Uxlab qolgan kishilarni boshlab muloyim ovoz ila uyg‘otmoq odobdandur. Sado kifoyat etmaganda mutlaqo turtib uyg‘otmoqg‘a majburiyat ko‘rilur. Men ham ushbu qoidani rioya qilub, ahvoli olam va iqtizoi zamondin oz xabarlik muhtaram shoirlarimizni uyg‘otmak niyati xayrixohonasi ila tovush chiqarmakchi bo‘ldum. Ammo biravga nasihat berurga yoki turtib ranjitmoqg‘a aslo haqqim yo‘qdur. Ma’lumki, dunyoda har bir ilm va hunarni foydali maqsadg‘a yetmoq uchun o‘rganurlar. Diniy yoki dunyoviy foydasi bo‘lmagan ilm va fanni tahsil etmoq yo‘lig‘a aqli bor odam hech vaqt aziz umrini sarf qilmas. Emdi she’r masalasida kelsak, bu fan shar’an mazmum bo‘lmasa kerak. Chunki asri saodatda ham ashobi kirom ichida mashhur shoirlar bor edi. Va alarni she’r inshodidan islom man’ qilmabdur. Hatto Ahzob muhorabasi boshlanmasdan burun Madinai munavvara atrofinda «handaq» qazmoq asnosinda payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning o‘zlarida Abdulloh bin Ravohning she’rini o‘qib bizzot tufrog‘ toshigonlari rivoyat o‘linmushdur.
Yana bir necha jihatdan she’rning ta’sir va foydasini-da inkor qilib bo‘lmas. Chunonchi, muhofizai til va adabiyot va milliy hissiyotni qo‘zg‘otmoq va boshqa vajhlar uchun she’rning kelturadurgan foydalari nihoyatda ko‘bdir. Lekin bir necha asrdan beri boshqa san’atlarimiz kabi fani she’rga ham suiste’mol qilinib; alalxusus bu zamonda she’r, ta’rifi xattu hol, tavsifi may va jom yo tama’garona maddohiyot va g‘arazgarona hajviyotdan iborat bo‘lub qoldi. Mana shul sababli axloqi omma buzulub, juvonbozlik fe’li va sharobxo‘rlik odati xalq ko‘zig‘a muboh darajasida keldi.
Xalq ash’ori fisqiya va yo hajviyadan lazzat olaturgan bo‘lub axloqi diniya ta’sir qilmas. Emdi umid qilurmizki, bir mundan so‘ng fazilatlu shuaromiz (bir-ikki zot istisno) oshiqona she’r va hajvomez nazm inshod etmakdan voz kechub, zamonag‘a muvofiq fanniy, milliy va axloqiy she’rlar inshod etarga kirishsunlar. Toki, bu sababdan butun mustaqbaldagi avlodimizning axloqlari tuzula boshlab, milliy hislari va axloqlari tuzalsun. Shuning ila din va millat, ilm va madaniyat yo‘lida qadam bosib foydali ishlar ishlasunlar. Milliy she’rlarning namunasini ko‘rub istifoda etmak uchun: Abdulhaq Homid, Tavfiq Fikrat, Muhammad Hodiy va marhum Abdulla To‘qayef kabi shuaroi asrimizning ash’orini oldurub mutolaa qilinsa, ibrat olinmoqig‘a shubha yo‘qdur.
(Mexriy, bu to‘g‘ri so‘zing qattig‘ erur, Ore nofe’ doru ham achchiq erur).«Oyna» jurnali, 1913 yil, 9-son