Yaqinda Turkiston musulmonlarining Xo‘qandda bo‘lgon 4-qurultoyinda (bilittifoq) «Turkiston yerlik Muxtoriyati»g‘a qaror berilib, e’lon qiling‘onlig‘i va bu munosabat bilan Xo‘qandda zo‘r namoyish bo‘lg‘onlig‘i ma’lumdir.
Eshitishimizga ko‘ra, bu kunlarda Andijon, Namangon va Toshkandda ham musulmonlar tarafidan «Muxtoriyat» foydasig‘a tantanalik suratda ulug‘ namoyishlar qilinibdir. Hatto Toshkanddagi namoyish nihoyatda dabdabalik bo‘lub o‘tibdir.
Yaqinda Samarqanddagi «Zahmatkashlar ittifoqi» jamiyati ham bir majlis qurub, «Sho‘roi islom» jamiyati bilan birgalashib «Muxtoriyat» uchun namoyish qilmoqg‘a qaror bergan va buning uchun o‘z tarafindan «Sho‘roi islom» jamiyatig‘a to‘rt nafar vakil yuborib aning rizolig‘ini so‘rag‘on edi.
Lekin na sababdandir «Sho‘roi islom» jamiyati bu ishga rizoliq bermadi va namoyish qilmoqni istamadi.
Shuning uchun Samarqandda bo‘lg‘uli namoyish hanuz kechikib turmoqdadirki, bu masala hurriyat va Muxtoriyatg‘a qarshi bir jinoyat bo‘lsa kerak.
Endi «Sho‘roi islom»ning bu ishig‘a qanday ma’no bermak kerak? Biz bu holning haqiqatini bilmay turubmiz. Harholda, biz sho‘roning bu ishini ushbu uch ehtimolning birisindan xoli emas, deb gumon qilamiz:
1. Qo‘rqoqliq.
2. «Muxtoriyat»ning fahmig‘a bormaslik.
3. «Muxtoriyat»ning vujudga chiqishig‘a ishonmaslik. «Sho‘roi islom» haqinda mazkur ehtimollar to‘g‘ri kelurmi, kelmasmi muning ahamiyati yo‘q. Yolg‘uz shunchasi bor-ki, «sho‘ro»ning bu harakati Turkistondagi o‘n milliyun musulmon qardoshlarining asoratdan qutulishlarini istamagan kabi bo‘lib ko‘runadirlar. Bu ish esa «Marvaj ul-islom» ismini olg‘on buyuk bir jamiyatning sha’nig‘a yarashaturg‘on sifatlardan bo‘lmasa kerak.
Yo‘qsa, yolg‘uz «Sho‘ro»ning namoyishg‘a ishtiroki bi-lan «Muxtoriyat»imiz arshi a’log‘a chiqib, aning teskariliki bilan faoliyatg‘a chiqmay qolmas. Muhtaram «Sho‘roi islom» jamiyati shuni ham bilsunki, bukun Turkiston musulmonlari «Muxtoriyat»ga molik bo‘ldilar. Mundan so‘ngra «Muxtoriyat» bilan birga yasharlar va ushbu yo‘lda o‘z mol va jonlarini ham ayamaslar. Yashasun Turkiston Muxtoriyati!
«Hurriyat» gazetasi, 1917 yil, 16 dekabr