Hakim Sattoriy. Martaba — milliylikda (2010)

Kino san’atining bugungi kundagi umumiy ahvoli bir qadar qoniqish uyg‘otadi, degan xulosani o‘rtaga tashlasak, bu to‘xtam turlicha aks-sado berishi shubhasiz: kimdir bu fikrga qo‘shiladi, kimdir uni rad etadi. Albatta, ikki tarafning ham o‘ziga yarasha salmoqli dalillari bo‘ladi. Gapning sirasini aytganda, shuning o‘zi — kino olamidagi vaziyatning jamoatchilikni beparvo qoldirmasligi ijobiy holat. Chindan ham, dunyoning sakkizinchi mo‘jizasi, deya e’tirof etilayotgan san’atning bu turida o‘zbek kinosi ham o‘z mavqeini tayin etishga jiddiy kirishgan, bu borada astoydil izlanishlar olib borilmoqda. Bunday ijodiy uyg‘onishga Yurtboshimizning 2004 yil 16 martdagi “Kinematografiya sohasidagi boshqarishni takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoni dasturilamal bo‘ldi, milliy kino san’atimiz rivojlanish ufqlarini belgilab berdi.

O‘tgan yillar davomidagi o‘zgarishlar tomoshabin ko‘z oldida kechdi. Zamondoshlarimizning o‘y-kechinmalari, bunyodkorlik faoliyati, kechmish kunlar mohiyatini to‘laqonli ochib berish maqsadida ko‘plab ekran asarlari yaratildi. Ularning yutuq-kamchiliklari haqida turli mulohazalar bildirildi. Bu mulohazalar bir narsani qat’iy tasdiqlaydi: sohada ijodiy izlanishlar jarayoni izchil davom etmoqda. Quvonchli tomoni shundaki, bu jarayon bir joyda depsinib qolmay, uning samaralari ko‘zga tashlanayotir, zarur darajada bahosini ham olayotir.

Qisqasi, butun dunyoda tan olingan ekran asarlari bo‘y-bastini mo‘ljal qilib yaratilayotgan kinofilmlarda ijobiy unsurlar ko‘zga tashlanmoqda (masalan, “O‘tov”, “18-kvadrat”, “Oy ostidagi hovli”, “Yo‘l bo‘lsin”, “Ilova”), ba’zan ijodkorning ulug‘ niyati ekranga to‘kis ko‘chmay, stsenariy sahifalarida qolib ketayotgan hollardan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. Aksariyat filmlarda ijodkorlar qanday mahobatli va’dalar berishmasin, afsuski, ular “bir martalik” degan bahodan nariga o‘ta olmayapti. Shu o‘rinda bir-biriga unchalik ham qovushavermaydigan ikki holatni qayd etish kerakki, bu omil asarga baho berilayotganda hal qiluvchi ovozga ega bo‘ladi: rejissyor ishga qo‘l urganda sof kino san’atini tasavvur qildimi yoki tomoshabinni ko‘z oldiga keltirib, ko‘proq cho‘ntakni o‘yladimi? (Endilikda kino haqida gapirganda, muhokamani shu nuqtadan boshlash joiz bo‘lib qoldi, chunki kassabop asar bilan an’anaviy uslubdagi jiddiy film o‘rtasidagi tafovut bir qobiqqa sig‘may qolmoqda). Taassuf bildiriladigan joyi shundaki, ayni damda faqat ko‘proq odam to‘playdigan “asar”lar yaratilmoqda, hatto bugungi jarayon haqida gap ketganda ham muhokama shayini shu tomonga og‘ib ketayotir: o‘rtamiyona tomoshabin saviyasi darajasidagi ayrim sayoz filmlar kinomiz qiyofasini belgilab qo‘ymoqda. Demak, ekran asarlariga qo‘yiladigan talablarni pasaytirmaslik, sarflangan mablag‘u (xususiy studiyalarda) ijodkorlar saviyasining pastligi singari qusurlarga murosasiz munosabatda bo‘lish kun tartibida qat’iy turaveradi.

Shu o‘rinda filmlarga ruxsatnoma berish jarayoni va uning asar saviyasiga ta’siri haqida ba’zi mulohazalarni o‘rtaga tashlash mavridi kelganga o‘xshaydi, negaki, saviyasizlikning oldini olishning biroz ibtidoiy, lekin o‘ng‘ay vositasi — ruxsatnoma bermaslik. Bunga erishish uchun ma’lum asarning ekranga chiqish yo‘lini uzoqroqdan boshlash kerak bo‘ladi, chamamizda. Hozirgacha bu borada shunday amaliyot mavjud: davlat buyurtmasi bo‘yicha yaratilayotgan filmlar tayyor bo‘lguncha bir necha marta tahlil qilinadi, mutaxassislar xulosasi olinadi. Xususiy studiyalarda esa bu imkoniyatni yuzaga chiqarish mumkin bo‘lmayapti. Ochig‘ini aytganda, stsenariy bilan tanishishga ham ulgurilmay, asarni tandirdan uzilgan nondek ekspert kengashiga taqdim etishadi. Yaxshi bo‘lardiki, xususiy studiyalardagi ijodiy jarayonda mutasaddi idoralar vakillarining ishtirokini ta’minlovchi me’yoriy hujjatlar yaratilsa, shunda ularga malakali maslahat berish imkoni tug‘ilardi. Prodyusserlar ham moddiy manfaatni emas, balki ko‘proq ma’naviyatni ko‘zda tutib ish yuritsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Bunday yondashuvni taklif qilayotganimizning tajribadan o‘tgan ko‘plab sabablari bor: kino san’atining auditoriyasi juda keng, uni millionlab kishilar ko‘radi.

Bugun kino haqida gap ketganda ijodkorlarning saviyasi ko‘pchilikni o‘ylantirib qo‘ymoqda. Film yaratish jarayoni bilan yaqindan tanish bo‘lmagan tomoshabin ekranda “javlon urayotgan” san’atkorning kimligini bilmasligi, bilishga qiziqmasligi ham mumkin. U o‘zining mahorati bilan yaxshi yoki yomon taassurot qoldiradi va shu munosabat unga berilgan baho bo‘lib qolaveradi. Kinoijodkorlarning ichki olami bilan yaqindan tanish bo‘lgan mutaxassislar esa boshqacharoq — professional nuqtai nazardan yondashib, masalaga o‘z munosabatini bildiradi. Ko‘pincha ikki tomon — tomoshabin va mutaxassislarning fikri bir joydan chiqib qoladi. Hech kim sayoz ijroni qoniqish bilan qabul qila olmaydi.

Hozir kimlar kino olyapti va kimlar suratga tushyapti? Kino bozorida sog‘lom raqobatni yuzaga keltirishni nazarda tutib, xususiy studiyalarga birlashgan ijodiy jamoalarga film yaratish huquqi berilgani bu boradagi ishbilarmon va tadbirkorlarga keng yo‘l ochdi. To‘g‘risi, o‘z iste’dodi bilan jamoatchilikka tanilmagan, hatto bu sohaga butunlay notanish havaskor kinochilar bu imkoniyatni faqat bir tomonlama qabul qildi: nima qilib bo‘lsa ham daromad ko‘rish. Oqibatda, tomoshabin talabiga moslashib, tez qabul qilinadigan, asosan, aqlga, ong-shuurga emas, shunchaki kayfiyatga ta’sir qiladigan — hordiq beradigan asarlar yaratildi. Bunday “ijodkor”larning omadi chopayotganini ko‘rgan boshqalar ham zudlik bilan ishga kirishib ketdi va uch-to‘rt oyda bir filmni “yaratib” tashlay boshladi. Ba’zi chaqqonlar (masalan, aktyorlar) ikki qo‘li bilan ikki joyni ushlab olgan, ikki oyog‘i bilan ikki o‘rinni band qilib turgandek taassurot qoldiradi (agar ular suratga tushgan “asar”larni bir ipga tizib chiqsangiz, shunday manzara hosil bo‘ladi — amalda ularning buncha serko‘lam “ijod”ga qanday ulgurganini tasavvur qilib bo‘lmaydi). Demak, bunday “qo‘l uchi”dagi ijro usulida har qanday mahorat mezonigina emas, e’tiqod talabi ham unutiladi, kinoaktyorlik yoki rejissyorlik sohasida maxsus ma’lumot egasigina emas, san’at ko‘chasiga bo‘ylamaganlar ham kinoga bosh suqa boshladi. Shunday qilib, kino sohasi qandaydir ommaviy san’at yo‘nalishiga o‘xshab qoladi. Bora-bora butunlay tasodifiy zotlarning kinoyulduz bo‘lgisi kelib, shunday maqomni talab qilishi erish ham tuyulmay qolishi mumkin. Yana bir tomoni — ular o‘z darajasiga mos tomoshabinlar auditoriyasini shakllantirishga ulguradi: kinoteatrga keluvchilar biror aniq ekran asarini yoki aktyor ijrosini ko‘rish uchun emas, qaysi filmga odamlar ko‘p tushayotgan bo‘lsa, o‘shanga “kirib o‘tirish” uchun tashrif buyuradigan bo‘lib qoladi…

Shunday bo‘lgach, kimning moddiy ahvoli ko‘tarsa, kino suratga oladigan, kimda xohish bo‘lsa, kinoda o‘ynaydigan bo‘lib qolmaydimi?

Ijodkorning saviyasi deganda, uning kasb mahoratidan tashqari dunyoqarashi, maslagi, fazilatlar majmui tushuniladi. Tomoshabinni hayratga soladigan asar yarataman, degan san’atkor, shubhasiz, uning darajasidan ancha baland bo‘lishi lozim. San’atning olijanob ijtimoiy vazifalaridan biri odamlarga ezgulik ulashish, ularning qalbini yuksak insoniy fazilatlar bilan muzayyan etishdir. Ezgulikni yuqtirish uchun ham ma’naviy jihatdan boy bo‘lmoqlik lozim, albatta. “O‘zbekkino” milliy agentligida bo‘lgan bir davra suhbatida shular haqida ochiq gapirildi. Milliy kino olamida faoliyat yuritayotgan asosiy ijodkorlar to‘plangan yig‘ilishda so‘z ekranda xalqimizga xos qiyofa, ichki olam, urf-odat va an’analar qay taxlit aks ettirilayotgani haqida bordi. Mavzu yuzasidan sohaning mutasaddilari aniq misollar bilan asosli fikr yuritdilar.

Kuyunchaklik bilan bildirilgan mulohazalar zamirida bir haqiqat poydevor edi: dunyo o‘zbek xalqini mustaqillikkacha o‘zgalarning ta’rifi darajasida ko‘rib keldi. Aslida, boy o‘tmishga ega bo‘lgan xalq undan ortiq e’zozga, iltifotga loyiqdir. Istiqlol millatimizni jahonga butun bo‘y-basti bilan ko‘rsatish imkoniyatini berdiki, qalbida insoniy g‘urur, shu yurtga sadoqat va ehtirom bo‘lgan ijodkor bu xayrli ishdan chetda turmasligi lozim. Ba’zan bilib-bilmay milliy o‘zligimizni notabiiy aks ettirish, urf-odat va an’analarni noto‘g‘ri talqin etish hollari uchramoqda. Shu o‘rinda bir filmdagi lavha misol tariqasida keltirildi: uyga begona erkaklar kirib keladi. Ularga yosh juvon yelib-yugurib xizmat qiladi. Shu manzaraning o‘zida bir qancha notabiiy o‘rinlar bor. Avvalo, o‘zbekchilikda erkagi yo‘q uyga, har qanday ezgu maqsadi bo‘lmasin, begona mardum kirmaydi. Yosh juvonning o‘zi tanimagan erkaklarga parvona bo‘lishi ham mehmondorchilik udumlarimizga to‘g‘ri kelmaydi. Bunday nozik nuqtalarni his qilmaslik qosh qo‘yaman, deb ko‘z chiqarishga o‘xshaydi. Negaki, azaliy tartiblarimizni tushunish uchun bundan ham zukkoroq bo‘lish kerak. Mana, bizda chetdan kelgan odamga munosabatning qadimdan shakllangan ilk nuqtasi: darvozaga ikkita — katta va kichik xalqa osib qo‘yilgan. Erkak kishi kelsa, katta xalqani yog‘ochga urib taqillatgan va uning ovozidan farqlab, unga erkak kishi peshvoz chiqqan. Ayol kishi tashrif buyursa, kichik xalqa bilan taqillatgan… Bunday inja tartiblarni bilishgina emas, hurmat ham qilish lozim bo‘ladi. Ana shunday zargarona nafosat aks etmas ekan, niyat qanchalik xolis bo‘lmasin, qanchalik balandparvoz gaplar yangramasin, asar milliylikka da’vo qila olmaydi.

Milliylikka da’vat etish aslo mahdudlik yoki ko‘zga ko‘rinmas cheklashlar orqali umuminsoniy taraqqiyot yutuqlaridan bebahra qolishga chorlash emas. Aksincha, umuminsoniy madaniyat bir guldasta bo‘lsa, biz uni betakror bir chechak bilan boyitsak, bu bizning dunyo tamadduniga qo‘shgan hissamiz bo‘lmaydimi? Bunday imkoniyat har qanday millatning orzusi, desak yanglishmagan bo‘lamiz. Axir ikki daryo oralig‘ida yashagan xalqlar insoniyatga ko‘plab daholarni bergan, XXI asrda ham shunday ehtiyoj bilan yashamoqdamiz.

Demak, kino ijodkorlarimizda mahorat va ma’naviy komillik millat, Vatan, shu muqaddas zaminga hurmat tuyg‘usi bilan vobasta bo‘lmog‘i shart.

Milliy tuyg‘u ijodkorni tarixni o‘rganishga, ota-bobolarning o‘tmishi bilan chuqurroq tanishishga undaydi. Qalbida milliy tuyg‘u jo‘sh urgan iste’dod egasi o‘z san’atini dunyodagi eng ilg‘or madaniyatlar qatorida ko‘rishni xohlaydi. Kelajak uchun qayg‘urib, iste’dodini ertangi avlod — yoshlarni har jihatdan barkamol insonlar bo‘lib yetishishiga xizmat qiladigan asarlar ustida ishlaydi. Milliy tilining obro‘si uchun kurashadi, qahramonlarini ona tilining butun boyligini namoyish ettirib so‘zlatadi.

Biz yashab turgan Vatan o‘zgacha e’zozga loyiq. Uning bag‘ridan qanchalab daholar yetishib chiqmagan, uning kengliklarida qanchalab olamshumul g‘oyalar, kashfiyotlar yorug‘lik yuzini ko‘rmagan. Biz umrguzaronlik qilayotgan yurtning sha’n-shavkatini yuksaltirish uning har bir farzandi uchun muqaddas burch bo‘lib qolaveradi.

Ijodkor qalbida shu tabarruk tuprog‘imizga mehr bo‘lmog‘i shart. Agar nafaqat ijodkor, har qanday odam nimanidir sevmasa, nimanidir muqaddas bilib, unga borlig‘ini bag‘ishlamasa, uning umri shamollarda o‘tib ketgandek tasavvur tug‘diradi. Ona tuproq har bir fuqarodan hurmat va e’zoz so‘raydi.

Yurtimiz dunyo hamjamiyatida o‘z o‘rni va salohiyatini tobora yorqinroq namoyon etib bormoqda. Umid qilamizki, uning kino san’ati ham shu mezon darajasiga ko‘tariladi.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 17-sonidan olindi.