Mansurxon Toirov. Sen naqadar totlisan, Istiqlol!

Boris Polevoyning “Chin inson haqida qissa”sini tengqurlarim ichida o‘qimagani yo‘q, desam yanglishmayman. Uning bosh qahramoni Aleksey Meresevning harbiy samolyotini dushman urib tushirgach, u uzoq vaqt behush bo‘lib yotadi. Hushiga kelgach, qor ustida sudralib bo‘lsa ham, o‘zinikilarga yetib olishga harakat qilgan Meresev yoshgina o‘zbek yigitining qonga belanib yotgan jasadi ustidan chiqib qoladi.

Yozuvchi bir og‘iz so‘z bilan ushbu dahshatli urushda o‘zbek xalqi ham o‘z jigargo‘shalaridan ayrilganini, ne-ne o‘zbek onalari qayg‘u yutib, ne-ne sochlari tolim-tolim kelinchaklar beva qolganini ifodalab o‘tadi… Menga, masalan, butun bir asarning mazmuni ham, B. N. Kampov (Boris Polevoy)ning ushbu ikki og‘iz so‘zi ham teppa-teng ta’sirga ega bo‘lgan. O‘shanda — yoshligim nuqtai nazarida biz o‘zbeklarni hamma yaxshi ko‘rar edi. Hammaning yaxshi ko‘rishidan ulug‘roq baxt bormi inson uchun. Inson ko‘nglida juda nozik bir olam yashaydi. Bu olamni bir og‘iz so‘z bilan o‘zingizga butkul tobe qilishingiz yoki sizga tobe bo‘lgan ko‘ngil olamini bir umrga boy berishingiz ham mumkin.

O‘zing mansub bo‘lgan xalqning biror farzandi haqida e’zozu ehtirom yoxud siyqa nazar bilan aytilgan u yoki bu gap senga ham ta’sir ko‘rsatishi, ehtimol, vatanparvarlik tuyg‘usidandir. Uzoq yillar O‘zbekistondan tashqaridagi adabiyotlarni o‘qiganda yoki badiiy filmlarni ko‘rganimda biroz bo‘lsa ham Boris Polevoydek adibning uslubini ko‘rishni juda-juda istar edim. Peskovning Toshkent zilzilasiga bag‘ishlagan maqolasida toshkentliklar hayoti bilan birga ko‘proq ularga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikka urg‘u berilgan. Harqalay bu yaxshi maqola edi. Xalqimiz tabiati, uning o‘ziga xos hayot tarzi va bag‘rikengligi haqida 50-, 60-, 70-yillarda aytib kelingan bunday dil so‘zlari o‘rnini 80-yillar boshidan to oxirigacha davom etgan bir g‘ayri tabiiy ”jazava” bosib ketishiga sal qoldi. O‘shanda bu ”jazava”ni to‘xtatib qolguvchi kuch yo‘qday ko‘rinardi. Sobiq ittifoq markazidagi manfur kuchlar tomonidan to‘qib chiqarilgan ma’shum “paxta ishi” – “o‘zbeklar ishi” boshlangan edi.

Nazarimda o‘shanda biz o‘zbeklarni hamma yomon ko‘rar edi. O‘zbekiston haqida yozilgan son-sanoqsiz maqolalar xalqimizni kamsitishgacha borib yetgan edi. Roy Medvedev o‘zining bizlar haqimizdagi o‘sha bepisand so‘zlari uchun, ehtimol, muhtaram adibimiz Odil Yoqubovning Moskvada o‘tgan qurultoydagi mashhur nutqi ta’sirida bo‘lsa kerak, radio orqali chiqib “Yanglishibman, uzr” degan edi. Aslida uning matbuotdagi o‘zbek xalqini yomonlagan maqolasi tepalik ustiga chiqib olib olamga jar solgandek aks-sado bergan bo‘lsa, radiodagi “uzri” esa quduqning ichiga tushib olib so‘zlagandek imi-jimida bo‘lgan edi.

Sankt-Peterburgda doktorlik dissertatsiyamni tayyorlash kezlari, men hech kutmaganimda, yotoqxonamdagi radiokarnaydan O‘zbekiston xalq yozuvchisi Odil Yoqubovning sobiq ittifoq xalq deputatlari qurultoyidagi nutqi yangrab qoldi. Yozuvchilar uyushmamizning o‘sha paytdagi raisi, atoqli adibimiz dadil va aniq qilib o‘zbek dehqoni, xalqning o‘sha yillardagi mehnati, hayot tarzini baralla ochib tashladi. Men ushbu nutqni radio oldiga borib, tippa-tik turgan holda eshitganman. Bu nutq menga o‘zbek sherining hayqiriqidek eshitilgan… 1989 yili doktorlik dissertatsiyamni yoqlab bo‘lgach, iyun oylarida Toshkentga kelganimdagi birinchi ziyoratga borgan odamlarimdan biri shuning uchun ham Odil Yoqubov bo‘lgan edi…

O‘shanda Sankt-Peterburgning mashhur Fizika-texnika instituti doktoranti edim. Matbuotda O‘zbekiston haqida biror narsa chiqibdi deyilsa yoki kimdir diyorimiz haqida gap boshlasa, suratim xotirjam ko‘rinsa ham siyratimda quyun ko‘tarilgandek bo‘lardi. Yurtimiz va uning farzandlari, xalqimizga nisbatan kalondimog‘lik bilan yozilgan maqola va suhbatlar jon-jonimdan o‘tib ketardi. O‘zbekiston haqidagi bizni yomonotliq qilishni ko‘zda tutuvchi o‘sha katta-katta maqolalar yonida, hech bo‘lmasa posangi uchun ham, biror yaxshi tomonimizni ko‘rsatuvchi kichikroq maqola berilmasdi… Axir o‘sha yillari yoshlarimiz ilm oladigan qimmatbaho vaqtni paxta yakkahokimligi o‘g‘irlayotgani, Abdulla Qahhor o‘z vaqtida topib aytganidek, qiz-juvonlarimiz go‘zalligi paxta jo‘yaklarida qolib ketayotgani sobiq ittifoq markazidagi to‘ralarga ma’lum emasmidi?!

Axir men Sankt-Peterburg ilmxonalarida zahmatkash bobodehqonimiz urgan ketmonning changi sharofatidan quvvat olib yurganimni unuta olarmidim. Men ham shu xalqning bir zarrasi edim. U paytlari xoinlar ham yo‘q emasdi. Zabardast olimu adiblarimiz ham og‘iz-qo‘llari muhrlangandek lom-mim deyishmasdi. Tabiiyki, men ilm bilan shug‘ullanayotgan dargohda yurtimiz boshiga tushgan bu savdolardan quvongan va iztirob chekkanlar bo‘lgandi. Quvonganlarni o‘sha yillari ko‘p uchratar edim. Iztirob chekkanlarni esa keyinchalik professor bo‘lib, ushbu dargohga yana bir borganimda ko‘rdim.

O‘sha ma’shum kunlarning birida laboratoriyamizda ishlaydigan Nina Konstantinovna ismli xodima men ilmiy hisob-kitoblar bilan mashg‘ul bo‘lgan xonaga kirib keldi. Qo‘lida bir gazetani tutib olgan, salom yo‘q, alik yo‘q — dabdurustdan “Menga qolsa, bu o‘zbeklarning barchasini qatorasiga otgan bo‘lardim”, deya o‘sha gazetani silkitib qo‘ydi. Bilmadim, unda nima yozilgan ekan. Ninaning so‘zi jonimdan o‘tib ketdi. Nimadir deyishim kerak edi: harholda “Hoy falonchi, bu narsalar juda ham siz o‘qiyotgan maqolalardagidek emas”, deyishdan biror foyda yo‘q edi. Bu so‘zlarni eshituvchi quloq, tushunuvchi qalb yo‘q edi u ayolda. “Shunday deng-a Ninaxon, — debman alamdan bo‘g‘ilib. — Siz haqsiz, aytganingizday, o‘zbeklarning hammasini qatorasiga otishni mening onamdan, aka-ukalarimdan, jigarbandlarimdan, mendan boshlab, davom ettiraverasiz-da, endi…” degan edim, ustidan muzdek suv quygandek, sal o‘ziga kelgandek bo‘ldi. Dovdir-dovdir kechirimga o‘xshash gaplarni gapirib, kelgan eshigini zo‘rg‘a topib chiqib ketdi.

O‘sha yillari yurtimizga sobiq markazdan tashlangan “desant” ham ayrim dili so‘qir odamlarni quvontirgan edi. Bir gal kichikroq bir yig‘inda gap qurib qolgandek menga: “Xo‘sh, Mansur, aytchi, hozir sizlarda qancha leningradlik rahbar ishlayapti?” — deb siyqasi chiqqan o‘sha mavzu bilan meni mulzam qilmoqchi bo‘lishdi. Bu shunchaki oddiy savol emas, izzat-nafsimga tegadigan, juda ham tagdor va g‘alamislarcha aytilgan malomat edi. “Ha, O‘zbekiston — mening Vatanim. Men uning oralaringdagi kichik bir vakiliman. Meni mulzam qila olmaysizlar!” — degan fikr yashin tezligida xayolimdan o‘tdi: “Menga ma’lum bo‘lishicha, Navoiy oblasti rahbari Yesin qandaydir nojo‘ya ishlari uchun vazifasidan olinib, uning o‘rniga Leningradan Yefimov yuborilgan, qolgan gaplardan xabarim yo‘q”, — deb javob berdim. Bu javob ularni shu darajada qanoatlantirdiki, o‘tirganlarning birortasi toki men ilmiy ishimni yakunlab ketgunimcha yurtimizni yomonlab, biror gap bilan jig‘imga tegmaydigan bo‘lishdi.

Bu manzaralar o‘zbek xalqining shon-shavkati, izzat-nafsi, g‘ururi uchun kurashlar O‘zbekistondan tashqarida ham bo‘lganidan kichik bir nishona, deb bilaman. U paytlarda men firqa a’zosi emasdim. Ziyolilarning unga kirishi, Pomir cho‘qqisini zabt etishdek murakkab edi. Bir kuni ilm dargohimizning koridorida ketayotsam qarshimdan institut partiya qo‘mitasi rahbarlaridan biri Volle chiqib qoldi. To‘xtab men bilan so‘rashgach, dabdurustdan: «Sizning falon odamingiz u yoqda qanday noma’qulchilik qilgan, o‘zi,?!» — deb qoldi. Men ham: “Nega bizniki bo‘larkan, u sizlarniki-ku!” — dedim. “Qanday qilib bizniki bo‘lsin!” — deya menga baqrayib qarab turgan Vollega “Men firqa a’zosi emasman, u esa kommunistlardan” – degan edim, ko‘ngli joyiga tushdi, shekilli, jim bo‘lib qoldi. Men o‘z yo‘limda ketaverdim…

U yillar sobiq markazdan turib elimiz sha’niga otilayotgan tuhmat toshlariga, uzoqdan kelayotgan ig‘volarga, o‘zbeklarning mehmondo‘stligini pora deya talqin etuvchi ba’zi kimsalarga qarata atoqli shoirimiz Abdulla Oripov mana bu misralarni bitgan murakkab bir davr edi:

…Muruvvat neligin bilmas mehmonim,
Ko‘zi och, yeb to‘ymas, bequnim, gadoy.
Pora bo‘libdimi bir burda nonim,
Pora bo‘libdimi bir piyola choy…
1989 yil. (“Javob”, 2-jild, 151-bet.)

* * *

…Aqcha bersang, oyog‘ingni yalaydi bular,
Rost gap yoqmas, yolg‘onlarni qalaydi bular.
Bo‘sh kelganda podshosini talaydi bular,
Beti qursin bu joylarga kela ko‘rma, bolam…
1991 yil. (“Gina”, 2-jild, 177-bet.)

1988 yili “Pravda” gazetasining 13 fevral sonida mashhur qirg‘iz yozuvchisi Chingiz Aytmatovning butun bir sahifani egallagan — O‘zbekiston va o‘zbek xalqi sha’ni ulug‘lab yozilgan maqolasi chiqib qoldi. Unda jumladan mana shunday ulug‘ so‘zlar bitilgan edi: “…Qadimdan qolgan bir naql bor va u tasodifan aytilmagan: yolg‘on – barcha illatlarning onasidir. Hammasi yolg‘ondan boshlandi va aynish cho‘qqilaridan biri O‘zbekistondan chiqdi …

Bu so‘zlarni aytish menga oson emas. Chunki o‘zbek xalqining taqdirini o‘z taqdirimdan ajratib qololmayman. Chorak asr muqaddam, “Pravda” gazetasining yosh muxbiri sifatida men O‘zbekistonning yutuqlari haqida, Mirzacho‘lning o‘zlashtirilishi haqida, Zarafshon daryosida geologik falokat ro‘y berib, ko‘hna Samarqand sel balosiga duchor bo‘lish xavfi ostida qolganda o‘zbeklarning ko‘rsatgan jasoratlari to‘g‘risida ko‘p yozganman. O‘zim ham tojik-o‘zbek me’morchilik san’atining noyob obidasi bo‘lmish bu g‘aroyib shaharni qutqarishda ishtirok etganman. Hech unutib bo‘lmaydi u kunlarni. “Paxtaning oydin yo‘li” deb atalgan ocherkimda esa men ajoyib paxtakorlar haqida hikoya qilganman. Agar O‘zbekistonning hamma paxtasini jamul-jam qilib vagonlarga ortiladigan bo‘lsa, Yerdan Oyga qadar yetadigan eshelon bo‘lajagi haqida ko‘nglim o‘sib hisoblab chiqqanman. Buning sira mubolag‘a joyi yo‘q edi.

O‘zbek mehnatkashlari mamlakat (sobiq ittifoq nazarda tutilmoqda – M.T.) uchun qilgan ishlarni aytaversak, bular bari boshimizni quyi egib ta’zim qilishga sazovordir. Qadim-qadim o‘zbek madaniyatining O‘rta Osiyoga ko‘rsatgan ta’sirini ko‘hna Vizantiyaning Qadim Rusga ko‘rsatgan ta’siri bilan qiyoslash mumkin.

Sovetgacha bo‘lgan davrlarda ham O‘zbekiston bizning Sharqdagi so‘zimiz va yuzimiz bo‘lib kelgan.

Mana, yillar o‘tdi, oshkoralik zamoni keldi. Mana, endi har safar matbuot sahifalarida, O‘zbekistonda ochilgan ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan mansabdorlik jinoyatlari haqida o‘qiganda va ular tildan-tilga o‘tib doston bo‘lib ketayotganligini ko‘rganda, men jonajon Toshkent ko‘chalarida, Zarafshon yo‘llarida, Mirzacho‘l yerlarida yurganda, atrofimga hayron bo‘lib alanglab qarayman va har safar dilim vayron bo‘lib o‘zimga o‘zim savol beraman. Nima bo‘ldi? Qanday ma’muriy halokat yuz berdi? Men falokatni milliy deb atagandan ko‘ra tilimni kesishni afzal ko‘raman, lekin baribir u tilimdan chiqib ketaveradi, xo‘sh, qanday falokat ro‘y berdi, axir?

Bu zaminda qaysi axloqiy va ma’naviy asoslar yemirilib tushdi, kimlardir oltindan tog‘lar yasamoqchi bo‘lib jinoyatkarona riyolarga intilgandir, ammo nega ularning bu qabihliklari kam deganda butun bir xalqning fojiasiga aylanib ketdi, nega? Bilmadim, qanchalar to‘g‘ri lekin respublikada yuzlab odamlar qamalgan yoki ishlari tergovda, deb aytishadi. Odatda bunday ham odmi, ham favqulodda hollarda mish-mishlar mubolag‘alardan holi bo‘lmaydi. Lekin andak haqiqatga tasavvur qilib bo‘lmaydigan darajadagi obivatellarcha shov-shuvlar qo‘shilgani taqdirda ham, baribir bular bari xalqning nomus-origa tegadi va xuddi shu narsaning o‘zi benixoya achinarli va taxqiromizdir. Biz Turkiston tog‘lari va keng cho‘llarida birga yashaymiz, bolalikdan qadim tarix va madaniyatga ega o‘zbek xalqiga hurmat ruhida tarbiyalanganmiz. O‘zbek xalqi o‘zining go‘zal milliy xususiyatlari bilan hech qanday shak-shubhasiz barcha tan olgan shunday hurmatga loyiq. U bitmas-tuganmas, aqil bovar qilmas mehnatsevarligi, hunarda mohirligi va ajoyib tarzda saqlanib qolgan noyob an’analari bilan shunday hurmatga loyiq. Ana shuning uchun ham ro‘y bergan o‘sha dahshatli faktlarni eslash juda og‘ir. Men buni ochiq-oydin hammaga qarata aytish lozim, deb o‘ylayman. Zotan, faqat oshkoralikkina, zotan, faqat haqiqatgina, faqat sotsial adolat tuyg‘usigina bizni xaqiqatga yetkazadi va ruximizni qovushtiradi.

Yo‘q o‘zbek xalqining toza chehrasiga hech narsa dog‘ sololmaydi. Albatta, u hozir qiyin sinovlarni boshidan kechirmoqda. Yo‘q, men oltin xoklarini qopchiqlariga yig‘gan, oddiy sodda dehqonlarni ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan darajada ezib ishlatgan va shuning hisobiga boylik to‘plagan, qo‘shib yozgan, davlatni aldagan odilovlarga achinmayman. Yo‘q, men bir etak bolasini qiynala-qiynala boqayotgan sho‘rlik o‘zbek ayoliga kuyaman. Mana nihoyat, u tong qorong‘usida dalaga otlanib, yo‘lda mingoyoq-direktorini qo‘liga zanjir solib olib ketayotganliklarini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rdi. Uning orqasidan yig‘lab, qarg‘adi, la’nat yog‘dirdi. Ko‘z o‘ngida olov seli quyilgan shafqatsiz dalalarda kuyganlari, abgor bo‘lib ter to‘kkanlari bir bir o‘tadi. O‘sha ming oyoq uning haqqini bir karra emas, o‘n karra, yuz karra o‘zlashtirib olgan edi, davlatnigina emas, oddiy xalqni ham aldagan va chuv tushirgan edi, shu farg‘onalik o‘g‘riboshi. Xotin o‘kirib yig‘lar va o‘z mehnati evaziga kelgan o‘g‘riboshining unvonlari, nishonlari, turli-tuman imtiyozlari, sarobga qurilgan shon shuhratlari-bari-barini la’natlardi. Ayol bechora yig‘lar va o‘zining nochor turmishi, nochor uy-joyiga o‘sha sababchilarni qarg‘ardi. Chunki, uning tovuq boqqudek xovlisi ham qolmagan, paxta dalasini uyining naq ostonasigacha cho‘zib keltirgan edilar. Ayol yig‘lar va bollarim o‘qishdan qolib ketdi, deb ichi o‘rtanardi. Bolalar yilda olti oy daladan chiqmas, paxta dalalarida qaddilarini ko‘tarmay mehnat qilar va ular mehnati evaziga odilovlar butun mamlakatga muddatidan ilgari oshig‘i bilan paxta planini bajardik, deb bong urardilar. Ayol yig‘lar va yangicha xonlik davr-davronlarini surgan, aytgani aytgan, degani degan yangi boyvachchalarga mute va qarol bo‘lib qolgan sodda traktorchi erining qadriga kuyardi. U ayol yig‘lar va bolaxonador, chuchmal so‘zlar bilan ustamon niqoblangan soxta samimiyatlarga, soxta g‘amxo‘rliklarga la’nat o‘qirdi. Ular sovet hokimiyatiga mehr-muhabbat va sadoqat haqida bong urib, aslida shu bilan niqoblanib, aqil bovar qilmas munofiqliklar qilgan, aldagan, qalloblik qilgan, xalq hisobiga boylik va shuhrat ortirayotganliklarini dabdabali so‘zlar bilan pardalagan edilar. Xotin ularni ana shular uchun la’natlardi.

Shu chin mehnatkash o‘zbek ayolining g‘azabi ham, ko‘z yoshlari ham menga tushunarli. Uning shamollar yalagan chehrasi buyuk san’atkor Sikeyrosning ulug‘vor rasmlaridagi ajoyib qiyofalarga o‘xshab ketadi. Ularning nigohlariga qarab turib, qalbing beixtiyor iftixor bilan to‘ladi, bo‘g‘zinga nimadir tiqiladi, ko‘zingda yosh g‘iltillaydi… Qayta qurish va oshkoralik bu zaxmatkash kishilarni yangi hayotga qaytarish uchun madad beradi, mamlakat oyoqqa turadi va XX1 asr sari olg‘a qadam tashlaydi. Oshkoralik-bizning erkinlik va omonlik sari birdan-bir yo‘limizdir.

Qayta dunyoga kelgan inqilobning qudratli tomirlarida oshkoralik va qayta qurish daraxti ko‘karmoqda. Dunyo kengliklarida shamollar esmoqda, shitob to‘lqinlari ko‘tarilmoqda. Eskicha fikrlash tirqishlaridanmuzdek yelvizeraklar ham sizmoqda. Biroq, umir oftobi, tinchlik oftobi jaxonning omonlik daraxtiga o‘z hayotbaxsh nurlarini sochmoqda. Zotan, bu erkinlik va aql-idrokning abadiy ideallarga mansub azaliy ma’no va maqsadlarga to‘la javob beradi. (“Pravda” 13 fevral 1988 y)

Shu orada “Literaturnaya gazeta”da ham xalqimiz sha’nini himoya qiluvchi yana bir adibning o‘tkir maqolasi bosilib chiqdi. Uning muallifi rus o‘g‘loni edi. Maqola yonida o‘zbek er-xotinning surati ham berilgan edi. U suratni ko‘rganimga yigirma yildan mo‘l vaqt o‘tgan bo‘lsa ham hozirgidek ko‘z o‘ngimda turibdi: ikkisining qo‘lida ham ketmon, ular shudgorlangan dala boshida turishibdi. Ayol oldinroqda, sal orqada esa pahlavondek erkak. Biroq muxbir shunday hayotiy lahzani suratga muhrlagan ediki, erkak o‘zini ham, ayolini ham fitnakor ko‘zlardan himoya qila olmayotganidan xijolatga tushganga o‘xshab ketardi.

Maqolaning mazmunidan shu narsa anglashilardi: o‘zbek xalqi qadim-qadimdan azaliy an’analarga muvofiq ichki va tashqi hovli qurib yashab kelgan, ichki hovli ayollar va bola-chaqa uchun alohida bir qo‘rg‘on bo‘lgan, uyga kelgan erkak mehmonlar tashqi hovlida kutib olingan. Dexqon dalaga ishlashga ketsa, uning tushlik ovqatini ayoli emas, uydagi erkak odam, asosan, o‘g‘li yetkazib bergan, o‘g‘li yo‘qlar sovugan ovqat bilan tushlik qilgan, chunki dalaga ayol kishining, qiz bolaning yolg‘iz borishi katta ayb hisoblangan. Bu xalq bizlar bilan aka-uka tutingach, qozonimiz umumiy bo‘lgach, “Birovning haqini yeb qo‘ymay, bolalarimga berayotgan osh-nonimni haloldan topayotganimga ishonch hosil qilay”, — deb xotin-qizlarigacha dalaga, paxtazorga olib chiqdi. Azaliy urf-odatlarini ham halollik yo‘lida qurbon qildi. Biroq bunday fidoyilikka nisbatan ehtirom o‘rniga tuhmatlarga qoldi. Insofu adolat ham kerak…

Do‘st og‘ir kunda bilinadi, deydi xalqimiz. O‘sha adolatsizlik avj olgan yillarda bu adiblarning chiqishlari harna bo‘lsa-da asossiz og‘ritilgan izzat-nafsimiz uchun bir oz taskin bo‘lgan bo‘lsa ajab emas. Biroq bunday chiqishlarning birortasi istiqlolga erishish yo‘lida ko‘rsatilgan sa’y-harakatlar oldida daryodan tomchi ham bo‘lolmasligi mumkin. Men o‘sha kunlari O‘ljas Sulaymonovday va u singari yana boshqa-boshqa siymolardan ham sado chiqishini ko‘p orziqib kutgandim. Biroq u zot ham atoqli shoirimiz Abdulla Oripovning “Diydor boshlab keldi, qani uzat qo‘l! O‘ljasim, jo‘ldasim, do‘stim, qarog‘im!” — deya bildirgan ishonchini oqlay bilmadi. Holbuki, uning obro‘-e’tibori ham Chingiz Aytmatovnikidan kam emas edi…

Ruslarning “Ishtaha taom kelganda ochiladi”, — degan maqoli bor. To‘qib chiqarilgan “paxta ishi” bilan bog‘liq to‘kilgan ko‘z yoshlar, kamsitishlar, zo‘ravonliklar hali ham kimlargadir kam ko‘ringan, shekilli, ketma-ket yangidan-yangi ig‘vogarliklar yuz ko‘rsata boshladi. 1988 yilning yozida bir oz nafasimni rostlab, bola-chaqamni ko‘rib kelay deb Sankt-Peterburgdan Toshkentga kelgan kunlarim. O‘zbekiston televideniyesi birinchi dasturida Moskvadan kelgan bir muxbirning Toshkent oblast xo‘jaliklaridan tayyorlagan lavhasini ko‘rib o‘tiribman. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu kolxoz dehqonlarining aksariyatini mesxitin turklari tashkil qilarkan. Muxbir: “Bu kolxozda mesxiti turklari ko‘pchilik, kolxoz raisi esa o‘zbeklardan ekan, bu sizlarning nafsoniyatingizga tegmaydimi? U sizlarni kamsitmaydimi? Nima o‘z millatdoshlaringdan raislikka yaroqli odam yo‘qmi”, degan savollarni qatorlashtirib tashladi. Uning bunday g‘alamislarcha bergan savolidan yuragim “shig‘” etib ketgandi. Endi o‘ylab qarasam, bunday missioner-muxbirlar bittagina bo‘lmagan ko‘rinadi. Buyuk Gyote: “Umid bilan suqilgan tayoq, bir kun berar mevayu yaproq”, deganidek o‘shanda suqilgan zaqqum daraxti ko‘p o‘tmay o‘zining achchiq mevasini berdi…

1989 yil may oyining oxiri. Dissertatsiyam himoyasi 25 mayga belgilangan. Unga sanoqli kunlar qolgani uchun gazeta o‘qish, radio eshitishga vaqt bo‘lmagandi. Professor Lebedevni qidirib oltinchi qavatga chiqsam, u xonasida yo‘q ekan. Boshqa xonalardan birortasidadir degan xayol bilan kattaroq bir xona eshigini ochganimni bilaman, domlamdan boshqa hammani shu yerda ko‘rib ajablandim. “Bu yerda seminar bo‘layotgan ekan-da”, — deb eshikni yopmoqchi bo‘lganimda meni ko‘rib qolganlardan biri: “Ana u — Mansur tushuntirib beradi buni bizga”, deb qoldi. “Ol-a, O‘zbekistonda yana bir ish bo‘libdi-da”, — deya yuragim zirqirab ketdi. Ulardan: “Nima gap” deb so‘rasam: “Bizga tushuntirib berchi, bu sizlarning Quvangizda mesxeti turklari bilan o‘zi nima bo‘lgan?” — deb qolishdi. “Iya, rosa vaqtida kelibman-ku, qani o‘sha kresloni menga beringlar-chi”, — deb unga yaxshilab joylashib oldim. Hamma mening og‘zimga qaragan. “Bilasizlarmi, nima? O‘tgan yil yozda, men Toashkentda bo‘lganimda Moskvadan borgan bir muxbirnning mahalliy telekanaldagi bir ko‘rsatuvini ko‘ruvdim”, deya gap boshlashim bilan hammasining tarvuzi qo‘ltig‘idan tushib ketdi, shekilli, bir ozdan keyin xonada ikki kishigina qolibmiz, xolos. Achchiq haqiqatga atigi besh daqiqagina ham dosh berishlari qiyin bo‘ldi… Keyin bilsam Quvada o‘sha missioner-muxbirlar suqib ketgan zaqqum daraxti o‘z “meva”sini bergan, natijada qanchadan-qancha begunoh odamlar atayin uyushtirilgan fitnaning qurboni bo‘lgan ekan.

Bo‘lib o‘tgan bu voqealar ilmiy ishim himoyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, deb o‘ylaganlar ham bo‘ldi. Ular: “Himoyani keyinroqqa sur, yaxshi davrlar ham kelib qolar”, — deyishdi. Lekin o‘n-o‘n besh yildan beri Sankt-Peterburg Fizika-texnika instituti tuprog‘ini yalab yurganim uchun men o‘z xulosalarimga ega edim. Maxsus ilmiy kengash a’zolarining barchasi olamga mashhur, hayotning ikir-chikir, issiq-sovug‘ini boshidan o‘tkazgan katta olimlar edi… Himoyam yuz foiz ovoz bilan ijobiy yakun topdi.

Oradan ko‘p o‘tmay xalqimizning asriy orzusi ro‘yobga chiqdi. Yurtimiz, vatanimiz mustaqillikka erishdi. Mustaqillikning sharofatini mamlakat ichidagina emas, undan tashqarida, xususan atigi ikki-uch yilgina avval bizga mensishmay qarashgan, yurtimizga, xalqimizga nisbatan turli ig‘vogarliklar o‘ylab topilgan joylarda ham ko‘rish xayrli edi.

1994 yili ta’tilga chiqib, xotinim va kenja qizim bilan Sankt-Peterburgdagi Fizika-texnika institutiga bordim. Bir masala bo‘yicha professor A.Rogachevning kabinetida suhbatlashib o‘tirgan edik uning ayoli kirib “Yur, Sasha, tushlik qilib kelaylik”, deb qoldi. Shunda mashhur olim: “Lena, sen o‘zing boraver, biz bugun Mansur bilan birga taom yeymiz”, — dedi. Biroz keyin institut bufetiga tushib har kim o‘ziga yoqqan taomlardan patnisga qo‘yib, kassa yoniga bordik. Men o‘n yildan ko‘proq shu institutda ishlab odatdagi tartibni bilganim uchun doimgidek o‘zim olgan taomlar haqini to‘lamoqchi bo‘layotgan edim A.Rogachev to‘xtatdi: “Ey, Mansur, sen mehmonimsan, men taklif qildim, pulini ham o‘zim to‘layman” deb hisob-kitobni o‘zi qildi. Bu hol meni g‘oyatda ajablantirdi. Bu voqeada faqat menga emas, yurtimizga, xalqimizga nisbatan buyuk olimning hurmati, e’tibori, yana atigi to‘rt-besh yil avval bo‘lib o‘tgan ishlarga munosabati aks etib turardi. A.Rogachev 2003 yili olamdan o‘tdi. U 24 yoshida ilmiy kashfiyotlari uchun o‘z davrining eng yuksak mukofoti Lenin mukofoti bilan taqdirlangan, 27 yoshida esa misli ko‘rilmagan muvaffaqiyat bilan tayyorlangan nomzodlik himoyasi uchun doktorlik ilmiy unvoni berilgan, keyinchalik Nobel mukofoti sovrindori bo‘lgan J.Alferovning opponenti bo‘lgan mashhur olim edi.

Istiqlolimizdan avvalgi yillarda Nina Konstantinovna kabi hamkasabalarimiz biror ziyofatda o‘tirganimizda ham nafsoniyatimizga tegish uchun atayin oldimizga biz xushlamaydigan taomlaridan keltirib qo‘yishardi. Akademik B.P.Zaxarchenya uyiga mehmonga taklif etganda esa avvalgilardan batamom o‘zga munosabat va manzaralar guvohi bo‘ldik. Endi do‘stlarimiz bizni ham mehmon qiladigan, oldimizga o‘zimiz xush ko‘rgan osiyocha taomlardan keltirib qo‘yadigan bo‘lishdi. Bunday kezlar odatda xalqimiz: “Quyosh qayoqdan chiqdi?”, deydi. Quyosh yana Sharqdan chiqqan, chinakam xaqiqat Quyoshi bo‘lib balqigan, ya’ni Yurtboshimiz aytganidek, biz tenglar ichida teng xalqqa aylangan edik.

Nobel mukofoti laureati, akademik Jores Alferov o‘z mashinasida “Komorova”dagi dala-hovlisiga olib borib mehmon qilganida ham naqadar katta izzat-ikkromga loyiq ko‘rilganimizdan boshimiz osmonga yetdi. J. Alferovning ustozi bo‘lgan akademik Vladimir Tuchkevichning uyida mehmonda bo‘lganimizda esa xalqimizga, mamlakatimizga nisbatan bundan-da katta xayrixohliklarni eshitib va ko‘rib ko‘zlarimizga ishonmadik. Mashhur akademik admiral qo‘shnisi va uning ayoli davrasidagi suhbatimizda: “Sizlarni — xalqingizni, Respublikangizni nohaq haqorat qilishdi, aybsiz o‘ksitishdi…” — dedi mardlarcha tan olib. Uning so‘zini admiral ham ma’qullab o‘tirar edi. O‘z davrining barcha yuksak mukofotlariga sazovor bo‘lib, katta amallaru katta doiralarda yurgan ulug‘ olimning bunday so‘zni aytishi bejiz emasdi. Buyuk odamlar ig‘volarga aslo ishonishmagan.

Biroq bunday e’tiroflarning yuzaga chiqishi uchun, eng avvalo, xalqimizning istiqloli zarur ekan. Mustaqillika erishganimizdan so‘nggina, jahon uzra O‘zbekiston bayrog‘i sarbaland hilpiray boshlagachgina, bizning — sohibqiron Amir Temur avlodlarining azmi qat’iy ekanligiga ishonch hosil qilishdi. Ishonch hosil qilganlari bilan ularning ko‘ngillari tub-tubida “Ko‘p katta ketavermanglar, hali ko‘ramiz”, deydiganlar ham yo‘q emasdi, albatta. Buni istiqlol arafasidagi va undan keyingi dastlabki yillar ro‘y-rost ko‘rsatgani kechagidek esimizda.

Ba’zilar aytganidek, biz o‘z istiqlolimizga osonlikcha erishganimiz yo‘q edi. Mamlakatimiz rahbari Islom Karimovning istiqlol arafasidagi o‘sha dolg‘ali yillarda sobiq ittifoq rahbariyati bilan respublikaning o‘z haq-huquqlarini talab qilib, nechog‘lik katta jasorat va fidoyilik ko‘rsatgani endilikda tarix mulkiga aylandi. Bunday talablar istiqloldan oldingi yillarda Muruntov oltin konlarini O‘zbekistonning o‘z tasarrufiga olish uchun sobiq ittifoq bosh vaziri Nikolay Rijkov bilan bo‘lib o‘tgan keskin bahs-munozara va tortishuvlardan ham ma’lum. O‘sha munozara chog‘i N. Rijkovning: “Agar o‘z talablaringizda shunday qatiy turadigan bo‘lsalaringiz, biz u yerdagi texnika va texnologiya vositalarimizni olib chiіib ketamiz”, degan qo‘rs po‘pisasiga javoban Islom Abdug‘aniyevich: “U holda biz oddiy lopatka-belkurak bilan ham qaziyveramiz oltinni”, deb javob qaytaradi. Nikolay Rijkov: “Sizlarda lopatka ham yo‘q, uniyam Rossiyadan olasizlar-ku”, deydi. Yurtboshimiz: “Kerak bo‘lsa — qo‘llarimiz bilan, tirnoqlarimiz bilan ham qazib olamiz oltinimizni”, deb keskin javob beradi va sobiq ittifoqning bosh vazirini mot qiladi.

Istiqlol yillarida xalqimiz o‘zligini tanidi, shavkatli ajdodlari ruhini shod etib, ularning hurmatini joyiga qo‘ydi, toptalgan milliy qadariyatlarini tikladi. Muruntovda yangi-yangi oltin saralash korxonalari, Qarshi va Buxoro cho‘llarida esa yirik neft va gaz tozalash majmualari barpo etildi. Mamlakat g‘alla va neft mustaqilligiga erishdi. Poyonsiz sahrolaru yuksak tog‘lar osha ozod mamlakat istiqboliga xizmat qiluvchi yangi temir yo‘l va avtotrassalarimiz qurilib foydalanishga topshirildi. Mustaqil taraqqiyot xalqimizning qaddini ko‘tarib, uning jahon ko‘lamidagi nufuzi, obro‘-e’tiborini oshirdi. Sobiq ittifoq ko‘lamidagi uzilib qolgan do‘stlik va qardoshligimiz rishtalari tiklanib bormoqda. Xalqlarimizning o‘zaro bordi-keldilari, ilm-fan, madaniyat va san’at hamda ijtimoiy hayotning barcha jabhalaridagi o‘zaro teng hamkorlik samarali rivoj topib borayotir.

* * *

“Alloh olti kunda butun olamni yaratib shundan bir kunini mehrni yaratishga sarflagan”, — degan rivoyat bor. Mehr ketsa ittifoq ham buziladi. Buni xalqlar o‘rtasidagi buyuk mehru oqibatning qadriga yeta bilmagan sobiq ittifoqning parchalanishi misolida ham yaqqol ko‘rdik. Olamda mendan buyugi yo‘q, deya kalondimog‘lik bilan yurgan to‘ralar davlati avval mard va tanti xalqimiz mehridan ajradi. Keyin esa nohaq aybsitilgan va milliy qatag‘onlar qurboni bo‘lgan xalqlarning qarg‘ishiga uchrab, parchalanib ketdi.

Olamni go‘zallik qutqaradi, degan hikmatli gap bor. Mening esa olamni mehr ushlab turadi, har bir ezgu ishga mehr bosh bo‘ladi, degim keladi.

Mansurxon Toirov

 “Do‘l tog‘lari va yetti osmon” kitobidan