O‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishini intiqib kutgan edik. Ana shu orzuning ushalganiga 20 yil to‘ldi. Bu sana — xalqimiz uchun qutlug‘ sana.
Garchand 15 asrdan keyingina o‘zbek deb atala boshlangan bo‘lsak ham, eng qadimgi turkiy xalqning bevosita vorisimiz. Bobokalonimiz Mahmud Qoshg‘ariy tilimiz eng qadimgi turkiy tilning davomi ekanini o‘z “Devon”ida muhrlab ketgan.
Yana turkiy zabon xalqlarda davlatchilik uzoq o‘tmishdayoq mavjud bo‘lgani eng qadimgi yozma manbalardan ham ma’lum. Davlat bor ekan, adabiy til ham shakllangan bo‘ladi. Hozirgi adabiy tilimiz qadimgi adabiy turkiy tilning vorisi bo‘lib, tarixan o‘sib, boyib kelgan. Hozirgi adabiy tilimizning yozma shakli bir necha marta me’yorlarga solinib, so‘nggi imlo qoidalarining 1996 yilda amaliyotga joriy etilgani juda katta yutuqlarimizdan biri. Lekin og‘zaki adabiy tilimiz uchun mukammal talaffuz qoidalari hozirgacha qat’iy belgilanmaganini ham taassuf bilan aytmoq kerak.
Ona tilining sofligiga erishish harakati uzluksiz davom etadigan jarayon. Har bir til avvalo, o‘z ichki imkoniyatlari asosida o‘sib, boyib boradi. Tashqi ta’sir odatda tilning eng o‘zgaruvchan, kundalik ijtimoiy hayotga hozirjavob qismida — lug‘at boyligida voqe bo‘ladi. Shu bois ham biror tilni o‘rganmoqchi bo‘lsak avvalo, uning lug‘atiga e’tibor qaratamiz. Har bir tilning lug‘ati uning ko‘zgusidir. Bir til lug‘atiga boshqa til lug‘atidan so‘zning kirib kelishi esa doimiy hodisa bo‘lib, unga qarshi chiqish befoyda. Faqat zaruriyatsiz, noo‘rin so‘z olishga yo‘l qo‘ymaslik lozim.
Dunyo miqyosida birorta til yo‘qki, uning lug‘atiga boshqa til so‘zi kirib kelmagan bo‘lsin. Jamiyatda paydo bo‘lgan yangilik avvalo, uni yaratgan jamoaning lug‘at boyligidagi so‘z bilan nomlanadi. Boshqalar hayotiga bu yangilik odatda o‘z nomi bilan kirib boradi. Shu bilan birga bu yangilikni olgan jamoa unga o‘z tilidan munosib muqobil nom qidiradi ham. Maqbul nom topilmasa, sun’iylikka yo‘l qo‘ygandan ko‘ra bu yangilikni o‘z nomi bilan olgan ma’qul.
Uzoq asrlar davomida o‘zbek tili lug‘atiga juda ko‘p arabcha, fors-tojikcha so‘zlar o‘zlashgan. Bularning ancha qismi chet tiliga mansub ekanini ko‘pchilik bilmaydi, o‘z so‘zimiz, o‘zbekcha so‘z deydi. Shu tufayli bunday so‘z lug‘at boyligimizning sofligiga putur yetkazmaydi, deb tushunishadi.
XIX asrning oxiri, XX asrda esa lug‘at boyligimizga so‘zlar asosan rus tilidan kirib keldi. Bu so‘zlarning juda oz qismi ruscha, ko‘p qismi g‘arb tillaridan rus tiliga, rus tili orqali o‘zbek tiliga o‘tgan so‘zlar. Mustaqillikka erishganimizning boshlang‘ich davrida ayrim ziyolilarimiz tilimiz lug‘atini soflashtirishga intilib, rus tilidan olingan barcha so‘zlarni quvg‘in qilib, o‘rniga boshqa so‘zlarni kiritishga harakat qildi. Almashtirish uchun asosan arabcha, fors-tojikcha so‘zlar tavsiya qilindi. Ruscha sovet so‘zi o‘rniga o‘zbekcha kengash so‘zini, oblast so‘zi o‘rniga viloyat so‘zini ishlatish kabi ayrim ijobiy tavsiyalar qabul qilingani bilan birga ayeroport so‘zi o‘rniga tayyoragoh so‘zini, stadion so‘zi o‘rniga o‘yingoh so‘zini, gazeta so‘zi o‘rniga ro‘znoma so‘zini ishlatish kabi salbiy tavsiyalarni til amaliyoti uzil-kesil rad etdi.
Lug‘at boyligidan boshqa tildan olingan so‘zlarni “quvg‘in” qilish harakati yangilik emas, tarixan ko‘p tillarga nisbatan shunday urinish bo‘lgan. Tilshunoslikda bunday harakatga purizm degan nom ham berilgan (lotincha “purus”, o‘zbekcha tarjimasi “toza”). Qizig‘i shuki, shunday harakat boshlanganidan ko‘p vaqt o‘tmay ko‘chalarimizdagi imoratlarning peshtoqini g‘arb tillariga mansub so‘zlar to‘liq egalladi. Ijtimoiy hayotning o‘zi shunga olib keldi. Xullas, zarur so‘z, u qaysi tilniki bo‘lmasin, lug‘at boyligiga kirib kelaverishi — aksioma. Aslida esa nokerak so‘zni ishlatib yuborishning oldini olish lozim.
“Hurriyat” gazetasidan olindi (2009).