Inson uchun tug‘ilgan tuprog‘i, uni dunyoga keltirgan ota-onasi, qaddini tik tutib turgan jonidek aziz yana bir narsasi bor, bu – uning Ona tilidir. Ona tili – millatning sharafidir. Uning tafti qalbimizni nurlantirib, uning tasviri yuragimizni bezab, salobati jismu jonimizga o‘ktamlik baxsh etib turadi. Ona tili unutilgan kuni yo‘qlikka aylanamiz…
* * *
Bir kuni ijtimoiy tarmoqda qardosh qozoq birodarlarimizning o‘z ona tillari borasida muhokamalarini o‘qib qoldim. Qisqa muddatda ushbu bahsdagi ishtirokchilar soni keskin ortib ketdi. To‘g‘ri-da, til – millatning sha’ni, g‘ururi. Qardoshlarimizning o‘zligiga, tiliga, kelajagiga e’tiborsiz emasliklari, rosti, meni hayratlantirdi. Izohlar orasida oddiy bir insonning iqrori xotiramga muhrlanib qoldi:
“Dunyoning eng go‘zal tili frantsuz tili emas, aksincha qozoq tili. Bunga shubha bilan qaraganlar qozoq onasining allasini tinglab ko‘rsin!”.
Mana eng oddiy, ammo eng yuksak baho!
O‘zbek tili ham biz uchun shunday aziz. Oltin-u javohirga ham g‘ubor qo‘nsa, yaltirab jilo bermaydi. Biz Ona tilimizni mehrimiz, muhabbatimiz bilan kir-u g‘uborlardan tozalab, jilolantirib turamiz.
* * *
Afg‘onistonlik bir guruh o‘zbeklarning yurtimizga qilgan safarida hamrohlik qildim. Ular orasida turli soha vakillari, jumladan, shoir va yozuvchilar, adabiyotshunos olimlar ham bor edi. Millatdoshlarning ona tilida go‘zal takallufi qulog‘ingizga moyday quyilib, dilingiz yayraydi. Biz gap orasida ba’zan ruscha so‘zlarni qo‘shib yuborsak, mehmonlarning sal g‘ashi keladi. O‘zbek tilini shunchalik himoya qiladiki, so‘zimizni to‘g‘rilab qo‘yishdan erinmaydi.
– Bu sizning aybingiz emas, bir paytlar o‘zbek tili grammatikasini ham o‘ruslar tuzib bergan-da, – deb qo‘yadi kesatgannamo Farob universiteti o‘qituvchisi Toshqin Bahoiy. – Turkcha deb forslarning o‘zi tan olib turgan so‘zlarni O‘zbek tili izohli lug‘atida forsiy deb berganlariga hayron qolaman. Bu tilni talon-toroj qilish emasmi?! Masalan, qizil rangni ifoda etuvchi sof turkcha “qirmiz” so‘zini “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” mualliflari forsiyga bag‘ishlaganlar, vaholanki, forsiyda “q” tovushi bilan tuzilgan so‘zning o‘zi yo‘q. “lug‘atda ostona” so‘zining ham o‘zagini forsiy deb ko‘rsatganlar. “Oston” sof turkiy so‘z hisoblanib, qo‘shma so‘zdan iborat. Ost-quyi ma’nosini beradi. Aksincha, “bo‘sag‘a” so‘zini turkiy so‘z deb ataganlar. “Bo‘sag‘a” forsiy so‘z hisoblanib, uning bo‘zagi – “bo‘sagoh” (shohlar huzuriga borilganda o‘piladigan yer). “Badarg‘a” – tuzilishi va shaklidan o‘zbekcha so‘z ekani ko‘rinib turibdi. Ushbu so‘zni forslarga taqdim qilishga qani hujjat? “Badarg‘a” forsiy so‘z ekani hech bir qomusda berilmagan. “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da bu so‘zni forsiy deyishga nimani asos qilishgan, bilmadim?!
Til haqida gapirsa, bir buyuk qudrat haqida so‘z ketayotganini uqib, hayajon bilan aytadi. Millatni himoya qilish, asrab-avaylash, urf-odat, an’analarga sodiq qolish, o‘zlikni saqlash til qo‘rg‘onini mustahkamlashdan boshlanadi. Til bu – millatning maqomini belgilaydi, deb tushunadi.
Ular kurashib o‘rgangan xalq. Boshqa millatlar, boshqa tilda so‘zlashuvchilar o‘zbek tilining bog‘ini gurkiratib kelyapti. Mana bu – jasorat! Bu yildan Afg‘onistonda “O‘zbek tili kuni” davlat bayramlari qatoriga kiritilib, endi har yili keng nishonlanadigan bo‘libdi. Ular bunga oson erishmadi: turtilib, yiqilib, nihoyat, zafar quchdi. Bu haqda maqtanib gapirganida, go‘yo lablari emas, ko‘zlari, ko‘zlari qa’ridan yuragi so‘zlaydi.
* * *
Xalqimizning to‘ylari qiziq, talato‘p bilan o‘tadi. Kallai saharlab o‘choqqa o‘t qalanadi. Bu jarayonda oshpazlar bilan birga ko‘pni ko‘rgan mahalla faollari ham ishtirok etadi. To‘yning eng sokin paytida gurung qiziydi. Bir gal do‘stim boshlagan marosimning shunday ajib pallasida davraga qo‘shilib qoldim. Suhbat mavzulari almashib qurilishga, arxitekturaga – tarixiy obidalarimizga o‘tdi. Qadimdan qishlog‘imizda uylarning joylashuvi, shakli, qurilish ashyolari ham qolmadi: eshik-deraza, oshiq-moshiq…
Ko‘p yillar qishloq maktabida o‘qituvchilik qilgan, nafaqada ham qishloqdoshlar ishonchini oqlab, oqsoqollik qilib yurgan Hasan muallim so‘z ochib qoldi:
– Sizlar aytadigan “oshiq-moshiq”ning asl turkcha nomi bor, bilasizlarmi? – Hamma yelka qisdi. Muallim davraga bir ko‘z yugurtirib gapida davom etdi. – Turum! Yaqingachayam shunday darvoza-eshiklar bo‘lardi, tepa va quyi qismidagi yog‘och o‘yilib, to‘qmoqdek tiqib qo‘yilgan, bu eshik-derazalarning ochib yopilishini ta’minlaydi.
“Turum” so‘zini hozir ham ishlatamiz, asl ma’nosida emas, ko‘chma ma’noda. O‘z so‘zida, lafzida turmaydigan kishilarga “falonchining turumi yo‘q ekan” deb nisbat beramiz. Biz bo‘lsa, turumni “oshiq-moshiq”qa, buniyam qo‘yaturaylik, o‘rischa “chasvok”ka almashtirib olganmiz…
Shunday chiroyli so‘zimiz ona tilimizdan tushib qolayotgani achinarli. Eh-he, bu kabi so‘zlar qancha?!
“Kavkaz asirasi yoki Shurikning yangi sarguzashtlari” filmida bosh qahramon Shurik ta’tildan foydalanib, xalq og‘zaki ijodi namunalarini yig‘ish uchun olis qishloqqa boradi. Bu voqea bejiz yaralmagan, bir paytlar folklorshunoslar, tilshunoslar qishloqma-qishloq, ovulma-ovul kezib yurgan. O‘sha manzil-u go‘shalarning tuprog‘idek qadimiy keksa bobo-momolar bilan suhbatlashib, xalq tilidan so‘z yiqqan. Rus tili yoki boshqa ajnabiy tillardan so‘zni osongina o‘zlashtirib olmagan. Davrlar o‘zgaryapti, avlodlar almashyapti, jadallikka mahkum dunyoda tahdidlar ortayapti, tillar, so‘zlar, atamalar, terminlar shaklida tilimizni yemiryapti. Bugun uning qaddini rostlab qo‘ymasak, keyin kech bo‘ladi, nazarimda. Tilimizning lug‘atini o‘z xazinamiz bilan boyitish maqsadida yuqoridagi kabi sayohat-tadqiqotlarni bugun ham tashkil etish o‘rinli bo‘lar edi, deb o‘ylayman.
* * *
– Shoir, internetda til haqidagi tortishuvlarni ko‘rayapsizmi, – deb qoldi poyezd kuzatuvchisi bo‘lib ishlaydigan tanishim. – Biror narsa qoralamaysizmi?
– Ha, ko‘rib borayapman. O‘ylab yuribman, nimadir yozaman deb.
– Yozing, hammasini aytib tashlang! – Yuziga qizillik yugurib ketdi. – Bolasini o‘ris maktabga yetaklab borib, o‘zbekchada yaxshi bilim ololmaydi deb o‘ziga, millatiga tosh otib yurganlarini ayting…
Adliya vazirligi davlat tilida ish yuritishni ta’minlamagan mansabdor shaxslarga javobgarlik belgilashni ko‘zda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqib, jamoatchilikka e’lon qildi-yu, yurtdoshlarimiz orasida katta muhokamalarga sabab bo‘ldi. Dolzarb mavzu atrofidagi bahs-munozaralar toshqini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan toshib, ijtimoiy tarmoqlarda ham uchqun berdi.
Ushbu qonun bilan “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeksning 42-moddasi ikkinchi qism bilan quyidagicha to‘ldiriladi:
“Davlat organlari va tashkilotlarida ish yuritishda davlat tili haqidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etmaslik, mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi”.
Albatta, bu rusiyzabon millatdoshlarimizni cho‘chitib yubordi. Ona so‘zini ham bolasiga “mama” deb o‘rgatadigan (shunday bo‘lgandan keyin qanday qilib Ona tilini hurmat qiladi) va buni madaniy hayoti darajasini yuksak ko‘rsatadi, deb tushunadigan ayrim kishilar ma’qul topmadi. Sohalarda yaxshi kadrlarni boy berish, rivojlanishning yo‘lini to‘sish, millatchilik qilish vajlarini keltirib, tish-tirnog‘i bilan qarshiligini namoyon etdi. Albatta, qonun loyihasini ma’qullagan millatparvar ziyolilarimiz, yurtdoshlarimiz ko‘pchilikni tashkil etdi (afsuski, ularning ham aksariyati farzandlarini rus tilli maktablarda o‘qitishni ma’qul ko‘radi).
Mamlakatimizda ham bir qancha davlatlarning madaniyat oshyonlari o‘z tillari va madaniyatini targ‘ib etish bo‘yicha faoliyat yuritadi. Maqsad, sarhadlaridan ortib, tilini, urf-odat va an’analarini, ijtimoiy-siyosiy qarashlarini keng quloch ottirib, ildizini zamin uzra yoyishdir.
Til – nomus, til – o‘zlik. O‘zligini unutgan millat o‘zga millatlarga ergashishga moil bo‘ladi. Faqatgina moil bo‘lmaydi, o‘zganing qo‘njida kun ko‘rishga majbur bo‘ladi. O‘zbek tili faqat O‘zbekistondagi o‘zbeklarning tili emas, balki dunyo o‘zbeklarining ham ona tilidir. Afg‘onistonlik turkshunos Hamid Todoshning yozg‘irib aytgan gapi hech yodimdan chiqmaydi: “Ta’lim forscha, o‘zaro muomala-munosabat forscha, Afg‘onistonda qancha-qancha o‘zbek qishloqlari forslashib, forscha tutum va udumlarga ergashyapti. Ular yaqin yillarda o‘tmishi, tilini unutib yuboradi”.
Bundan kelib chiqadiki, biz o‘z vatanimizda Ona tilimizga haminqadar munosabatda bo‘lsak, uning qadr-qimmatini qalbimizda, hayotimizda mustahkamlamasak, xazinamizni boy berayotgan bo‘lamiz.
Davlat til narvonini qancha mustahkam va baland qo‘ysa, mamlakat shuncha yuksaladi, dunyoda dovruq topadi. Rasmiy hujjatlar – qonunlar, farmon-u qarorlar, xatlar o‘zbekona qarash, fikr chorlovi, boy tafakkur bilan o‘zbek tilida yozilishi, idora qilinishi joiz. Zarur hollarda boshqa tillarda tarjima qilish o‘rinlidir.
Ayrim vazirlik va idoralarda, yirik davlat tashkilotlarida hujjat ishlarini yuritish rus tilida yozilib, keyin o‘zbek tiliga o‘giriladi. Qarabsizki, jumlaning boshi yo ildizini topolmay, mag‘zini chaqolmay dilingiz xufton, ta’bingiz tirriq bo‘ladi.
Yana bir gap. O‘zimizning tadbirkorlar tashkil etgan, asosan, o‘zbeklar ishlaydigan xususiy kompaniyalar idoralarida bo‘lib qolsangiz, o‘zingizni butunlay boshqa mamlakatdagidek his etasiz: muomala-munosabatdan tortib, hujjat yuritishgacha barchasi rus tilida. Ular bergan e’lon va reklamalar, shartnoma matnlari ham ajnabiycha – yo ruscha, yo inglizcha.
Masalan, avtomashina yoki uy olmoqchi bo‘lsangiz, qo‘lingizga rus tilida yozilgan shartnoma tutqazadi. Unda esa tomonlarning huquq va majburiyatlari, eng asosiy jihatlar yozilgan bo‘ladi. Ertaga bir kelishmovchilik bo‘lsa, “shartnomada yozilgan-ku” deb kaltak o‘zbekning boshida sinadi. Bog‘ qilib, chorva haydab, dalada mehnat qilib, yaxshi niyat bilan ulov sotib oluvchi o‘zbek ruschani tushunmagan bo‘ladi.
Bu qanaqasi?! Axir, O‘zbekistonda davlat tili o‘zbek tili bo‘lsa!!! Aholining 90 foizi o‘zbeklar bo‘lsa! Mijozlar yoki mahsulot iste’molchilarining ham katta qismi, tabiiyki, o‘zbeklar. Biznes, avvalo, ana shu aholiga qaratilgan bo‘lishi kerak. Mansabdor shaxslar elning yetakchilari bo‘lib, buni his etishlari lozim. Inchunin, ma’murlarimiz mas’uliyatini anglamas ekanlar, javobgarlikni his etlishlari kerak.
Daraxt ham qay diyorda unib-o‘ssa, o‘sha xalq, o‘sha millat tilida shivirlaydi. Demak, tilimizning qadr-qimmatini, hurmatini joyiga qo‘yish vaqti keldi…
Bola qalbimizni yashnatgan “Ur to‘qmoq” ertagi ham o‘zbek xalqining, o‘zbek tilining mahsuli. Aytmoqchimanki, zarur bo‘lsa, “ur to‘qmoq”qa aylan, tilim!
ONA TILIMGA
Koshg‘ariy lutf qilgan tabarruk kalom,
Temur tuzuklarda muhr etgan ma’ni.
Sen Arshdan inoyat, moziydan in’om,
Navoiy bog‘isan, Bobur chamani.
Qodiriy ko‘zida qalqib turgan mung,
Fitratning qalbida uyg‘ongan isyon.
Behbudiy dardini so‘zga solgan sen,
Cho‘lponning ko‘ksida porlagan cho‘lpon.
Millat tili – nomus, millat tili – sha’n,
Inson ruhin o‘tda toblaguvchi kuch.
Seni ranjitganlar – yon bermas dushman,
Qancha yog‘iy bo‘lsa, menga kelsin duch!
Endi toshlargamas, ko‘ksimni yorib,
Yurakka yozaman mangu bir bitik.
O, onajon tilim, manglaying yorug‘ –
Asrlar qaddingni rostlab turar tik.
Dunyoda elat ko‘p, til ko‘p shu qadar,
Hech kimdan arzim yo‘q, e’tirozim yo‘q!
Siyoh qurib bitsa, olamda agar
Seni qonim bilan aylayman qutlug‘!
Faxriddin Hayit,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi
«Yoshlik» jurnali, 2020 yil, 3-4-son