1992 yil 12 mayda Mustamlaka davri qurbonlari xotirasini abadiylashtirish jamoatchilik komissiyasining tashkil etilishi Vatanimiz mustaqilligi tongida amalga oshirilgan ulug‘ ishlardan biri bo‘ldi. Ushbu ezgu niyat sharofati bilan tarixda misli ko‘rilmagan va qiyosi yo‘q yo‘nalish-soha – sho‘rolar davrida xalqimiz boshidan kechirgan qatag‘onu qirg‘in voqealari va ularning asoratlarini o‘rganishga ixtisoslashuv yo‘lga qo‘yildi. Xalqimizning bir qator ziyolilari, xususan, adabiy jamoatchilikda yaxshi tanilgan adabiyotshunos, san’atshunos, tarixshunos olimlar XX asrning eng dahshatli va ayanchli sahifalarini o‘rganishga kirishdilar. Ana shu safning darg‘alaridan biri hassos adabiyotshunos, san’atshunos olim Sirojiddin Ahmad, 30 yildan oshdiki, butun ilmiy-ijodiy faoliyatini o‘tgan asrning birinchi yarmida taqdiri, qismati sho‘rolar mafkurasi tomonidan poymol etilgan vatandoshlarimiz, millatdoshlarimiz tarixini o‘rganishga bag‘ishlab kelmoqda.
Mehnat va izlanish mashaqqatidan hayratga tushganimizda “Igna bilan quduq qazish” degan ta’rifni yodga olamiz. Aslida bu ta’rif ayni qatag‘on qurbonlariga taalluqli manbalarni o‘rganayotgan, necha o‘n yillar mobaynida chang va zang ostida qolib ketgan ism-shariflar, ayanchli raqamlar, ma’lumotlarni yorug‘ olamga olib chiqayotganlarning mehnatini baholash, ulug‘lash uchun yaratilgandek tuyuladi odamga. So‘nggi yillarda olimning qalamiga mansub bir qator kitoblar chop etildi. Qatag‘on yillari olislarga “qochib” ketganicha yo‘q. Zero, “Yaqin o‘tmishimiz” desak ham yanglishmaymiz. S.Ahmadning so‘nggi yillarda nashr etilgan kitoblari: “G‘ozi Yunus”, “Milliy hurriyat adabiyoti”, “Ikki imperiya asoratida”. Bularning har biri xalqimiz yaqin o‘tmishda boshdan kechirgan mudhish kechmishlardan hikoya qilar ekan, har bir ma’lumot naqadar qimmatli ekanligini va ularning har biri katta mehnatu zahmatlar evaziga qo‘lga kiritilganini his etmaslik mumkin emas.
“Qizil mustamlaka: e’lon qilinmagan urush. Katta qirg‘in qomusi (1929 – 1950)” deb nomlangan zalvorli kitob ana shu toifa kitoblardan yanada o‘zgachaligi – alohida ahamiyatga egaligi bilan diqqatga sazovor.
Ma’lumki, allaqachon o‘tmishga aylangan, “SSSR” degan nom ostida dunyoga eng adolatli, eng farovon hayot tarzini qaror toptirish va’dasida 74 yil hukm surgan davlat aslida asos-poydevoridan boshlab yolg‘on, bo‘htonga qorishgan, davlat terroriga asoslangan saltanat bo‘lganligi dunyo afkor ommasiga fosh bo‘lib ulgurdi. Biroq qattol mustamlakaparastlik, shafqatsiz, zulm-istibdod asoratlari hali to‘la-to‘kis fosh etilganicha yo‘q. Yanada muhimi, jafokash ajdodlarimiz nomlarini aniqlab, kechikib bo‘lsa-da, ularning ruhlari oldidagi farzandlik burchimizni ado etish uchun hali toqat va sabot ila izlanishlar olib borishimiz zarurligi ayon haqiqat. Qo‘limizdagi kitob ayni ushbu maqsad-muddaoda dunyoga keldi. U ikki qismdan iborat: birinchi qismida sho‘rolar siyosati davlat tepasida qaror topgan kezlardanoq o‘zaro qirg‘inga asoslanganligi haqida so‘z boradi. Ko‘plab hujjatlar, dalillarga murojaat qilinadi. Ommaviy qatli om 1937 va 1950 yillarda avji qutirgan hisoblaydi ko‘pchilik, lekin mavjud manbalarning dalolat berishiga qaraganda, bunday qirg‘inga o‘chlik kayfiyati sho‘ro hokimiyatining dastlabki kunlaridanoq amalga kirgan, tuzum avvalboshdan o‘z oyog‘iga o‘zi bolta urish siyosatiga giriftor bo‘lgan. Kitobda keltirilgan ko‘plab arxiv materiallari, hujjatlar va hokazo manbalar rad etib bo‘lmas xulosalar chiqarishga dalil bo‘ladi.
Kitobning ikkinchi qismini tashkil etgan “Katta qirg‘in qomusi (1929 – 1950)” ma’lumotlari hech mubolag‘asiz uzoq yillar mobaynida misqollab yig‘ilgan, mashaqqatli izlanishlar, tadqiqotlar samarasi o‘laroq yaratilgan. Sirojiddin Ahmad 355 nafar shaxsga taalluqli ma’lumotlarni qomus talablariga rioya qilgan holda muxtasar maqolalar shaklida tartibga keltirgan. Ta’kidlash zarurki, keltirilgan ma’lumotlar ilmiy odob talablariga ko‘ra, manbalari (mualliflari, e’lon qilingan sanalari) aniq ko‘rsatilgan.
Qomus Munavvar qori Abdurashidxonov haqidagi maqola bilan boshlangan. Davlat va jamoat arbobi, Turkiston ma’rifatparvarlari va milliy hurriyat uchun kurash rahnamosi 1923 yilda “Maorif qahramoni” unvoniga musharraf bo‘lgan, o‘zbek milliy maktabining asoschisi. 1878 yilda Toshkentda tavallud topgan bu aziz siymo 53 yoshida Moskvada otishga hukm qilingan va manfur hukm o‘sha kuniyoq ijro etilgan.
Qomusga kiritilgan shaxslar orasida yozuvchi, shoir, jurnalist, tarjimon, olim, pedagog, noshir va umuman ijod dunyosiga yaqin bo‘lgan ziyolilar ko‘pchilikni tashkil etadi. XIX asrning so‘nggi yillarida tug‘ilgan, XX asrda esa, nari borsa, 25-30 yil umrguzaronlik qilganlar ham oz emas. Misol uchun, Mannon Abdullayev (Mannon Ramz) turli nufuzli lavozimlarda xizmat qilgan, ilmiy tekshirish institutida direktor bo‘lgan, “Turkiston xonligi” nomli uch pardali drama yozgan. Jamoat va din arbobi Abduvohidqori Abduraufqoriyev arab, fors, turk va rus tillarini bilgan. Surgun muddatini o‘tash chog‘ida Lev Tolstoy bilan bir necha bor suhbat qurgan. Shoir Ahmadjon Abdusaidov oliy diniy ma’lumotli, Tojikiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi bo‘lgan. Toshkentlik, kitob muqovasoz-sahhofi va dehqon oilasida tug‘ilgan Laziz Azizzoda “Turkistonda uyg‘onish tarixi” risolasi, shuningdek ko‘plab jadid ma’rifatparvarlari haqidagi maqolalar muallifi. Saidrizo Alizoda Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Oyina” jurnalida, “Sharq” gazetasida muharrir, “Hurriyat”da tarjimon bo‘lib ishlagan. Ikki jildlik “Ruscha-tojikcha lug‘at” tuzgan, “Turkiston tarixi”, “Rusiya tarixi”, “Umumiy Yevropa tarixi” asarlarini yozgan, Abdulla Qodiriyning “Mehrobdan chayon” romanini tojik tiliga tarjima qilgan.
Qomusda nomlari zikr etilgan necha o‘nlab mahkum va mahkumalar XX asrning dastlabki yillarida tavallud topgan, demak, bu yorug‘ hayotda bor-yo‘g‘i 30-40-45 yil umr kechirishgan, xolos. Chunonchi, “Zarafshon”, “Ozod Buxoro” gazetalarida, “Mashrab” va “Mushtum” jurnallarida ishlagan yozuvchi va shoir Abdulhamid Majidiy ismli yozuvchi va shoirni ko‘pda bilmaymiz, uning ijodiy merosi bilan tanish emasmiz. Vaholanki, uning rahbarligida J.Jabborlining “Oydin”, N.Gogolning “Revizor”, Hamzaning “Iffat qurbonlari” asarlari qo‘yilgan, uning qalamiga mansub “Varqa va Gulshoh”, “Otsiz” dramalari sahnalashtirilgan. 1936 yilda e’lon qilingan “O‘zbeknoma”ning Chingiz va Amir Temur davriga oid qismini yozgan. Shoirning “Qaldirg‘och” va “Rubob” she’riy to‘plamlari chop etilgan. “Kuchala” dostonida aksilsho‘roviy g‘oyalarni targ‘ib qilishda ayblanib, 1938 yilda 25 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.
E’tiborli joyi shundaki, qatag‘on qilinganlarning aksariyat qismi xorijiy nufuzli ilmiy muassasalarda tahsil olishgan, yetuk mutaxassislar sifatida Vatanga, xalqqa xizmat qilish istagi va orzusida yurtimizga qaytib kelishgan, oxir-oqibat esa ularning ilmi jismiga qo‘shib mahv etilgan.
Oddiy oilalarda tug‘ilib voyaga yetgan, xorijiy ilmiy muassasalarda o‘qib, yetuk mutaxassisliklarni egallagan, navqiron yoshlarida nufuzli lavozimlarga loyiq ko‘rilgan vatandoshlarimiz hayoti, qismati haqidagi ma’lumotlardan anglashiladiki, o‘sha zamonlarda ham xalqimiz orasida yetuk, iste’dodli ilmiy-ijodiy salohiyatli yoshlar ko‘p bo‘lgan.
“Katta qirg‘in qomusi”ning yana bir qimmatli jihati shundaki, unda o‘z vaqtida ko‘plab mualliflar tomonidan yaratilgan, lekin, afsuslar bo‘lsinkim, hozirga qadar yetib kelmagan badiiy asarlar tilga olingan. Mannon Ramzning “Turkiston xonligi” dramasi, Yusuf Aliyevning “Turk o‘g‘li”, “Turk o‘g‘li turk”, “Yu.Aliyev”, “Ali o‘g‘li”, “M.Ali” taxalluslari ostida e’lon qilgan she’rlari, Saodat Aminovaning “Voqeotlar” esdaliklari, A’zam Ayubovning F.Shiller, K.Goldoni, L.Tolstoy, N.Gogol, A.Chexov, A.Gorkiy, M.Sholoxovdan qilgan tarjimalari, Kimyo Ashurovaning “Yaqin o‘tmishdan xotiralar”i, Bahrombek Davlatshoyevning “Mustabidning haykali va fahsh o‘chog‘i”, “Ikki qurbon” (roman), “O‘zbek urug‘lari” tadqiqoti, Sattor Jabborovning Germaniyaning “Ost-Evropa” jurnalida bosilgan “Turkiston she’riyati va shoirlari”, asarlari… Ro‘yxatni davom ettirishdan o‘zimizni tiyar ekanmiz, savol tug‘iladi: qani, qayerda qolib ketdi o‘sha asarlar?! XX asr birinchi yarmi milliy badiiy, ilmiy, ma’rifiy tafakkurimiz oynasi, ko‘zgusi edi-ku, o‘sha asarlar?! Xalqimizning adabiy, ma’naviy boyligi, merosi edi-ku?!
…Izlash, o‘rganish, topish, ardoqlash, kitobu qomuslar yaratish zamonida yashamoqdamiz. O‘zbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2020 yil 8 oktyabrda e’lon qilingan “Qatag‘on qurbonlarining merosini yanada chuqur o‘rganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoyishi zahmatkash va fidoyi tadqiqotchilarimizga yanada katta kuch-g‘ayrat bag‘ishladi. Prezident Farmoni bilan Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Munavvarqori Abdurashidxonovning “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlanishi, shu kunga qadar oqlanmagan 115 vatandoshimizning reablitatsiya qilinishi mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy tarixi zarvaraqlariga oltin harflar bilan bitildi hamda mazkur voqealar haqli ravishda tarixiy adolat tantanasiga aylandi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2023 yil 15-son

