Abdulhamid Cho‘lpon. Muhtaram yozg‘uvchilarimizg‘a (1915)

Ma’lumdirki, har narsa o‘z ahli (ya’ni o‘z kasb-korlari — U. S.) tarafindan yozilsa yaxshi yoziladur. Shukrlar o‘lsunki, bizning oramizda ham so‘nggi yillarda milliy tiyotr va ro‘mon kitoblari yozilub bosdiriluvlar ko‘rilmakg‘a boshladi… «Padarkush» yozilg‘ondin keyin yoshlarimizda katta bir rag‘bat hosil bo‘lub har shaharning sahnalarida o‘ynaldi. Toshkand, Samarqand, Xo‘qand kabi markazlarda 2—3 marotaba ham o‘ynaldi. Ishta bular millatning intibohiga xayrli bir foldir. Ammo muning ilagina suyunib o‘zimizni yupatmayluk. Hali bizga ko‘b tiyotr va ro‘mon kitoblari yozmoq kerakdurkim, bu qarz bir hovuch ziyoli yoshlarimiz ila ahli qalamimiz ustlariga tushadir.

Muhtaram qalam ahllari, milliy maishatni yomon deb yozmay, zohirda bo‘lsa ham to‘ylarda, gapxonalarda, bachchabozlar majlisida, bazmlarda va shunga o‘xshash millatning eng tanqid qilaturg‘on o‘rinlarinda birga aralashub yurmaklari kerakdurki, toki komil o‘shal odatlarni kitob sahifalarida chiroyliroq qilub yozgunday bo‘lsunlar. Milliy maishatdan bezgan bilan bezilub, ko‘milub ketaberadir. Onda aralashib yurulsa, ondagi so‘zlarni, odatlarni o‘rganmoqqa bo‘ladurki, kitob betlariga ko‘chirub yozmoqqa materiyollarning eng asllari xalq orasidan olunadir. Ovruponing katta-katta muharrirlari o‘shal o‘zlarining yaxshi-yomon odatlari orasida yurubdirlar. So‘ngra qo‘llariga qalam olub, yaxshisini yaxshi, yomonini yomon ko‘rsatub yozubdurlar.

Ishta muhtaram yoshlarimiz mashaqqat bo‘lsa ham xalqimizning ichida oralashub yurub kitoblar yozuvg‘a materiyollar tayyorlasalar. Bu yo‘ldagi ihtiyojni bir qadar ado qilg‘on bo‘lur edilar.

Bizim bu arzimiz bir muharrirlargagina emas, muhtaram artistlarimizg‘a ham bordir.

Ular ham sahna keraklarini xalq orasida yurub o‘rganmaklari lozimdir.

Ojizona bu fikrimni hurmatli yoshlarimizga arz qilaman.

________________

Muhtaram yozg‘uvchilarimizga. Mazkur maqola-ochiq xat «Sadoi Turkiston» gazetasining 1915 yil 6 fevral sonida e’lon qilingan.

«Padarkush» — Mahmudxo‘ja Behbudiyning shu nomli pesasi nazarda tutilmoqda. Ilk bor 1913 yilda sahnalashtirilgan bu asar Turkistonning ko‘plab shaharlarida jadid yoshlar tomonidan sahnaga qo‘yilgan.

Intiboh — sezgirlik, hushyorlik.