Qamchibek Kenja. Sohibqiron o‘tgan yo‘llarda (2003)

Bobur nomidagi xalqaro ilmiy ekspeditsiyaning keyingi bir necha safari buyuk sarkarda va davlat arbobi Amir Temurning vatan g‘animlarini tor-mor etib, yurt osoyishtaligini, el ma’murligini ta’minlash niyatida olib borgan harbiy yurishlari tarixini batafsilroq o‘rganishga bag‘ishlandi. Mazkur safarnomada ekspeditsiyaning qadimgi Dashti Qipchoq hududlari bo‘ylab safari davomida olib borilgan kuzatishlar, tadqiqotlar haqida hikoya qilinadi.

Chimkent shahri ostonasida, ko‘chaning o‘ng yuzidagi yirik harflarda Sohibqiron bobomiz nomi bitilgan ko‘rsatgich taxta diqqatimizni tortdi. Bu O‘rdabasi tumani markazi edi. Boshqa o‘lkalarda o‘z eliga, tarixi yo tiliga oid joy yo narsaga duch kelgan kishining qalbi o‘z-o‘zidan to‘lqinlanib ketishi tabiiy. Biz ham ana shunday hislar og‘ushida darhol ulovimizni chekkaga tortdik. Axir bizning olti asrdan buyon martabali shohsupalarda e’zozlanib kelayotgan Sohibqiron bobomiz izidan yurishdan ayni muddaomiz ham shu edi-da.

Demak, yo‘nalish to‘g‘ri olingan ekan. Chimkentda tushlik qilib, shimoli-g‘arbga qarab ketdik. Ikki yon dalalar, yantoqzor. Yo‘l chekkalarida shoxlari tarvaqaylagan yakkam-dukkam qayrag‘ochlar ko‘zga tashlanadi. O‘trorga kiraverishdagi ramziy darvoza o‘ziga xos va mahobatli yodgorlikni eslatardi. Ikki tomonidan sarg‘imtil beton g‘ishtdan devor ko‘tarilgan va ikkala tarafida ham burgut haykali. Darvozadagi “Otirar audani” yozuvi ancha uzoqdan ham yaqqol ko‘zga tashlanib turibdi.

Atrof ko‘m-ko‘k dalalar. Chapda, yo‘ldan ancha ichkarida teraklar ko‘rinadi, o‘ngdagi dalalar yulg‘unzor, yantoqzordan iborat. Yana bir oz yurganimizda so‘ng qarshimizdan “Otirar – Abu Nasr Forobiy vatani” degan lavha chiqdi. Ko‘chaning ikki chetida tez-tez hikmatli so‘zlar, maqollar yozilgan taxtachalar uchrab turardi. Menga, ayniqsa, “Otaning tilagi bilan yuragi birdir”, degan hikmat ma’qul tushdi. Haqiqatda ham shunday-da. Lekin buni hamma farzandlar ham biladi, deyish qiyin.

Oqtepa ovulidan o‘tdik. Keyingisi “Temir ovuli” edi. Ovul, qishloq degan joylarda atrofga alanglab qolamiz. Katta yo‘ldan xiyla ichkarida, cho‘lning o‘rtasida do‘ppidekkina uy-joylar ko‘rinadi. Amir Temur nomidagi temir yo‘l stantsiyasi ham shu tarafda ekan. Saldan keyin yo‘l ikki yoqqa qayrilib, o‘ngga – O‘trorga, chapga Arslonbob otaga olib ­borarkan.

Abu Nasr Forobiyning izzat-ikromi u tavallud topgan hududda ­joyidaligi, uni munosib e’zozlashlari sezilib turibdi. Alloma ­siymosi aks ettirilgan pannolar shunday tasavvur uyg‘otadi.

Arslonbob ota

Kun allaqachon qaytib, quyosh o‘ng yelkamizga o‘tgan, biz endi janubga qarab borardik. Arslonbob ota maqbarasi Temir ovuli markazida, Turkiston yo‘lining chap tarafida, guzardan yuz qadamcha masofada edi. Arslonbob ota XII asrda Markaziy Osiyoda paydo bo‘lgan tasavvufiy tariqatning mashhur namoyandasi Xoja Ahmad Yassaviyning bobosi va ilk ustozi bo‘lgan. Demak, uning shu atrofda tug‘ilgani va yashab o‘tgani aniq. Holbuki, xalq orasida Arslonbob ota to‘g‘risida turli talqindagi rivoyatlar mavjud.

Kech kirib qolayotgani uchun maqbarani ziyorat qilgani oshiqdik, lekin baribir xotirjam ko‘rishga ulgurmadik. XII asrda qurilgan, 1907 yili qayta barpo etilgan maqbaraga eltuvchi yo‘laklar shinam, ancha-muncha manzarali daraxt ham ekilgan, tevarakda esa, turli davrlarda yashab o‘tgan ulamolar va boshqalarning qabrlari ko‘p, katta-kichik sag‘analar, hujralar bor.

Guzardagi mo‘jazgina mehmonxonada tunamoqchi edik, pashsha ko‘p, deyishdi. Oqshom cho‘kkaniga qaramay, Turkistonga qarab yo‘l oldik. Katta cho‘lni qoq ikkiga yorib o‘tgan ko‘chaning davomi ham ilon iziday egri-bugri bo‘lsa-da, har holda tekis edi.

Turkiston. Ahmad Yassaviy

Turkiston. Sirdaryoning o‘rta oqimida joylashgan bu qadimiy shahar azaldan muhim hunarmandchilik, savdo markazlaridan biri bo‘lgan. Milodiy IV-X asrlarda Turkiston o‘rnida Shavgar (Shavojar) shahri mavjud bo‘lgan. XII-XVI asrlarda Yassi deb yuritilgan Turkiston nomi Amir Temur zamonidan boshlab iste’molda. O‘sha davrlarda uni Hazrati Turkiston deb ham ataganlar. Amir Umarxon davrida Qo‘qon xonligi tarkibiga kiritilgan. 1864 yili shaharni Rossiya bosib olgan. Hozir Janubiy Qozog‘iston viloyatiga qaraydi.

Turkistonga kechki soat to‘qqizlarda yetib bordik. Shahar xiyla orasta va ko‘rkam ekan. “Oyto‘lsin saltanat saroyi” majmuasi tarkibidagi mehmonxonaga qo‘ndik. Charchoq hissini bosib dam oldik. Ertalab barvaqt turib, Ahmad Yassaviy ziyoratgohiga yo‘l oldik.

“Turkistonning shayx-ul mashoyixi” (Navoiy ta’biri) Xoja Ahmad Yassaviyning nomi va ijodiy faoliyati, tariqati Turon — Turkistonda keng tarqalgan. Ahmad Yassaviy o‘z dunyoqarashini butun musulmon olamiga taratdi va turkiy tildagi hikmatlari bilan shuhrat qozondi.

Shu o‘rinda atoqli yozuvchi va tilshunos olim Pirimqul Qodirovning “Ahmad Yassaviy hikmatlari va uning adabiy maktabi sharqda Mo‘g‘uliston chegaralarigacha, shimoli-g‘arbda Volga bo‘ylarigacha, janubda Misrgacha bo‘lgan shunday keng hududlarda ijod qilgan shoirlarni bir adabiy til atrofiga jipslashtirgani va xilma-xil shevalarda so‘zlashgan turkiy xalqlarning hammasi uchun umumiy bir dorilfunun bo‘lib xizmat qilgani ilm-fanda hali o‘ziga yarasha baho olgani yo‘q”, degan so‘zlarini esladim.

1041 yili Turkiston muzofotining Sayram (qadimda Isfijob) qishlog‘ida Shayx Ibrohim oilasida tavallud topgan Ahmad Yassaviyni dastlab bobosi Arslonbob ota tarbiyalaydi, so‘ng ilmu dunyoqarashini takomiliga yetkazishi uchun uni Buxoroga, Yusuf Hamadoniy huzuriga yuboradi… Yassaviy qabri tepasiga vafotidan keyin kichik bir sag‘ana tiklangan. XIV asrda, aniqrog‘i, 1397 yili Amir Temur Turkistonga tashrif buyurib, mazkur dahma o‘rnida yirik me’moriy majmua bunyod etish to‘g‘risida farmon beradi. Bino bitgach, unga vaqf yerlar ajratishni tayinlaydi (Sohibqironning bu boradagi hujjati – “Inoyatnoma – vaqfnoma” o‘n to‘qqizinchi asrda ham amalda edi). Yassaviy maqabarasi o‘zining ko‘lami jihatidan o‘sha zamonda bunyod etilgan Samarqanddagi Amir Temur jome’ masjidi, Keshdagi Oqsaroy va Dor-us siyodatlar qatorida edi.

Majmua dastlab jamoatxona, go‘rxona, masjid, katta va kichik oq saroylar, kitobxona, halimxona, quduqxonalardan, ikki qavatli hujralar, o‘ttizdan ortiq katta-kichik xonalardan iborat bo‘lgan. Tabiiyki, endi ularning hammasi ham mavjud emas, mavjudlari ko‘rgazmali ashyoga aylangan.

Majmuaning qimmatli mulk-boyliklaridan biri ulkan doshqozondir. Asosiy katta xonaning o‘rtasida “qo‘r to‘kib” turgan bu noyob idish hajmi jihatidan dunyoda yakkayu yagona bo‘lsa ajabmas. Sho‘ro davrida ana shu nodir osori atiqa ham Sankt-Peterburgdagi Ermitaj muzeyiga olib ketilgan edi. Yassaviy ziyoratgohi bugun ham atrofga salobat to‘kib turibdi. YuNESKO tomonidan jahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilishi mazkur yodgorlikning qimmati va dunyo me’morchiligidagi ahamiyatidan dalolatdir.

Hududda asosiy maqbaradan tashqari Temuriy shoh va zabardast olim Mirzo Ulug‘bekning qizi Robiya Sulton begim dahmasi ham bo‘lib, u o‘n beshinchi asr oxirrog‘ida barpo etilgan ekan, demak, malika shu zaminda yashagan va dorilbaqoga rixlat qilgan. Keyinchalik majmua deparasiga boshqa taniqli zotlar ham dafn etilgan.

Ziyoratdan qaytar ekanmiz, Yassaviy bobomiz ruhi bizni kuzatib qolayotganday dam-badam to‘xtab, ortimizga qayrilib qarab qo‘yardik.

O‘tror

O‘tror Turkiston – Chimkent yo‘lining chap yog‘ida joylashgan. Bir necha gektar tepalikdagi shahar xarobalari ham ovul yo‘lidan ichkariroqda bo‘lib, unga ulov qo‘yilmas ekan.

Darvozadan o‘tish bilan chap yondagi lavhada qadimiy O‘tror shahri tarjimai holining qisqacha sharhi bitilgan. Unda, jumladan, shu nomdagi vohaning VI — VIII asrlardan mavjudligi, IX asr yozma manbalarida savdo va madaniy markaz sifatida tilga olingani va boshqa muhim ma’lumotlar qayd etilgan.

Biz mashinadan tushayotganimizda ichkaridan chiqib kelishayotgan bir guruh sayyohlarga ko‘zimiz tushdi. Ular Chingizxon vayron qilgan Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab sayohat qilib yurishgan yaponlar ekan.

O‘tror xarobalari Forob qishlog‘i yo‘lidan 300-400 qadam kun chiqishda bo‘lib, ikki yon Mirtemir so‘zlari bilan aytganda “naq qumloq cho‘l”. Siyrak o‘t-o‘lanlar qurib, qovjirab yotibdi.

Xaroba holdagi madrasa, xonaqoh, saroy, masjid devorlari, mezanaga olib chiquvchi zinali aylana yo‘laklar, o‘rtada katta bir quduqning nishonalari saqlanib qolgan. Aksariyat bino, inshootlarning pishiq g‘ishtdan barpo qilingani ko‘rinib turibdi. Aytishlaricha, O‘tror shaharchasi qadimda 150 gektar maydonni egallagan, qal’a o‘rni esa 20-30 gektardan kam bo‘lmagan.

Qaytishda shu manzilga qorovullik qilayotgan Bovurjon ismli yigit chap tomondagi tepalikda uzoqdan qanot qoqib turgan ulkan qushni ­eslatuvchi inshoot tomon boshladi.

— Bu shahar hammomi bo‘lgan, — deb tushuntirdi yigit. — Unga ­Sirdaryodan suv keltirilgan.

Mazkur hammom qoldig‘i 2004 — 2008 yillari YuNESKO homiyligida bir oz tiklanib, tomi temir va qalin tunuka bilan yopilgan ekan. Binobarin, sohibqiron Amir Temur bobomiz Chin mamlakati sari yo‘l olib, bu joyda bejiz to‘xtamagan – O‘tror o‘sha davrlardayoq madaniy jihatdan yuksalgan, muhim iqtisodiy-siyosiy ahamiyatga molik qal’a, Turonning nufuzli shaharlaridan bo‘lgan.

Qolaversa, Sohibqiron bobomiz Turkistondagi Arslonbob ota, Ahmad Yassaviy kabi ulug‘ allomalarning qabrlarini tavof aylash uchun ham bu o‘lkaga tez-tez tashrif buyurib turgan bo‘lsa, ajab emas… Katta qor yog‘ib yo‘llarning to‘silib qolishi Sohibqironni O‘trorda to‘xtashga majbur qiladi va u shu yerda kasallanib, vafot etadi. Binobarin, O‘tror – buyuk Temur umrining so‘nggi kunlariga guvoh bo‘lgan manzil sifatida ham tarixda qolgan. Shahar xarobalarining bizni o‘ziga chorlashi, shuningdek, bu ko‘hna zaminga safarimizning yana bir boisi ulug‘ bobokalonlarimizdan biri Abu Nasr Forobiy qadamjolarini ham ziyorat qilishdan iborat edi. Zero, o‘sha zamonlarda Turkistonginamas, Dashti Qipchoqning katta bir qismi ham Sohibqiron davlati tasarrufida bo‘lgan.

Eski Iqon. Ustoz moziygohida

Aylanib, Chimkent — Turkiston yo‘liga chiqqanimizda masofaning qariyb uchdan birini bosib o‘tgan edik. Biz katta yo‘ldan o‘ngga – Chimkentga qarab yurishimiz lozim edi. Eski Iqonga – Mirtemir qishlog‘iga borish uchun esa chapga – kamida 45 km. qarama-qarshi tarafga ketilardi. Men ­sekin Muhammad Ali akaga “Zokirjon ­akaga aytmaysizmi, men quvvatlayman”, dedim.

— Shu yurtga kelib, ustoz Mirtemir muzeyini ko‘rib ketmasak qanday bo‘larkin, Zokirjon aka, — asta gap boshladi adibimiz.

Muzey berk ekan, Zokirjon aka Mashrabov oldida xijolat bo‘lib turgan edik, xudo yetkazdimi, bir juvon kelib qoldi va bizning O‘zbekistondan ekanimizni bilib suyunganini yashirib o‘tirmadi. Ismi Oysulton, 1986 yili Nizomiy nomidagi pedagogika ­institutining badiiy grafika ­fakultetini bitirgan. Lekin jurnalistikaga qiziqishi ustun kelib, Eski Iqonda chiqadigan “Yassaviy nuri” haftanomasida ishlar ekan.

Muzeyga Mirtemirning jiyani Elbek qarab turarkan. Oysulton odam yubordi. Gazeta muharriri Bobur Rahimov ham, Elbek ham bir pasda yetib kelishdi. Muzey katta yo‘lning o‘ng tomonidagi xiyobonli maydondagi alohida binoda bo‘lib, to‘rt xonadan iborat edi. Uning peshtoqiga ”Mirtemir atindag‘i adabiyot muzeyi”, degan lavha yozilgan.

Muzeydan Mirtemir domla hayoti va ijodiga doir, shoirning turli davrlarda kitob holida, vaqtli nashrlarda chop etilgan asarlari hamda u haqdagi maqolalar, foydalangan buyumlar o‘rin olgan. Qarnoqda, Korizda, Qorachig‘da, Sayramda tavallud topib, Toshkentda o‘qigan va ijod qilayotgan shoir-yozuvchilarning suratlari, kitoblari ham qo‘yilgan. Zotan, Odil Yoqubov, Sunnatilla Anorboyev, Nosir Fozilov, Sa’dulla Siyoyev, G‘affor Mo‘minov, Rahimjon Otayev, Mirpo‘lat Mirzolar nomi, ijodini ham ustoz Mirtemirdan ayro tasavvur qilish qiyin.

Ustoz Mirtemir yodi har qancha e’zozu ardoqqa munosib. Uni o‘zbek ijodkorlarigina emas, Qozog‘istonning taniqli adiblari ham qadr­lab, ijodini yuksak baholashadi. Shunday adiblardan biri Abdulla Tojiboyevning “Mirtemir Turkistonda tug‘ilgan, Qozog‘iston farzandi, O‘zbekiston bulbuli” degan lutf-ta’rifi muzeyning ko‘zga ko‘rinarli joyiga yirik harflar bilan bitib qo‘yilibdi.

Atoqli shoirimiz Abdulla Oripovning dil izhorlari bu e’tirofni yanada to‘ldirgan: “Mirtemir domlada juda katta she’riy xayol bor edi. Hayotning ko‘pgina ikir- chikirlari bu xayol oldida battar rangsizlanar, domlaning siymosi esa yanada ulug‘vor ko‘tarilar edi. Shoirning bu yuksak xayoli, o‘chmas siymosi abadiy yashab qoladi”.

Muzey binosi janubga qaragan bo‘lib, kun chiqish tomonda shoirning byusti qo‘yilgan ekan. Shu yerda suratga tushdik. Oysulton va Bobur bizga “Yassaviy nuri” gazetasining bir necha sonini tuhfa etishdi. Ularda Mirtemir domla tavalludining 100 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan adabiy tadbirlar to‘g‘risida maqolalar bosilgan ekan.

Bizni mo‘jazgina bir qishloqda adabiyot va san’at yo‘nalishidagi haftanoma mavjudligi mamnun etdi. ­Gazetadagi maqola va badialardan, Oysultonning so‘zlari ohangidan yurt ziyolilarining O‘zbekis­tonga mehri yuksakligini angladik.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 23-sonidan olindi.