Hangama
Xilvat kunlari[1] ham yaqinlashdi. Ko‘rpa yostiqni sotib bo‘lsa ham ba’zi sovuq so‘filar Turkiston yo‘lini — Sultonul-orifin[2] qabrini ko‘zlay boshladilar. Faqiringiz ham tariqat ishlaridan uncha beparvo emasman. To‘qson tushub[3] dahaga kirish[4] masalasi chiqg‘ach, faqirning ko‘z o‘ngida yog‘liq xasib, qizil palov, achchig‘ somsa, zahardek choy gavdalana boshlaydir.
O‘zimizning shahardan topilib turg‘anda Turkiston shahariga borib yurgum kelmaydir. Bultur o‘zimizning Hazrat eshon ham Miyon buzrukning raqobatiga «daha» o‘lturishni odat qilub ko‘rgan edilar, natija juda yaxshi chiqdi. O‘n yettita xilvatxona tikildi. O‘ttuz beshgacha muridlar dahaga o‘lturdilar. Har kun namozshomdan keiin masjidning ichida sayl, xilvatda o‘lturg‘an oshna, og‘a-inining oldig‘a kirsak uzoq-yaqin yor-do‘stlardan kelgan anvo’i turluk ne’mat, qozoq bovurniki ham qolmasun desak, yaxna et, ey… qaysi birisini sanay endi…
Qorinni do‘ppaytirib olg‘andan so‘ng boshlanadi jahr. Hazrat eshon mehrobda, halqaning bir chekkasida ikkita hofiz, bir payt zikr, bir payt hikmatdan hofizlik, yig‘i-sig‘i, arosat! Bu vaqtda tosh bitib ketkanlar ham eriydir, duo olish uchun bir onda eshon bobomiz qog‘oz oqcha bilan mehrob oralash ko‘milgan… kim o‘g‘ul talab, kim qiz talab, hoy bovur, nima tilagingiz bo‘lsa qo‘l duoda, honaqoh ichi qizg‘in bozor.
Nima ko‘p dunyoda, yomon ko‘p, yaxshi ishni ko‘ra olmag‘uchilar ko‘b. Shu yaqin orada o‘zining qo‘lidan eshonlik ishi kelmagan mullalardan bittasi: «Xonaqohda savdo ishi harom. Bas, savdogarlikdan iborat bo‘lg‘an «zikr samo’» ham harom!» deb yubormasunmi, betamiz! Uzoq-yaqinning xalfa muridlari haligi peshtahamni ushlab olub «Hayf sanga!» deyishdilar. Mahalla ahlining hamiyati diniyalari qo‘zg‘ab ketib tiyuqsizni yurtchilikdan ham chiqarishg‘a qaror berishdilar. Eshonimizning «Ilmi botinalari» ko‘b bo‘lsa ham «Ilmi zohiriyalari» bir oz bemazaroq. Bo‘lmasa haligi mullanamoning kofirligi bilan hukm qilish mana-berda turg‘an gap edi. Shunday bo‘lsa ham mahalla yurt og‘asi mufti a’lam bo‘lsa shunga yetti tanga pul bilan yugurub turubdir.
Faqiringiz mahkamai shar’iyaning ishsizligiga turub-turub hayron qolaman. Payti kelganda shundayin bemaza mullalarning kofirligi va toshbo‘ron qilinishi bilan hukum qilub dunyoda o‘zidan bir ot qoldirmaydirmi? Har holda dunyoda er zoti qurig‘an ko‘rinadir.
Muhibbut-tariqat Julqunboy
«Turkiston» — 1923 yil, 12 yanvar, 46-son, 2-bet
[1] Xoja Ahmad Yassaviy So‘fiylik mazhabi — yassaviya sulukiga asos soldi, ilohiy ishqni kuyladi. Alloh jamoliga musharrafpik faqat uzlat-xilvatda, zikru samoda, vujudi mutlaq bilai suhbatda deb bildi. Yassaviy «etti» raqamini ilohiy bilib, «Tariqat yo‘lida yetgi kun xilvatda bo‘lish 40 kunlik chilla o‘tirish bilan barobar» deb muridlariga uqtirgan. Dastlab xilvat Yassaviyning ruxsatiga ko‘ra uch joyda — Turkistonda, Sayramda va Qoramurt qishlog‘ida o‘tkazilgan. Xilvatni o‘tkazuvchi shaxslar — shayxulislom — shari’at bilan bog‘liq ishlarga javobgar; noib xo‘jalik ishlariga javobgar; so‘fidonishmand — namoz paytini e’lon qilish va hofizlarga, zokirlarga navbat beruvchi; so‘fichiroqchi xilvat ishtirokchilarini joyiga o‘tkazish hamda halim va taom tarqatish vazifasini bajarganlar. Turkiston xilvatti jadyida — dekabr oyining so‘nggi jumasidan boshlanib yetga kun davom etgan. Chorshanba va payshanba «Ayyom kunlari» hisoblanib, payshanba — vazifa kuni ahli mo‘minlarga halim va xolvaytar tarqatilgan. Juma kuni ham neshin namozidan so‘ng halim tarqatilgan. Taomdan so‘ng muridlar azizlarni qo‘lda ko‘tarib xilvatxonaga kelganlar. Yo‘lda hofizlar hazratning bevaqt vafot etgan o‘g‘liga atab «Oxinadomat»ni kuylaganlar. Har bir aziz o‘z qavmi bilan Yassaviy qabrini ziyorat qilib, so‘ngra xilvatxonaga tushgan. Azizlar mehrobda qo‘lida tasbeh, bo‘ynida oq ro‘mol (rido) bilan o‘tirib fotiha bergach, hofizlar «Munojot»ni aytganlar. Hofizlar g‘azalxonlik va maqomotlari bilan yetti kun-tun hofizlik qilganlar. Xilvatda ishtirok etish hofizlar uchun o‘ziga xos ko‘rik bo‘lgan. Ular asosan Yassaviy hikmatlari, Navoiy, Fuzuliy, Atoiyning g‘azallarini so‘fiylarning kamolotga yetishadigan to‘rt bosqich — shari’at, tariqat, ma’rifat va haqiqatga mos ravishda kuylaganlar. Og‘ir, salmoqli talqin bora-bora tezlashib, avjiga chiqqan. Zikrchilar ham hofizlarning musiqiy ovoziga mos ravishda tebranib o‘tirib, talqinning tezligi oshgan sari tebranganlar va oxir jazavaga kelganlar. (Tasavvufning yassaviya tariqatida zikr tilda (zikral jahriy), naqshbandiya tariqatida esa dilda (zikral-xofiy) aytiladi. Zikr paytida musiqiy talqin juda ta’sirli bo‘lib, uni «sam’a» (arabcha — samo eshitmoq) deb ataganlar, xilvatda «zikr-samo» (eshitib, xudoni yodga olish) atamasi shundan paydo bo‘lgan. Xilvatxonadan bir hafta o‘ggach, juma kuni peshin namozidan keyin chiqqanlar. Yuvinib, yangi kiyim kiyganlaridan so‘ng, ularni muridlari ko‘tarishib, uyiga olib borganlar. So‘fidonishmand navbatdagi xilvatni e’lon qilib, murid va ishtirokchilarga ruxsat bergan. Azizlarni bir necha kun davomida xalq ziyorat qilgan.
[2] Sultonul-orifin — Yassaviyning ilmiy rutbasi.
[3] To‘qson tushish — uch oylik qish.
[4] Dahaga kirish — masjidda o‘tirib, gunohlaridan o‘tishini so‘rab, tong sahardan kun botguncha o‘n kun toat-ibodatda Allohga iltijo qilish.