Abdulhamid Cho‘lpon. Ish vaqti – ishlash vaqti (1917)

Muhtaram Xontolishskiy* janoblarina!
Rusiya katta. Rusiya, unda yashaydigan ko‘b mil­yunlar xalq 300 yil­lik og‘ir bir tojni tagidan zo‘rg‘a qutuldi. Bir odamning qo‘­li­da taqdiri o‘yunchoq bo‘lub yurg‘an ko‘b milyunlar xalq zolimning qo‘lidan taqdirini tortib olub, o‘zi idora etmakka boshladi.
Zulmning eng og‘irini tortqon ruslardan keyin eng ko‘b bo‘lg‘an ilmiy va madaniy jihatdan Rusiyadagi hamma qavmlardan keyinga qolgan musulmonlar uchun bu voqea ikkinchi bir yaratilish, ikkinchi bir tug‘ilish, ikkinchi bir dunyoga kelishdir. Yuqorida aytilgancha, ilmiy va madaniy kuchka* juda faqir va kambag‘al bo‘lg‘an musulmonlar bukungi kunda o‘zlariga berilgan, o‘zlarining milliy va madaniy ishlarig‘a yo‘l ochadirg‘an bir qancha huquq va pravolarin eblab joylab ola olurlarmi? Bu savolning javobini o‘zum qisqagina berib o‘taman:
Rusiya musulmonlari o‘shal huquq va pravolarni saqlab qolub, ishlata olurlar shul vaqtdaki, uning hamma ziyoli yoshlari o‘zlariga bukungi kunni «Ish vaqti – ishlash vaqti!» deb shior qilib olsalar. Shukrlar bo‘lsun ulug‘ Tangrig‘aki, musulmon yoshlarining hammasi deyarlik boshqa vatandoshlari, birodarlari kabi yuqoridagi qisqa, faqat ma’nosi uzun tiriklikdan iborat bo‘lg‘an so‘zni shior qilib oldilar. Kecha-kunduz tinmasdan o‘zlarining xususiy ishlarini tashlab, bo‘yinlariga 5 – 6 turli ish olub, shul shiorni ketidan quvlab ketdilar.
Bu endi hozirgi kunning oq tarafi! Bir tarafda ko‘b emas, ozg‘ina qora tarafi ham bor. Ul qora katta daryo ichida kichkinagina bir qurug‘likday, keng va ko‘kmak* osmonda bir parcha bulutday bo‘lsa ham, zamon va ahvolning taqozosi shiorning «Ish vaqti – ishlash vaqti!» bo‘lushi ul kichkina qurug‘likni daryog‘a yoki ul kichkinagina bulutni ko‘kmak keng osmong‘a qo‘shishni lozim qiladir. To‘g‘ri, keng, ko‘kmak osmonda mayda bir bulut keng va ko‘z yetmaslik daryo ichida kichkinagina bir qurug‘liq, ming­larcha g‘ayratlik ishchi-mardikorlar ichida birgina xushyoqmas, yolqov ishsiz mardikor qolmasun! Chunki zamonamizning shiori a’lami (bayrog‘i): «Ish vaqti – ishlash vaqti!»
Petrograd, Maskov, Qozon, Ufa, Urunburg‘, Toshkand, Boku, Tiflis va boshqa har bir shaharlardagi musulmonlar, olarning g‘ayratlik yoshlari «Hurriyat oyim» betlaridagi qora chimmat – zulm va istibdod pardasini olub tashlab, hamma olamni ko‘ziga «Adolat va musovot hamma millatlarning milliy o‘sishlariga keng yo‘l!» degan muborak, pok siynasidagi yozuvni ko‘rsatib chiqqandan beri o‘zlarining xususiy tirikchiliklarini tamom tashlab, «oyim»ning sochqon gullarini terishga, ulardan ko‘chatlar olub, millat bog‘chasining muborak, pok siynasiga o‘tquzushka urundilar. Muharrir qalamini, shoir she’rini, mudir idorasini, muallim o‘qutishini, artist o‘yunini bir necha kunga tashladi. Yugurib, chopib ketdi «oyim»ning muborak gullarini terishka!
Bu orada qofqosiyali artist Xontolishskiy janoblari atrofiga bir necha «artist»larni to‘plab tiyotr o‘ynab yurubdur. Ajabo!
Durust, tiyotr degan narsa – sanoyi nafisaning* eng oliy qismi. Ulsiz bir millatni bor deb bo‘lmas. Madaniy millatlarning o‘sish darajalarini bilmak uchun tarozuga solinganda tarozuning o‘rtasida yarqirab turadurg‘an sanoyi nafisa va uning bir qismi bo‘lgan tiyotr. Bir millatda mukammal ul sahna, tiyotr olami yo‘q bo‘lsa, ul millatni «Er yuzida bo‘lmasun!» degan fikr Ovrupoda xiyli kuchlik. Ammo shul narsani vujud­ga keltirish uchun keng huquqlik milliy va madaniy o‘sishig‘a hech bir mone bo‘lmaydirg‘an bir millat bo‘lish kerak. Holbuki, biz, musulmonlar, va, balki, butun Rusiya ilgari shunday emas edik. Uning maktabiga, mad­rasasiga, tiliga, muzikasiga, tiyotriga urulib turg‘an og‘ir bir zarba bor edi. Biz maktab ochdik – bekitdilar. Madrasalarimizni isloh qilishka yo‘l bermadilar. Tilimizga «balo» aralashdirmakchi bo‘ldilar. Muzikamizni taraqqiy qildirishka yo‘l bermadilar. «Padarkush» degan tiyotr o‘ynaganlarni «oxran»larda* sudradilar, hosili milliy va madaniy o‘sishimizga og‘ir zarbalar tushirdilar. Hozirgi vaqt mazkur zarbalarning o‘rniga keladirg‘an «doru»larni tanlarga, siynalarga yaxshi joylab olish vaqti. Bukunda ishlangan va ishlanadirgan ishlar keladirgan zamondagi tiyotrga keng bir zaminiy toshday bir fundament bo‘lur. Durust, Xontolishskiy yaxshi bir artist, ondan umidim ko‘b, orqasidagi «artist»lar ham, ehtimol, durustdirlar. Ammo hozirgi o‘ylanib turgan «huquq va pravolarni joylab olish» nomlik minglarcha pardalik dramdan ro‘l olmag‘an artist, to‘g‘risi, «orsiz»dir.
Xontolishskiy janoblari kelub hozirgi dramadan ro‘l olsun. Ishlasun! Ergashganlarini ham ishlatsun! Millatning bog‘iga, uning muqaddas siynasig‘a «oyim» tarafidan sochilgan gullarni o‘rnatsun, o‘sdirsun! Keyin kelsin tiyotrni taraqqiy ettirishka! Man va manim butun birodarlarim ham suyuklu millatim yordamg‘a hozir.
Kelingiz, birodarlar! Bukung‘i kunning shiori, bayrog‘i:
«Ish vaqti – ishlash vaqti!»

_________________
«Turon» gazetasining 1917 yil 22 aprel sonida «Abdulhamid Sulaymon» imzosi bilan e’lon qilingan. «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 1997 yil 21 noyabr sonida qayta nashr etilgan. Nashrga tayyorlovchi – adabiyotshshunos Boybo‘ta Do‘stqorayev.
Xontolishskiy Ahmad – ozarbayjon teatri arbobi, rejissyor.
Kuchka (ruscha) – to‘da, guruh.
Ko‘kmak (sheva) – ko‘m-ko‘k.
Sanoyi nafisa (arab.) – nafis san’atlar, hunarlar.
«Oxran»lar (oxranka) – chor hokimiyatining matbuot, ma’rifat va madaniyatni, shu sohalarda xizmat qilgan milliy xalq vakillarini siyosiy nazorat ostiga olgan muassasasi.