Energiya insoniyat hayotida muhim o‘rin tutishini hammamiz bilamiz. Ayniqsa, so‘nggi 40 yil mobaynida unga bo‘lgan talab sezilarli darajada ortdi. Hozirgi hisob-kitoblarga qaraganda yiliga tabiiy yoqilg‘i ishlatish miqdori dunyo bo‘yicha 12 milliard tonna neft ekvivalentiga to‘g‘ri kelmoqda.
Ayni damda neft, tabiiy gaz, ko‘mir va uran asosiy energiya manbai hisoblanadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, agar ishlab chiqarish shu sur’atda davom etsa, jahondagi neft zaxiralari 40-50 yilga, tabiiy gaz 70-75 yilga, toshko‘mir 165-170 yilga, qo‘ng‘ir ko‘mir esa 450-500 yilga yetishi mumkin, xolos. Bundan kelib chiqadigan xulosa shuki, insoniyat kelgusida energiyaning yangi manbalaridan samarali foydalanish yo‘llarini izlab topishi darkor. Shu bois, bugun ko‘plab mamlakatlarda cheklangan energetik resurslarga muqobil tarzda qayta tiklanuvchi energiya manbalari (quyosh, shamol, suv resurslari, geotermal manbalar hamda maishiy chiqindilardan olingan biogaz)dan foydalanishga o‘tish hajmini oshirish yo‘lida qizg‘in ish olib borilmoqda. Zero, energiya balansiga ekologik toza qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng jalb qilish atrof-muhitga texnogen ta’sirlarning kamayishida, ijtimoiy muammolarni hal qilish va aholi bandligini ta’minlashda muhim omillardan biridir.
Ta’kidlash kerakki, uglevodorod resurslarini tejashda, mamlakatning energiya xavfsizligini ta’minlashda qayta tiklanuvchi energiya manbalari muhim o‘rin tutadi. Ulardan olis hududlar — tog‘ va cho‘llarda, mavsumiy ishlarda yoki issiqlik va ichimlik suviga bo‘lgan talabni qondirishda foydalanish qulay.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalari afzalliklaridan yana biri u — elektr energiyasini ishlab chiqarishda uglevodorodli energiya manbalarini tejaydi. Ularni xomashyo sifatida saqlab qolish imkonini beradi. Yurtimizning ekologik noqulay hududlarida, o‘ziga xos iqlim sharoitida QTEMni qo‘llash porloq istiqbolga ega, bu esa yuqori ekologik, ijtimoiy, iqtisodiy samara berishi turgan gap. Ayniqsa, yurtimizda muqobil energiya manbalaridan foydalanish uchun nihoyatda qulay sharoit mavjud. Birgina quyosh energiyasining yalpi salohiyati 50973 million tonna neft ekvivalentiga teng. Mamlakatimiz shimolida yiliga 2000 soat (4800MD/metr kvadrat nurlanish), janubida esa 3000 soat (6500 MD/metr kvadrat nurlanish) quyosh hukmron. Bu respublikamizdagi mavjud barcha qayta tiklanuvchi energiya manbalarining 99,7 foizi demakdir. Tabiatning ushbu bebaho in’omidan foydalanish esa o‘zimizning qo‘limizda.
Yana bir qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan biri shamoldir. Uning yurtimizdagi yalpi salohiyati 2,2 million tonna shartli yoqilg‘i miqdoriga teng. Shu qatorda geotermal resurslarning yalpi salohiyati 244,2 ming tonna shartli yoqilg‘i deb baholanib, ularning 8 ta gidrotermal havzasi aniqlangan.
Ekologik toza energiya manbalarini keng targ‘ib-tashviq qilish va amalga tatbiq etish maqsadida Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi huzurida ixtisoslashgan “Eko-energiya” ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilgan. Markaz rahbari Majid Xo‘jayevning ma’lum qilishicha, respublikamizning barcha hududlarida qishloq vrachlik punktlariga, davolash markazlariga va shu kabi zarur ehtiyojli joylarga quyosh fotoyelektr stantsiyalari (yoritish, televizor, radio, aloqa, quduqlardan suv tortish kabi ishlarni amalga oshirish uchun), geliosuvisitgichlar, bioo‘g‘itdan biogaz, sanoat, qishloq xo‘jaligi va maishiy chiqindilardan energiya olish qurilmalari, mikro GESlar o‘rnatilib, ishga tushirilmoqda. Bunday ezgu ishlar viloyatlarimizning chekka hududlarida ham izchil davom ettirilmoqda.
“Hurriyat” gazetasidan olindi (2012).