Ilgari bizda yalangboshlik noma’qul ish sanalgan, ulug‘lar oldida do‘ppi kiyib o‘tirish hamisha odob belgisi bo‘lgan. Ammo xristianlarda yoshi ulug‘ odam qoshida, pop va boshqa cherkov xizmatchilari, amaldorlar oldida bosh kiyimi yechilib, hurmat izhor qilingan. Shu sababli sovet zamonida barcha ta’lim dargohlarida hamma boshyalang o‘tirishga majbur edi. Hozir har sohada asta-sekinlik bilan aslimizga qaytyapmiz. Milliy uyg‘onish, asl qadriyatlarni tiklashga intilish sezilyapti. Bu turmushning har bir “ichki”, “mayda-chuyda” sohalarida ham aks eta boshladi.
Aslimizga qaytishning bir tarzi shuki, shoirlar ichida g‘azalnavislar ko‘paya boshladi. Xo‘p yaxshi, ammo ko‘p shoirlarimiz she’r o‘qishni bilishmagani chatoq. She’rni xuddi shior kabi baqirib aytish, ayrim so‘zlarga urg‘u berish – bizga ruslardan o‘tgan, xususan Mayakovskiydan meros. Har qanaqa she’rni, hatto mumtoz g‘azallarni ham, deklamatsiya qilib o‘qiydigan bo‘lib qolganmiz. Nafaqat biz, radio va televideniyedagi, teatrlardagi eng taniqli “so‘z ustalari” ham bu qolipdan chiqib keta olgan emas. Ko‘ramizki, she’r o‘qishning muammolari ko‘p ekan. Kamina shoir ham, “boshlovchi suxandon” ham emas. Shuning uchun, ayni masalada o‘z mulohazalarimni aytay, boshqalar to‘ldirishar.
Bir zamonda Fanlar akademiyasining Til va adabiyot institutiga Turkiyadan Elxon Boshko‘z degan bir olim kelgan ekan. Men uni ko‘rmaganman: o‘sha yozda yigirma chog‘liq “umidli yosh olim” Jizzax dalalarida g‘o‘zachopiq qilib yurgan edik. Oradan besh-olti oy o‘tib, bir yig‘ilishda minbardagi Izzat Sulton uning otini eslayolmay, so‘rab qoldi, “Oti nima edi, hov Turkiyalik olimning – Ko‘kko‘zmidi, Olako‘zmidi?”. “Boshko‘z edi, domla, – dedi Jamol Kamol, – Boshko‘z!”. “Ha-a, Boshko‘z edi. Ammo she’rni zap o‘qir ekan-a? Fuzuliy, Navoiy, Nasimiy asarlarini shu odam o‘qisin ekan”.
Bizlar kim kelganini eshitmagan, uning qanaqa “she’r o‘qigani”ni ham bilmasdik, majlisdan keyin bu gapning tagini surishtirdik.
Elxon Boshko‘z asli adabiyotshunos, ammo olimlikdan ham ko‘ra, mumtoz adabiyot namunalarini tengsiz bir fasohat ila o‘qishi bilan tanilgan ekan. She’rga, she’r o‘qishga shunchalar qiziqar ekanki, bolaligidan birga o‘sgan qalin bir do‘sti keyinchalik Turkiyada rahbar bir ishga tayin bo‘lganida, uni muborakbod qilib borgan Elxondan “Bendan ne istayursan?” deb marhamat etsa, u biron mansab-amal tilamabdi, so‘ragani – “Ejozat versang, ben har gunu jumhuriyat radiosunda she’r oxusam”, degan iltimos bo‘libdi. O‘shandan beri Turkiya radiosida har oqshom “Elxon Boshko‘z she’r o‘xiyur” degan dastur efirga chiqarkan, bu sohir ovoz egasi juda ko‘p turkigo‘y shoirlarning jonso‘z g‘azallarni dard bilan o‘qir ekan…
Hozir bizda ana shunday she’r o‘qiy oladigan odam bormi, men bilmayman. Aksincha, o‘zi yozgan tuzukkina she’rini ham buzib, buning ustiga, tinglovchi g‘ashini keltirib o‘qiydiganlar bormi, deb so‘rang –tugamaydi.
Inson nutqini anvoyi bir matohga qiyos etsak, uning eng hariri – she’rdir, binobarin u harorat bilan o‘qilishi kerak.
Aytadilarki, Hamid Olimjon “O‘rik gullaganda” degan she’rini o‘qiyotib, “O‘rik oppoq bo‘lib gulladi” misrasini shunday talaffuz qilar ekanki, kishining ko‘z o‘ngida oppoq gullagan bir tup o‘rik namoyon bo‘larkan.
Oltmishinchi yillargacha to‘ylarimizda she’r o‘qilgan, she’rxonliksiz to‘y o‘tmagan. Navoiy, Guli monologlari, keyinroq “Ona yuragi” degan manzuma ijro qilingan, hatto, qayg‘uliroq bo‘lsa ham, Abdulla Oripovning “Onajon” she’ri o‘qilganida odamlar ko‘z yoshlari bilan olqishlashar edi.
To‘g‘ri, hozir ham to‘yda xizmat qiladigan ba’zi suxandonlar she’r o‘qiganini ko‘ramiz, ammo u ko‘ngli bo‘sh kampirsholarni yig‘latishga mo‘ljallab yozilgan, yarim soat o‘qisa ham tugamaydigan “ejod” namunalari bo‘lib qolyapti. Televizorda ham har zamonda birov-yarim shoir she’r o‘qib qoladi, ammo buyam, Cho‘lpon aytganday, “bir xil, bir xil” ijodkor bir daraxtzorda, qaysidir og‘ochga qo‘lini qo‘yganicha samovotga ko‘z tikib, sun’iy ohangda qiroat qiladi – eshitasizu uqmaysiz. Yanagi safar boshqa bir shoir…
Oltmish yillik yubileyi munosabati bilan Til va adabiyot institutida uchrashuv qilgan Asqad Muxtor she’r o‘qish madaniyati to‘g‘risida, she’r o‘qish saviyasi pasayib ketayotganligi haqida gapirib, filolog olimlarni shu masalani ilmiy jihatdan asoslashga da’vat etgandi. Darhaqiqat, o‘z she’rini birovning “ohoni”ga solib o‘qiydigan, yo bo‘lmasa haybatu vahshat bilan qiroat qilib, eshitguvchilarni piqir-piqir kulishga majbur etadigan ijodkorlar o‘shanda ham bisyor edi.
Aksar shoirlar o‘zi yozgan she’rni bir tekis va ravon, odam tushunadigan alfozda o‘qiy olmaydi. Keraksiz bir joyga urg‘u berish, har bandning birinchi misrasini ikki marta o‘qish, misralar orasida to‘xtalmay, “suvab” o‘qish, chiranib baqirish avjida – eshitasizu uqmaysiz. Kitobxonlarning ko‘pi esa… g‘azalu ruboiy emas, oddiygina barmoqda bitilgan she’rni ham ravon o‘qiy olmaydi. Chunki maktab dars jadvallaridan “ifodali o‘qish” sabog‘i chiqarib yuborilgan.
Badiiy asar – matni nutqning oliy turi, she’r esa badiiy matnning ham eng yuksak ko‘rinishi hisoblanadi. She’riyat – har bir millat tilining oliy ifoda shakli, uning inja tovlanishlari, imkoniyatlarini tajassum etadigan oyina. O‘zbek tilida she’r shunchaki deklamatsiya qilinmaydi, shunchaki “o‘qilmaydi”. O‘z ohangi, urg‘u o‘rni, tovushni kuchaytirish yoki pasaytirish, cho‘zish yo tezlatish lozim bo‘ladigan o‘rinlari bor va bu har bir asarning ruhi, mazmuni, ritmiga qarib o‘zgarib turadi. “Go‘zal” bilan ”Vaqt”ning o‘qilishi tamom o‘zgacha, “Yurak”ning urishini “Na’matak” iforiga qiyoslab bo‘lmaydi.
Yurakdan o‘qilgan she’r kishi qalbini jo‘shdirib yuborishiga bir misol. 1942 yil boshlari. II Jahon urushining shu eng og‘ir pallalarida – odamlar nonga zor bir paytda eski Kolizey binosiga joylashgan Navoiy teatriga sahna qo‘yib, kassaga tushgan mablag‘ni front uchun yuborish topshirig‘i tushadi. Har qancha da’vat etilsa-da, tomoshatalab odam topilmaydi. Ana shunda shoir Turob To‘la tavakkal ish qiladi: tashqariga o‘rnatilgan ovozkuchaytirgichni ulab, G‘afur G‘ulomning “Sen yetim emasan” degan o‘sha mashhur she’rini dard bilan, yonib o‘qiydi. “She’rni o‘qib bo‘lib, Kolizey oldiga chiqsam, odamlar kassa oldida turnaqator bo‘lib navbatda turishgan ekan”, deydi shoir. Ha, odamlar so‘nggi tiyinini ham berishga rozi bir kayfiyatga tushgan edilar bu damda. Asl she’rdan, uni chinakam fasohat bilan o‘qishdan ana shunday mo‘jizalar tug‘ilishiga shubha yo‘q.
G‘azal va ruboiylar esa o‘ziga xos bir olam, ularning ijrosi yanada o‘zgacha. Aruziy har bir asar o‘z kuyi bilan dunyoga keladi, binobarin, ular o‘qilmaydi, balki kuylanadi, ammo bunda bironta hijo o‘z o‘rniga tushmasa ham, nosoz pardaning ishini qiladi… ammo bugun g‘azal o‘qiyman degan aktyor yoki suxandonlar esa she’r ohangini topolmay, “kokteyl” effektini berish uchunmi, G‘arbcha allaqaysi klassik musiqasi fonida masnaviy o‘qiydilar…
Rahmatlik Sharif Yusupov domla bir kuni ishxonamizga kelib qolgan edi. Suhbat davomida gap g‘azal o‘qishga taqaldi. Furqatiy ijodi bo‘yicha fan doktori, sahna san’atining bilimdoni bo‘lgan ustoz to‘lib turgan ekan, ancha yorildi. Kattayu kichik, nomi tanishu notanish o‘qirmanlarning hammasi aruzdagi she’rlarni o‘z ohangida emas, deklamatsiya tarzida qiroat qilib, kerakli-keraksiz o‘rinlarda hijoni majburan cho‘zib, natijada aruzni buzayotganliklarini ta’kidladi.
– Domla, – dedim paytdan foydalanib, – mana, siz aruziy she’r qanday o‘qilishini yaxshi bilasiz, radiodami-televideniyedami biron guruh tuzib, yosh diktorlarga, suxandonlarga shularni o‘rgatsangiz bo‘lmaydimi?
– Shunaqa bir taklif aytishdi, – dedi Sharif aka kulimsirab. – Radiosuxandonlarga o‘rgating, deyishdi. Haftada ikki-uch marta mashg‘ulot o‘tkazadigan bo‘luvdik. Oylik ham berisharkan. Qanchaligini aytaymi? Bir minimal oylik ish haqqining ellik foizi ekan. Qaydanam aytibman, kampirimning oldida ham reytingim tushib ketdi…
Olimning qadriga yetish, e’zozlash o‘rniga, uning ustidan kuladigan, bilimini yerga uradigan nodon rahbarchalarga qolgan kun qursin.
Ammo bizda aruz va umuman she’r o‘qish an’anasi patorat topib ketmagan ekan. O‘n yilcha bo‘lib qoldi, Milliy teatrimizda betimsol bir spektakl qo‘yildi – taniqli rejissyor Xo‘jaquli Avliyoquli Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” dostonini Fariduddin Attorning “Mantiq ut-tayr” dostoni fonida sahnalashtirib taqdim etdi. Sahna ichi tamomila qush patlari bilan bezalgan – qushlar haqida-ku bu dostonlar! Va u bir harir parda ila old va orqa qismlarga bo‘lingan. Old qismida Navoiyning “Lison ut-tayr”i, orqa qismida esa Attorning “Mantiq ut-tayr” dostonlari – biri turkiy, yana biri forsiy tilda qiyomiga yetkazib, xo‘p ifodali qilib o‘qilyapti. Viloyat teatrlaridan tanlab olib kelingan yosh aktyor yigitlar ham bu ikki ulug‘ shoirning sehriga tushdi – yonib-yonib, biron hijosini ham buzmagan holda she’r o‘qidilar!
Spektakl tugagach, hali tomoshabinlarning olqishu qarsaklari bosilmay turib, qush tilli va qush lisonli bu yigitlar azbaroyi hayajon zo‘ridan bir-birini quchoqlab yig‘lab yubordilar: san’atning yuksakligi ularning o‘ziga ham shu darajada ta’sir qilgan edi-da! Navoiying o‘zi bir dostoni so‘ngida aytadi-ku, “yig‘lay-yig‘lay tugattim oxir”, deb! Ha, agar she’r ustasining qo‘liga tushib, shoirning dilidagi tuyg‘ular tiniq bir tarzda ifsho etilar ekan, u har qanday kuy, har qanday qo‘shiqdan yuksakroq, ulardan ta’sirchanroq bir maqomga ko‘tariladi.
O‘tmishda esa odamlar she’r tinglab, ekstaz holatiga tushgan deyishadi. Navoiyning bir mustazodi bor. Shoir hayotiga oid kitoblarda yozilishicha:
Din ofati – bir mug‘bachai mohiliqodir
Mayxoravu bebok.
Chun ishqidin oning vatanim dayri fanodur,
Sarmastu yoqam chok…
degan matla’i o‘qilganida tinglovchilar ta’sir zo‘ridan yoqa yirtib, faryod chekishgan ekanki, buni bir tasodif bilan Navoiyning o‘zi ham ko‘rib qolgan.
O‘tmishda she’r kishilarni ekstaz holatiga tushirgani bor gap. Chunonchi, “…bu muxammasni hazrat eshon shoh Mashrab o‘qig‘ondin keyin jam’i xaloyiq tavfiqqa kelib, shoh Mashrabning so‘zi ta’sir qilib, hammaga junun ro‘y berdi. Mast bo‘ldilar…
Alqissa, hazrat eshon shoh Mashrab bul muxammasni o‘qug‘ondin keyin ja’mi xaloyiqlarni ko‘rdilarki, zamirlari oynadek sof bo‘lubdur…” “Zamiri oynadek sof bo‘lish” – ilmda katarsis hodisasi deyiladi, bu holda kishining qalbi musaffo oynadek bo‘lib qoladi. Afsus, ana shunday bebaho she’r o‘qish an’anasi sekin-asta unut bo‘lib borayotibdi.
Bizda to‘rt-besh yil avval she’r o‘qishga, she’r eshitishga bir rag‘bat paydo bo‘ldi. Shoirlar radioga, televideniyega chiqib o‘z asarlarini o‘qiy boshlashdi. Ammo zo‘raki tarzda uyushtirilgani uchunmi, keyincha u an’anaga aylana olmadi. Shoirlar… odam eshitadigan, eshitgan odam uqadigan qilib she’r o‘qiy olishmadi-da.
Shoira qizlarimizning ko‘pi she’rini Halima Xudoyberdiyevaga taqlidan o‘qishga chiranadi, tinglovchi esa hayron: bu kimning she’ri o‘zi?
Rasul Hamzatovning “Dog‘istonim” asarida bir voqea bor. Tog‘da nima ko‘p – so‘qmoq yo‘l ko‘p. Tog‘ ustiga chiqadigan so‘qmoqlar. “Bu falonchining so‘qmog‘i, bunisi esa falonchiniki”, deb aytishar ekan. Ammo birovlar ochgan so‘qmoqdan yurganlar ham oz emas. “Yoshligimda men ham tayyor so‘qmoqdan chiqib-tushar edim, – deydi shoir. – Ammo bir kun otam meni qattiq tergadi: odam bo‘laman desang, o‘zingga so‘qmoq och, o‘sha yo‘lingdan yur…”
She’r o‘qish ham baayni bir so‘qmoq yo‘l. Har bir shoirning o‘z o‘qish maromi, o‘z yo‘rig‘i bo‘lishi, o‘z nafasi sezilib turishi kerak.
Mavridi keldi, she’r yodlash haqida ham ikki og‘iz aytib o‘taylik. Men yaqinda “Nazm va navo” tarzidagi bir ko‘rsatuvda qatnashdim. Shunda xonandalar nima uchun oldinga chiqmay, soz chalayotgan mashshoqlar ortida turib ashula aytishlari sirini bilib oldim. Qadimda, u xon saroyida bo‘ladimi, yo xalq sayilidami, ashulachi mashshoqdan oldinga o‘tib qo‘shiq aytar, soz ortda turib chalinar edi-ku desam, ko‘p yosh xonandalar qo‘shiq she’rini yod bilishmas, sozandalarning yelkasiga yopishtirib qo‘yilgan qog‘ozga qarab… ashulani o‘qib berishar ekan! O‘zi aytayotgan qo‘shiqni yod bilmaydigan ijrochi uning ma’nosini tushunadi, deb o‘ylaysizmi? Shunaqa qilib ashula aytgan odamlarning xonishi bizni sel qila oladimi?
Alisher Navoiy bola chog‘idayoq Fariduddin Attorning “Mantiq ut-tayr” dostonini yod bilgan. Keyinchalik o‘zi yozgan barcha asarlardan tashqari, o‘zgalar qalamiga mansub yana ellik ming bayt ash’orni ham yodaki ayta olgan. Abdulla Oripov hamma she’ru dostonlarini yodaki o‘qigani hanuz ko‘z o‘ngimizda. Erkin Vohidov esa, bir davrada Fuzuliy she’rlaridan shunchalik ko‘p aytgan ekanki, manaman degan ozarboyjon shoirlari ham “Fuzuliy – o‘zbeklarning shoiri ekan-ku”, deb tan berishgan, qoyil qolishgan.
Endi bu nima noma’qulchilikki, o‘zi yozgan to‘rttagina she’rini so‘rasangiz, jujuq ijodkorlar qo‘l telefoni ekranidan o‘qib berishadi? O‘zi bitgan she’rni yod bilmaydigan, uni ifodali o‘qib bera olmaydigan kishini shoir deb bo‘ladimi?
Ozar TVsi kanalida “Mayxona” degan bir ko‘rsatuv bor ekan. Bundagi “mayxona” degan so‘z ba’zi serhadik birodarlarimizni cho‘chitmay qo‘ya qolsin, chunki bir mahallar Navoiyning o‘zi uning javobini berib qo‘ygan:
Sen gumon etkandin o‘zga jomu may mavjud erur,
Bilmayin nafy etma bu mayxona ahlin, zohido.
Bu – yorga ishqning zo‘ridan oshiqning ichib mast bo‘lgan kishidek ixtiyorini yo‘qotishiga tashbih berilgan bir “may”dir, bu ishq – ilohiydir. Biz esa, ehtiyotlana-ehtiyotlana, hatto tasavvuf qo‘rg‘oniga kirishda ham ko‘p qardoshlarimizdan ortda qolyapmiz. Nima uchundir, tasavvufdan hadiksirash, uni “hozircha” ommalashtirmay turish hollari bizda ko‘p. Holbuki, turkiy tildagi tasavvuf bobida biz eng peshqadam el edik.
Bu gaplarning she’r o‘qish va uqishga bevosita daxli bor. Axir, g‘azal – tasavvufdan tashqarida… deyarli yo‘q narsa-ku.
Yaqinda Elshan Xazar otli ozar shoirining ana o‘sha “Mayxona” teledasturida viqor va tamkinlik bilan o‘qib bergan “bor-yo‘q” tazodi asosida bitilgan bir g‘azali ko‘pchilikka ayricha ta’sir qildi:
Bu dunyo bir ajib yerdir, muhabbat vor, saodat yo‘q,
Muhabbatdan dog‘an ming bir jinoyat vor, adolat yo‘q.
Bu dunyoda, garak, bilsin adolat axtaran inson,
Bu yo‘lda cho‘x balolar, cho‘x musibat vor, shikoyat yo‘q.
She’r yozish bir ajib hunar bo‘lsa, uni odamning shuuriga yetkazib o‘qish ham katta san’at ekanini ko‘rdik. Shunday ekan, Maskov TVlariga taqlid qilavermay, ozariylardan ham bir chimdim ulgi olib, biz ham o‘z TVmizda bir “Mayxona” ochsak, bu go‘shaga kirgan har bir shoir suxandonlar va olimlar qoshida she’rlarini ehtiros, dard bilan o‘qisa… deymiz.
She’r o‘qilgan uy esa obod bo‘lmasdan qolmaydi. Chunki haqiqiy she’r – qalbdan chiqqan tilak va armon, duoyu iltijodir. Ijobat bo‘lishiga shak yo‘q.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2023 yil 16-son

