Ilmiy safarimizning o‘ninchisi biz uchun alohida ahamiyat kasb etadi. Prezidentimiz Islom Karimovning taklif va ko‘rsatmalari asosida hukumatimiz maxsus qaror qabul qilgan edi. “Buyuk ajdodlarimizning O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida dafn etilgan joylarini aniqlash va obodonlashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi mazkur tarixiy hujjatning 5-bandida Bobur nomidagi xalqaro jamg‘arma nomi ham alohida zikr etilgan edi: “Bobur nomli xalqaro jamg‘armaning buyuk ajdodlarimiz xotirasini tiklash va abadiylashtirishga doir faoliyati ma’qullansin…” Kamtarona jamg‘armamiz faoliyatiga berilgan bu yuksak baho va e’tirof biz uchun g‘oyat sharafli edi, ayni paytda u zimmamizga yanada jiddiy mas’uliyat yukladi. Navbatdagi safarimiz rejalarini mazkur qaror hamda Yurtboshimizning Eron va Afg‘oniston prezidentlari bilan uchrashuvi chog‘idagi fikr-mulohazalari asosida qayta ko‘rib chiqdik. Bo‘lajak xalqaro yo‘l — Termiz — Mozori Sharif — Shibirg‘on — Maymana — Hirot — Toyibot yo‘lidan yurishga ahd qildik.
Mozori Sharifda yaxshi bir tadbir, biz uchun muhim voqea ustidan chiqdik: shahardagi ko‘p qavatli “Juzjon” savdo marketining beshinchi qavatida joylashgan “Navoiy anjumani”ning navbatdagi mashg‘uloti o‘tayotgan ekan. Gurungni anjuman raisining o‘rinbosari, Balx dorulfununining adabiyot va insonparvarlik ilmlari fakulteti muallimi ustod Said Muhammad Olim Labib boshqarayotgan edi. Ular orasida, jumladan, bir vaqtlar Toshkentda huquqshunoslik bo‘yicha malaka oshirish bosqichini o‘tagan Qori Abdurahim Ayniy, Balx viloyati madaniyat boshqarmasi raisi Abdulla Ruin, yozuvchi Sardor Muhammad Rahmon o‘g‘li, shoirlardan — Abdulaziz Dehqon, Soli Muhammad Xassos va boshqalar bor edi.
“Navoiy anjumani”ning maqsad va vazifalari Afg‘onistonda yashovchi turkiyzabon xalqlarning tili, tarixi, adabiyoti, umuman madaniyatini qayta tiklash, rivojlantirish, targ‘ibu tashviq qilishdan iborat ekan.
Anjuman qatnashchilari O‘zbekiston adabiyoti, madaniy hayoti bilan qiziqdilar. Savol-javoblar bo‘ldi. Bobur jamg‘armasi va Navoiy anjumani o‘rtasida o‘zaro aloqalarni yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida takliflar tushdi va ma’qullandi.
ABDURAShID DO‘STIM QARORGOHIDA
Ertasiga Shibirg‘onga jo‘nadik. Yo‘l-yo‘lakay Balx shahriga kirib, Boborahim Mashrab qabrini ziyorat qildik. Kecha balxlik shoir, “Navoiy anjumani” a’zosi Abdulaziz Dehqon o‘z mablag‘i hisobidan Mashrab qabrini ta’mirlatib qo‘yganini aytgan edi. Darhaqiqat, 1992 yilgi safarimiz chog‘ida bu qabr juda ham ayanchli holatda ekanligining guvohi bo‘lgan edik, harqalay, betondan keng supa qilinib, uning o‘rtasiga qabr tosh qo‘yilibdi va marmar taxtaga ushbu lahadning qalandar shoir Boborahim Mashrabga tegishli ekanligi bitilibdi.
Shibirg‘onda general Abdurashid Do‘stim bilan uchrashdik. U bizni muhtasham qarorgohining hovlisida qabul qildi. Suhbat samimiy va do‘stona bo‘ldi. Afg‘oniston Shimoliy viloyatlar hududining rahbarlaridan biri bo‘lmish Do‘stim O‘zbekistonda yuz berayotgan o‘zgarishlardan, Prezident Islom Karimovning xalqaro faoliyati va nufuzidan mamnun ekanligini izhor etdi. Biz unga respublikamiz hukumatining buyuk ajdodlarimiz oromgohlarini obodonlashtirish borasidagi sa’y-harakatlari, safarimizning maqsad va vazifalari to‘g‘risida gapirdik.
Shu kecha qarorgohning mo‘tabar mehmonlarga mo‘ljallangan qo‘noqxonasida tunadik.
Oqshom Saripulni ziyorat qilib qaytdik. Saripul — bu tarixiy ko‘prik — Alisher Navoiy qurdirgan bir necha o‘nlab katta inshootlardan biri, mana besh asrki, hali-hamon mustahkam turibdi.
UQUBATLI YO‘LLAR. YaShNAYoTGAN HIROT
Maymanadan u yog‘i — deyarli Hirotgacha dasht, tog‘u dovonlar, daralar oralab ketdik. Tizza bo‘yi tuproq. Xullas, bu “so‘qmoq”ni yo‘lga aylantirish uchun qancha mablag‘u mehnat sarf bo‘lishini taxminan tasavvur qilish mumkin. Lekin O‘zbekistonning dengizga, dunyoga chiqishi uchun bu yo‘l juda zarur ekan, demakki, mablag‘ ham, kuch ham topiladi!
Bu gal bizni Hirot ochiq chehra va gullar bilan qarshi oldi. Shahar tubdan o‘zgarib ketgan.
Musallo maydonida ham holat xiyla o‘zgacha edi: Alisher Navoiy va Gavharshodbegim maqbaralari atrofi — taxminan to‘rt gektarcha yer qo‘rg‘onlanib, katta temir darvoza qurilibdi. Navoiy sag‘anasining tushib ketgan joylari urilib, epaqaga keltirilibdi, Gavharshodbegim maqbarasini ta’mirlash boshlanibdi. Maqbaralar bilan kirish darvozasi o‘rtasidagi yo‘laklarning chetlariga har xil gullar ekilibdi.
Qo‘rg‘onga “Gavharshodbegim bog‘i” deb nom qo‘yishibdi.
Hirotliklar piri sanalmish Abdulla Ansoriy maqbarasi chinakam ziyoratgohga aylangan, unga boradigan yo‘l ravon va asfalt edi. Fors-tojik adabiyoti namoyandalaridan biri, Alisher Navoiyning ustozi Abdurahmon Jomiy qabr-maqbarasining holati ham yaxshi.
Mashhur musavvir, o‘zbek musavvira san’atining darg‘asi, mo‘jaz rangtasvir ustasi Kamoliddin Behzodning qabri Hirotning g‘arbi-shimoliy tomonidagi adirlar tepasida bo‘lib, maqbarasiz edi; unga maqbara tiklash ham o‘ng‘aysiz edi, chunki Behzod qabrining yon-atroflarida boshqa qabrlar ham ko‘p bo‘lib, ular bir-biriga juda yaqin joylashgan.
Sulton Husayn Boyqaroning qabr toshi hamon o‘shanday — atrofi ochiq, yolg‘iz turibdi.
MAVLONO LUTFIY VA UNING QABRI
Mavlono Lutfiy qabrini ko‘p mashaqqatlar bilan topdik. Tarixiy-adabiy manbalarda shoirning “Hirotning Dehi kanor mavzeida”, “Hirot atrofidagi xiyobonlardan biri — Dehi kanorda” tavallud topgani, ijod qilgani va shu joyda dafn etilgani bitilgan. Holbuki, Dehi kanor Hirotnig xiyobonlaridan biri emas, shahardan o‘ttiz chaqirim kun chiqishdagi dasht va qishloq ekan. Buni biz Hirotning tarixnavis, bilimdon kishilaridan bo‘lmish Mavlono Anbariydan surishtirib bildik.
— Shahzoda Qosim ziyoratgohi — qabristoni bor. Mavlono Lutfiy shahzoda Qosim qabrining kun chiqish tarafiga qo‘yilgan bo‘lishi kerak, — dedi olim yanayam aniqroq qilib.
Dehi kanor yo‘li ham nosoz edi. Bepoyon Butalay dashti oralab ketdik. Ikki soatlar chamasi yurdik. Ittifoqo ro‘paramizdan bir yigit kelib qoldi. Shahzoda Qosim mozorini so‘radik.
— To‘g‘ri ketayapsizlar, yaqin qoldi, — dedi u.
Darhaqiqat, birozdan keyin chog‘roq bir paxsali qo‘rg‘oncha ko‘rindi. Janub tarafidagi eshik o‘rnidan kirdik. O‘rtada shunchaki tepalikka o‘xshagan bir qabr — katta-kichik tosh uyumi.
— Nahotki shu tosh uyumi Lutfiyning qabri bo‘lsa? — deymiz hayron bo‘lib. — Axir, Lutfiy katta shoir, Hirot adabiy maktabining peshqadam vakillaridan biri bo‘lgan-ku. Uni “o‘z zamonasining malik ul-kalomi” degan unvon bilan ataganlar. U turk va fors-tojik mumtoz adabiyotining yirik namoyandasi, Navoiyning ustozi, Abdurahmon Jomiy bilan do‘st bo‘lgan, Navoiy ijodiga katta e’tibor bilan qaragan. Ayni vaqtda Alisher Navoiy ham Lutfiy ijodiga yuqori baho bergan.
Lutfiy fors-tojik tilida ham ijod qilgan, lekin o‘zbek tilidagi she’rlari bilan shuhrat qozongan. Tarixchi Xondamir “Mavlono Lutfiy so‘z lutfida yagonai davron edi, undan ilgari hech kim turkiy tilda she’rni undan yaxshiroq ayta olmagan edi”, deb yozadi.
Biz masalaga oydinlik kiritishga qaror qildik va qo‘rg‘oncha yonidan o‘tgan o‘zandan pastga — Janub tomonda elas-elas ko‘rinayotgan daraxtzorlar tomon yurib ketdik.
Xullas, ko‘p mashaqqatlar bilan yana bir soatdan ortiq yurib, odamlardan so‘rab, haqiqiy shahzoda Qosim qabristonini topib bordik. Bu endi xiyla katta — taxminan ikki gektar atrofidagi paxsa devorli qo‘rg‘on bo‘lib, u Dashti kanor o‘rtasida, Dehi kanor qishlog‘idan ikki chaqirimcha Shimolda edi.
Qo‘rg‘on ichida boya ko‘rganchalik yana bir qo‘rg‘oncha bo‘lib, uning o‘rtasida so‘ri sifat baland supa va uning ustida katta tosh uyumi bor edi — bu chinakam Shahzoda Qosim qabri edi.
Uzun soqolli, kamsuqum shayx Abdul Vahob ham, ittifoqo kelib qolgan dehqon Abdurahmon ham Lutfiy haqida, uning qabri to‘g‘risida hech narsa bilmas edi.
Biz Mavlaviy Anbariyning gaplarini aytganimizdan so‘ng Abdul Vahob hujrasi yonidagi bir ixcham qo‘rg‘onchani ko‘rsatib:
— Mana bu joyda ham bir qabr bor, lekin kimniki ekanligini, to‘g‘risi, bilmayman, — deb qoldi.
Hirotlik hamrohimiz, Mavlono Anbariyning o‘g‘li Tohirjon bilan Abdurahmon devor osha qo‘rg‘oncha ichiga tushishdi-da, belkurak bilan tuproqni kovlay boshladilar. Anchadan keyin qalin va uzun marmar tosh chiqdi, oftobada suv olib, uni o‘sha joyda yuvdilar va nihoyat:
— Topildi, topildi! — dedi Tohirjon sevinib.
Toshga uch so‘z bitilgan edi: “Mavlono Lutfiy Xiraviy”.
Hammamizning ham quvonchimiz cheksiz edi. Muqaddas Qur’on oyatlaridan tilovat qilib, Lutfiy hazratlarining ruhi-pokiga bag‘ishladik.
Hirotga kech qaytdig-u, to‘g‘ri sangtaroshlar rastasiga bordik. Marmar toshga yozuv buyurdik. Ertasiga marmar taxtani olib, yana Dehi kanorga jo‘nadik.
Shayx Abdul Vahob bizni yana sassizgina, muloyim jilmayib kutib oldi, uning yordamida Lutfiy dafn etilgan qabr qo‘rg‘onchasini tokchasimon qilib o‘ydik-da, “Bu oromgoh pok Alloh lutfi daryosinig g‘avvosi, urfonga eltuvchi g‘azal iqlimining sultoni, hazrati Lutfiy Xiraviynikidir…” kabi jumlalar o‘yib yozilgan marmar lavhani joylashtirib, atrofini suvab mahkamladik.
Shundan keyin shayx Abdul Vahobga atagan nazru niyozlarimizni berib, Hirotga qaytar ekanmiz, hammamizning kayfiyatimiz chog‘, bugungi qilgan tadbirimizdan mamnun edik.
QANDAHOR. ChEHL ZINA
Navbatdagi yo‘nalishimiz Hirot-Qandahor edi. Ma’lumki, bu shahar o‘zining tog‘lari va bog‘bop yerlari bilan Zahiriddin Muhammad Boburni o‘ziga rom etgan. Shu bois bu shaharni fath qilishi munosabati bilan G‘arb tarafdagi baland tog‘ning shundoq tumshug‘ tomonini o‘ydirib, unga go‘zal gumbazli ayvon soldirgan. Ayvonga chiqish uchun yotqizilgan toshlar va tog‘ning o‘zidan 40 ta zina yasalgan, shuning uchun bu tarixiy tosh obida “Chehl zina” nomi bilan mashhur bo‘lib, kitoblarga kirgan. Uning toqisiga, ichlariga imorat sohiblari — Bobur Mirzo va uning farzandlari sha’niga nasta’liq xatida maqtov yozuvlari o‘yib bitilgan.
Ayvon oldidagi toshsupaning ikki chetida toshdan yasalgan sher haykali ham bo‘lganligini tahmin qildik: har ikki tomonda zanjir va sher dumining qoldiqlari bor edi. Demak, sherlarni kimdir ko‘chirib olib ketgan.
Tosh ayvon solingan tog‘ ro‘parasidagi Bobur Mirzo bunyod etgan Chahorbog‘ odamlarga tomorqa sifatida berib yuborilgan edi, shuning uchun uni ko‘rmak imkoni bo‘lmadi.
G‘AZNA. AL-BERUNIY QABRI AHVOLI
G‘azna viloyatining hokimi hoji Asadullo Xolid yosh — o‘ttiz beshlardagi bo‘ychan, istarali yigit edi.
Bu yerda amerikalik mehmonlar — bir ayol va bir necha erkak ham bo‘lib, hoji Asadullo ular bilan ingliz tilida gaplashardi. U rus tilida ham ancha-muncha so‘zlay olardi.
— Men Toshkentda bir necha bor bo‘lganman, — deydi u, — menga shahar ham, odamlar ham ko‘p ma’qul bo‘ldi. Endi sizlar bilan ko‘rishib, tanishganimdan xursandman. Ma’naviyat va boshqa ko‘p sohalarda afg‘onlar bilan o‘zbeklar o‘rtasida ancha mushtarakliklar bor. Sizlarning sa’y-harakatlaringiz faqat afg‘on yoki o‘zbek xalqi uchungina emas, umuman, Osiyo xalqlari uchun ham muhim ahamiyatga egadir.
Suhbat davomida, shubhasiz, afg‘on zaminida yotgan buyuk ajdodlarimiz, jumladan, ulug‘ olim, mutafakkir Abu Rayhon Beruniy va uning qabri haqida ham so‘z ochdik:
— Beruniy va uning o‘lmas, bebaho merosi nafaqat afg‘onlar, nafaqat o‘zbeklarniki, balki bashariyatning mulkidir, shuning uchun uning qabri-maqbarasini tiklash, atrofini obodonlashtirish hammamizning burchimizdir.
— Albatta, — dedi hokim, — bizdan nima yordam zarur bo‘lsa, ko‘rsatamiz.
Shu kuni G‘azna hokimi bizni quyuq mehmon qildi, qarorgohi mehmonxonasidan joy berdi.
Ertasiga ertalab G‘azna shahar hokimi Hakim janoblari, tarix, falsafa fanlari muallimi hoji Abdurahmon Hakimiy hamrohligida Beruniy qabri boshiga bordik. O‘sha-o‘sha “qabr” — bir uyum tosh. Ozgina yerga ekilgan bug‘doy o‘rib olingan, naryog‘ida turli ekinlar, yovvoyi o‘tlar o‘sib yotardi.
Jahon tan olgan alloma, O‘rta asrning buyuk qomusiy olimi bo‘lgan bir mo‘tabar zotning maqbarasidan-ku nom-nishon qolmagan, qabri ham bir hovuch daryo toshidan iborat bo‘lib turibdi-ya!
— Alloma qabrining bunday achinarli holga tushib qolishining sabablari ko‘p, tarixdagi beomon janglar deymizmi, o‘tmishdagi ayrim hukmdorlarning ma’naviyatga, ma’rifatga, ilmli mashhur zotlarga havas bilan emas, g‘araz bilan munosabatda bo‘lishlari natijasi, deymizmi…
Nazarimizda, muarrix, muallim hoji Abdurahmon Hakimiy yuragidagi gaplarni aytdi: demakki, uning ham alami ichida ekan.
Shaharga qaytib, kechagi kelishuvimiz bo‘yicha to‘g‘ri viloyat hokimligining idorasiga bordik.
Qabulxonada o‘tirib, Afg‘oniston Respublikasining G‘azna viloyati hokimligi hamda Bobur xalqaro jamg‘armasining o‘zaro hamkorlikda Abu Rayhon Beruniy qabr-maqbarasini tiklash va uning atrofida bog‘-xiyobon vujudga keltirish to‘g‘risida o‘zbek va fors-tojik tillarida shartnoma yozdik (ilmiy safarimizning yangi a’zosi, Afg‘oniston fuqarosi Muhammad Anvar shu joyda ham asqotdi).
Keyin hokim hoji Asadullo Xolid xonasida yana suhbat bo‘ldi, shartnomalarga imzo chekildi.
ESSIZ, ESSIZ KOBUL…
Kobul shahri ko‘rgan “jabru sitam”lar oldida Qandahor va boshqa shaharlarniki holva ekan. Shaharning asosiy qismlarida sog‘ bino juda kam qolgan edi.
Yaxshiyamki, elchixonamiz joylashgan mavze urush asoratlaridan xoli ekan.
Elchimiz mehnat ta’tilida ekan, uning yordamchisi Nosirjon G‘iyosov va konsul Iskandar Qodirov bizni quvonch bilan kutib olishdi. Ularning yordamida Afg‘oniston madaniyat va axborot vaziri Doktor Said Mahdum Raxin bilan uchrashib, taassurotlarimiz va galdagi rejalarimizni o‘rtoqlashdik.
Biz endi tezroq Bobur bog‘ini, undagi tarixiy-madaniy inshootlar holatini ko‘rishga oshiqdik.
Ahvol, harqalay, odamni suyuntiradigan emas edi. Podsho qarorgohi va uning oilasi istiqomatgohi o‘nglab bo‘lmas darajada nuragan, buzilgan, tomlari o‘pirilib tushgan edi. Bobur Mirzo qabri tepasidagi soddagina, mo‘jazgina maqbaraning tomi vayron bo‘lgan, devor-ustunlarida behisob o‘q izlari qolgan edi.
Ammo bu yerda ham ko‘ngilni ko‘taradigan voqealar sodir bo‘lmoqda — bog‘da mashhur xalqaro Og‘axon jamg‘armasi homiyligida ta’mirlov boshlangan — Shimol va Sharq tomonlarga devor tiklangan, maqbaraning G‘arb tarafidagi namozgohda quruvchi-ta’mirlovchilar shiddat bilan ishlashmoqda edi.
O‘KINCh VA SUYuNCh HAMIShA YoNMA-YoN
Bomiyonda qiladigan jiddiy ishimiz yo‘q edi. Yo‘l ham rasvo, buning ustiga asosiy yo‘ldan burilib, ancha ichkari kirilar edi. Qolaversa, u joylarda hali xavf-xatar butunlay bartaraf etilgani yo‘q, degan gaplar qulog‘imizga chalingan edi. Lekin biz tolibonlar vayron qilgan bir necha ming yillik tarixiy obidalar — budda haykallarini bir ko‘rib qaytish istagida moshina chambaragini G‘azna — Kobul yo‘lidan G‘arbga qarab burdik. Bizda u ulkan va mahobatli (axir, bo‘yi 54 metr, deb o‘qiganmiz) tosh haykallarning loaqal bir qismi sog‘ qolgandir, degan umid bor edi. Afsuski, umidlarimiz puchga chiqdi. Har uchala (er, xotin va bola siymolari aks ettirilgan) ma’budaning — san’at asarining o‘rni qolgan edi, xolos.
Bomiyondan ma’yus taassurotlar bilan qaytib, yana Kobul yo‘liga tushib oldik. Yo‘l tog‘ oraliqlari — baland-past, vahimali dovonlardan iborat edi. Bir joyda ko‘prik qurilishiga duch kelib qoldik. Inshoot atrofida Toshkentdan, Andijondan, umuman, O‘zbekistondan kelgan texnikalar — buldozer, skreyperlar ishlamoqda edi. Bilsak, “O‘zavtoyo‘l” davlat aktsiyadorlik kontsernining quruvchilari ekan. Ularning boshlig‘i, kontsernning maxsus ishlar bo‘yicha bosh muhandisi Sodiqjon Xoliqov ham shu yerda ekan. Ma’lum bo‘lishicha, bu yo‘l quruvchilarimiz tomonidan bitkazilayotgan 8-ko‘prik ekan.
Biz o‘z vatandoshlarimizning bu beminnat yordamini ko‘rib quvondik.
QAYDASAN, IShKAMISh?
Boborahim Mashrabning Balxda qatl qilinib, shu joyga dafn etilgani va lekin qalbi o‘tlig‘ shoirning Ishkamishda ham qabri borligi manbalardan ma’lum. Biz avvalo hamyurt shoirimiz qabrini ziyorat qilish va uning jasadi-hoki Ishkamishga qay tarzda borib qolgani haqidagi rivoyatu naqllarning qaysi biri rostu, qaysi biri yolg‘on ekanligini aniqlashni ham dilimizga tugib qo‘ygan edik.
Puli Xumri viloyati hokimi muhandis Muhammad Umar avvaliga “u yonlar notinchroq, yo‘li ham yaxshi emas”, deb bizni qaytarmoqchi bo‘ldi, ammo niyatimizning qat’iyligini bilgach, viloyat gaz va neft boshqarmasi boshlig‘i, ishkamishlik hoji Abdul Qodirni qo‘shib berdi.
Boborahim Mashrab qabri qishloqning G‘arb tomonidagi yassi bir tepalikda edi. Ziyoratgohga kelayotgan ayollar ko‘p edi, bilsak, chorshanba — xotin-qizlar ziyorat qiladigan kun ekan.
Maqbara — maqbara emas, guvala-loydan tiklangan, shiftlari oddiy, hari-to‘sinli, o‘rtacha hajmdagi bir uy, hujra edi. O‘rtadagi qabr atrofi taxta-yog‘och bilan supasimon qilib o‘ralgan va ustiga zangori duxoba yopilgan edi.
Hoji Abdul Qodir bizning kelganimizdan xabar bergan edi, hademay ulus, ya’ni tuman valiysi, qo‘mondoni, mahalliy aholi vakillari, Mashrab qabriga yaqin joyda yashovchilar to‘planishdi.
Biz Boborahim Mashrabning bu ovloq tepalikdan qo‘nimgoh topishi sabablari bilan qiziqdik. Afsuski, ular ham Boborahim Mashrab haqida O‘zbekistonda chop etilgan kitoblardagi ma’lumotlardan, uning qabrlari tarixi to‘g‘risida esa, bizga ma’lum bo‘lgan afsona va rivoyatlardan boshqa manba va axborga ega emas edilar. Lekin eng muhimi, ular Mashrabning mashhur shoirligini bilishar, uni Sho Mashrabi Qalandar, deb atasharkan. Hujraning devorlariga o‘zbek va fors-tojik tillarida Mashrab g‘azallaridan parchalar bitilgan matolar ilingan edi.
Bir mo‘ysafid bizga Mashrabning bundan yuz yillar avval Buxoroda chop etilgan devonini taqdim etdi. Umuman, Ishkamish bizda alohida taassurot qoldirdi. Bu yerda o‘zbeklar ko‘p va ular o‘z tillarini yaxshi bilishar, O‘zbekiston haqidagi tasavvurlari, fikrlari yaxshi edi.
Zokirjon Mashrabov,
Bobur nomidagi xalqaro ilmiy ekspeditsiya rahbari,
Qamchibek Kenja,
ekspeditsiya a’zosi
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2004 yil 2-sonidan olindi.