Saydi Umirov. Davr uning taqdirida (2006)

Ahmadjon Meliboyev ijodiga nazar

Uning maqola, ocherk, kitoblarini  o‘qish, ma’ruza, hikoyalarini  tinglash  maroqli,  mayin yumorga  boy, ichakuzdi  hangomalarini  bir eshitgan odam yana eshitsam, hamsuhbat bo‘lsam deydi, bosh muharrirlik mahoratiga  boshqa  bosh muharrirlar  havas qilishadi,  u yurtimiz ziyolilarini – adib, olim, san’atkor, musavvir, jurnalist, matbaachi, noshir, turli kasb sohiblarini  yaxshi taniydi, ziyoli ahli ham, tabiiyki, uni yaxshi biladi, hurmat qiladi. Sal kam qirq yil davomida qalamkash, muharrir, rahbar sifatida yurt kezishlar, behisob uchrashuvlar, muloqotlar samarasi bu, albatta.

Ahmadjon Meliboyevni yaqin va uzoq xorijda ham biladiganlar ancha, u Qirg‘izistonning Olabuqa tumanida tug‘ilib o‘sdi, O‘shda o‘qituvchilar kursida tahsil olib, o‘zbek, rus tillarida saboq berdi, qirg‘izcha gapirish, yozishni o‘rgandi, Qozog‘istonda Boyqo‘ng‘irda harbiy xizmatda bo‘ldi, u yerdan gazetalarga “Soldat maktublari” yuborib turdi. O‘zbekistonda o‘qidi, ishladi, tanildi, Rossiyaga ham bir necha topqir bordi, Amerikasini ham ikki marta ko‘rib keldi, Belgiya, Misr va boshqa davlatlarda bo‘ldi, taassurotlarini safarnomalarida ro‘y-rost, xolis yoritishga intildi.

Ahmadjon Meliboyev bilimi kuchli, saviyasi yuqoriligi, dunyoqarashi kengligi, xushmuomalasi bois, turli kasb sohiblari bilan ularning o‘z tilida so‘zlasha, savol-javob qila oladi.  Uni yaxshi biladiganlar gurung, muloqotlarini eslashadi, o‘zlaricha ta’rif-tavsif qilishadi.

Men  ham bir-ikki voqeani keltiray. O‘n to‘rt yil muqaddam bilimdon olim, mohir  pedagog Boybo‘ta Do‘stqorayevning ellik yoshini nishonlash uchun bir guruh ijodkorlar Chiroqchiga borgandik. U o‘qigan maktabda uchrashuv, qarindosh – urug‘, do‘st-birodarlari davrasida gurunglar bo‘ldi.  Qayerda bo‘lmaylik, Ahmadjon nuqtadon notiq, hazil, askiya, latifa ustasi sifatida barchani og‘ziga qaratdi, davraning guli bo‘ldi, tumanning o‘zida ham muxlislari, tanish-bilishlari ko‘pligiga amin bo‘ldik. Ketish oldidan Chiyali bozorga kirdik. Chiroqchiliklar odamning jonidan boshqa hamma narsa bor, o‘g‘risi yo‘q, deya faxrlanib yuradigan Chiyali bozorini aylandik. Go‘sht rastasidagi tartib, ayniqsa, havas qilgulik edi. “Buning bahosi qancha bo‘ldi”, – dedi “O‘zAS” bosh muxarriri semiz qo‘y go‘shtiyu dirillab turgan oq quyruq egasiga ishora qilib.

– Sizga tekin, Ahmadjon aka dedi sotuvchi yigit jilmayib, – Televizorlarda ko‘rib, gazetangizni o‘qib turamiz.” Ahmadjon mutaassir bo‘ldi.

Xayol beixtiyor yana uzoqlarga olib ketdi. O‘ttiz yetti yil burun bo‘lg‘usi talabalardan kirish imtihoni olib turibmiz. Savollarga boshqalardan uch-to‘rt yosh kattaroq, bo‘yi tikroq, ko‘zlari chaqnoq yigitning ona-tili va adabiyotidan savollarga burro va to‘liq javoblari bizni to‘liq qanoatlantirdi, qo‘shimcha savollarga ham  sharillatib javob berdi. Sherigim bilan bahomiz yakdil – “5” bo‘ldi. Kamoli xursand bo‘lganimdan “Sizdan kelajakda o‘tkir jurnalist, zo‘r muharrir chiqadi», deb yuboribman.  “Yaxshi gap yaxshi-da, farishtalar omin der ekan”,  deya ba’zan ushbu voqeani eslatib turadi Ahmadjon.

Ahmadjon talabalik yillaridayoq matbuotda bot-bot chiqib turardi. Jurfakni tugatishi bilanoq yoshlar gazetasiga ishga o‘tdi, qalami yanada charxlandi, keyin “Yosh gvardiya” nashriyotida bosh muharrir o‘rinbosari sifatida ko‘plab kitoblar yuzaga kelishiga bosh qo‘shdi, o‘zi ham “Bir zaminda yashaymiz”, “Umidli dunyo”, “Ikkinchi iste’dod” , “Salim buvaning sarguzashtlari (ikki tilda)” nomli kitoblar chiqardi.

Kuzatuvchanlik, sinchkovlik, boshqalar e’tibor bermagan narsalarga e’tibor berish, ko‘rmagan narsalarni ko‘rish, dolzarb mavzu, muammolar topish, “eski” mavzularning yangicha qirralarini ko‘ra bilish, matnga mayin iliq yumor singdirib yuborish Ahmadjon Meliboyev asarlariga xos fazilatlardanki, bu ilk maqolalaridayoq   namoyon bo‘lgan edi. Gazetaga endi ishga o‘tgan kezlari  “Bir narsa yozuvdim, ko‘rib fikringizni aytsangiz”, deb qoldi. Qishloqda o‘tgan bir to‘y haqida ekan. Bu mavzuda  qancha narsa yozilgan, yozilayapti, yozilajak, biror yangi  gap aytib bo‘larmikan, deya fikr o‘tdi hayolimdan boshda.  O‘qib ko‘rsam, chindan ham, yangi, ma’qul, maqbul gap aytibdi.  Kechki bazm. Bir guruh qalamkashlar vaqt ajratib, yo‘l bosib shahardan borishadi. “Yangi mehmonlar kelishdi, ashuladan bo‘lsin», deyishadi to‘y sohiblari xonandalarga. Ko‘zlari suzilib, esnab  turgan “san’atkor” boshlab yuboradi:

Nasihatim eshit, ey o‘g‘lon,

To‘yingga keladi yaxshi ham yomon

“Charchab kelib, endi nonga, choyga qo‘l uzatgan edik, hushyor tortib bir-birimizga qaradik”, yozadi muallif. Ikkinchi “san’atkor” esa xirqiroq ovozda avjini oladi.

Ba’zilar oshingni yer,

Andin keyin boshingni yer.

“Endi oshga qo‘l uzatgan edik, darhol lagandan qo‘l tortdik”. Biri-biridan sayoz, saviyasi past ashulalardan hammaning ensasi qotgani, to‘y sohiblari hijolatda qolgani maqolada afsus-nadomat bilan tavsiflanadi. Ishni tugatib, to‘yga kelgan shu yerlik shofyor yigit, iltimoslarga ko‘ra, rubobni qo‘lga olib mumtoz ashulalardan birini  shirali, mayin ovozi bilan shu qadar go‘zal ijro etadiki, yosh-yalang, hatto chol-kampirlar beixtiyor o‘yinga tushib ketishadi, otarchilar – pul bandalari sekingina juftakni rostlab qolishadi.

Yosh muallif oddiy, hayotiy voqeani shu tarzda goh jiddiy, goh hazil ohanglarda tabiiy, samimiy tasvirlashga uringan edi, sarg‘ayib ketgan gazeta varag‘ini hali-hozir talabalarga namuna sifatida ko‘rsataman.

Publitsist maqoladan maqolaga, kitobdan kitobga o‘sib, qalami qayralib bordi.

Ahmadjon Meliboyev yirik, salmoqli maqola, ocherklar yozishga ham (Chingiz Aytmatov bilan qurgan suhbatlari, ijodi, faoliyati haqidagi turkum maqolalari, xorijiy safarnoma, esselari, ekologiya, ma’naviyat, qadriyatlarning dolzarb, og‘riqli muammolarini dadil ko‘targan o‘tkir chiqishlarini eslaylik), bir chimdim ichakuzdi qatralar,  qiziq hangomalar yozishga ham (adib, san’atkorlar hayoti ijodiga oid maroqli voqea, kulgili hikoyalari bunga misol) birdek mohir.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” haftaligiga bosh muharrirlik qilgan 1988-2000 yillar Ahmadjon Meliboyev hayoti, ijodiy faoliyatida eng qizg‘in, samarali davr bo‘ldi. Qayta qurish, oshkoralik, turfa fikrlik, hur fikrlikni eng ko‘p va  xo‘p aks ettirgan jasoratli, mahoratli nashr, shubhasiz, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” bo‘ldi. Ijtimoiy hayot, tarix, adabiyot, til, din, ekologiya, ma’naviy qadriyatlarning dolzarb, og‘riqli muammolariga oid o‘tkir chiqishlar ko‘proq shu gazetada chop etildi, adadi 1988 yildagi 220.000 nushadan 1990 yilda 900.000 nushaga yetdi. Eng sara maqolalardan tartib berilgan ikki jildlik “Fitna san’ati” kitobi badiiy publitsistikamizning gultoji bo‘ldi. Orada mas’ul lavozimda to‘rt yilcha ishlab, yana qadrdon nashri rahbarligiga qaytgach, tez orada gazeta yanada maroqliroq, mazmunliroq  chiqa boshladi. Gazetaning o‘tgan yil, 21 oktyabr – Til bayramiga bag‘ishlangan soni haqida “Har soning qadr o‘lubon, har sahifang o‘qishli bo‘lsin” nomli matbuot obzori maqomida bir narsa yozib, “Hurriyat”da chiqqan edim. Darhaqiqat, har bir sonida eng kami ikki-uchta voqea bo‘ladigan, o‘qimasa armon bo‘lib qoladigan material beriladi.  E’tiborga, e’tirofga loyiq, qiziqib o‘qiladigan materiallarda biri “Muharrir minbari” rukni ostida berilayotgan turkum maqolalardir. Hozir ular soni 100 dan oshdi. Aksariyati Ahmadjon Meliboyev qalamiga mansub ushbu maqolalarni, ta’bir joiz bo‘lsa, boshlovchi maqola deb atagan bo‘lardim. Sho‘rolar zamonida bosh maqola keng urf bo‘lgan, ayniqsa, “Pravda” bosh maqolalarining o‘zi yozgan  edi. Hukmron mafkuraning karnayi bo‘lgan, rasmiy, zerikarli uslubda yozilgan ushbu dabdabali,  dag‘dag‘ali bosh maqolalar ittifoqchi respublikalar gazetalarida ko‘chirilib, tarjima qilib bosilar, uning ko‘rsatmalari bilan hisoblashmay iloj yo‘q edi. SSSR parchalanib kompartiya barham topib, sobiq respublikalar mustaqillikka erishgach, da’vatkor, “dono” bosh maqolalarga ham zarurat, hojat qolmadi, ular o‘rnini “Muharrir minbari” ruknidagi jonli, tabiiy yozilgan, o‘quvchini muammoni birga o‘ylashga, ijodiy hamkorlikka undaydigan maroqli boshlovchi maqolalar egallamoqda, “O‘zAS”da bosilgan bunday maqolalardan tarkib topgan “Hushtakni kim chaladi?” kitobi tezroq chiqishini orziqib kutamiz. Yaqinda 50 yilligini nishonlagan “O‘zbekiston  adabiyoti va san’ati” da she’ri, hikoyasi, ocherki, suhbati, tarjimasi, surati bilan chiqishni har bir ijodkor sharaf deb biladi. Gazetaning saviyasi ancha baland, talab ham shunga yarasha yuqori.  Jiddiy  chiqishlari bilan jamoatchilikni o‘ylantiradigan, hazil-mutoyibalari bilan kuldiradigan, salkam qirq yil davomida jurnalistikaning qattiq nonini yeb, imtiyozu imkoniyatlaridan bahramand bo‘lib kelayotgan hamkasbimiz o‘zini ayamay, tunni kunga ulab mehnat qilishlari, muharrir sifatida ba’zan yumshoq gilamlar ustidan ohista yurib borib qattiq gap eshitishlari, matbuotning to‘g‘ri, to‘qmoqli so‘ziga chiday olmagan amaldorlar bilan tortishishlar, sud jarayonlarida qatnashishlar, o‘tmaydigan matohini o‘tkazish uchun hol-joniga qo‘ymaydigan qalam ahli bilan dod-muomalalar, hatto shirin yolg‘onlar aytishga  to‘g‘ri kelishlar, yolg‘iz o‘zigagina ayon nuqsonlar, bari-barisi, pirovardida yurakka og‘ir tushadi, gohi-gohida bezovta  qilib, ogohlantirib turadi.

Xomsut emgan bandamiz. Ba’zan hamkasbimizning o‘zidan ham o‘tadi, me’yorni sal oshirgan, hazil qilaman deb ta’bi nozik odamning dilini og‘ritib, qiziq gap aytaman deb qovun tushiribroq, kishini o‘ylantiribroq qo‘ygan hollar ham bo‘lib turadi. Hazilni birov to‘g‘ri tushunadi, ko‘ngliga olmaydi, birov zohiran sezdirmaydi-yu, diliga tugib qo‘yadi. Biz-ku uzoq yillik qadrdonmiz, bir-birimizga ustozu shogirdmiz, har qancha hazil bo‘lsa ko‘taramiz, lekin e’tirozli fikrlar, tanqidiy gaplar bo‘lsa yuzimizga aytamiz. Aytamiz-u ko‘p o‘tmay shirin suhbatlari, hazil-mutoyibalari, maroqli maqolalarini sog‘inib qolamiz.

Ahmadjon Meliboyevning ilk kitobi “Bir zaminda yashaymiz” deb, hozir nashriyotga topshirgan kitobi “Yolg‘iz yashab bo‘lmaydi” deb ataladi. Kitoblar nomi yozuvchi ijodiy kredosiga ishora qilib turadi. Solijon Sharipov kuzatganidek, Abdulla Oripov lutf etganidek, fazodan “Quvaning anoricha” ko‘rinadigan ona sayyoramizni e’zozlaylik, tinch-totuv yashab hamkoru hamdast bo‘lib uni yashnataylik.

Saydi UMIROV

O‘zDJTU xalqaro

jurnalistika fakulteti kafedra mudiri

“Hurriyat” gazetasidan olindi.