Hoji Muin. Otasharavamiz (1924)

Shukr, Turkistonimizda eski hukumatdan sabil qolg‘on shaloq otasharavamiz bor. Biz bu otasharavamizning Qo‘qon aravalaridek liqing-liqing yurushig‘a ham qancha shodlanamiz, shukr qilamiz. Lekin uning ichidagi g‘ayri tabiiy «intizom va tartib»larni ko‘rishga endi toqatimiz qolmag‘on.

Orenburg‘dan narigi otasharavalarg‘a qarasoq, Xudoning marhamati bilan hamma ishlar o‘z joyida. Hech kimning kamarchasi qimirlamaydir, loaqal noskadusi ham yo‘qolmaydir. Ammo O‘rta Osiyog‘a Xudo panoh bersin. Eng avval bunga bilet olish uchun boshingizg‘a shapka qo‘yib belatxonaga borishg‘a majbur bo‘lasiz. Chunki bu joyda shapka juda katta ro‘l o‘ynaydir. Shapkasizlar odam qatorida ham hisob qilinmaydirlar.

Xayr, bir ish qilib oxiri belat olishg‘a ham muvaffaq bo‘lasiz. So‘ngra chiqasiz otasharavangizning istiqbolig‘a. Bunda qo‘rasizkim, go‘yo yer yorilib odam chiqqan. Bu holni ko‘rub, birdan ko‘nglingizga allaqanday vahimalar tushadir. Shu choqda noiloj Xudog‘a sig‘inishg‘a va avliyolardan yordam so‘rashqa majbur bo‘lasiz.

Ana, otasharava ham lopillab, fishqirib keldi-ku! Endi bu yog‘i baxtingizga qaraydir. Agar Xudo yorlaqag‘on baxtlik kishilardan bo‘lsangiz, cho‘ntagingiz kesilsa va xurjiningiz teshilsa ham, o‘zingiz bir nav qilib poyezdning tomig‘a chiqasiz yoki yuk qo‘yaturg‘on katakchalarning birida diqqat bo‘lib joylanasiz. Bular muyassar bo‘lmag‘an taqdirda, albatta, yo‘laklardagi xalqning «poyandozi» bo‘lishqa yoki zinalardan birida o‘ltirishqa rozi bo‘lasiz. Bular ham sizga nasib bo‘lmag‘onda, vogunning bo‘yniga minib olib, «xayt!» deb ketaberasiz…

Shuncha azob va zahmatlaringiz ustiga, yana kanduxtur janoblaridan so‘kishlar, turtgi-nuqqilar ko‘rushingiz «ustakcha»dir.

Ey oti ulug‘, sufrasi qurug‘ millati najiba! Eng avval shaloq-laqa aravangni tartibga qo‘yib, so‘ngra kattalik qil-da!..

Boturbek

«Mashrab», 1924 yil, 12-son