Humoyun Akbarov. «Ota bayit» afsonasi

“Mening birinchi asosiy “kutubxonam” ajdodlarimdan meros bo‘lib qolgan qo‘shiqlar, afsona va rivoyatlarga to‘lib-toshgan, o‘zim tug‘ilib o‘sgan Talas vodiysi bo‘lgan. Shu yerda ilk bor manas­chi­lar – “Manas” eposini aytuvchi oqinlarning sadolarini ting­laganman”, deb yozgan edi buyuk yozuvchi Chingiz Aytmatov “Bizni kashf etgan kitoblar” nomli essesida.

Yozuvchi umrining ko‘p qismini o‘zi tug‘ilib o‘sgan vodiylardan olislarda o‘tkazgan bo‘lsa-da, uning asarlaridagi aksariyat qahramonlar qirg‘iz qish­loqlarida, dashtlarda, tog‘u toshlarda umr kechirgan oddiy xalq vakillaridir. Ular milliy urf-odatlarga amal qilishgan, qadimgi afsonalarga ishonishgan… Qirg‘iz dalalari, kengliklari, qir-adirlari bag‘ridagi sirlarni, ona tuproq dardini qalban his etgan yozuvchining umr yo‘li va asarlarida qalamga olingan voqealar bir-biriga uyqashligini, ulardagi hayot haqiqatlari afsonalarga yo‘g‘rilib tasvirlanganini his etamiz.

Bu gal Bishkekka borganimda afsonalar qanday yaralishiga guvoh bo‘ldim. Shaharning o‘zi ham fayzli, daraxtzor, olis-yaqin tog‘lar ko‘zga ko‘rinib turadi. Mavzelar oralatib qo‘yilgan mahobatli haykallar badiiyligi bilan hayratga soladi, o‘ziga xos ifodali asarlar. Shaharga kelgan sayyohlarda yodgorliklar katta taassurot qoldiradi.

Yaqinda bir guruh olim, ijodkor va jurnalistlar Bishkekda bo‘lib o‘tgan MDH mamlakatlari ziyolilarining XVI anjumanida ishtirok etib qaytdik. Anjuman dasturiga Chingiz Aytmatov nomi bilan bog‘liq uchta tadbir kiritilgan ekan. Anjumanning birinchi kuni “Ota Bayit” yodgorlik majmuasini ziyorat qilib, Chingiz Aytmatov qabriga gullar qo‘ydik. Shu oqshom yozuvchining “Oq kema” asari asosida rejisser A.Suyundikov suratga olgan badiiy film namoyish etildi. Kelasi kun esa, Qirg‘iz milliy kutubxonasida “Chingiz Aytmatov va zamon” mavzusida konferentsiya bo‘ldi.

“Ota Bayit” yodgorlik majmuasi tarixi go‘yo afsonadek – aql bovar qilmas qayg‘uli voqealar, adolat qaror topishi, insonning hayot uchun kurashdagi g‘alabasi bilan nihoyasiga yetadi. Bu tarix salkam oltmish yillik davrni qamrab oladi.

“Ota Bayit” so‘zini eshitganda yozuvchining “Asrga tatigulik kun” romanidagi “Nayman ona va manqurt” haqidagi Sario‘zak afsonasi yodingizga tushadi: “… Ona Bayit qabristonining o‘z tarixi bor. Rivoyatga ko‘ra, o‘tgan zamonlarda Sario‘zakni bosib olgan jungjanglar asirga tushgan jangchilarga nisbatan behad shafqatsiz ekanlar. Ular kezi kelib bunday tutqunlarni qo‘shni o‘lkalarga qul qilib sotib yuborishar ekan. Bu esa tutqunning omadi kelgani hisob­lanar ekan. Chunki sotib yuborilgan qul ertami-kechmi, bir kun o‘z vataniga qochib ketishi mumkin ekan-da. Jungjang­larning qo‘l ostida tutqun bo‘lib qolganlarning esa sho‘ri qurir ekan. Ular mahkumning boshiga teri qalpoq tortish yo‘li bilan dahshatli bir tarzda qiynab, uning xotirasini yo‘qotar ekanlar…”.

Inson xotirasi haqidagi bu alamli afsona odamzodni o‘zligini unutmaslikka da’vat etishi, ogohlikka chorlab turishi bilan haqiqatga aylanadi! Chunki undagi ushbu satrlar mangu jarang­laydi: “Insonning insonlik fazilati, yaratilganda birga yaratilib, o‘lganda yana bir o‘zi bilan birga ketadigan va bosh­qa mavjudotlardan ajratib turadigan birdan-bir noyob fazilati – xotirasi, aql-idroki bo‘lsa-yu, uni tag-tomiri bilan yulib olsalar, axir, bu qanday bedodlik?!” O‘sha “jungjanglar” barcha zamonlarda bo‘lgan, bugungi kecha-kunduzda ham bor, kelajakda ham, afsuski, yo‘qolib ketmaydi. Inson xotirasini mahv etishning turli mudhish yo‘llari borligi endilikda barchaga ma’lum.

“Ota Bayit” yodgorlik majmuasi ham qabriston, unda uch zamonda – 1916 yildagi qo‘zg‘olon tufayli qirg‘in qilingan qirg‘izlar, 1937 – 1938 yillar va undan keyingi davrlardagi qatag‘on qurbonlari va mustaqillik yillarida qurbon bo‘lganlarning nomi mangulikka muhrlangan.

1916 yilgi qo‘zg‘olon qurbonlariga bag‘ishlangan yodgorlik poyiga qirg‘izcha yozilgan she’rni ustoz, O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim birdaniga o‘zbekcha talaffuzda o‘qidi:

Dunyoga oq qalpoqda ko‘rindik biz,
Osmondan yomg‘ir bo‘lib to‘kildik biz.

Cho‘p bo‘ldik, yer tanlamay o‘sa bergan,
Bulutday olam kezdik, sochildik biz.

Qirilib borayotib tirildik biz,
Bo‘linib borayotib birikdik biz.

Ushbu olti satrda bizga qirg‘iz xalqining boshidan kechirgan azob-uqubatlari, tarixi, ozodlik uchun kurashi mujassam bo‘lganday tuyuldi. Dunyo e’tirof etgan buyuk yozuvchi Chingiz Aytmatov ham shu muqaddas makonga dafn etilgan va qabr ro‘parasidagi yodgorlik devoriga adibning hikmatli so‘zlari bitilgan: “Odamga eng qiyini kun sayin odam bo‘luv”.

Yodgorlik majmuasini “Ota Bayit” deya nomlash haqida Chingiz Aytmatov bilan Qirg‘iz Respublikasining o‘sha vaqtdagi Prezidenti Asqar Akayev taklif kiritgan ekan.

BUBUYRA OPANING SIRI

“Ota Bayit” yodgorlik majmuasi haqida ilk bor Chingiz Aytmatov bilan taniqli qozoq shoiri Muxtor Shoxonovning samimiy suhbatlaridan iborat “Cho‘qqida qolgan ovchining ohu zori” nomli kitobda o‘qigandim. Kitobning 19-sahifasida Muxtor Shoxonovning Chingiz Aytmatovga aytgan so‘zi orqali majmua tarixiga qisqa izoh berib o‘tilgan: “1938 yil. Rutubatli kuz kunlari. Bishkekdan uncha olis bo‘lmagan tog‘ etagida Po‘ngtosh degan so‘lim go‘sha. Xuddi shu joyda NKVDning oromgohi bor. O‘sha kunlari bir nechta yuk mashinalariga qamalgan mahbuslarni pinhoniy ravishda shu yerga keltirishadi-yu, hammasini otib o‘ldiradilar va qotillarga xos puxtalik bilan ilgaritdan hozirlab qo‘­yil­gan xandaqlarga ko‘mib ketadilar. O‘sha oromgohda qorovul bo‘lib ishlaydigan Abikan Qidiraliyev pinhoniy qotillikni zimdan kuzatib o‘tiradi. Oradan ko‘p yillar o‘tgach, oqsoqol o‘sha mozoristonga borib, marhumlarning ruhiga Qur’on tilovat etib yuradi. Cholning 1928 yilda tug‘ilgan Bubuyra ismli sizga tengdosh qizi bor edi. Ota o‘z qiziga shunday vasiyat qiladi: “Qizim, hozir aytadigan gaplarim hech qachon esingdan chiqmasin; mana shu joyga juda ko‘p marhumlar dafn etilgan. Xudo xohlasa, yaxshi kunlar keladi. O‘shanda bu sirni odamlarga oshkor qilasan. Hozircha bu to‘g‘rida birovga miq etib og‘iz ocha ko‘rma”. Qirg‘izistonda erkinlik shabadalari esib, mustaqillikni qo‘lga kiritgach, Bubuyra opa otasidan eshitgan gaplarni qog‘ozga tushirib, Davlat xavfsizlik qo‘mitasiga maktub yo‘llaydi. Qo‘mitada bo‘lim mudiri lavozimida xizmat qiladigan Bo‘lat Abdurahmonov (ba’zi bir hamkasblarining e’tiroz bildirishlariga qaramasdan) nomsiz mozorni ochib ko‘rish chora-tadbiriga bosh bo‘ladi. Fojia ro‘y bergan joydan 137 nafar kishining bosh chanoqlari, suyaklari topiladi. Suyaklar orasidan yarmi chirib ketgan uch sahifalik hukm matni ham chiqib qoladi. Sizning otangiz To‘raqul Aytmatov ham aynan o‘sha hukmga asosan otib tashlangan ekan. Qirg‘iz xalqining Jusup Abdurahmonov, Qosim Tinistonov, Erkinbek Esonomonov, Imonali Aydarbekov, Boyali Isoqov, Asanboy Jamansariyev, Usmonqul Aliyev, Sodiq Cho‘nboshev kabi mashhur o‘g‘lonlari ham otangizga taqdirdosh bo‘lgani arxiv hujjatlari asosida isbotlandi… Musibatlar uyasi bo‘lmish o‘sha joyga “Ota Bayit” nomi berildi”.

Bu voqea yozuvchining singlisi Roza Aytmatovaning otasi To‘raqul Aytmatov tavalludining 110 yilligiga bag‘ishlab 2013 yilda chop etilgan “Tarixning oq sahifalari” (Mening xotiralarim) nomli kitobida batafsil yoritilgan: “…Oradan 35 yil o‘tdi. 1973 yili Abikan Qidiraliyev o‘limi yaqinlashganini his qilib, Bubuyrani chaqirib, deydi: “…Qizim, yuragimda og‘ir yuk bilan jon beryap­man. Men Stalin repressiyasi qurbonlari ko‘milgan joyni bilaman, ammo sizlarni o‘ylab, avval bu haqida hech kimga og‘iz ocholmadim… Bubuyra, bu joyni faqat sen bilasan. Menga savol beraverib bezor qilganing yodingdami? Umidim bor, yaxshi zamonlar keladi, o‘shanda begunoh qatl qilinganlar haqida odamlarga aytasan. Qatag‘on qilinganlarning bolalariga ularning otalari o‘sha tepalik ostiga ko‘mib yuborilgani haqida aytasan. Ularning orasida qirg‘iz xalqining eng sara o‘g‘lonlari bor. Ularning bari bitta qabrda yotibdi. Men bir umr yuragimda toshday og‘ir yuk bilan yashadim va uni o‘zim bilan olib ketolmayman…”.

O‘sha vaqtlarda xalq orasida qatag‘on qurbonlari O‘roq, Jal va Vorontsovka singari qishloqlardagi xilvat yerlarga ko‘mib yuborilgan, degan mish-mishlar yurar ekan.

1991 yilda Bubuyra opa otasining topshirig‘ini ado etish uchun Milliy xavfsizlik xizmati xodimlariga muhim sirni ochadi. Ammo hamma ham ishonmaydi. Turli idoralarga bosh urgan Bubuyra opaning eshigini nihoyat, Bo‘lat Abdurahmonov taqillatib keladi.

1991 yil aprelda MXX xodimlari Bubuyra opa bilan Cho‘ng Tosh qish­log‘iga borishadi, xolaning bolaligida bir kechada do‘mga aylangan g‘isht zavodining o‘rasini topishadi. Qazuv ishlari boshlanadi.

YaRIM ASRDAN SO‘NG

Chingiz Aytmatov 1963 yilda yozgan “Somon yo‘li” qissasi (O‘zbek tiliga Asil Rashidov tarjima qilgan) boshida bag‘ishlov bor: “Ota, men senga yodgorlik o‘rnatolmadim. Sening qayerga dafn etilganingni ham bilolmadim. Ushbu asarimni, otam To‘raqul Aytmatov, senga bag‘ishlayman. Ona, sen bizni ulg‘aytirib odam qilding. Sening uzoq umr ko‘rishingni tilab, onam Naima Aytmatova, senga bag‘ish­layman”.

Ushbu so‘zlarni yozganda yozuvchining qalbidan nelar kechgan? Buyuk armon, alam bo‘lgani, shubhasiz. Mustaqillik bois armonlar aridi. Asar yozilganidan so‘ng oradan 28 yil o‘tgach, yozuvchi 63 yoshga kirganda, 10 yoshida uydan olib chiqib ketilgani bo‘yicha, ellik uch yil izlarini izlab yashagan otasining qabri topildi. Yozuvchi padari buzrukvori haqida xabar topganda balki quvongandir, balki otasi qatag‘on qurboni bo‘lganidan qayg‘uga botgandir. Bu xabar Qirg‘iz Respublikasi mustaqillik kuni e’lon qilinishi arafasida kechgani, buyuk tarixiy o‘zgarishlar jarayonida faol bo‘lgan yozuvchining qalbidagi armon ushalgani, shubhasiz. Roza Ayt­matovaning “Tarixning oq sahifalari” (Mening xotiralarim) nomli kitobiga kiritilgan kundalik­larda shunday yozuv bor: “24.08.1991. Chingiz keldi. Biz uni aeroportda kutib oldik. Uning kayfiyati yaxshi edi. Otamiz ko‘milgan joy topilganidan xursandligi ko‘rinib turardi”.

To‘raqul Aytmatov o‘z davrining ziyoli kishisi sifatida xalq, millat ravnaqi yo‘lidagi kurashchilarning ilg‘or saflarida bo‘lgan. Jumladan, To‘raqul Aytmatov 1921 yilda Toshkentda Sovet partiya maktabida tahsil olgan, RKSM (komsomol)ga qabul qilingan va bu yerdagi o‘qishini yakunlagach, Moskvadagi Sharq mehnatkashlarining kommunistik universitetiga o‘qishga yuborilgan. Keyinchalik, 1935–1937 yillarda Moskvadagi Qizil professuraning partiya tarixi hamda Marksizm-leninizm kurslari tinglovchisi bo‘lgan. Respublika savdo-sanoat komissari, respublika Xalq xo‘jaligi markaziy kengashi raisi singari yuqori lavozimlarda ishlagan. Ammo 1937 yili sentyabrda Moskvadan Qirg‘iz Respublikasiga chaqiriladi va shu yil dekabrda hibsga olinadi. 1938 yil 14 yanvardan 4 noyabrgacha Frunze shahrida (hozirgi Bishkek) hibsda saqlanib, 4 noyabr kuni unga ayblov xulosasidan ko‘chirma beriladi. 5 noyabr kuni esa hukm o‘qib eshittiriladi va ijro etiladi. Cho‘ng Toshdagi g‘isht zavodi o‘rasi qazilganda o‘sha ayblov xulosasi yozilgan qog‘ozning parchalari topilgan ekan.

ABDURAHMONOV JASORATI

Bo‘lat og‘a bilan suhbatimiz qisqa, ammo sermazmun bo‘ldi. Umr bo‘yi havfsizlik sohasida ishlagan, tabiatan ehtiyotkor, har bir so‘zni o‘ylab aytadigan bu kishi yetmishdan oshgan bo‘lsa-da, ancha yosh ko‘rinadi. Hamkasblaridan farqli o‘laroq, nafaqaga chiqqandan so‘ng butun faoliyatini qatag‘on qilingan yurtdoshlarining ayanch­li taqdirini o‘rganishga bag‘ish­lagan Bo‘lat og‘ani o‘z xalqi oldidagi farzandlik burchini oqlagan baxtli inson, deyish mumkin. Yaqinda “Ota Bayit” yodgorlik majmuasiga rahbar etib tayinlanibdi. Qirg‘iz Respub­likasidagi “O‘zbekiston – Qirg‘izis­ton do‘stlik jamiyati” ijrochi raisi, taniqli yozuvchi Begijon Ahmedov boshchiligida ziyoratga borganimizda, uzoqda bo‘lishiga qaramay, zarur ishlarini tashlab yetib keldi va maj­mua tarixini batafsil so‘zlab berdi.

Bo‘lat og‘a bizni majmuadan ikki yuz qadam yuqorida – tepalikda joylashgan g‘isht zavodining pechi uchun qazilgan o‘ra tomonga boshladi. Yo‘l-yo‘lakay Bubuyra opaning Leningraddagi oliy o‘quv yurtini bitirgani, kelib yuqori idoralarda ishlagani, o‘qimishli, sabr-bardosh­li ayolligi haqida so‘zladi. Bu tafsilotlar yuqorida qayd etilgan kitob­larda yozilganidan ko‘ra batafsilroq edi.

– Bu atroflarda NKVDning dam olish maskani bo‘lgan ikki-uchta bino joylashgan, – dedi Bo‘lat og‘a 100-150 qadamlar naridagi binolarga ishora qilib. – Hozir bu binolar milliy gvardiya qismlariga berilgan. 1937-yillarda NKVDning rahbari va ayrim mas’ul xodimlari shu binolarda yashagan. Ularga Abikan Qidiraliyev degan kishi oziq-ovqat keltirib, yegulik tayyorlagan, umuman, kundalik yumushlarni bajargan. U 1938 yilda 137 nafar kishining jasadi g‘isht zavodi o‘rasiga ko‘mib yuborilganiga guvoh bo‘ladi. Ammo NKVD xodimlari buni sir saqlashni, oshkor qilsa, umri azobda o‘tishini aytishadi. Bubuyra opaning eslashicha, 8-9 yoshligida bir kuni otasi uni onasi bilan birga qo‘shni qishloqdagi do‘stining uyiga olib borib qo‘yadi. Oradan uch-to‘rt kun o‘tgach, qaytib kelishganda Cho‘ng Toshda o‘zlari yashaydigan uyning atrofi o‘zgarib ketganini ko‘radi. G‘isht zavodining pastqam binolari buzib tashlangan, pech o‘rasi tekislanib, uning o‘rnida tepalik paydo bo‘lgan. Ota-onasi birovga bildirmay bu tepalik chetiga borib, fotiha o‘qib kelib, tuni bilan yig‘lab chiqqanlarini qizcha o‘sha vaqtda tushunolmaydi. Buning sababini otasidan so‘raganda u aytmaydi, ammo o‘sha tepalik qizchaning xotirasida o‘chmas iz qoldiradi.

Bu tepalik 1938 yil 5 noyabr kuni NKVD turmasida otilgan 137 nafar qatag‘on qurbonining jasadi yuk mashinasiga yuklab keltirilib, o‘raga tashlab ustiga tuproq tortib, ko‘mib yuborilganidan keyin paydo bo‘lgan ekan.

Keyinchalik Abikan ota nemis fashistlariga qarshi urushga ketadi, qon kechib, uyiga omon qaytadi. (Agar urushda halok bo‘lsa, sir ochilmay qolaverarmidi?!). Xullas, bu sir 1990 yilga kelib ochiladi. Bubuyra Qidiraliyevaning davlatga aloqador siri borligini eshitib, uning uyiga borganimda to‘rt soat suhbat qildik. O‘sha paytda men MXXning kapitani edim. 1990 yil dekabr oyi, hamma yoqni qor bosgan, Cho‘ng Toshga boradigan yo‘l qor ostida qolgan. Tuproq muzlagan, yer qazishning imkoni yo‘q. Xullas, noqulayliklar tufayli ishni bahorga qoldirdik. Qishda men Milliy xavfsizlik xizmati idorasi arxivida saqlanayotgan qatag‘on qurbonlariga oid hujjatlarni o‘rgandim. Ammo bu yerda Cho‘ng Tosh haqida aytarli hech gap yo‘q edi. Faqat qurbonlar Bishkekdan 20 chaqirim janubga ko‘milgan, degan noaniq ma’lumot berilgan. Ya’ni bu joyga aniqlik kiritilmagan, sir tutilgan.

1991 yilning may-iyun oylarida yer yumshab, namgarchilik chekingandan so‘ng opa bilan birga Cho‘ng Toshga chiqdik. U bolaligi o‘tgan joylarni qadamma-qadam yurib esladi. Axir, oradan 53 yil o‘tgan edi-da. Xotirasi yaxshi ekan. Oshxona joylashgan yerlar, g‘isht zavodining ko‘mib tashlangan o‘rasi o‘rnidagi tepalikni ko‘rsatdi. Eski g‘isht siniqlari sochilib yotardi. Shundan so‘ng Qirg‘iz universitetining tarix-arxeologiya fakulteti professori, arxeolog Moskolyov yordamida qazish ishlarini boshladik. Mening ko‘nglimda yana bir niyat bor edi: biz avvalgi NKVD merosxo‘ri emas, balki Vatan, xalq uchun xizmat qiladigan MXX xodimlarimiz, degim kelardi. Shu fikrni isbotlashni istardim.

Tepalikda qazuv ishlarini boshlashimiz bilan 20-30 sm.dan keyin bir bosh chanog‘i chiqdi. Ishni zudlik bilan to‘xtatdik. Opaning gapi haqiqat ekaniga shu birgina dalil yetarli edi. Rahbariyatga bu haqida axborot berdim. Hukumatdan ruxsat olgach, qazish ishlarini davom ettirdik. Har kuni o‘ntadan jasadni qazib oldik. Ularning bari boshidan otilgan va o‘raga betartib tashlangan edi. Yarim asrdan ziyod vaqt o‘tgan, kiyimlar, tanalar chirib ketgan, qurbonlar sonini bosh chanoqlariga qarab sanadik. O‘raning tubiga yaqinlashgan sari yarim chirigan gimnastyorkalar, etiklar, tangalar, ko‘zoynaklar, o‘ntacha bosh chanog‘ida tilla tishlar chiqa boshladi. Bu dalillar jasadlar qatag‘on qurbonlariga tegishli ekaniga shubha qoldirmadi. O‘raning tubidan, quruq qismida nihoyat biz kutgan muhim dalillar topildi. Bu o‘sha Qirg‘iziston SSR ichki ishlar komissari, polkovnik Lotsmanov tasdiqlagan ayb­lov xulosasi – chirigan gimnastyorka cho‘ntagidan chiqdi. Jusup Abdurahmanov va To‘raqul Aytmatov otuvga hukm qilingan hukmlarini o‘qib, ularni arxivdagi hujjatlarga solishtirgach, bu yerga xalqning sara farzandlari ko‘milganini anglab yetdik. Ularning shaxsini arxiv hujjatlari asosida aniqladik, jami 17 millat vakili bor ekan. Bosh chanog‘iga qarab kim kimligini aniqlashning imkoni bo‘lmadi, ammo umumiy ro‘yxat bor edi.

O‘sha vaqtda Chingiz Aytmatov Lyuksemburgda edi, telefon qildik, zudlik bilan yetib keldi.

1991 yil 30 avgustda Cho‘ng Toshda miting bo‘lib, qatag‘on qurbonlari qayta dafn etildi. 31 avgust kuni davlat mustaqilligi e’lon qilindi. “Ota Bayit”ning tarixi shu. Ammo boshlagan ishlarimiz bu bilan yakunlanmadi. Endi MXXga qatag‘onga uchragan ota-bobolarini qidirgan farzandlar, nabiralardan yuzlab xatlar oqib kela boshladi. Tabiiyki, rahbariyat ularning barini menga topshirdi. Qurbonlarning taqdiriga aniqlik kiritish, MXX arxivida saqlanayotgan hujjatlarni o‘rganib chiqish mening qo‘shimcha ishimga aylandi. Hujjatlar shu qadar ko‘p ediki, yana to‘rt-besh nafar shogirdlarimni ishga jalb etib, to‘rt yilda arxivdagi 14 yarim ming hujjatni varaqlab chiqdik va 20 ming qatag‘on qurbonining ism-shariflarini aniq­lab, kompyuterga kiritdik. Ular­ning yashash manzili, ish joyi, qachon sud qilingani, qachon otilgani – hammasi qayd etildi.

2017 yili meni pensiyaga chiqarishdi. Agar ro‘yxatni MXX institutida qoldirsam, hammasi yo‘qolib ketadi, deb elektron variantini saqlab qo‘ydim. Nafaqaga chiqqach, res­publikaning 30-50 yillar tarixini, asosan, repressiyalar davrini astoydil o‘rgandim, bu orada tarix mavzusida ilmiy ish ham yoqlab, fan doktori bo‘ldim. Qilingan ishlar izsiz ketmasin, deb o‘z hisobimdan 10 jild­lik “Qirg‘iz Respublikasidagi siyo­siy repressiya qurbonlari kitobi”(1920-1953 y.)ni chop ettirdim. 100 dona, xolos. Bu yil 5 noyabrda Cho‘ng Tosh voqeasi sodir bo‘lganiga 85 yil to‘ladi. Kitobni shu sanaga bag‘ishladik. Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, Qirg‘izistonda MXX arxivi 20-yillardan boshlab yuritilgan. Undan oldingi arxiv hujjatlari Toshkentda saqlanadi. Chunki o‘sha davrdagi markaz Toshkentda bo‘lib, Qirg‘iz Respublikasidagi ayrim rahbarlar Toshkentda o‘qib kelishgan ekan.

20 ming taqdir! Ularning orasida yuzlab o‘zbeklar bor. O‘sha vaqtlarda Qirg‘izistonda yashab, ishlagan sirdaryolik, toshkentlik, vodiylik o‘zbeklar ham qatag‘onga uchragan. Biz ularni ajratib olib, alohida kitob holida nashr qilishga bel bog‘ladik. Yaqin orada O‘zbekistonga olib borib taqdim etamiz.

Bu kitob Vatan tarixi uchun qanchalik muhim hujjatdir.

Bo‘lat og‘aning hikoyasidan barchamiz xomush tortdik.

Toshkentda ham shunday mudhish voqea Beshkekdagidan bir oy oldin – 1938 yil 4 oktyabrda bo‘lib o‘tganini, qardosh xalqlarning tarixi, quvonch-qayg‘ulari azaldan bir ekani haqida so‘zlashdik.

– Bora-bora bu gaplar afsonaga aylanib ketsa kerak, – dedi hamrohim shoir G‘ayrat Majid Bo‘lat og‘aning hikoyasidan ta’sirlanib.

– Haqiqat bo‘lmasa, afsonalar yaralmaydi. Faqat biz ularga ishonishimiz kerak, – deb suhbatimizga yakun yasadik

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2023 yil 39-son