Mansurxon Toirov. Amerikaga sayohat yoxud “ko‘ppakcha hayot”

Hozirgi davrda Amerikaga bo‘ladigan yoki qilgan sayohatingiz bilan kimniyam qiziqtira olardingiz. Kolumb, Amerika janoblaridan so‘ng ming-minglab sayohlar ushbu mavzuni qalamga olgan bo‘lsa, bizga yo‘l bo‘lsin.

Mana 25 yil bo‘ldiki, zamon bizning xalqimizga nisbatan yaxshi tamonga o‘zgardi, to‘rt tomonimiz qibla. Qayerga boramiz desak bora olamiz.

Novvoy tandirini ko‘tarib, Isroilga yo‘l olgan bo‘l­sa, men novvoy emas olim bo‘lganim sabab tandirni emas, pos­terimni ko‘tarvolib Amerika tamon yo‘l oldim. Maqsadim AQShning Dember shahridagi konferentsiyada ma’ruza qilish edi.

Aslida Amerika emas, Yaponiyaga ketib qolishimga sal qolgandi. Birdaniga ikki buyuk davlatdan, Amerika hamda Yaponiyada bo‘ladigan konferentsiyalarda ilmiy ma’ruzalarim bilan ishtirok etish haqida taklifnoma kelgan edi-da. Yaponiya, Amerika deya ikki parcha qog‘ozga yozib xaltaga soldim-da, yaxshilab aralashtirib, barmog‘imga ilinganini tortib oldim. Qarasam, barmog‘imga Amerika ilingan ekan. Bo‘ldi, Amerika bo‘lsa Amerika. Yaponiyani ham bir kun borib ko‘rarman, nasib qilsa, ilmiy ma’ruza ham qilarman, dedim-da, Amerika sayohatining tayyorgarligiga bel bog‘ladim. Bel bog‘ladim-u, uni darrovdan yechib tashladim. Sababi, AQSh elchixonasida suhbat bo‘lar, suhbat bo‘lishi uchun oldindan 100 AQSh dollari tashlashim kerak ekan. Suhbatdan o‘tolmasam, pulga kuyarkanman. Mablag‘dan biroz siqilib turgan paytim edi. Bor-ey, bormadim shu Amerikasiga ham, konferentsiyasiga ham. Ikki orada yo‘q puldan ham ayrilib o‘tirmay tag‘in, degan xayol bilan Amerikaga borishni xayolimdan ham chiqarib tashlab, xotirjam ishlab yuraverdim. Bir zamon Amerika elchixonasidan meni so‘roqlab uyimga qo‘ng‘iroq bo‘lib qoldi. Meni Amerikadagi konferentsiyada kutishayotgan emish.

Konferentsiya tashkilotchilarining shartiga asosan, yeb ichish, turarjoy ulardan-u, yo‘lkira haqi mendan bo‘lishi kerak edi.

Yo‘lkirani Amerikadan qaytib kelib biror meni qo‘llashga kuchi yetadigan “tank” topgach, undirishga ahd qildim-da, qarz qavola qilib Amerikaga borish-kelishga chipta oldim. Vizaga to‘lanadigan pulimni Novosibirsk yarim o‘t­kazgichlar fizikasi institutida ushbu institut direktori Rossiya fanlar akademiyasining akademigi Aleksandr Aseevning taklifi bilan tayyorlagan ma’ruzalarim uchun ular to‘lagan pulning bir qis­mi saqlanib turardi, o‘shani bera oldim. Ma’ruzamning posteri ham salmoqli pulga tayyorlanar ekan. Buni hamda vizitkalarimni bir e’tiborli tanishim o‘zining yanada e’tiborli tanishiga aytib, tayyorlab berdi. Samolyot chiptasini arzonroq ko‘­ringani uchun Britishayrvayz kassasidan oldim. Samolyotdagi o‘rindig‘imda o‘tirgan edim, bir ko‘rinishga sodda, mendan yoshi kattaroq kishi kelib yonimdagi bo‘sh o‘rindiqqa o‘tirdi. U Amerikadan bir necha oy oldin kelgan bo‘lib, yana qayta ishlab pul topib kelish maqsadida yo‘lga otlangan ekan. Nima bo‘lsa-da, til biladigan hamroh topganimga juda xursand bo‘ldim. Ko‘rinishidan juda ham sodda bo‘lib ko‘ringan u hamrohim aslida juda ham ichidan pishgan, ko‘p narsani ko‘rgan, o‘ta ishiga pishiq, halol qo‘l odam ekan.

Biz o‘tirgan samolyot Yerevan orqali Londonga borar hamda Londonda bosh­qa samolyotga o‘tirib, Nyu-Yorkka uchishimiz kerak edi. Toshkentdan samolyotimiz o‘z vaqtida ko‘tarilib, Yerevanga yetib olishimiz qiyin bo‘lmadi, lekin Yerevan aeroportidan ko‘tarilishimizga salkam ikki soatcha vaqt ketdi. Buncha vaqt kishini samolyot ichida ezib yuborishini aytish shart emasdir. Nima gapligini bilmadigu, lekin bizlar ba’zan hangomalashib, ba’zan mudrab o‘tiribmiz. Osmonga ko‘tarilganimizdan so‘ng oradan ancha vaqt o‘tib samolyotimiz pastlay boshladi. Oynakdan mo‘ralab, ko‘rinayotgan shahar London bo‘lsa kerak, deya o‘ylayotirmiz-u, shahar mutlaqo Londonga o‘xshamayotganini sezayotirmiz. Mashinalar harakati bizdagidek, uylari ham korobkasimon, SSSR uylariga, stadioni juda ham tanish stadionga o‘x­shaydi. Bir mahal styuardessa xonim “Tbilisi shahriga xush kelibsiz” desa bo‘ladimi, hamma narsa oydin bo‘ldi-qo‘ydi. Bizning samolyotimiz osmonu falakda o‘ziga yonilg‘i qidirib sarson bo‘lib yurgan va nihoyat, Tbilisidan yonilg‘i olishga iloj topgan ekan. Ana sizga, bir kunlik urush-janjal kechgan joydan 40 kun baraka ko‘tarilganiga kichik bir misol. Boku yonginasida bo‘lgan Yerevan Gdlyan-Ivanovning lampashishasiga ham yog‘ topolmasa…

Gapning qisqasi Londonga bizning tranzit samolyotimiz Amerikaga uchib ketgach, mo‘ljaldagidan bir necha soat kechikib yetib bordik. Hamma yo‘lovchilar qatori yurib ketayotgan edik, men va hamrohimni aeroport xodimasi mahkam qo‘limizdan ushlaganicha yugurtirib qaysidir tomonga olib ketdi va qarasak, bir samolyotning ichida o‘tiribmiz. Bizlar arzon bo‘lsin deya ekonomklassga chipta olgan edik, albatta. Endi bizning o‘rindiqlarimiz 350 kishilik aerobusning 1-klassi o‘rindig‘ida edi. Xizmat ham, e’tibor ham, yeb-ichish ham o‘zgacha bo‘lib qoldi. Har birimizning ro‘paramizda bir monitor. Xohlasangiz, u murvatini buraysiz, xohlamasangiz, boshqasini… Amerikaga yetib borgach, yuklarimizni olmoqchi bo‘lgan edik, hali yetib kelmaganini aytishdi. Aeroport xodimi “sizlar adresingizni tashlab ketavering, o‘zimiz shu bugunoq yuklaringizni yetkazib beramiz” desa ham ko‘nmadik. Chunki borar man­zilimiz notayinroq edi. Oradan bir soat o‘tar-o‘tmas Londondan boshqa samolyotda yuklarimiz ham yetib keldi. Ko‘nglimiz joyiga tushib, taksi ushlay boshladik. Sherigim taksining shaxmatsizi ikki barobariga arzonga manzilimizga eltib qo‘yishini bilar ekan. Bir qora rang bizda “Jip” deyiladiganini sherigim arzon-garov kira qildi-da, bizlar Nyu-Yorkning Brayton bich degan yeriga yetib bordik. Yuklarimizni tushirib bo‘lib kelishganimiz bo‘yicha kira haqini haydovchiga uzatgan edik, u yana qo‘shishni so‘radi. Sherigim ko‘nmadi, shunda u mashinasini g‘izillatganicha, jo‘nab ketdi. Bir payt qarasam, konferentsiyadagi ma’ruzamga o‘ta zarur posterim yo‘q. Mashinada ketibdi. Haydovchi shu posterni mabodo, yana pul qo‘shsak berishni mo‘ljallagan ekan, chamamda. Endi buyog‘i qandoq bo‘ldi, deya boshim qotib qoldi… Tong-sahar edi. Sherigim ikkimiz shu atrofdagi uch qavatli uyning ikkinchi qavatida joylashgan oshxonasiga kirib, tong otguncha o‘tirib chiqdik. Ushbu oshxona burchagida bir sarg‘ish rangli men ilgari ko‘rmagan narsa turardi. Sherigim menga uni ko‘rsatib buni yaxshilab tanib oling, pol yuvadigan dastgoh, bizga bunday matoh ko‘p asqotishi mumkin, deb qo‘ydi. Men “bu gap shunchaki bir gapdir” dedim-da, unga unchalik e’tibor bermay mudrashda davom etaverdim…

Kun yorishgach, sherigim Yulduz aka degan amerikalik o‘zbek odamni qidirib ketdi. Uning shu o‘ramda uch-to‘rtta ko‘p qavatli uylari bo‘lib, bizga o‘xshagan musofirlarga ijaraga joy berib turarkan. Shu tobda biz oshxonasida o‘tirgan uy ham o‘sha kishining uyi ekan. Shuncha uy-joyi, mol-dunyosi bo‘lsa-da, Yulduz aka birda Toshkentdan qaytib kelayotgan otasini kutib olgani aeroportga chiqqanida qimmatsirab mashinasini aeroport stoyankasiga qo‘ymay (soatiga 13 AQSh dollari) aeroport atrofida aylanib yurgan ekan…

Bir payt sherigim xomush qaytib keldi. “Ha” — desam, “joy yo‘qmish. Yuklarimizni joylashtirishgagina joy berdi. O‘zimizga hu anavi uyga qoron­g‘i tushgach, kirib yotib yursangizlar bo‘ladi” dedi, deya oshxona oynasidan ko‘rinib turgan binoyidek uch qavatli uyni ko‘rsatdi. Bu uyni xitoylik bir kishi sotib olibdi. Yaqinda uni buzib, yangisini, hashamatlisini qurar ekan.

Yuklarimizni joylashtirdik-da, uxlamagan bo‘l­sak-da, shahar aylanmoqchi, metro o‘rindig‘ida biroz mizg‘ib ham olmoqchi bo‘l­dik. Men Denverga borguncha bir haftacha Nyu-York­ni tomosha qilishni mo‘ljallab chipta olgan edim. Shuning uchun shaharni aylanishga oshiqardim.

Biroz yurganimizdan so‘ng ruschada “stol naxodok”ga o‘xshash bir yozuvga ko‘zim tushib qolsa bo‘ladimi. Umid uchqunlari paydo bo‘lib, o‘sha yozuv tomon yurdim. U yerda o‘ndan ortiq odamlar nimadir ishlar bilan band, yozib-chizib o‘tirishibdi. Hammasining oldida bir-ikkitadan odam. Bir kelishgangina o‘rta yoshlardagi rus ayolini xoli ko‘rib, oldiga bordim. U ayolga endigina dardimni aytmoqchi edim, to‘lib turgan ekanmi, o‘zining hayotidan gap boshlab qoldi. Odob saqlab, uni tinglay boshladim.

“Bilasizmi, men kimning xotiniman? Mening erim Falonchi Falonchiyevich. Chelyabinsk traktor zavodi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari edi. Chelyabinsk zavodi bosh direktori degani, bu Ittifoq ministri degani, shuni bilasizmi? Tushunyapsizmi?! Bu yoqqa kelganimizga buncha yil bo‘ldi. Kelganimizdan beri erimning qilmagan ishi qolmadi. Hozir metro relsining ulangan joylarini, g‘ildiraklarni moylab yuradi. Kinolarda ko‘rganmisiz shunaqa ishlar qilib, poyezd g‘ildiraklarini moylab, taraq-turuq qilib yuradigan odamlarni? Ha balli, shular kabi” deya ancha hovridan tushib, keyin mening savolimga kim javob berishi mumkinligini qo‘li bilan ko‘rsatib yubordi. Albatta, posterim topilmadi. Ikki enlik ariza yozaman desam, falon pul to‘lash kerak ekan, yozmay qo‘ya qoldim, chunki ular posterni topishgunicha konferentsiya yakuniga yetishiga aqlim yetib turar, men bir haftadan so‘ng Nyu-Yorkdan Denverga uchib ketishim kerak edi. Pul bor-ku, biror joyda posterni qaytadan tayyorlatib olarman o‘sha arizaga ketadigan pulga” deya o‘zimcha yupangan bo‘ldim.

 U yerdagilarga rahmatimni aytib hamrohim oldiga chiqdim. Unga bor gapni aytib berdim. U ham taqdirga tan berganimga xursand bo‘ldi-da, “bu yerda avtobuslarga qog‘oz pul o‘tmaydi, tanga pul kerak bo‘ladi. Metrodan tashqari avtobusda ham ko‘p yuramiz. Anavi gazeta sotadigan kioska Obid akaniki. Shu kishining oldiga boring-da, o‘n-o‘n besh so‘mlik tanga qilib oling. Men unga tayinlab qo‘yganman. Ungacha mana bu do‘konga kirib bir tanishim bilan hol-ahvol so‘rashib olaman” deb menga maslahat berdi.

Amerikalik o‘zbeklar o‘zaro gaplashganda dollarni so‘m deb atashar ekan. Men ham kioskaga borib Obid aka bilan salom-alik qilib, o‘zimni tanishtirgan bo‘ldim-da, biroz pulimni tangaga aylantirib, kioskadan ikki qadam uzoqlashganimni bilaman, bir odam meni xuddi eski qadrdonini quchoqlagandek achomlab oldi-da, kioska ro‘parasida har xil mayda-chuydalar sotiladigan do‘koni tomon boshlab borib, u yerdagi katta-katta to‘g‘nog‘ichlardan olib mening ko‘krak va shimim cho‘ntaklarini to‘g‘nog‘ich bilan tang‘iy boshladi va pulni munaqa ochiq-sochiq olib yurmaslik kerakligini, cho‘ntaklar to‘g‘nog‘ich bilan tang‘ib qo‘yilsa, pul mahkam turishini qayta-qayta ta­yinladi. Men unga rahmatlar aytib hamrohimni qidirib ketdim. U ham oshnasi bilan xo‘shlashib, kelayotgan ekan.

O‘ta sodda odam ekanman… Birozdan so‘ng haligi to‘g‘nog‘ichlar qadalgan cho‘ntaklarimni kavlashtirganimni bilaman, bir “so‘m”im ham qolmaganini ko‘rdim. Haligi do‘kondor o‘zbek “qadrdonim” bor pulimni epchillik bilan olib qo‘ygan ekan. Nima qilishni bilmay, garangsib qoldim. Obid akada pul maydalayotganimda pullarga ko‘zi tushgan do‘kondorning qo‘liga pullarim o‘tib ketgan edi. Yaxshiyam pasportim bilan Toshkent­ga qaytar aviachiptam o‘zimda qolibdi. Ana qin­g‘ir qo‘lning chaqqonligi. Toshkentning manaman degan kissovuriyam u do‘kondorning oldida ip esha olmasa kerak. Damim ichimga tushib ketdi.

Barcha rejalarimning oyog‘i osmondan bo‘ldi. Yaxshiyamki, sal oldinroq mendan qarz so‘ragan hamrohimga 100 so‘m berib qo‘yganim… Unga ham bir so‘z aytishga majolim qolmadi. Noiloj biroz vaqt o‘tib unga yorildim. U menga tomosha qovoqqa qaragandek angraygancha picha boqib turdi-da: “Bo‘lar ish bo‘pti, “bilsa — hazil, bilmasa — chin” debdi-da nomard! Bersa shu paytgacha berardi. Bu gapni ko‘tarsak sharmandagarchilikdan bo‘lak narsa bo‘lmaydi. Bu yerda yashashimiz og‘irlashib ketadi. Endi ikkimizning sharoi­timiz bir xil bo‘libdi. Men ham pulsizman, siz ham pulsiz qolibsiz. Ishlamasangiz bo‘lmaydi. Ish topish kerak! Ish topish kerak! Ish topish bu yerlarda judayam qiyin. Yoki uydan pul so‘rab ko‘rasizmi?” deb menga jiddiy qarab qo‘ygan edi, men uydan pul so‘rashga botinolmasligimni bildirdim. Ikki pulsiz hamroh besh kechani o‘sha xitoy sotib olib buzmoqchi bo‘lgan 40-50 xonali isitilmaydigan, harorati 0 graduslar atrofidagi muzdek, buning ustiga chiroqsiz uyning bir xonasida o‘tkazdik. Ustimizdagi kiyimlarimiz: to‘shak, ko‘rpa, yostig‘imiz das­turxonimiz bo‘ldi. Ushbu “muzxona”da uxlab kunimizni o‘tkazib yurgan kezlarim hamrohim bir kuni erta sahar uyg‘onganimizda: “Qanday, o‘tib ketgan yaqin-yiroqlaringiz tushingizga kirib turibdimi?” deb qoldi. Men “ha” dedim. Shunda u: “Bu yerda shunaqa, nima uchundir betinim bizning yurtimizdan kelganlarning tushiga bir-ikki hafta davomida bu olamni tark etib ketgan yaqinlarining ruhi kirib turadi, ajablanarli ho­lat, a?” deb qo‘ydi. Men o‘sha suhbatdan buyon bunda qanday sinoat bor ekan, deya ko‘p o‘ylayman, chunki bunday bo‘lishini men birovdan eshitsam, “ha, endi odatdagi loflardan biridir-da, yolg‘on-yashiq aralash gapdir-da”, deb uncha e’tibor qilmasligim mumkin edi, lekin bu voqea o‘zimning boshimdan o‘tgan edi-da…

Tovuqning sonini qovurmoqchi bo‘ldim-u, qanday qovurishni bilmay garang bo‘lib turuvdim, ushbu biz birinchi kechani Farrux aka bilan birga o‘tkazgan oshxonaga birin-ketin oltita o‘zbek ayoli kirib kelib, bir stol atrofiga o‘tirib o‘zlarining bir hafta mobaynidagi hayotlari qanday o‘tgani haqida suhbatlasha boshladi. Men fursatdan foydalanib, ularga murojaat etgan edim, nisbatan yoshi kattarog‘i ikkinchisiga: “Falonchi, turing, ko‘rsatib yuboring” deya murojaat qildi. U ikkinchi ayol chap qo‘li kaftiga bir osh qoshiqcha tuzdan to‘kdi-da, qo‘limdagi tovuq sonini olib, ikki tomonini yaxshilab tuzlab singdirgach, uni qizib turgan moyga tashlab, bir tomoni biroz qizigach, ikkinchi tomonini ag‘darib, uni ham biroz tobiga kelgach, qozondan olib, tarelkaga qo‘ydi va ikkinchi tovuq sonini ham shunday qilishimga meni undadi-da, “qizartirib olgach, hammasini birato‘la qozonga solasiz-da, pastroq olovda dimlab qo‘ya­siz”, deya pazandalikdan ta’lim berib, suhbatini davom ettira ketdi.

Men tovuq sonlarining hammasini endigina dimlab bo‘lgan edim, Farrux aka kelib, ayollar bilan eski qadrdonlarday so‘rasha ketdi. Ayollar biroz o‘tirgach, tarqab ketdi. Shunda men bo‘lgan voqeani aytib berdim. Farrux aka: “Bilasizmi, sizga tovuq qovurishni o‘rgatgan kim bo‘ladi?”, deb qoldi. Men bilmasligimni aytdim. U esa ayol mashhur “o‘zbek Pelesi” deb nom chiqargan taniqli futbolchining nomini tilga olib, uning bevasi ekanini aytdi.

Bir-ikki kun o‘tib, hamrohim Yulduz akaning uyi oshxonasida yoshi 50-60 larni qoralab qolgan, oq mag‘izdan kelgan, xushro‘ygina o‘zbek ayoli bilan gaplashib turganini ko‘rdim. U ayol mendan ish topgan-topmaganimni hamda perashka pishirishni bilsam, ish borligini aytdi. Men perashka pishirishni bilmasligimni aytib, “Mana, Farrux aka — do‘stim! O‘zigayam, mengayam ish axtarib yuribdi, topilib qolar” degan edim, u ayol: “Amerikada do‘st bo‘lmaydi. O‘zingizga o‘zingiz ish qidirishingizni maslahat beraman”, dedi. U ketgach, “kim bu ayol?” deb so‘raganimda, Farrux aka: “Bu mashhur ko‘prik opa” deb javob berdi. Men hayron bo‘lganimni ko‘rgach, “Bu ayol to‘qqiz yillik bevaligimdan xabardor bo‘lganidan buyon menga turmushga chiqishga ko‘p ishtiyoqmand. Gap-so‘ziga qaraganda, judayam badavlat. Toshkent­da qanaqadir savdo bazalarini uzoq yillar boshqargan ekan. Pul, mol-dunyo degani unda ajib-bijib ketganmish. Uy-joylariga ang­rayib qolarmish kishi. Bu yerlarda necha yildan beri perashkachilik qilib boyligiga anchagina boylik qo‘shganiga shubha yo‘q. Ort­tirgan puliga brilliant ko‘zli uzuk, ziraklardan sotib olib, Toshkentga qayt­moqchi. Shunga meni ertaga birga hamroh bo‘lib yurishimni so‘rab kelibdi”, — dedi. — Ha, mayli, o‘tgan ishga salovat. Men bugun sizga bir ish topdim. Bir paytlar o‘sha yerda ishlaganman. Oshpazi Karen deganlari g‘irt ablah odam. O‘shaning sassiq gapiga, kibri havosiga chidasangiz, ishlab yuraverasiz. Nyu-Yorkdagi eng ablah odamlar oshpazlar bo‘ladi, hali keyinchalik bu gapimning mag‘zini chaqib olarsiz. Men u Karenning injiqligiga bir oydan ortiq toqat qila olmaganman. U restoranni, bu yerda bizlardagi kafelarni ham res­toran, “EvroAziya” deyi­shadi. Xo‘jayini Yura, o‘zimizning Buxoro juhudlaridan. Sizni, mayli, ertadan ish boshlasin, dedi. Borasizmi? — degan edi, boshqa ilojim yo‘qligi bois, tasdiq ishorasini qilib “rahmat” dedim.

Karen deganlari birinchi kuni dashnom bermadi, go‘yoki meni sezmagandek yurdi. Bizning milliy taomlarimiz: lag‘mon, manti, shashlik kabilarni tayyorlashda juda ham mohir ekan. Ayniqsa, lag‘monni juda ham eshib qo‘yarkan. Mazza qilib bir kosa sergo‘sht lag‘monni yeb tushlik qilib oldim. Asosiy ishim idish-tovoq yuvish ekan. Keyin u yoq-bu yoqlarni artib-surtib yurish bilan shug‘ullandim. O‘zimcha yaxshi ishlagan bo‘ldim. 8 soat o‘rniga 12 soatcha ishlab berdim. Ish haqi esa kunbay va 8 soatga beriladi. Ertasiga ham ishga kelishimni aytishdi. Shunda ular bilan nonushta qildim. Nonushta degani ikkita qovurilgan tuxum, bir-ikki burda non va choy ekan. Ertasi kuni Karenning ablah qiyofasi soat sayin ochila boshladi. Ustiga-ustak ular qo‘yning ustki yog‘ini qirib axlatga tashlashar ekan, men shu yog‘larni turar makonimdagi hamrohimga olib ketsam bo‘ladimi, deb so‘rab boshim baloga qoldi. Bunday qilib bo‘lmas ekan. Axlatga tashlansa tashlanar ekan, lekin hech kim u yerdan biror narsa uyiga olib ketishi mumkin emas ekan. Bu bir aybim bo‘lsa, ikkinchisi Karenni bir bora hammaning oldida rosa bo‘ralab so‘kib tashladim. Albatta, endi u yerda ishlashim haqida gap bo‘lishi mumkin emas edi. Ish kunining oxirida Yura hozircha mening mehnatimga hojat qolmaganini, shuning uchun manavi ish haqqing, deya 100 so‘mni qo‘limga tutqazib, kerak bo‘lib qolsam, chaqirishini aytib, do‘stona xayrlashdi.

Farrux aka ish qidirib allaqayoqlarga ketib qol­di. Men Yulduz akaga Yuradan olgan pulimni berib, qolganini qarz qilib turing, deya iltimos qilib, xonalaridagi karavotlardan birining ikkinchi qavatidan joy oldim. Xonani shifti past bo‘lib, karavotda o‘tirib qo‘limni ko‘tarsam, shift­ga tegardi. Ushbu xonada uxlagan birinchi kunning yarim kechasida birdaniga o‘ng oyog‘imning boldiri tomiri tortishib qolsa bo‘ladimi?! Dod devorishimga oz qoldi. “Ix. Ix” deyman, xolos. Chiroq yo‘q — zimiston. Ishdan charchab kelgan notanish hamrohlar pishillab uxlayapti. Oyog‘imni silaganim bilan bo‘lmayotir. Tik turishning iloji yo‘q, shift pastakkina. Pastga tushishning ham iloji yo‘q, oyoq bunga mutlaqo yo‘l bermayotir. Bilmadim, bu azob qancha vaqt davom etganini… Shu-shu, o‘rnimga shimim bilan yotadigan bo‘ldim…

Ushbu xonaga joylashganimning ertasiga kechga tomon Yulduz aka Husan aka ismli mo‘min-muloyim odam bilan mendan hol-ahvol so‘ragani kirib keldi. Biroz gaplashib o‘tirgan ham edikki, bir zamon qo‘shni xona tomonda “dupur-dupur” boshlanib ketdi. Shunda Yulduz aka “Bugun tag‘in arab ko‘proq ichib kelgan ko‘rinadi” deb Husan akaga ma’noli qarab qo‘ydi. Qo‘shni xonadagi “dupur-dupur” birozdan so‘ng “gurs-gurs”ga aylanib, naq ro‘paramizdagi gips devor teshildi-da, arabning etik kiygan bir oyog‘i biz tomonga devorning o‘pirilgan joyidan chiqib keldi…

 Ish qidirib yurib “Odessa” degan rosmana katta restoranga ko‘zim tushib qoldi. O‘zbeklarda palovxonni pishira olmaydigan erkak kam topilsa kerak. Tavakkaliga shu restoranga kirib borib uning xo‘jayini Maratga o‘zimni Toshkentning “Guliston” restoranida oshpaz bo‘lib ishlaganman, deb tanishtirdim. Marat shef oshpaz ayolni chaqirtirdi. U ayol mendan qanday taomlar tayyorlashim mumkinligi haqida so‘ray boshladi. Og‘zimdan “Kiyev kotleti” nomi chiqqanida bu kotletni tayyorlash texnologiyasi qanaqa bo‘lishini mendan ijikilab so‘ray boshladi-da, javobimdan qanoatlanmay Maratga qarab bosh chayqab qo‘ydi. Marat esa “balki Toshkentda Kiyev kotletini shunaqa tayyorlashsa kerak-da, ha mayli, bizga bir osh qilib ko‘rsatib bersin-chi”, dedi.

Men shef oshpaz bilan ikkinchi qavatga ko‘tarildim. Restoran anchagina katta — 400—500 mijozga mo‘ljallangan edi. Shu kun kechki ovqat mahaliga ularda to‘y o‘tkazish mo‘ljallangan bo‘lib, 5-6 kilo guruchli osh bu to‘y qatnashchilariga yetib ortishi aniq edi. O‘n-o‘n besh nafar ayolu erkak turli taomlar: qizil baliq, qorayu qizil ikra, har xil “zakuska”larni tayyorlash bilan mashg‘ul, meni mutlaqo sezmagandek bari beparvo edi. Oshpaz menga go‘sht va boshqa masalliqlardan olaverishim mumkinligini aytib, o‘zimga ma’qul gaz o‘chog‘ini tanlab olishimga imkon berdi. Olti kilo guruchni damlashga qurbi yetadigan yaxshigina qozonsifat idishni tanlab, gaz o‘chog‘ini ham ko‘ngil to‘larini oldim. Go‘sht-sabzilarni qovurib, guruchni suvga ivitib qo‘yib, u-bu ish bilan mashg‘ul bo‘lib tursam, bir chaqqon guruch ivitib qo‘y­gan idishimni ag‘darib tashlabdi. Buni bilgach, tezda oqib ketmagan guruchlarni yig‘ishtirib olib mo‘ljallab ko‘r­dim. Xiylagina kamaygan. Qozonda qaynab turgan masalliq suvidan chamalab bir qismini bo‘sh idishga olib qo‘yib, guruchni qozonga soldim. Mo‘ljalni yaxshi olgan ekanman. Osh chunon o‘xshadiki, asti qo‘yaverasiz. Bosh oshpaz kelib oshdan bir-ikki cho‘qim yeganidan so‘ng bir narsa degan edi, xuddi tovuq jo‘jalarini chaqirganidek o‘n-o‘n besh chog‘li odam bari qozonni o‘rab olib har biri likopchasiga oshdan solib yeya boshladi. Oshpaz oshdan Maratga yetkazishimni buyurdi. Men bir likopcha oshni olib Maratga olib tushdim. Marat oshdan bir ikki cho‘qim yegan bo‘ldi-da, cho‘ntagini kavlab menga 20 so‘m uzatdi. Kerak bo‘lib qolsam, qanday topish mum­kinligini so‘radi. Men pulsiz bo‘lsam-da, 20 so‘mni olmadim. Marat bergan pul qilgan mehnatimga arzimas edi. Xafa bo‘lib restorandan chiqib ketdim…

Nyu-York shahrida mabodo 911 raqmiga qo‘ng‘iroq qilsangiz, uch xizmat: politsiya, tibbiyot va o‘t o‘chiruvchilar komandalari alo­hida-alohida bo‘lib ayt­gan joyingizga yetib boradi va hammasi mustaqil ravishda chora ko‘ra boshlaydi. Yulduz akaning uyida rost­mi-yolg‘onmi ik­ki o‘z­bekistonlik o‘zaro musht­lashib janjal qilayotganlaridan bezor bo‘lgan bir meksikalik ayol shu raqamga qo‘ng‘iroq qilgach, yetib kelgan politsiyachilar u janjalkashlarni o‘z mashinalariga tiqib ketish bilan birga o‘sha yerdagi boshqa ba’zi xonalardagi ijarada yashovchilarning ham hujjatlarini tekshirishib, bundan bor-yo‘g‘i 15 kuncha oldin O‘zbekistondan kelgan bir yigitni janjalda ishtirok etmagan bo‘lsa-da, deportatsiya qilib yuborgan ekan. Menga Farrux akadan yetib kelgan uzuq-yuluq gaplarga qaraganda, u sho‘ri qurigan o‘z vizasini 18000 AQSh dollariga rasmiylashtirgan ekan. Men elchixona xodimining bunday ishga qo‘li borishini mutlaqo ko‘z oldimga keltira olmayman. U vizaning qalbaki ekanini o‘sha politsiyachilar balki biror usul bilan sezib qolishgandir-da, o‘sha sho‘r­lik kamida 18000 dollarga tushib qolgandir-da, dedim. Janjal qilganlarning biri “men Amerikani, amerika xalqini juda ham yaxshi ko‘raman…” degan ekan, ertasigayoq bo‘shatib yuborishibdi…

Kasal bo‘lib qolganim sababli konferentsiya ishi­da ishtirok eta olmasligimni ming xijolat bilan uzr tariqasida internet orqali Denverga yozib yuborishga majbur bo‘ldim. Uydagilarga ham bu yerda mo‘may pul beradigan ish topganim sababli 5-6 oy ushlanib qolishimni bildirib qo‘ydim. Albatta, bu xatimdan uydagilar, ayniqsa, xotinim xursand bo‘ldi. Pul olib boraman-da…

Yana ish qidirishga tush­dim. Pul yo‘q. Qorin o‘lgudek och. Hech kimga dodingni aytolmaysan. Farrux akadan ham darak yo‘q. Brayton ko‘chasidagi Obid akaning kioskasidan sal naridagi jamadonlar sotiladigan do‘kon tomon ketayotsam, bir tanish chehra ayolga ko‘zim tushib qoldi. Ne ko‘z bilan ko‘ray, o‘zim bilan bir paytlar ishlagan Shoira Rasulevna. Omonlashdik. Shoira Rasulevna ham meni ko‘rganidan quvonib ketdi. Bizlar ko‘p yillar bir tizimda ishlagan bo‘lsak-da, kamdan-kam ko‘rishganmiz. U tashkilotimizning Tosh­kent shahar bo‘limini boshqarardi. Men bosh apparatda edim. Bu yerda esa darrov eski qadrdonlardek bo‘lib ketdik. U jamadon do‘konidagi bir-ikki buyumni ko‘rgandek bo‘ldi-da, ikkimiz bir chaqirimcha narida odamlar bola-chaqasi bilan dam olib sayr qilib yuradigan ko‘l atrofiga borib bir skameykaga o‘tirdik. Shoira Rasulevna qancha muddatga kelganimni bilgach, “Kelganiz yaxshi bo‘libdi. Endi bu olti oy degani bir pasda o‘tadi-ketadi. Yo‘lkira xarajatini qoplashning o‘zigayam ancha mehnat qilishingiz kerak. Bu muddatni cho‘zishga qanday hujjatlar to‘ldirish kerak bo‘lgan qog‘ozlar menda bor. Uy egalari soat to‘rt­da uydan chiqib ketishadi. Ungacha men uyga borishim mumkin emas. Soat to‘rtda men turgan uyga birga boramiz-da, sizga u qog‘ozlarni berib turaman. Bir nusxa ko‘chirib olasiz” dedi. O‘sha atrofda bir-ikki soatcha aylanib yurgan bo‘ldik. Shoira Rasulevnaning “uyi”ga kirib borayotganimizda eshik yonidagi ayvonchada ikki-uch mahalliy oqbadan ayol gaplashib o‘tirgan ekan. Ular bilan omonlashib ichkariga o‘tdik. Shoira Rasulevna meni bir mo‘jazgina stol chetidagi stulga o‘tqazgach, oldimga ikkita qaynatilgan tuxum, bir-ikki burda qora, oq non yana quritilgan kartoshka yaproqlari bor qutichani qo‘ydi. Bir chashkada choy berdi. Men tortinib ham o‘tirmadim. Kechadan buyon tuz totmagan edim-da. Maza qilib u taomlarni yeb oldim. Shu orada Shoira Rasulevna o‘sha atrofda kimningdir go‘dagiga qarab yurgan o‘zi tengi baodob dugonasini telefonda chaqirishga ulgurgan ekan, u aravachadagi go‘dak bilan kelib qoldi. “Begona erkak bilan yolg‘iz uyingda bo‘ldi” degan gap-so‘zdan o‘zini ehtiyot tutgan va lekin ushbu noqulaychilik bo‘l­gan taqdirda ham menga Shoira Rasulevna himmat ko‘rsatib, kelajakda nafi tegar bunga, deya haligi qog‘ozlarni berishga jazm qilganiga tasannolar aytmay ilojim yo‘q. Men Shoira Rasulevnaga pulimni oldirib qo‘yganim va kechadan buyon tuz totmaganim haqi­da gapirib o‘tirmadim. Qog‘ozlarni ko‘chirib olganimdan so‘ng stol ustidagi kartoshka yaproqchalari solingan qutichani qo‘limga tutqazib, ikki dugona aravachani galma-gal g‘ildiratib borib ancha joygacha kuzatib qo‘yishdi. Shu bilan u opa bilan na Amerikada va na Toshkentda boshqa ko‘rishganimiz yo‘q.

U yerdan qaytar chog‘imda “Odessa” restorani oldidan o‘tib qoldim. Shunda men halol pulim-ku, 20 so‘m bo‘lsayam, olib keta qolay deb ichkariga kirgan edim, eshik oldida turgan shveytsar tanib qolib, men pishirgan palovni bir maqtadi-bir maqtadi, qo‘yaverasiz. Oshning mazasi og‘zida qolganmish. Ke­yin bilsam, Marat bergan palovimning idishda qolganini o‘sha shveytsarga bergan ekan. Marat meni ko‘rgach, indamasdan 20 so‘mni cho‘ntagidan chiqarib uzatdi. Men rahmat aytib, chiqib ketaverdim. Mabodo, bir ishga zarurat bo‘lib qolsa-chi, deya u pulni ishlatishga qo‘rqar edim. Shaharni aylanib tomosha qilish esa mutlaqo xayolimdan ko‘tarilib ketdi. Hayotim uchun o‘zim bilgancha kurashayotgan edim.

 Bir “korobka”cha kartoshka yaproqlarni ikki kun ermak qildim. Anchagina sillam qurigandek bo‘ldi. Bir vaqt bostirmadagi xonamga Sayohat (ba’zi ismlarni majburan o‘zgartirib boraman) ismli ellik yoshlar chamasi qotmadan kelgan bir o‘zbek ayoli kirib keldi. U haqda menga Farrux aka bir uchrashib qolganda: “Uch-to‘rt yildan buyon shu yerda. Bola-chaqasi Toshkentda. Quda-andali ayol. Bu yerda ham o‘zimizdan kelgan bittasiga tegib olgan”, degan edi… Ayol ichkariga kirar-kirmas, salom-alikdan avval dabdurustdan: “Oshpaz ekansiz, shundaymi?” deb so‘rab qoldi. Men “shunday” deb javob berdim.

— Gena va Karen ismli toshkentlik yigitlar restoran ochishgan. Shunga milliy taomlar tayyorlay oladigan oshpaz kerak bo‘lyapti. Haftasiga 450 so‘m bermoqchi, borasizmi? — dedi. “Boraman” dedim. (Buni qarang, bu safar ham tomoq ilinjida Karen deganga ro‘para bo‘larkanman-da!).

U yerda sizga bir o‘ris oshpaz bosh bo‘ladi, boshlanishida ikki kun tekinga ishlab berasiz” deb qo‘ydi gap orasida.

Men rahmat, dedim-u, Toshkentdagi “Guliston” restoranining oshpaziman deb, o‘sha restoranchaga bordim. Bu yog‘i Mark Tvenning ahvoli… Tirikchilik qilishim kerak-ku, axir, nima qilay? Ochimdan o‘lay deb turgan bo‘lsam. Gadoylikka bo‘yin yor bermasa, umuman olganda, Amerikada birorta ham tilanchi yoki “bomj”­ni uchratganim yo‘q. Mening Amerikada birinchi gadoy yoki “bomj”ga aylanish ehtimolim uncha uzoq emas edi…

Oshpaz Ivan meni yaxshi kutib oldi. Ich-ichimdan xursand bo‘ldim. Zora yaxshi odamni uchratgan bo‘lsam, degan umidda barcha aytganlarini qilib yurdim. Ivanboy ishiga puxta yigit ekan. Lekin u ham xasis chiqib qoldi. Chamamda o‘zim mus­taqil ravishda ish boshlamagunimcha menga loaqal bir dona tuxum yoki bir burda non ham bermaydigan ko‘rinadi. Qo‘l ostimda shuncha yegulik bo‘lsa-yu, botinib yeyolmasam… O‘zimcha biror narsa pishirib yey desam, Ivanning jahli chiqib ketishidan qo‘rqaman. Bu kishi oqib turgan daryodan bir piyola suv ham ilinmaydigan, ichi qora odam ekan. Oradan to‘rt kun o‘tgach, Karen menga endi o‘zimizning milliy taomlarni tayyorlashni boshlashim shartligini aytib qol­di. Uning menga qilgan odamgarchiligini o‘lgunimcha unutmasam kerak. “Xo‘p” deb ishga kirishdim-u, baloga qoldim. Shu kundan boshlab, Ivanning “fashist”ligi tutdi. Yursam ham, o‘tirsam ham kalaka qiladi. Kamsitadi, g‘ashimga tegadigan gaplar qiladi. Qo‘lidan kelgan barcha hunarini ishga soldi. Menimcha, Yuraning hu o‘sha Kareni Ivanning oldida avliyo ekan.

Xalqimizda bir ajoyib naql bor: “Yaxshi bo‘lsa, oshini, yomon bo‘lsa, boshini yeydi” degan. O‘zimizning Karenjon bir kuni Ivanni ishdan quvib yubordi. U menga yomon muomala qilgani uchun quvildimi yoki biror ayb ish qilib qo‘ydimi, ishqilib, daf bo‘ldi. Tagiga yetolmadim.

Xullas, xo‘jayinlarim menga palov tayyorlatib bir yoqqa berib yuborishdi. Sayohat o‘zi kelib oshning ta’mini tatib, maqtab ketdi. U o‘sha yerda zalda ofitsiant ekan, chamamda. Keyin cho‘zma lag‘mon buyurishdi. Buniyam epladim. O‘zimga qoyil qoldim, lekin shu paytgacha “gvozdika” degan narsaning lag‘monga solinishini bilmas ekanman. Shundan pand yedim. Kabobniyam uncha o‘xshata olmadim, chog‘i. Sayohat o‘sha yerdagi erini aytib keldi. U menga kabobpazlikdan picha saboq bergan bo‘ldi. Keyinchalik o‘sha yigitni aeroportda Sayohatni Toshkentga kuzatayotganida yana bir bor uchratib qolib, har ehtimolga qarshi Toshkentdan olib kelgan ikki pochka “Rodopi” sigaretini berib, xursand qilib qo‘ydim.

Amerikadan tugun-tugun sovg‘a-salomlarni olib borgan Sayohatni poytaxtimiz aeroportida toshkentlik eri og‘zi qulog‘ida, quda-andalari, farzandlari, qarindosh-urug‘i, bir zamonlar kosmonavt Tereshkovani kutib olishganidek tantanalar bilan quchoq ochib qarshiladilar.

Xullas, xo‘jayinlarimning istagi bilan qaynatma sho‘r­vaga navbat keldi. O‘zimcha bundan osoni bormi, deya servitamin bo‘lsin deb rosa ko‘katlarni qozonga bosibman, deng. Ichgan odamning ichini achitib yuborganiga shubham yo‘q. Mantini ham bir amalladim. Chuchvara ham tugdim. Bir gal Karenning otasi uch-to‘rtta so‘yilgan qo‘yni butunligicha olib kelib oldimga tashladi. “Razdelyay” dedi. “Razdelyay” degani oshpazlarning tilida go‘shtini suyakdan ajratish bo‘lsa kerak, deb tushunib, shunday qildim… Besh-olti kun 18 soatlab ishlaganimdan tinka-madorim qurib ketdi. Ish oxirida yana idish-tovoq yuvish ham kaminaning zimmasida edi. Yaxshiyam Karen ish boshlaganimning beshinchi kuni maqtab-maqtab avans sifatida 350 so‘m berib qo‘y­gandi. Pulni endi to‘g‘nog‘ich yetmaydigan joyga mahkamlab oldim-da, yana ikki kun ishlab, haqimniyam olmay, xayr-ma’zurni nasiya qilib qochib qoldim.

Bir-ikki kun o‘zimga kelgach, yana ish qidirishga tushdim. Biroz tajriba oshgani uchunmi yoki betim qattiqlashib qoldimi, ish so‘rashdan uyalmaydigan bo‘lib qoldim. “Zolotaya Ribka” degan Gastronomsifat joyda Lyova ismli ukrainalik yigit bilan tanishib qoldim. U meni o‘z xo‘jayini deb tanitgan ayolning tasdig‘idan o‘tkazib, ishga oldi. U yerda ham ikki kun ishladim. Lyova menga tovuq sonlari terisini shilishni hamda uning ichiga turli sabzavotlardan solib xuddi tovuq oyog‘idek qilib o‘rab qo‘yishdan dars berdi. Men bu ishni darrov o‘rganib oldim-da, ikki kun ichida yuzlab tovuq sonlaridan aytganiday qilib tayyorlab tashladim. Birinchi ish kunim perashkachi ayol meni perashkasi bilan mehmon qildi. Xom tovuq go‘shtini ushlayverib, shilimshiq bo‘lib ketgan qo‘limni ham yuvmasdan perashkani apil-tapil, chaynamay yutdim-da, qornim to‘yganiga xursand bo‘lib ishimni davom ettirdim. Ikkinchi ish kunim tush paytida kimdir menga qandaydir yegulikdan kosaga o‘xshash idishda uzatdi. Tik turgan holda tamaddi qilmoqchi edim, Lyova mehribonlik qilib, panaroq yerni ko‘rsatib, bir kursichaga o‘tirib ovqatlanishimga ijozat berdi. Men odamgarchilik bor ekan-ku, deya kursiga o‘tirib endigina og‘zimga bir-ikki qoshiq ovqat olib borganimni bilaman, qayoqdandir pakanadan kelgan, xo‘jayin ayolning eri, shekilli, Pavel ismli ish yurituvchi tepamda paydo bo‘lib menga o‘shqira ketdi. Shunda Lyova uni bir chetga tortib, 10 daqiqacha nimalardir deya ku­yib-pishib izoh berdi. Gapning qisqasi, shu sababmi o‘sha kuniyoq bu yerda ham ishlashim poyoniga yetdi. Xizmat haqimni ikki-uch kundan keyingina (Lyova undirib qo‘ygan ekan) olib ketdim.

Yana ish qidirib yurib Lyovani ko‘rib qoldim. “Ish bormi?” deb so‘ragan edim, “yo‘q, hali o‘sha tovuq sonlari sotilgani yo‘q. V Amerike sobachaya jizn” deya javob qildi. Uni boshqa uchratmadim. Ammo uning “V Amerike sobachaya jizn” degan so‘zini keyinchalik yana bir bora eshitdim…

Farrux aka bizlardagi sprintga o‘xshash bir so‘mlik lotereya o‘yinini yaxshi ko‘rardi. Qo‘liga pul tushdi deguncha shahardan uzoqroqdagi Las Vegas degan qimorxonaga borib, kompyuterda qimor o‘ynardi.

Lotereya o‘ynaladigan joyga kirib turgan edik, bir rus ayoli bizga yaqinlashdi-da, “Toshkentdanmisizlar?” deb so‘radi. Biz: “Ha” dedik. U ayol men ham Toshkentdanman. Bir paytlar Shayxontohur tuman hokimiyatida ishlardim. Sizlarga Amerika yoqdimi?” deb so‘radi. Biz sir boy bermay, “Yaqinda keldik. Hali u-bu narsani ko‘rganimizcha yo‘q” deb mug‘ombirlik qilgan bo‘ldik. O‘shanda ayol dabdurustdan “V Amerike sobachaya jizn” deb qoldi…

Las Vegas qimorxonasida amerikaliklar shu darajada o‘yinga berilib ketisharkanki, hatto hojatxonaga borishga ham vaqtlarini ayab, bir talay erkagu ayol qimorboz, cholu kampir pampers kiyib olishar ekan. Farrux aka u yerda qimor o‘ynaganida pampers kiygan-kiymaganidan xabarim yo‘q…

O‘shanda Lyovaning o‘ziyam men sabab ishdan haydalib ketganmidi, deb o‘ylab qolaman goho, yana bilmadim. Amerikadagi menga o‘xshaganlarga ish beruvchilar tushlik qildirish degan narsani bilishmas ekan. Umuman, Amerikada bunday ishlarda ter to‘kadigan odamlarga o‘tirish mutlaqo man etilgan chog‘i. Ular uchun “tanaffus”, “tushlik” degan tushunchalar mutlaqo yot. Yaxshiyam, nafas olishga daxl qilishmaydi. U yerlardagi men kabi mehnatkashlar bu masalada mutlaqo himoyasiz, chunki ikki og‘iz o‘z xuquqini himoya qilmoqchi bo‘lgan odam o‘sha kuniyoq silliqqina ishdan bo‘shatib yuboriladi. Nomiga 8 soatli ish, aslida ish vaqti 18 soatgacha ham yetib boradi. Pulni ham insof qilsa, mehnat haqi qilib beradi, insof qilmasa, dodingizni kimga aytsangiz, aytavering. Ish haqi­ni undirolmay yurganlarni ko‘p uchratdim. Biror kafe, restoranda shikoyat daftari yoki qonunni himoya qilish tashkiloti telefoni yozilmagan. Yozilgan taqdirda nima ham kelardi qo‘lingizdan. Nolegalligingiz ma’lum bo‘ladi-da, deportatsiya qilinib yurtingizga jo‘natib yuborilasiz. Bunday kam ish haqiga mehnat qilib yurganlarni, menimcha, biror-bir himoyalaguvchi kuch yoki qonun Amerikadek demokratik davlatda mutlaqo yo‘q.

Menimcha, Amerikaning demokratik qonunlari, asosan, o‘zining fuqarolarining himoyasiga qaratilgan. O‘sha qonunlar men kabi yaqinda kelgan hamda biror ishning boshini tutmaganlar, aytaylik, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yganlarni boyitish uchun juda ham qulay imkoniyat beradi. Tub aholi soatiga 25-30 so‘mga bajaradigan ishni men kabilar noiloj qolganidan 3-4 so‘mga ham jon-jon deb bajarib yuraveradi va yana ketidan rahmat ham aytib qo‘yadi. Bunday odamlardan esa, aytaylik, Meksikadan kelganlarining o‘zi 12 milliondan oshadi. Meksika tashqi ishlar vazirligining bergan ma’lumotlariga suyansak, AQShda 33,5 million nasl-nasabi meksikalik bo‘lganlar yashaydi, ularning Amerika iqtisodiyotiga qo‘shgan hissasi YaIMning 8 foiziga teng.

20 millioncha tili qisiq, tentirab yurganlarga nisbatan o‘zini ko‘rmaganga solib qonun buzilishiga, demokratiyaning buzilishiga buning mutlaqo aloqasi yo‘q, deya dadil ayta olishi uchun Amerikaning o‘zida men kabi jahonning turli mamlakatlaridan kelgan mehnatkashlarni nolegallar deya, Rossiyada sobiq ittifoq respublikalaridan borgan necha million halol kun ko‘ruvchi odamni gastarbayter deya, Yevropada necha million mehnatkash odamni migrant deya nom berib, ularning aksariyatini ko‘p narsalarda mutlaqo xuquqsiz qilib qo‘yganlar, degan xulosaga keldim.

Amerikaga borib mehnati orqali kun ko‘rmoqchi bo‘lgan, pul topmoqchi bo‘lgan odam ma’lum bir huquqlarga ega bo‘lish uchun grinkardning qaysidir turini yutgan bo‘lish kerak. Grinkardi yo‘qmi, u qonundan tashqari odam.

Amerikalik o‘zbeklarning bir necha bora mehmoni bo‘ldik. Farrux aka bir kuni “Yuring, uch to‘rt yil burun grinkard yutib bu yerga Toshkentdan tur­g‘un yashab qolish uchun ko‘chib kelgan Turg‘un aka degan sobiq hamshaharimiz ikkimizni mehmonga chaqiryapti, shunikiga borib kelamiz” deb qoldi. Biroz avtobusda yurishga to‘g‘ri keldi. Biz ikkimiz boshlan­g‘ich bekatda chiqqanimiz uchun avtobusning oldi eshigi yaqinidagi o‘rindiqlaridan joy olgan edik. Birozdan so‘ng avtobus o‘ta tiqilinch bo‘lib ketdi. Bir hassasi bor, oppoq saqolli qariya avtobusga chiqib keldi. Men odatimiz bo‘yicha darrov o‘rnimdan turib unga joy bermoqchi edim, Farrux aka sekin oyog‘imni siqib qo‘yib, o‘tiravering jo­yiz­da, bu yerda hech kim hech kimga joy bermaydi, hali bundan ham qizig‘larini ko‘rasiz, biz hozir tomoshabinmiz” deb qo‘ydi. Birozdan so‘ng bir ayol qo‘lida bolasi va yana bir kichkintoyni yetaklagan holda avtobusga chiqib keldi. Unga ham hech kim o‘rnini bo‘shatib joy bergani yo‘q. Bu holat g‘oyatda meni ajablantirdi. Men ke­yinchalik “nega bunday” deb Farrux akadan so‘ragan edim u: “Amerika xalqi pulsiz yurmaydi. Bu davlatda kambag‘al odam yo‘q. Zarurat bo‘lsa, biroz pulingni ayamaginda taksida mazza qilib o‘tirib ketaver, degan yozilmagan qonuni bor”, deya menga izoh berdi. Shunda ham men ushbu ko‘rgan holatimni hazm qila olmadim. Toshkentda mutlaqo tiqilinch bo‘lmagan tramvayga bir o‘rta yoshlar chamasi o‘zbek ayoli chiqib kelganida qo‘lida tarvuz va qovunni quchoqlab o‘tirgan bir rusiyzabon yigit darhol turib joy bergani esimga tushdi.

Turg‘un aka deganlari 60 yoshlar atrofidagi o‘rta bo‘yli to‘laroqdan kelgan, qora to‘ri, qorindor toshkentlik o‘zbek bo‘lib, uch qavatli imoratning ikkinchi qavatidagi ikki xonali kvartirada oyiga 1300 so‘mga ijara haqi to‘lab, xotini hamda ikkinchi o‘g‘li bilan yashar ekan. AQSh armiyasida xizmat qilganlar uchun oliy ta’lim maskaniga kirib o‘qishidagi sarmoya sarfida imtiyoz bo‘lgani sababli katta o‘g‘il oilaviy maslahatdan so‘ng o‘z ixtiyori bilan armiya xizmatiga ketgan bo‘lib, oradan uch oy o‘tgach qirg‘inbarot bo‘lib yotgan Iroqqa jo‘natilgan va shu sabab o‘shandan beri har kuni oilada bolalarning onasini vahima bosar hamda ko‘z­yoshini to‘xtata olmas ekan. Yigit armiya xizmatiga bormasa uni o‘qitishga oilaning mutlaqo qurbi yetmaydigan bo‘lib, bu Turg‘un aka bizni mehmon qilish uchun “bezagan” dasturxonidan ham ko‘rinib turardi. Turg‘un aka oldimizga bir likopchada moshkichiri qo‘ydi. Stolda mehmondorchilikdan asar ham yo‘q edi. Bir kishini o‘rtacha tamaddi qilishiga yetarli u-bu bor edi, chamamda. Biroz undan-bundan gaplashib o‘tirgach, Turg‘un aka biz “qishloqi, haqiqiy tsivilizatsiya hayotdan ho‘-o‘ orqada qolib ketgan o‘zbek erkaklarini” o‘zining tsivilizatsiya hayoti bilan tanishtirish maqsadida televizori bor ikki kishi yotishi uchun mo‘ljallangan karavotli shinamgina xonaga boshlab kirdi.

Turg‘un aka televizori murvatini bir u yoqqa, bir bu yoqqa burab “mana, mana” dedi-da, bizlarning yonimizga kelib o‘tirdi. Televizor ekranida 5-6 qipyalang‘och, oq-qora bo‘ychan qizlar… Turg‘un aka esa ularning xati-harakatlaridan xuddi yosh bolalar kabi zavqlanar, har zamon qiyqirib ham qo‘yardi. Menimcha yosh bolalar so‘zini noo‘rin ishlatdim, chamamda, chunki men bilgan yosh bolalarning barisi o‘g‘ilmi-qizmi teleekranda sal-pal andishasizlik holati namoyish etila boshlansa, ko‘zlarini televizor ekranidan olib qochishga, ba’zilari murvatni bosib yoki burab bosh­qa dasturga o‘tishga va yoki o‘rnidan turib biror zarur ishi esiga tushib qolgandek, tashqariga chiqib ketishga harakat qila boshlashadi. Bizning Turg‘un aka esa 60 yashar. Naq televizor ichiga kirib, o‘sha behayo qizlar ichida bo‘lib qolish orzusida ekanini bizlardan mutlaqo yashirmas va bizlarni ham o‘zining hamfikrlaridan, deb bilardi chog‘i. U odam nazarimda qiyom yeyman deb qiyom idish ichiga tushib halok bo‘lish oldidan tipirchilayotgan chumoliga yoki pashshaga o‘xshab ketardi.

Bugun bo‘lmasa ertaga Toshkentga yo‘lga chiqay deb turibman. Yozganlarimni o‘qib, Amerikaga faqat yengil tabiat ayollarimiz, erkaklarimiz kelarkanda, deb xulosa chiqarib yurmanglar. Men ko‘plab odob-axloqlariga havas qilgudek ham­yurt­larimizni ko‘rdim. Ularning bari bu yerdagi xoru zorliklarni bola-chaqasi deb, ona yurtimizning mustaqilligi bar­qaror bo‘lishi uchun deb o‘zlari bilganicha hissa qo‘shayotirlar. Qilmagan ishlari, o‘rganmagan hunarlari qolmayotir. Bu o‘rgangan hunarlarini ertami-kechmi yurtimizda yo o‘zlari, yo bola-chaqalari yo‘lga qo‘yishadi.

Mansurxon Toirov, fizika-matematika fanlari doktori, professor

“Hurriyat” gazetasi, 2017 yil, 1-5-sonlari