Ulug‘bek xaritasi bilan bog‘liq asossiz da’volar xususida
Ismoil Bekjonov ko‘p yillardan buyon Mutribiy Samarqandiyning fors tilidagi “Tazkirat ush-shuaro”(1605) va “Nusxayi zeboyi Jahongir”(1625—1628) tazkiralari qo‘lyozmalari ustida tadqiqot olib borib, 2009 yili “Mumtoz so‘z” nashriyotida “Mutribiy tazkiralari muhim adabiy manba” nomli monografiyasini nashr ettirdi.
Olim Mutribiyning tarixga oid ko‘pgina ma’lumotlarini ham qiyosiy tahlil qilib, jumladan, Ulug‘bek mirzoning Samarqanddagi o‘z madrasasi devoriga chizdirgan xaritaning 1590-yillari ham saqlanib turgani haqidagi tadqiqotini gazetamiz(2006 yil, 18 avgust) sahifalarida e’lon qilgandi. Ammo, afsuski, mazkur xaritaga doir kashfiyotning boshqalar tomonidan o‘zlashtirishga urinish holatlari sodir bo‘ldi. Bu asossiz da’volardan I.Bekjonovning 2008 yili gazetamiz tahririyatiga topshirgan maqolasi orqali xabar topdik. Biroqo‘zgalar ko‘nglini og‘ritishdan istihola qilgan olim shundan sal o‘tib, uni chop etmasligimizni so‘radi va natijada maqola bosilmadi. Lekin shu kunlarda Internet saytida Nodira Umarova, UT tomonidan e’lon qilingan yana bir maqola misolida tag‘in mazkur o‘zlashtirish namunasini ko‘rdik va Ismoil Bekjonovning ilgari topshirgan maqolasini muallif iltimosi bo‘yicha e’lon qilayotirmiz.
TAHRIRIYaT
Gohida ijodkorlar tor davrasida ayrim olimu jurnalistlar tomonidan ilm va jurnalistik etikaga xilof ravishda boshqalarning bir necha yillab chekkan zahmatli izlanishlari tufayli ro‘yobga chiqqan tadqiqotlari, manbasi ko‘rsatilmagan holda, havola etilayotgani, to‘g‘rirog‘i, birovlar ishini o‘g‘rilarcha o‘zlashtirish gazak olib ketayotgani haqidagi gaplar quloqqa chalinib qoladi. Aytish lozimki, bunday fikrlarning keng omma orasiga olib chiqilmayotgani yana ham yomon bo‘lib, o‘z vaqtida bunday holatlarga zarba bermaslik ilmda soxtakorlikning avj olishi va jamoatchilik fikrini chalg‘itish, qalbaki ma’lumotlar vujudga kelishiga zamin tayyorlashi aniq. Masalaning ana shu tomonlarini jiddiy o‘ylab ko‘rmaganlardan biri, afsuski, ushbu satrlar muallifi bo‘ladi. Kaminaning o‘zbek klassik adabiyoti namoyandasi Podshohxoja(Xoja), Hasanxoja Nisoriy tarjimai holiga doir tadqiqiy fikrlari, “Boburnoma”ning yaratilish tarixiga taalluqli kuzatishlari va boshqa shu kabi ilmiy izlanishlari to‘plam, darslik, qomus kitoblarida manbasi, muallifi nomi ko‘rsatilmagan holda e’lon qilinganiga befarqqarab keldim.
Kamina Mutribiy Samarqandiyning yagona dastxat nusxasi — O‘zFA Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondida saqlanuvchi “Tazkirat ush-shuaro” asarini anchadan beri maxsus ilmiy-tadqiqot doirasiga tortish asnosida undagi ayrim nodir va dolzarb ma’lumotlarni qiyosiy o‘rganib, matbuotda, ko‘pincha “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida e’lon qildirib kelmoqdaman. Ana shunday ilmiy izlanishim samarasi hisoblangan “Ulug‘bek chizdirgan xarita” nomli maqolani ham mazkur gazeta 2006 yil 18 avgustda “Samarqand-2750” rubrikasi ostida bosib chiqardi va Mirzo Ulug‘bek madrasasi muzeyi mutassadilariga xaritani kattalashtirib, madrasa devoriga ilib qo‘yishni tavsiya etdi. Bu tadqiqiy maqola yozilishiga mazkur asar qo‘lyozmasiga Mutribiy o‘qigan davrda Samarqanddagi Ulug‘bek madrasasi devorida chiziqlik turgan bir xaritaning ko‘chirma tasviri muallif tomonidan havola qilingani asos bo‘lgandi. Aytish lozimki, qo‘lyozmadagi bu xarita to‘g‘risida A.Semyonov, A.Mirzoyev, V.Abdullayev, B.Valixo‘jayev, B.Ahmedov, U.Karimov, M.Mirzaahmedova, A.Jonfido, A.Marvdashtiy va boshqa olimlar ham eslatib o‘tganlar. Biroq ulardan ayrimlari Mutribiy xaritani Banokatiy kitobidan ko‘chirib chizgan, deyishsa, ba’zilari Mutribiyning o‘zi chizgan dunyo xaritasi ma’nosida talqin etganlar. Chunki bu olimlar qo‘lyozmada Mutribiyning qisqa satrlarda aytgan “bu xarita Ulug‘bek madrasasi devoriga chizig‘lik turgan”i xususidagi qaydiga e’tibor bermaganlar. Eslatish joizki, Mutribiy tazkiraning hech qayerida xaritani Ulug‘bekmirzo chizdirgani haqida yozmagan. Bu fikrlar faqatgina kaminaga tegishli bo‘lib, xaritani Ulug‘bekka nisbat berish va xarita atrofidagi boshqa bayonlar Mutribiyning mazkur ma’lumoti yuzasidan chiqargan mantiqiy xulosamizdir.
Maqolamiz chop etilgach, ommabop gazetalarning birida mazkur fikrlarimiz manbasi ko‘rsatilmagan holda e’lon qilindi. “Ulug‘bek xaritasi madrasaga qaytadigan bo‘ldi” sarlavhali bu xabar gazetalar sharhiga bag‘ishlangan teleko‘rsatuv dasturida ham tilga olindi. Garchi, mazkur shov-shuv xabarda ismimiz tilga olinmagan esa-da, xafa bo‘lmadik. Aksincha, kashfiyotimizning ommalashgani, ayniqsa, mazkur muzey mutasaddilarining masalaga tez va jiddiy yondashuvi uchun uning bir turtki, zamin bo‘lajagini o‘ylab ko‘nglimiz ko‘tarildi.
Biroq shundan hech qancha vaqt o‘tmay, turli internet saytlarida ketma-ket e’lon etilgan va dunyoga bizniki sifatida emas, balki kashfiyotning boshqalar tomonidan o‘zlashtirishga urinish alomatlari yaqqol sezilib turgan ko‘rinishlari yuzaga kelibdi. Afsuski, biz bundan o‘z paytida xabar topmadik. Faqat 2008 yil bahorida internat saytlaridan Mutribiyga oid ma’lumotlarni izlayotgan paytimiz tasodifanSamarkandinfo.uz saytida o‘zbek tilidagi “Ulug‘bek xaritasi” nomli maqolaga ko‘zimiz tushdi. O‘qisak, undagi gaplar aynan bizning maqolamizdagi fikr va so‘zlarning o‘zginasiyu, biroq maqola o‘rtasiga allaqanday manbadan olingan “etti iqlim” haqidagi rivoyat va Beruniyning “Geodeziya” asaridan olingan bir chimdim iqtibos tiqishtirilgan, oxirida esa “Tazkirat ush-shuaro”dagi “xarita nusxasi hozirgi kunda Ulug‘bek madrasasida saqlanmoqda” ekani va “Ulug‘bek xaritasining qayta o‘z joyiga qaytarilishi unutilgan an’analarning barqarorlashuvi demakdir… Mehmonlar endilikda Ulug‘bek madrasai oliyasiga kirgan paytida bu xarita haqida to‘liqroq tasavvurga ega bo‘lishadi” tarzidagi so‘zlar havola etilgandi. Maqola tagida “B.Ma’rufiy, O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi a’zosi” so‘zlari yozilgan bo‘lib, xabar 2006 yil oktyabrida e’lon qilingan.
B.Ma’rufiy o‘z fikrlarini Mutribiy asariga suyanib aytayotganiga qaramay, negadir ularni “O‘zAS” bosgan mazkur maqolamiz so‘zlarini qaytargan holda bayon etmoqda edi. Xabar-maqola ohangi shu darajada ediki, uni o‘qigan, ammo bizning “O‘zAS”da ilgari chiqqan maqolamiz bilan tanish bo‘lmagan o‘quvchi bu ilmiy topildiqni samarqandlik jurnalist B. Ma’rufiyga nisbat berishi turgan gap edi. Shaytonga hay berib(to‘g‘risi, o‘zbekchilikdagi andishaga borib) va Mutribiy xotirasi haqqi-hurmati uchun o‘rta asr ijodkorining bizga zamondosh hamshahri qilayotgan bu noma’qul ishga “balki jurnalist ilmiy qoidani bilmas” mazmunidagi fikr bilan yondashdik. Ammo keyinroq yana saytlarga kirib, bilsam, bu va o‘sha xabar atrofidagi boshqa internet chiqishlarining barchasi 2006 yil sentyabr—oktyabr—noyabr oylari hamda 2008 yil davomida ham yangi xabarlar sifatida e’lon qilib turilgan ekan. (Sal oldin ketib, ta’kidlash lozimki, ulardan eng so‘nggisi Nodira Umarova, UT tomonidan 2010 yili e’lon qilindi. Bu maqolada ham oldingi so‘zlar aynan takrorlanib, faqat Ulug‘bek xaritasining kattalashtirilgan ko‘chirmasi endilikda madrasaning “Nauchnoye i gradostroitelnoye naslediye Mirzo Ulugbeka” deb nomlangan yangi ko‘rgazmasida namoyish etilayotgani aytilgan, jurnalist Behruz Marufiy esa, “izvestnыy uchenыy” (taniqli olim) sifatida tilga olingan.)
2006 yil oktyabr oyida internetda OAV fondi qo‘llovida “Karta Ulugbeka vernetsya v yego medrese” nomli xabar tarqatilib, unda Mutribiyning “Tazkirat ush-shuaro”(2253-raqamli qo‘lyozma)sidagi rangli xaritasi tasviri ham havola qilingan. Xabar boshida “Mirzo Ulug‘bek tuzgan xaritaning XV – XVI asrlar davomida uning madrasasini bezab”turgani, bu xaritaning O‘zFA ShIda saqlanuvchi Mutribiy tazkirasi orqali yetib kelgani, bu haqda xabar topgan “Registon tarixiy majmuasi direktori o‘rinbosari Behruz Ma’rufiy Toshkentga borib, institutda mazkur tazkira qo‘lyozmasini o‘rganish asnosida asosiy diqqatini jo‘g‘rofiy xaritaga qaratgan”i aytilgach, B.Ma’rufiy bilan suhbat havola qilingan. B.Ma’rufiy suhbatda o‘zining internetdagi birinchi xabari so‘zlarini aynan takrorlagan, aniqrog‘i, bizning maqolamizdagi faktlarni o‘z nomidan tilga olgan edi. Xabar majmua direktori Q.Hasanovning tez kunlarda Ulug‘bek xaritasi kattalashtirilib, Ulug‘bek madrasasiga ilib qo‘yilajagi haqidagi so‘zlari bilan yakun topgan.
Keyingi sanalardagi ma’lumotlardan ham xabar topsak, O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston va boshqa chet ellardagi “Geografiya-geodeziya”, “Fizika”, “Novoye russkoye slovo”(R.Xabiyev, 18.10.2006), Dvor. kom kabi o‘nlab saytlarda B. Ma’rufiy maqolasi va shu asosdagi xabarlar qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketgan ekan. Ularda Ulug‘bek xaritasining topilishi B. Ma’rufiy tomonidan amalga oshgani ta’kidlangan. Ana xolos, nahotki, ko‘p yillardan buyon Mutribiy qo‘lyozmalari ustida ko‘z nurini to‘kib, zahmat chekkan va samarqandlik o‘rta asr olimi Mutribiy asarlari ma’lumotlari hamda Mutribiy hayot yo‘lini alohida mehr bilan o‘rganib, XVI asr Samarqand adabiy va madaniy muhitini olamga tanitgan kamina haqqiga shu daraja xiyonat bo‘lsa? Yana, tag‘in Samarqandda tug‘ilib-o‘sgan jurnalist tomonidan! To‘g‘ri, internetdagi bu mavzuga doir xabarlar bilan tanishishda davom etgach, ko‘p o‘tmay, to‘la bo‘lmasa-da, qisman adolat qaror topgani guvohi bo‘ldik. Ha-da, qing‘ir ishning, baribir, qiyig‘i chiqadi-ku!
B.Ma’rufiy quyida so‘z yuritmoqchi bo‘lganimiz bir raddiyanomasida o‘zining“jurnalistning o‘z izlanishi jarayonida biror manbaga murojaat etishi chog‘i amal qilinadigan qoidalarini ustozlaridan o‘git sifatida meros qilib olgan”i haqida yozadi. Ammo, yuqorida ko‘rganimizdek, mazkur o‘gitni mutlaqo “esidan chiqargan” B.Ma’rufiydan ham ucharroq, ammo chindan ham B.Ma’rufiy xabar-maqolasi ohangi va Samarkandinfo.uz sayti xabarida aytilgan fikrlardan Ulug‘bek xaritasi topilishini B.Ma’rufiy faoliyati bilan bog‘lashga majbur bo‘lgan Rustam Xabiyev nomli jurnalist samarqandlik kasbdoshi xabariga yana jindak yangilik qo‘shgancha, aniqrog‘i, B.Ma’rufiy bilan bo‘lgan (B.Ma’rufiy aytishicha, “aslida bo‘lmagan”) suhbati asosida “Novoye russkoye slovo” sayti(18.10.2006.)da “Obnarujeno drevnyaya karta” nomli xabarini tarqatib, unda Ulug‘bek chizdirgan xaritaning (XX asrning — I.B.) 20-yillari madrasadan olib ketilgani va hozirgacha O‘zbekiston Fanlar akademiyasida saqlanib turilgani, endilikda xaritaning akademiya arxividan olinib, zarur hujjatlar rasmiylashtirilib, Ulug‘bek madrasasiga qaytayotganini olamshumul yangilik sifatida talqin etgan.
Rustam Xabiyevning bu xabaridan iqtiboslar boshqa saytlarda ham tarqatilib, ularda Ulug‘bekning qog‘ozga chizilgan xaritasi jurnalist B.Ma’rufiy tomonidan arxivlardan izlab topilgani aytilgan edi. Utro. Ru(2006.19.10) va Toshpo‘lat Rahmatullayev nomli jurnalistning ham internet saytlaridan birida joylashtirilgan xabari xuddi ana shunday takrorlardan bo‘lib, B.Ma’rufiy e’lon qilgan Ulug‘bek xaritasi haqidagi xabarlar uchinchi qo‘lda butunlay boshqacha ko‘rinish va mazmun kasb etgan. Ammo 2006 yilning 27, 30 oktyabr, 1 noyabridagi Internet sayt xabarlarini kuzatar ekanmiz, ular orasida tag‘in B.Ma’rufiyning Ulug‘bek xaritasi haqidagi maqolasini uchratdik. Biroq bu maqolada B.Ma’rufiy kasbdoshi R.Xabiyevni, yuqorida eslatganimiz, “jurnalistika qoidasiga xilof ish tutib” yolg‘on xabar tarqatganlikda ayblamoqda edi. B.Ma’rufiy tan olib yozishicha, xaritani qo‘lyozma manbadan B.Ma’rufiy emas, balki O‘zFA Sharqshunoslik instituti olimlaritopishgan va bu haqdagi xabarni 2006 yil avgustida “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining muxbiri e’lon qilgan. Bu kashfiyotdan xabar topgan Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi bosh direktori No‘mon Mahmudov esa, Registon tarixiy majmuasi direktori o‘rinbosari B.Ma’rufiyga Toshkentga borib, xaritadan nusxa ko‘chirib kelishni topshirgan. Sharqshunoslik instituti direktori va boshqa ilmiy xodimlar B.Ma’rufiyga xaritadan nusxa olishga yordam berganlar.
Aytib o‘tish lozimki, B. Ma’rufiy bu maqolada haqiqatni tan olishga uringan bo‘lsa-da, biroq otdan tushsa ham egardan tushmay, Ulug‘bek xaritasini qo‘lyozma asardan topgan va u haqda “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”da tahliliy ma’lumot havola etgan kamina, ya’ni Ismoil Bekjon nomini mutlaqo tilga olmagan. Demak, B.Ma’rufiy bu maqolada “R.Xabiyev meni kashfiyotni yuzaga chiqargan olimlar oldida noqulay ahvolda qoldirdi”, deyishiga qaramay, baribir, kashfiyot muallifi va uning Ulug‘bek xaritasi haqidagi gazeta orqali bildirgan yangi ma’lumotlarini tilga olgisi kelmayapti. Ya’ni, mabodo, Rustam Xabiyev o‘z xabari ma’lumotlarini B.Ma’rufiy xabari bo‘yicha, o‘zidan yangilik qo‘shmay, e’lon qilganida, balki, samarqandlik jurnalist o‘zining zahmat chekmay, birdaniga qo‘lyozmalar ustida ishlayotgan sharqshunos olimga aylanib qolganini tan olmagan bo‘larmidi?
Xo‘sh, u holda B.Ma’rufiyning voqelikni tan olishida nima sir bor o‘zi? Bizningcha, B.Ma’rufiyning jahlini chiqargan, to‘g‘rirog‘i, uni qattiq cho‘chitib yuborgan jihat R.Xabiyevning Mutribiy tazkirasidagi Ulug‘bek xaritasini emas, balki uning o‘rniga qaysidir boshqa bir xarita tasvirini berib, bu xarita XX asrning 20-yillarigacha madrasada osilib turgani, so‘ng uni o‘z o‘rnidan olib, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi arxiviga(bekitib) tashlashgani, bundan faqat 2006 yili (qarang-a, mamlakatimiz mustaqilligi e’lon qilinganidan 16 yil o‘tib — I.B.) B.Ma’rufiygina xabardor bo‘lgani hamda arxivda allaqanday hujjatlarning (demak, tegishli tashkilotlar tomonidan — I.B.) tayyorlanayotgani haqidagi to‘qima fikrlari bo‘lgan. B.Ma’rufiy o‘ziga suyanib aytilayotgan bu jumlalar qanday oqibatlarga olib kelishini anglab, chala bo‘lsa ham haqiqatni aytishga, R.Xabiyevni esa faktlarni buzib talqin etish va tuhmatchilikda ayblashga tushgan!
Xullas, xalqimizning “Pichoqni avval o‘zingga ur, og‘rimasa, birovga ur!”, degan maqoli bekorga aytilmagan ekan. B.Ma’rufiy o‘zining jurnalistika axloqiga xilof, nomaqbul qilig‘i bilan bizni qanchalik ranjitganini kasbdoshi R.Xabiyevning unga nisbatan qilgan ishidan keyin ozgina esa-da sezgan bo‘lsa ajabmas.
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 45-sonidan olindi.