Rahimjon Alijonov. Yurakning oltin zarralari (2013)

(Yozuvchi va jurnalist ustoz Mirzohid Mirzarahimov tavalludining 70 yilligiga)

“Yozish nihoyatda qiyin va mas’ul ish. Lekin jurnalist dala yaylovlarni yayov kezib, uzun tunlar shirin uyqusidan kechib yozaveradi. Negaki yozib bo‘lib horigan, ezilgan vujudida shunday huzur-halovat his etadiki, mana shu qiynoq-azoblardan keyin keladigan shirin tuyg‘uga huddi giyohvandlarday o‘rganib qoladi.”

Har bir inson hayotga qandaydir bir vazifani bajarish uchun keladi. U o‘sha vazifa uchun yaratilgan. Har kim o‘z vazifasini bajarib, nihoyalaganda esa uning umri yakuniga yetgan bo‘ladi. Yuqoridagi so‘zlar mohir jurnalist, betakror yozuvchi ustoz Mirzohid Mirzarahimov qalamiga mansub. Mirzohid Mirzarahimov yozish uchun tug‘ilgan, yaratiganlardan edi. Yuqoridagi va quyida keltiriladigan so‘zlarimiz yozuvchining o‘limidan atigi olti oy avval yozib qoldirgan so‘zlardir.

Betakror qalamkash Mirzohid Mirzarahimovni o‘shliklar chuqur hurmat qilishadi. U insonni sodiq do‘st, kamtar ustoz, fidoiy hamkasb sifatida tez-tez esga olib turishadi.

Mirzohid Mirzarahimov 1943 yilning 16 sentyabrida O‘sh viloyati Qorasuv tumanidagi Narimon qishlog‘ida dehqon oilasida tavallud topgan. 1960 yilda maktabni tamomlab, Bishkekdan O‘shga ko‘chib kelgan “Qirg‘iziston haqiqati” (hozirgi “O‘sh sadosi”) ro‘znomasining ilk sonlarini chiqishiga o‘z hissasini qo‘shgan. 1970 yili Toshkent Davlat Universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagandan so‘ng mas’ul kotib lavozimida faoliyat yurita boshlagan.

Jurnalist sifatida faoliyati ko‘p bora taqdirlangan. 1969 yildan buyon SSSR jurnalistlar uyushmasi a’zosi, “Shavkatli mehnati uchun” medali va shuningdek ko‘plab “faxriy yorliqlar” bilan mukofotlangan. 1976 va 1985 yillari yilning eng yaxshi jurnalisti jumhuriyat konkursida  g‘olib chiqqan va nomi “Shuhrat kitobi”ga yozilgan.

Mirzohid Mirzarahimov yozuvchi sifatida ham samarali mehnatlar qilgan. Yozuvchining ilk hikoyasi “Visol” “Sharq yulduzi” jurnalida 1965 yili chop etilgan. Shunday qilib birin-ketin hikoyalari yorug‘ ko‘ra boshlab, 1974 yili “Yosh gvardiya” nashriyotida “Oydin tunlar” nomli ilk kitobi dunyoga keldi. Minglagan kitobxonlar qalbidan joy olgan kitobdan so‘ng taniqli yozuvchi O‘tkir Hoshimovdan ham xat keldi.

Izlanishlar va tinimsiz meg‘natlar ortidan yorug‘ ko‘rgan keyingi “Oq bulutlar” (1977y) kitobi haqida yozuvchining o‘zi shunday xotirlaydi:

“… o‘sha beg‘ubor bolaligim o‘tgan dala, soy bo‘ylarini qo‘msash yanada kuchaydi. Endi soddadil, uyatchan, opamday mehribon, mehnatkash dala qizlari ko‘proq xayolimni tortdi. Nihoyatda hurmat va ehtirom bilan, ehtiyotkorlik va mehr bilan xuddi o‘zimning opam yoki singlim qatori ularni ta’riflashga harakat qildim. Hech qachon ko‘rmagan, tanimagan filologiya fanlari doktori, adabiyotshunos Mahkam Mahmudovdan sovg‘a-kitob keldi. Kitobda shunday dastxat bor bor: “Umrimizning boshlanishida ruhimizni arshi-a’loga ko‘targan ma’naviy boyliklarimizni yo‘qolishdan asrashga intilgan do‘stlarimdan eng yaxshisi Mirzohidga!”. Tanimagan holda kitoblarim orqali shunday ulug‘ odamlarga eng yaxshi do‘st bo‘lganimdan qanot chiqarib osmonlarda uchdim.”

Bundan keyin “Nurli zanjir” (1983 y), “Nurafshon olam” (1985 y) kitoblari bosmadan chiqdi. Turli xil to‘plam, almanaxlarda hikoya va qissalari o‘rin oldi. Qirg‘iz adabiyotidan ham tarjimalar qilib, tarjimachilik sohasida ham oldinladi. Shuningdek asarlari qirg‘iz tilidan ham yangray boshladi.

1981 yili Bobur nomli O‘sh Akademik drama teatrida “Kichkina demang bizni…” dramatik asari sahnalashtirildi. Buyuk mutafakkir bobomiz hazrat Alisher Navoiyning 550 yilligi va shunga o‘xshash ko‘plab tadbirlarga jonbozlik ko‘rsatib, bosh-qosh bo‘ldi. 1971-1991 yillar oralig‘ida Qirg‘iziston janubidagi yosh ijodkorlarni birlashtirgan “Ilhom” adbiy to‘garagiga rahbarlik qildi.

Mirzohid Mirzarahimov har safar qo‘liga qalam olganda yurak amriga quloq tutardi, chunki:

“Kimga qanda-yu men birovlarning topshirig‘i yoki tirikchiligi uchun emas, mana shu yozish mashaqqatidan keyin keladigan huzur va iftixor uchun, ko‘ngildagi gaplarni odamlarga baralla aytish imkoniyatiga ega bo‘lganimdan faxrlanish tuyg‘usidan mast bo‘lib o‘ttiz yildan ortiq muttasil yozdim.”

Mirzohid Mirzarahimov bugun “Ilhom” adabiy to‘garigada ham ko‘p bora eslanadi. Garchi oramizda yo‘q bo‘lsa ham biz yoshlarning xayolida qaytadan salobatli bir ustoz gavdalanib turadi. Men ham muxlis qatori yozuvchining qissa va hikoyalari bilan tanishgan bo‘lsam ham naqadar samimiy tilda yozilganligi va bunday yozishlik oson emasligini ham his qilaman. Yozuvchining vafotidan keyin “Tongi shabada” hamda “Sog‘inch” kitoblari yorug‘ ko‘rdi. U kitoblar bugun bizga biz ko‘rmagan, biz bilmagan yozuvchini tanishtirib beradi. O‘ylaymanki kelajak avlod muxlislari hali Mirzohid Mirzarahimovni kutib turishibdi, u insonning yozgan asarlariga hali mushtoqlik his qilishadi.

Ustoz esa o‘zining qoldirgan buyuk yo‘lidan ko‘ngli to‘q…

“Bugun orqamga qarab, o‘z-o‘zimdan suyunaman. Bu sevinch va ko‘ngil xotirjamligi shundaki, hech qachon, hech bir sharoitda manfaatimni ko‘zlashdan, ta’magirlikdan hazar qildim. Kimning aravasiga tushsang o‘shaning ashulasini aytasan degan gap bor. Xudoga ming qatla shukurki, yayov yursam yurdim, ammo shu paytgacha birovning aravasiga mingashmadim, o‘zimning so‘qmog‘imdan o‘z qo‘shig‘imni baralla aytib keldim.”

Biz shogirdlar esa “Oxiratingiz obod bo‘lsin, Ustoz!” deb qolamiz.

Rahimjon Alijonov

O‘sh shahri