Kichkina feleto‘n
Xotun-qizlarimizga bag‘ishlab
Azbaroyi Xudo aytingiz-chi, huquq degan narsa o‘zi nima?
Huquq nimadan iborat? Guvalamiki, uni biz maydalab hojatimizga yarataylik?! Nima axir? Buning javobini — «huquq» degan dardi bedavoni bo‘yniga osib olg‘anlardan so‘raymiz.
Sho‘rolar hukumati har bir choti ayri, boshi yumaloqqa, har bir hayvoni notiqu va g‘ayri notiqqa va har bir insu jinu devu pariga tom-tom bolo-bolo bom[1] huquq berdi, deb gapurishadirlar! Bu to‘g‘rimi bakovul.
— Yasovullar, qoziyu quzzotlar bu gapka, bu ishlarga tushunadirlarmi?
Gap bunday: o‘zingizning Xalcha opangiz; allaqayerdan huquq tekshiradirg‘an bo‘lub, erga berilayotqan bir qizning uyiga boribdir. Xayr, yaxshi — tekshirsin.
Nega endi 13 yoshliq Oynisani oyog‘idan, qulog‘idan cho‘zib, yelmay, yugurmay 18 yoshatub qo‘yadir?
Tag‘in bir ish: masalan, o‘zingizning Zaynab opangiz: eridan, qo‘ying-chi, uyidagi har bir yassi-yapasqi qing‘ir-qiyshiq, ajivataraladan yeydur kaltakni; shilq-shilq; o‘zi och, bolasi och; non deganda g‘irillaydir kesak… Bechora opangiz undan-bundan so‘rab-so‘rog‘lab boradir katta viveskalik bir huquq olib beradurg‘anga. Iig‘laydir, siqtaydir, arzi bandalik qiladir; ammo qo‘l quruq, yolg‘iz bosh!
Chaqiriladir eri, yonidauch-to‘rtta gumangga, iltimoschi, azayimxon, tutatqi, ihi-pixi, gap biyron, g‘arch-g‘urch, ulli-bulli, o‘lumdan xabarimiz bor bundan yo‘q!
Murofaa[2]: ikki koski , yana bir gurji. Qanaqa gurji deysiz? Ha, tushunadurg‘an muxtoriyat, falon pismadonu go‘yoki bu majliska o‘zi shunday qirtish qidiribgina kelgan, tavba!
— Zaynab opa, og‘zing qaysi?
Bechora qulog‘ini ko‘rsatadi.
— Huquq!
Yonida jallod va boshqa qasamxo‘rlar; G‘o‘dayish, piching! Bechora dir-dir qaltirag‘an, qozi mahsimning ham gaplari aylantirmalik:
— Kim yaxshi?
— Erim, pochcha!
— Kim yomon?
— Huquq, pochcha!
Huquq—gap bilmagan, ish bilmagan Zaynab opalarniki emas, shayton ustozi bo‘lg‘an Hoji Abdidarniki, shayton mardikori bo‘lg‘an Salohiddin mufattinzodalarniki! Shoir Xoqoniy, degandek: Holati manhusada qolg‘an «ul» emas, to‘rtta nahsning orasida boshi aylangan anu bechora!
Gap ko‘p, ko‘mir oz; kezi keldi, bir yozdiq!
Haqiqat e’loni: Julqunboy
«Turkiston» — 1923 yil, 24 dekabr, 213-son
[1] Tom-tom bolo-bolo bom – mukammal.
[2] Murofaa – sud majlisi.