Abdulhamid Cho‘lpon. Sahnamizda (1922)

— Ijroqo‘m binosida!

— Katta tomosha!

— Tong otquncha tansa!.. Mana Eski shahar o‘zbek san’atining chopqillab, yugurub ketib borishi shu yo‘ldadir.

So‘ng kunlarda xunuk-xunuk, qo‘pol-qo‘pol, savodsizlarcha yozilg‘on shunday e’lonlar orasida «Halima», «Abo Muslim», «Gunohkorning oilasi» kabi jiddiy narsalar ham ko‘rula boshladi. Bizning boyaqish Davlat truppasi yolg‘uz Eski shahar maorif sho‘basi tomonidan berilib turg‘on oz-moz yordamga tayanib, pitillab, qimirlab yotqong‘a o‘xshaydir. Ustiga qora bo‘yoq berilsa qora «barxut» tusini olib, pachaqlang‘on, sing‘on, yirtilg‘on sahnamizning «gunohlarini» yopib turaturg‘on kalinkurmi, qopmi, nimadir oling‘on; yaqinda bechora tomoshachilar parda orasida zerikib, uxlab ketish balosidan bir qadar qutulurlar, degan umid bor…

11 dekabrda o‘shal o‘zimiz ko‘rgan qishliq «Turon» binosida — yuzinchi martaba bo‘lsa kerak — «Halima» o‘ynaldi.

«Halima»da o‘zbek sahnayeida birdan-bir o‘zbek hayotining eng qattig‘ fojiasi, eng kulgi o‘rinlari, eng ahmoqlarcha to‘y-tomoshasi ko‘rsatilgandir.

Shuning uchun bo‘lsa kerak, asarning allanechanchi martaba qo‘yulushig‘a qaramasdan xalq to‘ladur, joy tegishmaydir.

Uzoqdan-uzoq kutish, pardaga ko‘z tikish natijasidan nihoyat parda ochildi.

Buzuq, yirtiq-yirtiq, qo‘pol, rangi o‘chgan, tullab-ketgan dekaratsiya.

O‘yun o‘shal o‘zimiz ko‘rgan o‘yun, o‘ynag‘uchilar ham o‘shal o‘ynab yurganlar… Faqat, boshig‘a «Gulyor» kuyi bilan bir xo‘r ortdirilg‘on va bu martabada o‘yung‘a Eski shahar bola bog‘chalarining hamma murabbiyalari degundek aralashqonlar. Xo‘r yaxshi xo‘rdur; lokin qo‘shug‘i juda uzun, buning ustiga yod olinmag‘onlig‘ini ham qo‘shsak, bo‘sh va ma’nosiz. Musiqa bu safar juda ezdi, bir necha kuyni sahna bilan barobar olib bora olmadi. Grimlar ham juda ortiq darajada sun’iy edi. Shu yod olmag‘onliqning natijasi bo‘lsa kerak, qizning onasi sovchi xotunlarga: «Kelinglar, eson-omon keldinglarmi?» deb 80 tosh yo‘ldan kelgan mehmonga aytilaturg‘on so‘zni aytadir. So‘ngra, sovchilar chiqib ketayotqanda, uy egasi: «Yaxshi qolinglar!» deydir. Shunday bo‘lsa ham ona ro‘lida (1 va 2 pardalarda) R. Tutashning juda botirlik bilan dadil gapirishi yaxshi. Bizning sahnamizda ba’zi bir artistkalarimiz juda siqilib, tortinib o‘ynaydilar. Sahnada erkin bo‘lish — bu eng kerak narsadir. Ikkinchi pardada aytilgan azon o‘zi juda joysiz bo‘lishi bilan barobar shu qadar tez aytildikim, takbir ham bundan sekinroq aytilguchi edi.

Ikkinchi parda eng fojialik bir pardadir. Unda shodlik bilan qayg‘ining qarshig‘a-qarshi kelib qolishlari juda nozikdir. Bir tarafda o‘lim, yig‘i; ikkinchi tomonda to‘y-tomosha. Bir tomonda faqirlik, yo‘qsulliq; ikkinchi tomonda boylik, isrof… Mana bu pardaning ta’sirini buzg‘on narsa: qiz tomonda gap boshlang‘onda, yigit tomonda onaning shovqun qilib, yig‘lashi bo‘ldi. Odatda sahna ikkiga bo‘linganda, bir taraf so‘z boshlag‘onda ikkinchi tomon tovush chiqarmaslig‘i kerak edi. So‘ngra bu parda o‘zi ham ertarak tushdi.

Oxirgi parda butun murabbiyalar aralashqoni holda juda sovuq chiqdi; jonliliq to‘y va kelin tushurdi vaqtidag‘i gap, so‘z, shovqun, to‘palang, o‘yun bo‘lmadi. Bu pardaning eng qiziq vaqtida elektrikning o‘chub qolishi, oradan qariyb yarim soat o‘tkandan keyingina bir xira chirog‘ yondirilishi… beshinchi pardaning haqiqiy fojiasi mana shular bo‘ldi.

Ro‘llarda: Ma’suma xonim, Abror, qizning otasi yigitning otasi yaxshi edilar. Boshqalari ham tekis o‘ynadilar.

O‘yun chog‘ida pirajekturning qilg‘on adabsizliklarini aytaylik-da, «Halima» to‘g‘risida so‘zni to‘qtatayliq.

_______________

Sahnamizda — «Turkiston» gazetasining 1922 yil 16 dekabr sonida «K» imzosi bilan e’lon qilingan.

«Halima» — dramaturg G‘ulom Zafariy (1889—1944) ning shu nomli dramasi. 1920 yilda sahnalashtirilgan «Halima» dramasi 20-yillarda bir necha o‘n martalab o‘ynalgan.

«Gunohkorning oilasi» — italyan dramaturgi P. Djiakometti qalamiga mansub «Xoinning oilasi» nomli asar 1921 yilda Davlat truppasi tomonidan sahnalashtirilgani ma’lum. Chamasi, bu o‘rinda shu asar haqida gap bormoqda.