Hangama
«Lo‘li elaklik bo‘ldi, eshagi tilaklik bo‘ldi!»
Xij-xij-xij-xij!
Kiraturg‘animiz 23-yildan tilak emish!
Anov madaniy millatlar qatorida biz ham yangi yilga tilak bilan kiramiz emish! Yaxshiki, yaqin orada: «Ey, notavon ko‘ngilga qo‘tur jomashovning orqasi» deyturg‘an ishi buzuq yo‘q! Bo‘lmasachi, nax sharmandavozliq-da!
Miya g‘ovlab o‘lturg‘anda birdan ko‘ngilga «Yangi yildan tilak» savdosi tushub qolmasunmi?… «Otang nechchilik-bo‘zchilik, sanga kim qo‘yubdir bu noma’qulchilik?!» degandek, o‘zimizning bitta-yu uch chorak ibtidoiy maktablarimiz, bo‘qcha-yu yelcha o‘rta maktablarimiz, botmonu dahsar siyosiyunlarimiz, «tana-manasi» bilan muncha muharrirlarimiz bilan go‘yo madaniy millatlar qatorig‘a kirib qoldiq-da, bizga endi yangi-yangi yilga tilak bilan kirish ishi ko‘ndalangkeldi!
Ey, notavon ko‘ngil, ey, birmiriga uch qadoqliq shaptoliqoqi, kuchala yegan joyingga borib tirishkin-e!
«Etmish yashag‘an qizning yetti-etti tilagi bor» deydirlar. Unga o‘xshag‘an bu notavon ko‘ngilning ham to‘qquz-to‘qquz tilagi, o‘tkuno‘tkun ulkani bor!
Bo‘lmasa ul yozsun, siz eshiting notavon ko‘ngilning tilaklarini:
1. «Man qilaman o‘ttuz, tangri qilur to‘qquz!» Bu so‘z bizning yangi yilda davom etaturg‘an ibtidoiy maktablarimizg‘a juft tushkay edi! Omin!
O‘tkandagidak, bemaza qovunning urug‘ini ko‘paytirilsa, maktab remo‘nti xudda o‘qish boshlanaturg‘an kun eska tushsa, bolalar sovuqda dildirashib, bit qoqishsalar, har bir tutanturuqsiz muallim va murabbiy qilinub belgulansalar, bolalar bilan qo‘chqor urushdirishib xalq o‘rtasida yangi maktablarga yangi «obro‘» orttirib bersalar, inshoolloh, tilagimiz kuzatkan o‘pqonimizdan chiqar!
Ixtor: shahar maktablarining holi shu bo‘lsa, xudo rizosi uchun qishloqda maktab ochishni tilga olinmasun. Chunki «Yopig‘liq qozon yopig‘liq»da…
2. Biz ko‘bdan-ko‘b muharrir, adib va shoirlarga muhtojmiz. Shuning uchun bu yilda ibtidoiy maktab bitirmagan talantlik muharrir va adiblar, savodi chiqmag‘an shoirlar «Maydoni matbuotimiz»ga qadam ranjida qilg‘ay edilar! Hozirgi shoir va adiblarimizdan: Fitratga insof, Elbekka ilhom, Cho‘lponga jinnilik, G‘ozig‘a to‘zim, Sanjarga yalqovliq, Hoji Mu’inga «Samarqandda chiqqan yangi asarlar»[1], G‘ulom Zafariyga «Halima»ning kayfidan hushyorlik, Sadriddin Ayniyga «Buxoro jallodlari»[2], Abdurahmon Sa’diyga domlaliq uchun «Imom G‘azzoliy bilan Yassaviy»[3], Shahid Esonga «Haqiqat»dan[4] bo‘shab «Turkiston» gazetasiga atak-chechak, Mirmuhsinga partiyadan uzulmayturg‘an kishan, Ashurali Zohiriyga imlo janjalig‘a hafsala, Usmonxong‘a o‘n to‘qquz idoradan xidmat (toki chopa-chopa oyog‘dan yiqilsun), eng oxirda Kabir Bakirga Piyonbozordag‘i butka o‘rnig‘a Sabo‘rniydan[5] muhtasham mag‘azin tilaymiz…
3. Yuzda besh foiz tashkil etkan o‘rus og‘a-inilarning «Pravda»lari 10 mingga yetkanda, 95 foizlik o‘zbeklarning «Turkiston»lari 8 mingdan 3 mingga tushub qoldi deb «Turkiston»dagi og‘a-inilar g‘uvrana-zorlana boshladilar. «Turkiston»ni 8 mingga emas, 80 mingga yetkuzish uchun eng oddiy, eng abjaq bir chora bor:
Avvalo «Turkiston»ni bir yaxshi domladan uch kun o‘qutib olinsun, soniyan[6] «Turkiston»da bu kungacha bo‘lub kelgan bo‘limlar shu yo‘sun bilan o‘zgartilsun:
— Siyosat o‘rniga «Jangnomai hazrat Ali»dan[7] to‘rt og‘iz;
— Iqtisod o‘rniga «Jangnomai Jamshid»dan[8] bir fasl»;
— Feleto‘n o‘rniga «Not pinkarto‘n»[9] va «Sherlo‘k Xo‘lms»[10] ajinalaridan bir parcha (negakim, bizning ziyolilarimiz uchun bu xudda po‘ladga suv bergandek bo‘ladir);
— O‘lka va Toshkand xabarlari o‘rniga, «Aldarko‘sa» hikoyalaridan, «Aliflaylo»[11] voqia’laridan shirin-shirin rivoyat (e’lonlarg‘a tegila ko‘rulmasun, chunki e’lon uchun «Turkiston»ni olg‘uchi savdogarlarimiz ko‘b ko‘rinadirlar).
4. «Inqilob» jurnali bir yilda uch martaba chiqsun: «Yangi yilga bag‘ishlanub bir no‘mir, may bayramisig‘a bir no‘mir, o‘ktabr o‘zgarishiga bag‘ishlanub yana bir no‘mir, jam’i uch no‘mir. Ammo Usmonxon bilan sarkotib (Xakkin) bir yilda chiqqani o‘n no‘mir deb taltaymasunlar!
5. «Bilim o‘chog‘i»[12] o‘likmi, tirikmi, buni Usmonjon maxsus jurnal chiqarub e’lon qilsun!
- Eski shaharda solinaturg‘an «Buyuk teatru binosi» o‘n yerga ko‘churilub solinsun. Shu bino bitkuncha hech kim pesa ham yozmasun.
Shungacha artistlarimiz unda-munda dam «Halima»ni, goh «Abomuslim»ni qo‘ya-qo‘ya, qarib-churub dorul fano dan ketub chippakka chiqsunlar!
- Besh yildan beri po‘chta-telegraf kursida o‘qub, endi og‘zim oshg‘a, boshim toshg‘a tegdi, deb quvong‘an o‘zbek yigitlarining po‘chta-telegraf ishlaridan haydalg‘anlari— haydalg‘an bo‘lsun! Ularning dodini hech kim eshitmasun!
- Nekalay davrida turkistonliklar temir yo‘l cho‘chqalaridan qanday turtilgan-surtilgan bo‘lsalar, 23-yilda ham undan battarroq turtila bersunlar. Bu to‘g‘rida churq etkanning og‘zig‘a xoppozi chiqsun!
- Mahkamai shar’iyaning raisi Zahiriddin a’lam falonchi, pistonchi domlalarg‘a tancha ko‘rpani issig‘lab berib, o‘zi tomosha qilub o‘ltursun! Har zamon — bir zamonda «Islohi madoris» uchun «Olamgiriya» bilan «Raddul-muxtor»dan rivoyatlar axtarib qo‘ysa bas!
- «Tatariston» gazetasida Turkiston haqida «Baloyi battar» yozub matashg‘uchi ibtash Sh. Boychura agar ilojini topsa oilasi bilan Turkistonga kelib, yana bir yil istiqomat qilsun. Bundagi «Vaqtabi’atli» o‘zbeklar (sartlar) orasinda yurub tirnoq ostidan kir izlasun. Bir yil to‘lg‘ach g‘ozong‘a qaytub, shap ettirib[13] «Vaq tabi’atli» o‘zbeklar (sartlar) haqinda vaq-tiyagin nashr etsun. Ul agar shulay etsa bik shap muharrir bula, sababi ishtihor bula. O‘zi aytmishli shuning bilan G‘alimjon Ibrohimovningda kimligin ochub sola…
Zinhor kelsun ali Sh. Boychura, zinhor Fotih Burnashnida olsun Boychura… zinhor iptashkaim!”
Julqunboy
«Turkiston»— 1923 yil, 1 yanvar, 43-son, 5-bet
[1] Hoji Mu’in «Fevral inqilobigacha Samarqand viloyatida chiqg‘an yangi asarlar» sarlavhasi bilan «Turkiston adabiyotini taftish qilaturgan yoki adabiyotimizning tarixini yozaturgan zotlarga bir kun kerak bo‘lub qolur», deb bu risolalarni bosilishi, tarixi va szuvchilarining otlari bilan yozib «Inqilob» jurnalida turli kitoblar haqidagi axborotnomasini chop etgiradi. Qodiriy muallifga bundan ko‘ra muhimroq ishlar lozimligini, bu ish yuzaki ekanligini kinoya qilyapti.
[2] S. Ayniyning «Buxoro jallodlari» romanidagi ayrim boblari «Inqilob» jurnalida chop qilingan edi. Muallif Ayniyning o‘tmishda boshidan kechirgan kunlarini Buxoro amirining bergan azoblarini eslatib hazil qilyapti.
[3] Muallif «Inqilob» jurnapida A. Sa’diyning G‘azzoliy va Yassaviy hayoti va ijodiga bag‘ishlab yozgan maqolasiga ishora qilyapti.
[4] «Haqiqat» — diniy, adabiy, ijtimoiy jurnal. 1922 yilda ikki soni chiqib to‘xtab qolgan. Sh. Eson shu jurnal tahririyatida ishlagan. Muallif Sh. Esonga hazil yo‘sinida «Turkiston» gaeetasiga xizmatga o‘tishga, faol xizmatga da’vat etyapti.
[5] Saburniy — Toshkentdagi «Amir Temur xiyoboni» yonidagi «Sayilgoh» ko‘chasi. Unda yangi shaharning eng katta savdo do‘konlari bo‘lgan.
[6] Soniyan — ikkinchidan.
[7] «Jangnomai hazrat Ali» — hazrati Alining g‘ayri dinlar bilan olib borgan kurashini afsonaviy tasvirlovchi kitob.
[8] «Jangnomai Jamshid» — eronilarning qadimdan dushmanlarga qarshi kurashib kelgan voqealarni afsonaviy hikoya qiluvchi kitob.
[9] «Not pinkarto‘n» — Pinkerton — detektiv adabiyot qahramonining nomi. Bu nom asli 1850 yilda Amerikada qidiruv agentligini tashkil qilgan izquvar A. Pinkerton nomi bilan bog‘liq. Uning nomidagi detektiv asarlar yigirmanchi asr boshlarida Amerikada va Yevropada ommalashgan.
[10] Sherlo‘k Xo‘lms — ingliz yozuvchisi A. K. Doyl asarlarining bosh qahramoni.
[11] «Aliflaylo» — «Ming bir kecha» hikoyalarining arabcha nomi.
[12] «Bilim o‘chog‘i» — jurnali 1922 yilning sentyabr oyidan 1923 yilning mayigacha uchta soni chiqib to‘xtagan Turkiston xalq Maorif komissarligining nashri.
[13] Shap ettirib — to‘satdan.