Abdulla Qodiriy. Salomnoma (1923)

—      Otqa qoqqan taqadek, suvdan chiqqan baqadek, bir mirilik chaqadek— ma’orif sho‘rosiga salo-o-om!

—      O‘zi chetka buqinub, shaxsiyatka to‘qinub, allakimga cho‘qinub — o‘g‘ri ushlaganga salo-o-om!

—      Ko‘rungan yer oq salla, oq bo‘lsa ham bo‘sh kalla, oqu qora ham malla — Turkiston ulamolariga salo-o-om!

—      Boshlarig‘a soch qo‘yg‘an, otlarini yosh qo‘yg‘an, fahsh deganni fosh qilg‘an, yana otini yosh[1] qo‘yg‘an — dumsizlarimizga[2] salo-o-om!

—      Maskov borib kelibon, minglab foyda qilibon, haftada gap yeyibon, tomga karnay qo‘yibon; xalq qayg‘usin yemayin, maktab ochay demayin; ellik-oltmish qo‘y bergan, sakkiz kunlab to‘y bergan — Turkiston savdogarlariga salo-o-om!..

Amma-xolasi havodor, aylanay!

Kelin yangasi: Dumbulnisa.

«Mushtum» — 1923 yil, 2-son, 3-bet

 


[1] Yosh — komsomollar.

[2] Dumsiz — kalta kiyingan.