Firuza Muhitdinova. Ajdodlar ruhiga mangu ehtirom

Qadimda qo‘llanilgan tug‘­lar davlat bayroqlarida, tam­g‘alarda o‘z aksini topganini sohibqiron Amir Temur bobomizning: “Amr qildimki, qaysi bir amir biron mamlakatni fath etsa, yo g‘anim lashkarini yengsa, uni uch narsa bilan mumtoz qilsinlar: faxrli xitob, tug‘ va nog‘ora berib, uni “bahodir” deb atasinlar; uni davlat va sal­tanat sherigi bilib, kengash majlisiga kirgizsinlar; unga chegara viloyati topshirilsin va o‘sha yerlik amirlar unga bo‘ysunsinlar” degan va uning davomida kelgan “…amirni mukofotlab, unga tuman, tug‘, alam (bayroq) va nog‘ora berdim”, degan so‘zlarida tug‘, bayroqqa alohida e’tibor qaratganini ko‘ramiz.

Bayroq tarixiga e’tibor bersak, bayroq yog‘och yoki metall dastaga, sim yoki qalinroq qattiq tirkamaga mustahkamlangan, bir yoki bir necha rangli, davlat, qo‘shin, chegara, hududni ajratuvchi, davlatni ifodalovchi belgilar, bezaklar tas­viri tushirilgan muayyan o‘lchamdagi mato bo‘lgan. Shu uchun ayrim tarixiy manbalarda alam (alomat, belgi, nishona) yalov, tug‘ (bayroq) kabi nomlar bilan ham tilga olingan.

VI – VIII asrlarga oid Xorazmda topilgan kumush idishdagi qasrni qamal qilayotgan qo‘shin tasvirida turli bayroqlar va tug‘lar tushirilgan idish Ermitajda saqlanmoqda. Tasvirda bayroq harbiylarga kuch va g‘urur berishi uchun jang chog‘ida baland ko‘tarilgan va g‘alaba qozonilishi bilan chodirga qadab qo‘yilganini ko‘ramiz. Yalov “hilpiramoq” ma’nosini anglatishi bilan birga qo‘shinning, hududning belgisi sifatida kalta tayoqqa mustahkamlanib, o‘tovlar va binolar tepasiga o‘rnatilgan. Tarixda bayroqlar eng ko‘p qo‘llangan soha – harbiy hamda dengiz kemalaridir. Bayroq yordamida do‘stu dushman ajratilgan. Bayroq tarixdan muqaddas hisoblangan, uni yo‘qotish yoki o‘g‘irlatish qo‘shinga ruhiy ta’sir etgan hamda bu dushmanga qo‘l kelgani uchun ham buyuk Amir Temur bayroqni faqat bahodirlarga ishongan. Sohibqiron 1370 yilda Balx hokimi amir Husaynga qarshi qo‘shin tortib borayotganda, Termiz yaqinidagi Biyo qishlog‘ida pir Sayyid Baraka unga oliy hokimiyat, saltanat ramzi bo‘lmish katta nog‘ora – tabl va yalov – bayroq tortiq qiladi. Baroqxon 1423 – 1427 yillarda Ulug‘ Muhammad ustidan g‘alaba qilib, Oq O‘rdada hokimiyat tepasiga kelgach, Ulug‘bek unga qimmatbaho sovg‘alar, shuningdek, nog‘ora va bayroq yuborgani ma’lum. Harbiy harakatlar chog‘ida nog‘ora va bayroq oliy bosh qo‘mondonning baland yerga o‘rnatilgan hirgohi oldidan joy olgan, jangchilarni ruhlantiruvchi kuylar tinmay ijro etib turilgan. Saroylarda nog‘ora va bayroq darvoza ustidagi xonaga joylangan.

Mirzo Ulug‘bek ham Chingizxonning oq tug‘i haqida ma’lumot qoldirgan. “Boburnoma” asarida tug‘lar bilan bog‘liq qiziqarli ma’lumotlar bor. Demak, tarixiy manbalarda keltirilgan tug‘ ham muqaddas hisoblanib, xalq hamda qo‘shinning himoyachisi sifatidagi ahamiyatini ko‘rsatadi. Tug‘lar harbiy bo‘linmalarda ham qo‘llanib, har qaysi harbiy qism maxsus tamg‘alar bilan farqlangan. Tug‘ qadimdan Sharq mamlakatlarida hukm­dorlik, vazirlik, beklik belgisi bo‘lib, u ho‘kiz yoki ot dumidan yasalgan.

Tug‘ moziyda Osiyoning bir qancha davlatlarida (Xitoy, Hindiston) qo‘tos hamda tibet ho‘kizi dumidan yasalgan bo‘lsa, turklar uni, asosan, ot dumidan tayyorlashgan. “Tug‘” atamasi ilk bor Shineusu yodnomasida qo‘llangan. 1202 yilda Chingizxon O‘nan (Onon) daryosi bo‘yida 8 tug‘ni tikkan holda saltanat tashkil top­gan­ligini e’lon qiladi. Islom dini qabul qilingandan keyin ham turkiy davlatlarda tug‘ qo‘llanishda davom etadi. Chingizxon saltanatida, saljuqiylar, mamluklar, qoraxoniylar, usmoniylarda bo‘lgani kabi, tug‘ temuriylarda ham mavjud edi. Tuman begi “bahodir” faxriy unvoni qatori tug‘, dovul hamda tumantug‘ va chortug‘lar bilan sharaflangan.

Bo‘ri boshli tug‘lar bo‘rini o‘z totemi – ilk ajdodi deb hisoblagan ko‘plab turkiy davlatlar va xalqlar tomonidan qo‘llanilgan. Jumladan, oltindan yasalgan bo‘ri boshli tamg‘a turklarning bayrog‘ida o‘z aksini topgan. Mahmud Koshg‘ariyning ma’lumot berishicha, qoraxoniy hukmdorlar “to‘q­qiz tug‘liq xon” yoki xoqon unvoni bilan ulug‘langan. Keyin­chalik tug‘larga qo‘­shimcha ravishda turli hajmdagi mato par­chalari, tasmalar ilingan. Bu tug‘lar ham bahodirlar qo‘lida xalqni, qo‘shinni ortidan ergashtirsa, ikkinchi tomondan dushman tarafga g‘ulg‘ula, vahima solgan. Tug‘ga ilingan mato esa havo bilan to‘lganda osmondan uchib borayotgan ajdarning tas­virini bergan.

Xonliklar davrida bayroqlar Qo‘qon, Xiva, Buxoro xonligini ajratib turgan. Xoja Samandar Termiziyning “Dastur ul-muluk”, Nizomulmulkning “Siyosatnoma” asarlarida ham bu haqida ma’lumotlar keltirilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1991 yil 18 noyabrdagi navbatdan tashqari VII sessiyasida tasdiqlangan qonunga ko‘ra, davlat bayrog‘i – mamlakat davlat suverenitetining ramzi hisob­lanib, u yer yuzining shu sarhadlarida mustaqil O‘zbekiston davlati qaror topganini anglatadi va o‘zida milliy-madaniy an’analarimizni mujassam etadi. Davlat bayrog‘i va undagi har bir belgi, rang, jilo bugungi O‘zbekiston hududida qadimda mavjud bo‘lgan tarixiy jarayonlarni, davlatlarni mantiqan bog‘liqligini hamda milliy-madaniy an’analarimizni ham ifoda etgan ranglar bilan ajralib turadi. Konstitutsiyamizning 5-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respub­likasi qonun bilan tasdiqlanadigan o‘z davlat ramzlari – bayrog‘i, gerbi va madhiyasiga ega. Shuningdek, bayrog‘imiz o‘zida butun O‘zbekiston xalqining asriy orzu-istaklari, g‘ayrati va shijoatini, xalqimizga xos mehmondo‘stlikni mujassam etgan. Bayroqdagi moviy rang – uning ostida barcha millatlar turli xil xavf-xatarlardan xoli, emin-erkin, ahil-inoq yashab kelayotgan musaffo osmonimiz hamda obi hayot ramzidir. Oq rang – davlatimiz fuqarolarining o‘zaro hamjihatlikda, bir-birini hurmat qilib, diniy bag‘rikenglik tamoyillari asosida tinch-totuv yashayotgani timsoli. Yashil rang esa tabiatning yangilanishi hamda ona-yurtimizning bepoyon yeru serhosil dalalarining ramzidir. Mana bugun “Yashil makon” loyihasi ham bayroqdagi ranglarning amaliy ifodasi bo‘lsa, qizil hoshiya yuqoridagi manbalarda qayd etilgan davlatimizning himoyasi uchun to‘kilgan qon, istiqlol orzus­ini ifoda etadi. Yarim oy va 12 yulduz esa, “ilmi nujum”ni aks ettiradi.

Davlat ramzlarimizga bo‘lgan e’tibor va hurmat nuqtai nazaridan 2010 yilning 24 dekabrida “O‘zbekiston Res­publikasining davlat ramzlari haqidagi ayrim qonun hujjatlariga va O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni imzolandi. Zero, davr o‘tishi bilan qonunlar ham davrga mos takomillashib boradi. Shu bois, ushbu Qonunga binoan “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Res­publikasining Davlat gerbi to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida”gi Qonunlar va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qator o‘zgartish hamda qo‘shimchalar kiritildi. Ularga asosan, “O‘zbekis­ton Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi Qonunning 4-moddasi to‘rtinchi qismidagi “Yangi oy va yulduzlarning” degan so‘zlar “Oq rangli yangi oy va o‘n ikkita oq rangli besh qirrali yulduzlarning…” degan so‘zlar bilan almashtirilgan. Bu esa, bayrog‘imiz tasviri haqidagi ranglar mazmunini aniqlashtirdi. Endi eng asosiysi, bugun davlat bayrog‘imiz “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi Qonunning 5-moddasida qayd etilganidek, davlat bayrog‘i tasviri tushirilgan belgilardan O‘zbekiston Respublikasiga tegish­lilikni belgilash maqsadida predmetlar, o‘quv-tarbiya jarayoni, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi davlat mukofotlarining elementi sifatida foydalanilishi mumkin. Shu bois ham, bugun milliy bayrog‘imiz davlat idora hamda muassasalari, o‘quv yurtlari, O‘zbe­kis­ton a’zo bo‘lgan xalqaro tashkilotlar, chet ellardagi elchixona va doimiy vakolatxonalarimiz peshtoqida hilpirab turibdi. Qonunning 13-moddasiga muvofiq, fuqarolarimiz, shuningdek, O‘zbekistonda turgan boshqa shaxslar davlatimiz bayrog‘ini hurmat qilishlari shart va unga behurmatlik uchun jazo muqarrar.

Bayrog‘imiz davlat idora va tashkilotlari, ta’lim muassasalari, harbiy qismlar, qo‘yingki, barcha sarhadlarda hilpirab turibdi. Qurolli kuchlarimiz safiga chaqirilgan, harbiy ta’lim muassasalarini tamomlagan yoshlarimiz Davlatimiz bayrog‘i poyida Vatanni ko‘z qorachig‘iday asrash, uni o‘z sha’ni va nomusiday munosib himoya qilishga qasamyod qiladi. Bugun turli bayram tantanalari, mamlakatimiz fuqarolari qatnashayotgan xalqaro miqyosdagi siyosiy, madaniy-ma’rifiy tadbirlar, nufuzli sport musobaqalarida ham bayrog‘imiz Vatanimizning sha’ni, xalqimizning g‘ururini yorqin aks ettirmoqda. Qashqadaryoda O‘zbekistondagi eng baland cho‘qqi – “Hazrati Sulton”ga yurtimiz bayrog‘i o‘rnatildi. “Hazrati Sulton” cho‘qqisining balandligi 4643 metrni tashkil etadi.

Dunyo mamlakatlaridagi elchixonalarimiz binolari, qator xalqaro tashkilotlar qarorgohlarida ham bayrog‘imiz O‘zbekiston ramzi bo‘lib turibdi. Chet ellarda yurganimizda o‘sha yerda hilpirab turgan bayrog‘imizga ko‘zimiz tushishi bilan yuragimizda cheksiz faxr uyg‘onadi, ruhimiz ko‘tariladi. Bayrog‘imiz timsolida dunyoning har qaysi nuqtasida ham O‘zbekiston degan himoyachimiz, suyanchig‘imiz borligini his qilamiz.

Davlat ramzlari muqaddas, ularni hurmat qilish burchimiz ekanligini eslatar ekanman, shuning qatorida Davlat bayrog‘ining tasviri tushirilgan belgilardan quyidagi: birinchidan, nodavlat tashkilotlari hujjatlarining rekvizitlari yoki rek­lama materiallarida, shuningdek, ishlab chiqarilayotgan yoki realizatsiya qilinayotgan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) o‘tkazish uchun tijorat maqsadida foydalanish mumkin emasligini ta’kidlash joiz, deb bilaman. Shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlarning ramzlari O‘zbekiston Res­publikasining Davlat bayrog‘iga o‘xshash bo‘lishi mumkin emas.

Davlat bayrog‘i to‘g‘risidagi Qonunchilik ijrosini ta’minlash davlat organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlari zimmasiga yuklatilgan.

Darhaqiqat, davlat ramzlari hamisha muqaddas va ulug‘ sanaladi. Ana shunday millatimiz, davlatimiz ramzi bayroq qabul qilingan kun bayrami xalqimizga yarashadi. Toshkent shahrida, shahar va tuman markazlarida osmono‘par balandlikda bayrog‘imizning halpirab turgani vatanparvarlik ruhini oshiradi.

Firuza Muhitdinova,
Toshkent davlat yuridik universiteti professori

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2023 yil 45-son