Ba’zida o‘ylab qolaman: boshqa kasb egalari ham o‘z sohalarining ertasi uchun xuddi qalamkashlar adabiyotning kelajagini deb qayg‘urganlariday jon chekisharmikan? Harqalay, o‘ylashsa kerak, chunki, o‘zi umrini bag‘ishlagan sohaning keyingi taqdiriga loqayd kimsalar bu kasbga munosib emas desa ham bo‘ladi.
Men bir o‘quvchi va qalamkash sifatida bugun ko‘plab tahririyatlar, obro‘li nashrlarning adabiyot taqdiri uchun kuyunib, qator maqolalar, bahs-munozaralar tashkil etayotganidan xursandman. Taniqli olimlar, adabiyotshunoslar va adiblar o‘z fikrlarini oshkora, dadil bayon qilishlari har jihatdan foydali. Chiqishlarda o‘rtaga tashlangan fikrlar, mulohazalar bugungi adabiy jarayonni bir qadar tahlil qilib berayotgani ham quvonarli, albatta. Ammo, “Nima qilmoq kerak?” degan savol hamon ochiq qolayotgandek, nazarimda.
“O‘tish davri” degan ibora qancha vaqtni o‘z ichiga oladi? Menimcha, har joyda, har sohada har xil. Adabiyotda bu muddat anchayin cho‘zildi. Nega? Chunki, iqtisodiyot va boshqa sohalardagi islohotlar bir-ikki yilda o‘z samarasini berishi mumkin, lekin, ko‘nikilgan tasavvurlar, aqidalarni sindirish, yangicha fikrlash va shu orqali biron narsa, Go‘zal Namuna yaratish ancha mushkul. Shu bois adabiyotdagi o‘tish davri, qariyb chorak asrki, davom etayotgandek. O‘z davrida dastlab jadid bobolarimiz, keyinroq esa Abdulla Qahhor, Shukur Xolmirzayev kabi ustozlar ham o‘zbek adabiyotining ertangi kunidan tashvishlanib, bong urganlarini tarix hali unutgani yo‘q. Menimcha, bu ogohlik, hushyorlik hamma zamonlarda kerak, u o‘zini SO‘Z taqdiriga mas’ul deb bilgan insonlar uchun hamisha kun tartibida turishi lozim. Chunki, bugun davr o‘rta asrlardagi kabi har ellik yoki yuz yilda bir evrilib turgani yo‘q, endi zamonaning ravishi kunda bir turlanib, tuslanib turibdi, demakkim, qarashlar va mezonlar ham o‘zgarmoqda.
Bozor iqtisodida talab kuchaygan sari mahsulotning miqdori va sifati ortib boradi, xaridorning didi esa faqat o‘ziga ma’lum. Xo‘sh, bugun adabiy asarlar soni va sifati haqida gapirish o‘rinlimi? Harqalay, ayrim mulohazalarni aytsa bo‘ladi. Masalan, bugun son ortib, sifat kamayib borayotganini hech kim inkor qilolmaydi.
Biz hamisha boshimizga tushgan barcha sho‘rishu g‘avg‘olarda yoshlarni ayblashga o‘rganib qolganmiz: yoshlar kitobdan uzoqlashdi, ular mumtoz musiqani pisand qilishmaydi, internetga mukkadan ketishgan va hokazo. “Yoshlarni bag‘ringda saqlash uchun ularga nima berding, qanday choralar ko‘rding?” deydigan vallomat qani? To‘g‘ri, davlat darajasidagi dasturlar, qaror va farmoyishlar qabul qilinyapti, mamlakatimiz rahbari va hukumatimiz yoshlarning ertasini go‘zal ko‘rishni o‘ylab jon kuydirishyapti, buni inkor etishning aslo iloji yo‘q. Gap aslida bizda, quyida o‘tirganlarda. Maktab o‘quvchisi yiliga uch-to‘rtta “kitob” chop ettirib tursa, kuni o‘tmagan yigit-qiz o‘zini kinoga yoxud xonandalikka ursa… “Hoy, sen kimsan o‘zi, nimalar qilib yuribsan, adabiyotni (kinoni, qo‘shiqchilikni) bulg‘ashga nima haqqing bor?!” deb birov yozg‘irmasa… Adabiyotning MUHOFIZI YO‘QMI?
Yanglishmasam, 1987 yil, sentyabr oylari edi, Do‘rmonda o‘tayotgan yosh ijodkorlarning to‘rtinchi seminar-kengashida ustoz shoirlardan biri “Uyushma abgor holga keldi, paxta rejasini bajargani to‘g‘risida tuman gazetasida maqola chop ettirgan brigadirni ham “Keling, aka, uyushmamizga a’zo bo‘lib keting!” deb chaqirib oladigan darajaga yetdik” degandi. Maktab yoshidayoq to‘rt-beshta shapaloqday kitobchalarini chop ettirgan o‘sha bolalar ertaga uyushma a’zoligini da’vo qilmaydi deb kim kafolat beradi?
Modomiki adabiyotning ertangi kuni barchamizni tashvishlantirar ekan, yaxshi ijodkor va didli kitobxonni tarbiyalash uchun e’tiborni eng avvalo bolalar va yoshlar adabiyotiga qaratishimiz lozim ko‘rinadi. Xo‘sh, yoshlarga umid ko‘zini tiksa bo‘ladimi? Ularning kitobga, badiiy asarlarga qiziqishlari hozirgi darajada bo‘lsa, kelajakda yaxshi yozuvchi va shoirlar soni qo‘ldagi barmoqlar soniga tenglashib qolmaydimi? Mana shu savollar bugungi ma’naviyatga mas’ul barcha insonlarni tashvishga solishi aniq.
Ishni nimadan boshlash kerak? “Yoshlar kitob o‘qimay qo‘yishdi!” deb ayyuhannos solish bilan hech narsaga erishib bo‘lmaydi. Ularni qiziqtirish, ularda kitobga rag‘bat uyg‘otish kerak. Qanday qilib? Bu uchun, dastavval, yaxshi kitob, yoshlar ko‘ngliga yo‘l topa oladigan asarlar yaratilishi kerak. E’tirof etish lozim: Prezidentimiz 2017 yil 12 yanvarda “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi Farmoyishni imzoladi. Joylarda kitob bayramlari bo‘lib turibdi, lekin… Nazarimda, biz birozgina kechikkandaymiz, internet va boshqa elektron vositalar ularning qalblarini zabt etib ulgurganday. Endi aynan ana shu vositalar orqaligina kurashish, adabiyot, bolalar va yoshlar adabiyotini shu vositalar orqali targ‘ib etish lozim. Xo‘sh, bolalar va yoshlar uchun qanday asarlar qiziqarli?
Odatda, aksariyat kishilarning (barchaning emas), ayniqsa, yosh avlodning ruhiyati zamonga hamohang bo‘ladi. Agar zamon shiddatli va tezkor bo‘lsa, bu hol ularning o‘y-fikrlari va turmush tarziga ham o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Demak, ularni sarguzashtlar, bosh aylantiruvchi syujetlar bilan qiziqtirish mumkin. Ushbu satrlarni o‘qiyotganlar dilida “Muallif gapni arzon baho detektivlar sari buryapti” degan fikr uyg‘onishi mumkin. Aslo! Bugun kitob bozorlari rastalarini to‘ldirib turgan, nomi ham, syujeti ham kishini seskantiruvchi, “muqovasidan qon tomchilab turgan” kitoblarning men aytmoqchi bo‘layotgan fikrga umuman aloqasi yo‘q. Kamina ularni detektiv deb hisoblamayman ham. Xudoyberdi To‘xtaboyev, Anvar Obidjon asarlariga o‘xshagan, faqat zamonaviyroq mavzularda, yengilroq, bolalar qiynalmay tushunadigan tilda bitilgan asarlarga ehtiyoj tug‘ilyapti. Endi bolalar va yoshlarni “Uch og‘ayni botirlar” qabilidagi kitoblar bilan aldab bo‘lmaydi. Ular internet orqali dunyo bilan bog‘lanishyapti, uncha-muncha ota-onani mot qilib qo‘yishlari mumkin. O‘z davrida “amerikacha orzu”ni amalga oshirish, bolalar qalbi va ruhini zabt etishni ko‘zlagan mafkurachilarning jon chekishlari orqali Supermen, Betmen, O‘rgimchak odam va hokazo personajlar paydo bo‘ldi va ular amerikalik bolakaylar ko‘nglini rom etdi. To‘g‘ri, biz – sharqliklarmiz, urush-janjalga, g‘avg‘oyu to‘polonga tobimiz yo‘q, jangovar shiddatdan ko‘ra vazminlik, bosiqlik xalqimiz mentalitetiga yaqinroq. Demak, biz yaratadigan qahramonlar Xo‘ja Nasriddin kabi quvnoq va ishbilarmon, Alpomishday salobatli va jasur, Shiroq singari uzoqni ko‘zlovchi bo‘lishi maqsadga muvofiqdir. Bolalarimiz jon-dildan sevadigan, taqlid qiladigan, tushida ko‘radigan, undan ibrat olib, u kabi bo‘lishni orzulaydigan adabiy personajlarimiz bormi? Rosti, nima deb javob berishniyam bilmayman.
Bu – masalaning birinchi bosqichi. Ikkinchi bosqich andak murakkabroq. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, detektiv va fantastikaning ko‘chasini yetti mahalla naridan aylanib o‘tgan, ammo o‘zlarini salkam Edgar Po yoxud Konan Doyl sanaydigan, ko‘chaki qissaxonlik (bulvarnaya chtivo) orqali ommaviy madaniyat tegirmoniga suv quyayotgan ayrim mualliflarning fahsh, zino, zo‘ravonlik, yovuzlikni goh oshkora, goh yashirin targ‘ib qilayotgan “shedevrlari”dan yosh avlodni himoya qilish payti keldi. Ana shu kabi “buyuk”larni tiyib qo‘yadigan tizim zarur jamiyatga. Xuddi “Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi” singari “Bolalar adabiyotini rivojlantirish va uni muhofaza qilish” jamiyati kerak bugun. Uning o‘z Nizomi, tartib-qoidalari, kerak bo‘lsa, cheklov va ta’qiqlari bo‘lishi lozim. Agar bolalar ongi, ruhiyatini bugun boy bersak, ertaga kech bo‘ladi, “olomonchilar” ularni o‘z tomonlariga og‘dirib olishadi.
Kitoblar nashri va savdosini ham ma’lum tizimga solish, xizmatlar narxi va kitoblar bahosini keskin kamaytirish, shu orqali yaxshi kitoblar adadini ko‘paytirishni davrning o‘zi talab qilyapti. To‘g‘ri, nashriyot va bosmaxonalarning ko‘pchiligi xususiy, bu yog‘i – bozor iqtisodiyoti, ammo, ularga qandaydir imtiyozlar, yengilliklar berish (masalan, ayrim soliqlardan ozod qilish) orqali masalani ijobiy hal etsa bo‘lar, balki? Bu ishlar endi o‘sha boya taklif etganimiz – kelgusida, ehtimol, tashkil topadigan Bolalar adabiyoti jamg‘armasi vakolatiga kirsa kerak.
O‘n sakkizinchi asrdan bu yog‘iga dunyo taraqqiyoti g‘oyat tezlashdi, tirikchilik g‘amidan ortmagan ota-onalardan ko‘ra yaxshi badiiy asarlar farzandlar tarbiyasiga ko‘proq ulush qo‘shdi, deb o‘ylayman. Yaxshi kitob ezgulikka, yomoni esa yovuzlikka yetaklaydi. “Hazrati inson”ni o‘qigan minglab kitobxonlar ezgulik, savob, mehr borasidagi o‘z tushunchalarini qayta ko‘rib chiqqanligiga ishonaman. Yomon kitobdagi yomon fikrlar esa yuqumli kasallik sporasiday kishi ongi va ko‘nglida uzoq yillar yashab, payti kelganda, shunga yarasha muhit paydo bo‘lganda bosh ko‘tarishi va odam bolasini jar yoqasiga sudrashi aniq. Bugungi olomon madaniyati arboblari aynan shunaqa kitoblardan oziq olganlar, ulardan birlamchi manba sifatida foydalangan.
Olomonchilar tazyiqi kuchayib borayotir. Modomiki, internet va boshqa axborot vositalar bois mamlakat yoshlarini yot g‘oyalardan asrash qiyinlashayotgan ekan, demak, bolalar adabiyoti haqida davlat miqyosida fikr yuritish payti yetib kelibdi. Bu ishni qat’iy tartibga solib, davlat siyosati darajasiga ko‘tarmas ekanmiz, bolalar va o‘smirlar tafakkurini turli mafkuraviy va badiiy(!) xurujlardan muhofazalash qiyinlashib boraveradi. Chunki, ertaga axborot yetkazib berishning yana qanday yangi, samarali usullari paydo bo‘lishini hech kim bilmaydi.
Ma’naviy immuniteti yetarlicha shakllanmagan yoshlarga qanday asarlar tavsiya etiladi? Ertaklardan boshlash kerak ishni. Yaxshilikning yomonlik ustidan muqarrar g‘alabasini ko‘rsatib beruvchi, dillarda umid uyg‘otuvchi ertaklar kerak. Mayli, bir paytlardagi kabi bahodirlar, malikalar, devlar va alvastilar haqida bo‘lmasin, zamonaviy mavzularda, o‘smirlar ko‘rib-bilib yurgan dunyoga yaqinroq bo‘lsin. Sodda, sharqona til va uslub, qiziqarli syujet va umidbaxsh xotima. Katta yoshdagi yigit-qizlarga esa “Boburnoma”dan boshlab, Qodiriy va Cho‘lpon, Oybek va G‘afur G‘ulom asarlarini, ular orasidan aynan milliylarini, “Sho‘ro mafkurasi anqib turmagan” kitoblarni tanlab tavsiya etish, keyingi barcha avlod yozuvchilari yaratgan sara asarlarni o‘qishni maslahat berish lozim. Bugun yaratilayotgan va ertaga yaratiladigan badiiy asarlar orasidan ham milliy qadriyatlarimiz talablariga javob beradiganlarini ajratib olish kerak. “Ko‘chaki qissaxonlik” avj olgan davrda bu ish oson kechmasligi aniq, shu bois ham, yuqorida ta’kidlaganimizdek, bolalar va o‘smirlar adabiyotini bir tizimga soladigan, undan hamisha ko‘z-quloq bo‘lib turadigan davlat yoki nodavlat tashkiloti zarur deb o‘ylayman.
Har qanday insonning fe’l-atvorida bolalarcha soddalik, ishonuvchanlik unsurlari, ozdir-ko‘pdir, umr bo‘yi muqim qoladi. Aynan shu sababli ham odamzot taqlidga moyilroq bo‘ladi. Turli filmlarning yoshlar dunyoqarashiga ta’siri borasida ko‘p marotaba bong urildi, ammo, taassufki, yomon kitoblarning vayronkor yoxud badbinlikka chorlovchi ta’siri borasida hech kim lol-mim demaydi. To‘g‘ri, bir necha oy oldin bir teleko‘rsatuvda bugun kitob bozorini to‘ldirib turgan xaridorgir asarlar haqida tashvishli fikrlar bildirildi. Lekin, qani samara? Turli qo‘rqinchli nomdagi, to‘rt varaq o‘qisangiz, tungi uyqungizni buzadigan kitoblar hamon kitob savdosining asosiy tovarlari. Shunaqa “asar”lardan bir-ikkitasini o‘qib ko‘rmoqchi bo‘ldim, biroq, besh-olti varaqdan so‘ng hafsalam pir bo‘ldi. Nokamtarlik bo‘lsa-da, aytay: men Amerika va Yevropaning detektiv hamda fantastik adabiyotini xo‘p o‘qiganman, Reks Staus, Jorj Simenon, Cheyz, Artur Xeyli, Ayzek Azimov, Rey Bredberi, Klifford Saymak, Genri Kartner, Stiven King va boshqa ko‘plab detektiv hamda fantastika ustalarining bitiklarini, chinakam adabiyot namunalari bilan bemalol bellasha oladigan, xarakterlar qoyilmaqom yaratilgan va shu bilan birga mavjud ijtimoiy-siyosiy kamchiliklarni boplab tanqid qila olgan asarlarni hamon sevib o‘qiyman. Bizning “yozg‘uvchi”larimiz xalqqa detektiv deya taqdim etishayotgan narsalar nechog‘lik g‘aribligini ko‘rib, kulgim qistaydi, shularni o‘qiyotganlarga achinib ketaman. Umidim borki, mutarjimlarimiz payti kelib jahonning eng mashhur detektiv ustalari bitgan go‘zal asarlarni o‘zbekchaga o‘girsalar, o‘zbek kitobxoni ko‘p narsaga ega bo‘ladi. Hozircha esa bizda chin ma’nodagi detektiv asarlar yaratilgani yo‘q. Men hatto “Shaytanat”ni ham detektiv asarlar sirasiga qo‘sholmayman.
“Xo‘sh, bu gaplarning bolalar va yoshlar adabiyotiga nechog‘lik aloqasi bor?” degan savol tug‘ilishi tabiiy. Aloqasi bor! Bugun rastalarni to‘ldirib turgan, har bir sahifasidan fahsh, zino, shafqatsizlik va yengil hayot zamzamalari ufurib turgan “asar”lar aynan loqaydlik, tushkunlikning tegirmoniga suv quyadi, ular o‘quvchi yoshlarda “Davring kelganda surib qol, dunyo o‘tadi-ketadi, hamma narsaning otasiyu onasi pul, bir kunlik maishat bir umrga arziydi, yomonlikka qarshi kurashishning foydasi yo‘q, uni baribir yo‘qotib bo‘lmaydi” qabilidagi qarashlarni tarbiyalashga xizmat qiladi. Va albatta, muallifning cho‘ntagini qappaytirishga ham. To‘g‘ri, bugun kitob yozishu chop etishdan ko‘ra uni sotish mushkulroq muammoga aylandi, ammo, bozorbop bitiklar yoshlar ma’naviyatini majruh qilayotgani ham rost-ku! Bechora adabiyot shunday ahvolga tushdiki, o‘ylasang ko‘zingga yosh keladi. Qarang: elektrni tushunmagan kishi simyog‘ochga chiqmaydi, chunki, tok urishi aniq. Qo‘lidan kelmaydigan shifokor bemorni operatsiya qilmaydi, chunki, uning umriga zomin bo‘lishini biladi. Ammo adabiyotga barcha burnini tiqadi! Go‘yoki bu –
ulkan bir karvonsaroy, hohlagan kirib-chiqaveradi…
Aslida tushkunlikni targ‘ib etuvchi bitiklarni adabiy asarlar sirasiga qo‘shmasa ham bo‘ladi. Adabiyot o‘z mazmun-mohiyati va ijtimoiy-tarixiy mavqeiga ko‘ra, faqat umidbaxsh bo‘lishi kerak. U o‘quvchini ezgulik tantanasiga, bundan-da nurliroq kunlar kelishiga ishontirishi va shu yo‘lda kurashishi lozim. Uning vazifasi – inson ko‘ngli va ruhini tarbiyalash, poklash, uni yomonliklardan ogohlantirish, vatan va dunyo taqdiri uchun hushyor hamda sergak yashashga chorlashdir. Zamonaviy dunyo bugun aynan shunday umidbaxsh adabiyotga ehtiyojmand. Ekologik xavf, genotsidlar, manfaatlar va dinlar to‘qnashuvi, “olomon madaniyati”ning xuruji avj olayotgan bugungi dunyo tushkunlik botqoqiga tag‘in-da chuqurroq botmasligi, o‘z insoniy qiyofasini saqlab qolishi, kelgusi nasllarga tinch va xotirjam hayotni meros qoldirishi uchun nekbin qarashli asarlar juda zarur.
Tarixning qaysidir bir burilish nuqtasida (ehtimol, IX-X asrlardadir) insoniyatning yagona taraqqiyot yo‘li ikkiga ayrildi. G‘arb o‘z hayotini yengillatish uchun texnika rivojiga zo‘r berdi, Sharq esa – qalbni poklashga. Shu tariqa “temirga sig‘inuvchilar” va “ko‘ngilga topinuvchilar” o‘rtasida tafovut yuzaga keldi. Mislsiz yutuqlarga erishib, hatto Oyni ham zabt etgan G‘arb bugun o‘z vayronkor qudrati oldida dovdirab turibdi, chunki, bu kuch uning o‘zini halokatga sudrashi aniq bo‘lib qoldi. Endi u yana Sharqqa yuz burishi kerak, dunyoni qutqarsa, Sharq qutqaradi. Uning umidbaxsh adabiyoti va san’ati xalos etadi uni.
Bugun adabiyot tanlov ro‘parasida turibdi: “Qanday qiyofani olsam ekan, qaysi yo‘ldan ketay, milliylik ma’qulmi yo zamonaviylikmi?” Nafaqat adabiyot, bolalar va yoshlar kitobxonligi ham go‘yo ikkiga ayrilgan yo‘l boshida turgandek. Menimcha, o‘zbek adabiyotining, jumladan, bolalar va yoshlar adabiyotining (maqola davomida bir necha bor takrorlaganimiz -“yoshlar adabiyoti” degan ibora erish tuyulmasin, chunki yigirma yoshli yigit-qiz va ellik yoshli insonning dunyoqarashi, hayotiy mezonlari turlicha, har biri o‘z tafakkur doirasida tanlab o‘qigani ma’qul) ham o‘z konkret vazifasi, rejalari bor, bu narsalar Birinchi Prezidentimizning “Yuksak ma’naviyat –engilmas kuch” asarida batafsil bayon etib berilgan. Shoshqaloq dunyo qaysi yo‘ldan ketishidan qat’iy nazar, biz ajdodlarimiz qoldirgan boy merosni asrashimiz, ularga munosib bo‘lib, farzandlarimiz ko‘nglida inja tuyg‘ularni tarbiyalashga xizmat qiladigan, poydevori milliy zaminga tayanadigan asarlar yaratishimiz lozim.
Adabiyotdagi milliylik – eng zarur shartlardan biri. Chunki, aytaylik, Aytmatovni Aytmatov qilgan, uni dunyoga tanitgan ham adibning qirg‘iz xalqi ruhini chuqur bilgani va shu zaminga, asosga tayanib ijod qilganidir. (Dunyoviy, va hatto samoviy miqyosda fikrlash maqsadida bitilgan “Kassandra tamg‘asi”ni men, masalan, yarmigacha ham o‘qiy olmadim). Insonning to‘g‘ri tanlov qilishida adabiyotning roli juda katta, shu bois odamzot qalbiyu ruhiyatiga ta’sir eta oladigan asarlar yaratish, farzandlarimizga chinakam milliy ruhdagi asarlarni tavsiya etish, ularni turli yot qarashlardan asrash va kelgusida munosib vorislarni tarbiyalash barchamizning burchimizdir.
«Ijod olami» jurnali, 2018 yil, 1-son