilmasdan, odinochkada yashayman. Bunga sabab, ehtimolkim, pokazaniyelarimg‘a ishonilmag‘onlig‘i, noto‘g‘ri deb gumon qilinmog‘lig‘i bo‘lsa kerak. Holbuki, man har nima so‘roqlar bo‘lsa ham to‘g‘ri va ochiq javob bera boshlag‘onimdan, boshqalarg‘a o‘xshab, oylab aybimdan tonib sizni va o‘zimni (masalan, Salimxon) qiynab turg‘onim yo‘q. Buning uchun sizdan olg‘on mukofotim bu kungi odinochniy qiynog‘i bo‘ldi. Ushbu arizam ila barobar sizga Namangan va Toshkand tashkilotlari to‘g‘risinda eng so‘ngg‘i ma’lumotimni topshuraman. Ehtimolki, bu zapiskamga ham inonmassiz, noto‘g‘ri gumon qilarsiz, arestantlik huquqimni bundan ham ozaytirasiz, lekin, choram yo‘q, asirman sizning qoshingizda. Bir pashsha qadar quvvatga ega emasman. Bir barmog‘ingiz bilan andak bossangiz, ezilib halok bo‘lishimg‘a ko‘zim yetadir. Shu holimni bila turib, nima maqsadda sizga noto‘g‘ri ma’lumot beraman? O‘lumdan qo‘rqqanim yo‘q. Chunki hozirgi hayotdan o‘limni ming martaba yaxshi, deb bilaman. Har minutda o‘zimg‘a o‘lim tilayman. Faqat hozir o‘lum ham mandan hazar qiladur. Noto‘g‘ri ma’lumot bilan siyosiy idorani aldab, o‘zimni oqlab, qutulmoqchi bo‘lamanmi? Yo‘q. Yolg‘on bilan siyosiy idorani aldolmaslig‘imni va har bir yolg‘onning mani ayb va gunoh botqog‘iga ortiqroq botira borishlig‘ini juda yaxshi anglayman.

Bunda o‘turg‘on namanganlik o‘rtoqlar: «Bizning sirimizni boshlab ochqan shu bo‘ldi», deb manga qarshi tish qayrab o‘turadurlar. Salimxon ko‘p sizga yaxshi ko‘rinmoq uchun manga xat yozib, xizmatchi bola orqali kameraning teshigidan manga tashlag‘ondir. Va shu bola orqali ikki kun qistab, mandan javob yozdirib oladir. Va ul javobni to‘g‘ri sizga chiqarib beradir. U mani hozirg‘i polojeniyega tushishimg‘a, balki, sabab bo‘ladir. Manim sizga bergan noto‘g‘ri ma’lumotimni quvvatlayturg‘on «do‘st»larim shularmi? Bularning har birlari mumkin bo‘lsa, o‘zlari uchun mani qurbon qilishga va o‘z ayblarin ham manim ustimg‘a og‘darishg‘a tayyordurlar. Shuning uchun manim oldimda birgina yo‘l qolg‘on, ul ham bo‘lsa, bu butun qolg‘on va bilg‘on ishlarimni hech bir qo‘rqmasdan va yashirmasdan, ochib o‘rtog‘a tashlash va boshimni siyosiy idoraning ostonasiga qo‘yib, undan ushbu Toshkand va Namangan kishilarini manim eski ismim va shuhratimga qaramasdan turib tekshirishni o‘tunish va o‘zimni butunlay shul idoraning himoyasiga taslim etish. Manga bundan boshqa najot yo‘li yo‘q ekonlig‘ig‘a iymon keltirg‘anman. Agarda umumiy siyosat talab etar ekan, siyosiy idoraning ko‘rsatuvi bo‘yicha garcha o‘z zararimga bo‘lsa, ba’zi fidokorliklar ko‘rsatmakka ham hozirman. Siyosiy idoraning maqsadi ham, albatta, manga o‘xshash bir necha yerlik ziyolilarni bor-yo‘q ayblar bilan ayblab yo‘qotish bo‘lmasdan, shul Toshkand va Namangan tashkilotlarining haqiqiy yuzlarin ochish bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman. Mana shu yuqoridag‘i iymon va ishonchlar ila yozgan ushbu so‘ngg‘i zayavkamdagi har bir jumlaning to‘g‘ri va samimiyligiga javobgarman. Faqat bu zayavkamga ul mashhur millatchi Munavvar qorining «eski ashulasi», deb qaralmasdan, oddiy bir gunohkorning ochiqyurak bilan qilg‘on iqrori, bergan ma’lumoti, deb qaralmog‘ini va shul asosda tekshirishg‘a takror iltimos qilaman. Chunki bu ikki sahnaga man so‘ngdan-da, sodda va nodon va aldanuvchi rolda chiqqanlig‘imni hozir sezib o‘turaman.

Bu «zapiskam» bilan man o‘zimni tashkilotchiliqdan oqlamoqchi emasman. Balki, so‘ngg‘i Namangan va Toshkand tashkilotlaridag‘i rolim va ishtirokim sizning qoshingizda iqror va amalan aytmakchiman, haqiqatda esa o‘zim ham bir tashkilotda bo‘lg‘on edim. Butun idoralarni yerli tilda yurgizish va bulardan ishlovchi ovrupolilarni ham yerli tilda so‘zlashga va yozishga majbur etish va bunga to‘sqinlik ko‘rsataturg‘on buyuk rus millatchilari ila kurashmak uchun butun yerli ziyolilarni bir tashkilot bayrog‘i ostig‘a to‘plash kabi xayollar ila doim bosh qotirardim, faqat 24—25-nchi yillardan boshlab manim fikrimda o‘zgarish paydo bo‘ldi. Hali yerli xalqning madaniy darajasi butun idora ishlarini yerli tilda yurgiza olaturg‘on bir darajaga yetmaganlig‘ig‘a qanoat hosil qildim. Har qanday bir maxfiy tashkilot bo‘lmasin, siyosiy idoradan qutilolmaslig‘iga ko‘zim yetdi, ham man o‘ylag‘on ishlarni hukumatning o‘zi ishlab, yaxshiroq bajarishlig‘iga iymon keltirdim. Shuning uchun 24—25-nchi yildan boshlab o‘zimni eski tashkilotdan tortib olish ila barobar, boshqalarni ham shundan qaytarish fikriga tushg‘on edim. Laziz va Salimxonlarg‘a shul fikrlar va shul yo‘lda muomala qila boshlag‘on bo‘lsam ham, Namangan masalasig‘a kelganda «zapiskam»da yozilg‘on bo‘sh xayollar mani yo‘ldan adashtirdi. Qartayg‘an holimda bu kungi falokatga mani duchor etdi. Endi ixtiyorim sizning qo‘lingizda, o‘ldirsangiz, mana boshim, agarda o‘z himoyachangizg‘a olib ishlataman, desangiz, qolg‘on umrimni firqaning va sho‘rolarning siyosat manfaatigagina sarf etib, eski gunohlarimni o‘z qo‘lim bilan tozalamoqqa tayyorman.

Mani hayotimga kelganda, eng kambag‘al bir oiladan bo‘lib, butun umrimni xalq manfaati va xalq foydasig‘a sarf etgan bir jamoat xodimiman, umrimda pulga, molga, amalga qiziqmadim. Bilib turib, bir xayolot va jinoyat qilib ayblangan emasman. Eng faqirona bir turmushqa qanoat qildim. Bisotimda birgina hovlim bo‘lsa, uning ham oilamdan ziyodasini xalq foydasig‘a, maorifg‘a hadya qildim. Unda hozir «Birinchi may» maktabi davom etadir. 20-yil o‘rtalarig‘a qadar Turkistonning birinchi inqi-lobchilaridan sanalardim. 20-nchi yidda «risqulovshina»lar gruppasiga kirib, aksilinqilobchilik botqog‘ig‘a botdim. Buning tafsilini keyingi «zayavleniyam»da yozaman. Ul choqlarda man bilan birga ishlaganlarning ba’zilari chindan va ba’zilari pul va amal tama’ida munofiqlik sotib, ismlarini ul botqoqdan tortib oldilar. Man bo‘lsam, ul vaqtlarda firqaning ba’zi siyosatiga qo‘shila olmadim. Munofiqliq qilishg‘a vijdonim qabul etmadi. Shuning uchun aksilinqilobchilik botqog‘idan jismimni tortib olg‘on bo‘lsam, ismimni tortib ololg‘onim yo‘q. Agarda yordam qilar ekanman, sho‘rolarning doxiliy va xorijiy siyosatiga xizmat qilib, ismimni ham ul botqoqdan tortib olarman, umididaman.

1930 yil, 13 may