Abdulhamid Cho‘lpon. O‘zbekiston yozuvchilarining 1937 yil 7–8 aprel kunlarida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida so‘zlangan nutq

O‘rtoqlar! Meni kechirasizlar, men o‘zimda bo‘lmagan sabab bilan doimo boshim og‘riq holatda so‘zga chiqishga majbur bo‘laman. Shuning uchun, balki, istagan fikrimni gapira olmasman. Men shu yerdagi o‘rtoq Bereginning* aytilgan so‘zlaridagi uch narsaga javob berishim kerak. Keyin o‘zimning aytaturgan so‘zlarimni aytarman. O‘rtoq Beregin mening xatolarimni ko‘rsatib berib yaxshi ish qildi. Men xatolarimni shu majlisda o‘z ustimga olaman.
Modomiki biz o‘zimizni tanqid qilar ekanmiz, albatta, bosh­qalar qatori men ham o‘zimning ayblarimni bo‘ynimga olishim kerak. O‘z-o‘zini tanqid* qilishni shunday anglash kerakki, biz hech qaysimiz xatodan xoli emasmiz. Kim bo‘lmasin: «Xato qilmayman!» – desa noto‘g‘ri aytgan bo‘ladi. Bizning bu majlisimiz ham o‘zimizda bo‘lgan xatolarni aytib berish uchun chaqirilgan. Shuning uchun bor xatolarni aytib, o‘z-o‘zimizni tanqid qilishimiz kerak.
Bu yerda bir narsani aytib o‘tish kerak. Yozuvchilar o‘rtasida ikki xil xato tushunish bor: birinchisi – majlis, ikkinchisi – xususiy gaplashishda.
Biz hamma vaqt o‘zaro suhbatlashib o‘tirganimizda bir-birimizning kamchiliklarimizni ko‘rsatamiz, aytamiz. Lekin minbarga chiqqan vaqtda hammamizning tilimiz tutilib qoladi. Men shu yerda o‘tirgan o‘rtoqlar orasida Uyg‘unning gapini juda yaxshi tingladim. Ul ko‘p narsalarni aytdi. Lekin shunda ham Uyg‘unning aytmasdan qoldirgan narsalari oz emas. Chunki so‘zlaganda ham, majlislardan chiqqanda ham hamma narsani ochib tashlash kerak bo‘ladi…
…G‘ulom Zafariy* to‘g‘risida aytib o‘tishim kerak. Bu odam meni soyuz bog‘iga borgan vaqt(im)da izlab kelgan. U kishini(ng) menikiga nima uchun kelganligi sababini tushuntirib beraman. Menda qand kasali bor. Men o‘zimning kasalimni tuzatish ustida Moskvada va boshqa joylarda tibbiy muassasalarda bo‘ldim. Shu kasalimga hech qayda yaxshi davo topa olmaganimdan keyin tabiblar menga shotut yeyishni tavsiya qildilar. Men o‘zimni ziyoli deb hisoblashimga qaramay, shu maslahatga ishonib Zafariydan (bir kosa) shotutni olib kelishni so‘raganman. U soyuz bog‘iga men uxlab qolganimdan keyin, kech kelib qolib, menikiga kirmay, So‘fizodaning* oldiga kirgan…
…Ertasi kuni meni So‘fizodanikiga choqirib qolishdi. Biz shu yerda suhbatlashib o‘tirdik. Shu vaqt o‘rtoq Shams* bu ishning yaramasligini aytgan. Buning tanbehi to‘g‘ri edi. Mana shundan keyin ular bilan uchrashmay qo‘ydim. Ammo shundan ke­yin o‘rtoq Shams chaqirib menga tanbeh qilgan. Shu vaqtda men o‘rtoq Shamsga: «O‘zimdagi kamchiliklarni tugatish uchun odamlarning tanqidiga va yordamiga muhtojman», – dedim. Bu o‘zini tuzatish masalasidagi ikkinchi marotaba aytgan so‘zim edi….
Agar eski xatolarimizni shu ikki-uch kundagina tuzatib, bizni odam qilamiz desangiz, yolg‘on bo‘ladi. Bizni chaqirib, anglatib, jamiyat ichiga olib kirib tuzatingiz. Biz turmushga yo‘l solgan kishilarmiz. Lekin bu yo‘lda kamchiliklar bo‘lsa, buning uchun sizlar ham javobgarsiz. Zafariy masalasi shundan iborat. Buni o‘sha vaqtda o‘rtoq Beregin bilgani yo‘q…
…Ikkinchidan, tsitatalar to‘g‘risida nimadir aytdilar. Men buni yaxshi anglamadim. Bilsam edim – javob qaytarar edim. Men Hofiz va boshqa klassiq yozuvchilarning asarlarini ko‘p o‘qiyman. Fors shoirlarining eng go‘zal asarlaridan ba’zi bir hikmatli baytlarni yozib olganman. Hozir shulardan ba’zi birlarini o‘qib bermoqchiman…* Agar shu zararli bo‘lsa, men buni bo‘ynimga olaman…
Endi eng og‘ir va nozik masala bu – Cho‘lpon o‘zini ko‘rsatmadi degan masala.
Moskvadan kelganimga ikki yil bo‘ldi. Ammo shu muddatning ellik protsentini «skidka» qilasiz. Chunki men ko‘p vaqt kasal bo‘laman. Men yarim odamlikdan chiqqanman. Buni hamma bilishi kerak.
Mana shu ikki yil orasida men qanday ishlarni bajardim? «Ona»ning ikkinchi bo‘limini* tarjuma qildim. Bu to‘g‘rida hammadan maqtov so‘zlarini eshityapman. Bu bo‘lim ham hajm jihatdan birinchi bo‘limcha keladi. Juda katta asar. Undan keyin Gorkiyning «Egor Bulichev»ini*, Pushkinning «Dub­rovskiy», «Boris Godunov» asarlarini tarjuma qildim. «Jo‘r» degan she’rlar to‘plamini* nashrga topshirdim, Lohutiyning «Ovrupo safari»ni* tarjuma qildim. Undan tashqari, Eski shaharda chiqaturgan «Tiyotru» gazetasiga* qatnashib turaman. Undan ke­yin «Mushtum» jurnalida ishlayman. Agar sizlar shuncha ishni ham kam desalaringiz meni xaltura yo‘liga tortgan bo‘lasizlar. Men sizlardan tarbiya kutaman, xaltura yo‘liga boshlashingizni istamayman. Mening xatolarim ko‘p, lekin sizlarning tashab­buslaringiz bilan men shu xatolarni tuzatmoqchiman.
Endi meni yigirma bir yildan beri qanday tarbiya qildilaringiz?
Men hozirgi kungacha soyuz a’zosi emasman. Buning sababini anglamayman. Ariza berganimga ancha vaqt bo‘ldi. Buning uchun mening asarlarimni tahlil qilish kerak ekan. Men kelganimdan bir oy keyin «Soz» degan she’rlar to‘plamim* chiqdi. Agar men millatchi bo‘lsam, qora bo‘lsam, nima uchun shu asarni so‘zboshisiz chiqardingiz? To‘plam qo‘lyozmasini muhokama qilib so‘kish, tanqid qilish kerak edi. Yoshlar Cho‘lponning asarini bevosita olib o‘qimasdan, vosita bilan o‘qishi kerak edi. Men o‘zim boshso‘z yozib chiqarsam bo‘larmidi? Bo‘lmas edi. Nima uchun millatchining asari so‘zboshisiz chiqadi? Undan keyin mening romanim* bosilib chiqdi. Bu roman sotilib ham bo‘ldi. Hozir hech qayerda yo‘q. Bu ham so‘zboshisiz chiqdi. Mana shunga yarim yil bo‘ldi, hech qayerda roman haqida bir og‘iz ham so‘z aytilmadi. «Yosh leninchi»da bir maqolani o‘qidim, u faqat maqtovdan iborat edi. Men uning muallifiga rahmat demayman, chunki bu maqola menga hech narsa bergani yo‘q. Men Moskvadan kelganimdan keyin shu asarni soyuzda o‘qib bermoqchi bo‘ldim. Birinchi majlisga 11 kishi, ikkinchi majlisga 7 kishi, uchinchi majlisga esa 4 kishigina keldi, xolos. Shunda ham rahbarlikdan hech kim kelgani yo‘q. Faqat o‘rtoq Oydin* bo‘ldi. Mana bu ham «eski millatchi»ni tarbiya­lash!
Men eski ziyoli sifatida xato qilmasdan ishlay olmayman. Sizlar mening xatolarimni tuzatishlaringiz kerak. Men: «Asarlarim bo‘yicha tanqidiy fikr-mulohazalaringizni aytib beringlar, men kamchiliklarimni o‘zim tuzatib chiqaman», – dedim. Menga asarimda yashiringan majoziy joylarni tuzatib berishni topshirishdi. Men ularni tuzatib chiqdim. Roman bosilib chiqqandan keyin ancha zamon o‘tdi. Ammo asar xususida biror maqola yozilmadi. Shuning uchun ham bugun kechgacha shu yerda qolib meni yaxshi tanqid qilishingiz kerak edi. Men ham bir kecha qolishga rozi bo‘lub kelgandim. Men shunday oshkora muhokama bo‘lishini hozirgacha kutaman. Ammo, afsuski, hech narsa bo‘lmayotir…
…Endi she’rlar xususida.
Men qo‘limdan kelgancha she’rlar yozib kelayotirman. Bu she’rlar ba’zi bir jurnallar va gazetalarda bosilib turibdi. She’riyatning ruhini o‘zgartirish tez bo‘laturgan protsess emas. Shu qiyinchilikni yengib olish kerak. Bu narsa, masalan, «Soz»da ozroq bo‘lsa, «Jo‘r»da ko‘proq. «O‘ktyabr inqilobini qarshi olganda»* degan she’rim to‘g‘risida o‘rtoq Usmonov* «durust» dedi. Lekin ana shu «durust» she’r ham bosilmasdan yotibdi. Sizlar shu she’r chiqquniga qadar meni so‘kib turaverasizlar. Ammo bu she’r chiqqanidan keyin bir oz masala yengillik topar deb o‘ylayman. (Kulgi ovozlari.) Chunki avvalgiga qaraganda unda xiyla o‘zgarishlar bor.
Men Moskvadan kelganimda Akmal aka* meni qabul qil­di. Aytdiki: «Siz hozir she’rlaringizning xudojestvenniy tomonini qo‘yib, ko‘proq siyosiy tomonlariga ahamiyat bering», – deb. Shundan keyin saylovga bag‘ishlab she’r yozib olib borganimda (gazeta idorasida) «Siz lirik tomonlardan yoz­mabsiz», – deb mendan o‘pkalanishdi. Bu qiyin bir narsa. Lekin men bu qi­yin­chiliklarni albatta yengib o‘taman. Sizning tanqidingiz, ayamas­ligingiz orqasida, «domulla» deb ul yog‘ini aytmasdan qo‘yishingiz orqasida bo‘lsa-da men tuzalaman.
Endi ikki og‘iz so‘z «Hamlet» to‘g‘risida. «Hamlet» Londonda dovruqlandi*. U haqda ko‘p gapirdilar, lekin hech qayerda tarjimonning nomini eslamadilar. Men o‘zim haqimda «ko‘proq gapiringlar» deb talab qilmayman. Lekin tarjimon ham odam, uni ranjitmaslik kerak. Nega endi: «Falonchi o‘rtoq mana bunday katta bir asarning tarjimoni», – deyish mumkin emas?! Sizlar bunday sukut bilan tarjimonni ranjityapsizlar. Bilasizlarmi, men o‘zim: «Tarjumaga familiyamni qo‘­­yinglar», – deb eshikma-eshik yurdim. «Ona»ning tarjumasida bo‘lsa tarjimonning nomini texnik redaktorning familiyasi qatoriga qo‘yishgan edi.
Yana bir narsa ustida o‘rtoq Bereginga aytmoqchiman: «Hamlet»ni menga berishdan ilgari boshqa birovga berishgan ekan. Lekin u istamagan ekan. So‘ngra «Hamlet»ning tarjumasini menga berganlar. Biz tarjuma ustida Uyg‘ur* bilan birga ishladik. Oxirida gazetaga chiqdiki, «Hamlet»ning tarjumasi Cho‘lponning hech bir ishtirokisiz tiyotrga chiqdi», – deb. To‘g‘ri emasmi (Ziyo Saidiyga qarab), Ziyo aka*?!
Z i yo S a i d i y. Tarjuma Uyg‘ur bilan sizning o‘rtangizda bo‘lgan.
Ch o‘ l p o n (davom etib). Keyin arab so‘zlari ustida ham gap bo‘lgan. Lekin bu yolg‘on! Men arab emasman! Men millatchi emasman! Men arabchani yomon ko‘raman! Qursin arab so‘zlari! (Kulgi.)
«Hamlet» Hamza tiyotrida qo‘yilganidan keyin hech vaqt tarjimonning nomi eslanmadi. Moskvada(gi gastro‘l chog‘ida) ham tarjimon xususida hech narsa deyilmadi. Mayli, men to‘g‘rimda yozmanglar. Lekin yosh yozuvchilar biror asarni tarjuma qilishganda tarjimon nomi texnicheskiy redaktor nomi bilan bir qatorda turibdi. Natijada shu bo‘ldiki, o‘zingizning xayolingizga kelmaganidan keyin men kelib: «Tarjimonning nomini yozingiz», – deb Ziyo Saidiyga yalinib yurdim.
Mana shu «Hamlet» o‘ynalib bo‘lgandan keyin O‘zbekistonda ham, Moskvada ham katta muvaffaqiyat qozonib turgan bir vaqtda o‘rtoq Nazir To‘raqulovning maqolasi* lop etib paydo bo‘ldi. Agar men «Hamlet»ni ruscha nasriy tarjumadan o‘girgan bo‘lsam, u Lozinskiy tarjumasini olib tarjuma hech narsaga yaramaydi deb meni so‘kdi… Menga esa gazetada o‘zimni himoya qilishga kerakli o‘rin bermay, faqat qisqacha xatimgina* bosildi va hatto soyuzga javob yozishimga ham imkon berilmadi.
Falonchi* meni shunday so‘kdiki, hatto meni «otboqar» deb, «mirshab» deb ham so‘kdi. Hech bir sovet matbuotida ishlatilmayturgan so‘zlar bilan so‘kdi. O‘rtoq Beregin esa lom-mim demay yurdi. Axir o‘rtoq Beregin shu asarning redaktori edi-ku! Redaktor ham javobgarmi, yo‘qmi?! Men ming joyga bosh urdim. Xayriyat, Sanjar* bor ekan, topib tarjumaning originali boshqa ekanligini aytdi. Shuning uchun bu yerda redaktorlarga ham «javobgarlik» degan so‘zning asl ma’nosini tushuntirib qo‘yish kerak.
Endi, o‘rtoqlar, yoshlar ijodi xususida bir gapni aytmoqchiman. Hali o‘rtoq Tuyg‘un* so‘zladi. U menga bir she’rini bergan edi. «Shu she’r to‘g‘risida fikringizni bering, men yaqinda bos­tirmoqchiman», – dedi. Men yolg‘on gapirsam, majlisning sha’niga aslo yarashmaydi. Uning ijodi badiiy jihatdan nihoyatda past saviyada. Agar men unga shu gapni ayt­sam, u mendan arazlab qolgan bo‘lardi.
O‘rtoq Tuyg‘un bu yerda: «Mening yettita asarim bor», – dedi. Bu, balki, yoshlarga yaxshi tarbiya bermaslikning natijasidir. Endigina yoza boshlagan yosh yozuvchining yettita asari bosilib chiqibdi… Yoshlarga adabiy maslahat bergan vaqtda ular yoshini, saviyasini bilib berish kerak. Bitta she’r yozib kelsa, «yaxshi» deb, uni o‘qib-tahlil qilib o‘tirmasdan bostira berish to‘g‘ri emas. Masalan, biz sanoat korxonalarini qanday qayta qurdik? Sanoat korxonalariga juda murakkab mashinalar keltirildi. Ular kvalifikatsiyasi ko‘tarilmagan bir rabochiyga ishonib berilmaydi-ku! Xuddi shuningdek, maslahatni ham, mavzuni ham o‘ylab berish kerak. O‘ylaymanki, bu gaplarni aytayotganim uchun o‘rtoq Tuyg‘un mendan aslo xafa bo‘lmaydi. Uni ko‘proq tarbiya qilish o‘rniga hadeb she’rini bosa berish yaxshi emas… Shuning uchun bundan keyin yoshlarni ham tekshirishimiz, ularning soz asarlarinigina bosib chiqarish kerak. Mana shu masalada ham rahbarlarimizga ko‘proq o‘ylashga to‘ri keladi.
Endi ikki og‘iz so‘z she’r texnikasi to‘g‘risida. Boya Uyg‘un tarafidan misolga keltirilgan Elbekning formalistik taraflarini aytmoqchiman. Biz ko‘p shoirlarning she’rlarini olib qaragan vaqtimizda vazn masalasi chatoqligini ko‘ramiz. Hatto G‘afur G‘ulomda ham vazn masalasida chatoqliklar uchraydi. U menga «…………..» degan she’rini o‘qib berdi. Shu she’r­da vazn qattiq buzilgan o‘rinlar bor. Men: «Shuni tuzatib chiqing», – desam, «Bu to‘plamimni nashriyotga berib olay, 1937 yilda chiqaturgan to‘plamimni xatosiz chiqaraman», – dedi. Demak, haligi to‘plam xato bilan ketsa mumkin ekan. «Bu ish bo‘lmaydi», – desam, «Yo‘q, men buni mana bunday qilib aytib beraman», – dedi. G‘afur G‘ulomdek katta shoirlarimizda ham shunday kamchiliklar bor, lekin bu ifrot* tarafiga olib bormasligi lozim…
…She’rda qofiya va vazn kerak. Lekin she’rning ruhi ham esdan chiqarilmasdan, birga borishi kerak. Ruhdan ajralgan she’r she’r bo‘lmaydi. Mening o‘zimning qiynalganligim shundan bo‘lsa kerak.
Ikki og‘iz so‘z Mashrab to‘g‘risida. Bu xususda yaxshi maqola chiqdi. Mashrab – o‘zi yashagan jamiyatning kamchiliklarini qattiq tanqid qilgan shoir. Shu hol hozirga qadar yolg‘on deb kelinayotir. Lekin agar Mashrab she’rlari ommaga tarqalsin, ommaga yetib borsin desak, gazetadagi maqolalar bilangina kifoyalanib bo‘lmaydi. Hozir soyuz, Til va adabiyot ins­tituti shu narsaga ahamiyat berishi kerak. Mashrabda «Buxoroning bitta darvozasini qing‘ir deganlar kofir bo‘ladi» degan satr bor. Bu satr mutavoze*. Lekin ko‘rib turib har xil takliflarni to‘plab, ko‘rsatib, yaxshilab tanqid qilib, undan keyingina xalqning qo‘liga berish lozim. Bo‘lmasa, xalq adashib qolishi mumkin…

______________________
Mazkur yig‘ilish 1932 yil 25 apreldagi «Adabiy-badiiy tashkilotlarni qayta qurish haqida»gi VKP(b) MQ qarorining 5 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan. Yig‘ilishda qatnashgan Cho‘lpon g‘arazgo‘y kishilarning o‘z sha’niga aytgan o‘ta sub’ektiv fikr-mulohazalariga javob berishga majbur bo‘lgan. Cho‘lpon, arxiv hujjatlariga qaraganda, dastlab o‘zbek, so‘ngra rus tillarida nutq so‘zlagan. NKVDning tuman bo‘limi Yozuvchilar uyushmasi (soyuzi)ga 16 aprelda murojaat etib, yig‘ilish stenogrammasini o‘qib, tuzatib berishni iltimos qilgan. Cho‘lpon garchand nutqining 5 betli ruscha stenogrammasiga ozgina qalam tekizgan bo‘lsa-da, o‘zbek tilidagi 9 betli o‘ta tahrirtalab stenogramma matniga mutlaqo qalam urmagan. U shu haqda ruscha matn tagiga bunday so‘zlarni qayd etgan: «Ya pros­motrel tolko russkiy tekst moyego vыstupleniya, a v uzbekskom tekste, k sojaleniyu, nichego ne mog razobrat. Veroyatno, stenografistki po uzbekskoy chasti bыli lyudmi ochen ploxoy kvalifikatsii. Chulpan. 1937, 21. IV». Nutqning o‘zbekcha stenogrammasi chala va savodsizlarcha yozilgan bo‘lsa-da, Cho‘lpon hayotining eng mashaqqatli davri haqida muayyan tasavvur beradi.
Mazkur stenogramma matni adabiyotshunos Sh.Turdiyev tomonidan ilk bor «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» haftaligining 1989 yil 1 sentyabr sonida e’lon qilingan. 
Beregin Qurbon (1905, Xiva – 1938, Toshkent) – davlat va partiya xodimi. 1937 yilda O‘zbekiston kompartiyasi MQ targ‘ibot va tashviqot bo‘limi qoshidagi matbuot sektori mudiri, ayni paytda, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining rahbarlaridan biri. 1937 yil 7 – 8 aprelda bo‘lib o‘tgan yig‘ilish raisi.
O‘z-o‘zini tanqid – bolsheviklar tomonidan «tozalash» kampaniyasi avj olgan 30-yillarning boshlarida o‘ylab topilgan siyosiy tadbir. Partiya har bir kommunist va hatto kommunist bo‘lmagan sovet kishisidan o‘zining siyosiy-mafkuraviy kamchiliklarini rasmiy yig‘ilish yoki matbuotda fosh etishni talab qilgan.
So‘fizoda Muhammad Sharif (1880 – 1937) – shoir, birinchi O‘zbekis­ton xalq shoiri.
G‘ulom Zafariy (1889 – 1938) – shoir, dramaturg va bastakor. O‘zbek musiqali drama teatrining asoschilaridan biri. «Halima» va boshqa sahna asarlari muallifi.
Husayn Shams (1902 – 1943) – ishchilar sinfidan chiqqan yozuvchi. 1936 yilda Yozuvchilar uyushmasining kotiblaridan biri.
«…shulardan ba’zi birlarini o‘qib bermoqchiman…» – stenogra­fistlar Cho‘lpon o‘qigan she’rlarni yozib olishga ulgurishmagan. Shuning uchun uning aytmoqchi bo‘lgan fikri mavhum bo‘lib qolgan.
«Ona»ning ikkinchi bo‘limi…» – M.Gorkiyning «Ona» romani nazarda tutilmoqda. Cho‘lpon ikki qismdan iborat romanning ikkinchi qismini Moskvadan kelganidan keyin (1934 yil oxiri) tarjima qilgan.
«Gorkiyning «Egor Bulichev»i» – «Egor Bulichev va boshqalar» dramasining Cho‘lpon qalamiga mansub tarjimasi o‘z vaqtida sahna yuzini ko‘rmagan va matbuotda e’lon qilinmagan. Mazkur asar 1939 yilda Amin Umariy tomonidan o‘zbek tiliga qayta o‘girilib, hozirgi Milliy teatr sahnasida namoyish etilgan. Cho‘lpon tarjimasi adabiyotshunos N.Karimov tomonidan topilib, «Jahon adabiyoti» jurnalida ilk bor e’lon qilingan.
«Jo‘r» she’rlar to‘plami – Cho‘lpon qatag‘on etilishi munosabati bilan mazkur to‘plam bosmaxonadan yig‘ishtirib olinib, kuydirib yuborilgan.
Lohutiyning «Ovrupo safari» – mazkur tarjima 1936 yilda adabiy jurnallarning birida va alohida kitob shaklida nashr qilingan.
«Teatru» gazetasi – 1935 – 1936 yillarda Hamza nomidagi teatrning oz tirajli gazetasi (muharriri Ziyo Said).
«Soz» she’rlar to‘plamim» – 1935 yilda nashr qilingan.
«Mening romanim» – «Kecha va kunduz» dilogiyasining ikkinchi kitobi («Kunduz») nazarda tutilmoqda. Bu roman ham 1935 yilda nashr qilingan.
Oydin (1906 – 1958) – yozuvchi va jamoat arbobi. 1934 – 1937 yillarda Yozuvchilar uyushmasi prezidiumi a’zosi.
«Oktyabr inqilobini qarshi olganda» – Cho‘lponning e’lon qilib ulgurmagan she’ri. Bizgacha yetib kelmagan.
Usmonov – O‘zbekiston kompartiyasi MQ targ‘ibot va tashviqot bo‘limi­ning 1935 – 1937 yillardagi mudiri Mo‘min Usmonov (1903, Qo‘qon – 1938, Toshkent) nazarda tutilmoqda.
Akmal aka – O‘zbekiston kompartiyasi MQ birinchi kotibi Akmal Ikromov (1898 – 1938) nazarda tutilmoqda.
«Hamlet» Londonda dovruqlandi – «Hamlet»ning Cho‘lpon tarjimasida hozirgi Milliy teatr sahnasida qo‘yilishi o‘sha davrda katta madaniy voqea bo‘lgan. Shu haqda hatto London gazetalarida ham ijoiy fikrlar bildirilgan.
Uyg‘ur – o‘zbek teatr san’atining asoschilaridan biri Mannon Uyg‘ur (1897 – 1955) nazarda tutilmoqda.
Ziyo aka – yozuvchi va jurnalist Ziyo Said (1901 – 1938) nazarda tutilmoqda.
Nazir To‘raqulovning maqolasi – jurnalist va jamoat arbobi N.To‘­raqulovning «Qizil O‘zbekiston» gazetasining 1936 yil 27 iyul sonida bosilgan «Hamlet»ga tuhmat» degan maqolasi nazarda tutilmoqda.
Falonchi – kim to‘g‘risida so‘z borayotgani ma’lum emas.
Sanjar – jurnalist va tarjimon Sanjar Siddiq (1903 – 1938) nazarda tutilmoqda.
Tuyg‘un (Shukurjon Xudoyqulov) (1908 – 1979) – shoir va dramaturg.
Ifrot – haddan oshish.
Mutavoze – tavozeli, kibrsiz, adabli.