Aytmoqchi bo‘lgan mulohazam matbuot nashrlari orqali qayta-qayta tilga olingan, ammo hanuz yechimini tomolmayotgan muammolar qatoriga kirsa-da, biz ichki bir sarkashlik bilan shu mavzuga yana qaytishni ixtiyor qildik. Gap estrada qo‘shiqlariga ishlanayotgan kliplar haqida.
Agar klip did bilan ishlansa, u san’atkorga muvaffaqiyat keltiradi, tomoshabinga ham ma’qul keladi. Bu borada Lunacharskiy haq: «Ovozsiz tasvir — tasvirsiz ovoz qoldiradigan taassurotdan ancha kuchli». Lekin klipmeyker deb ataluvchi yangi kasb egalari yaratayotgan ko‘plab kliplarning, kadrlarning sifat darajasi bu sohaga ham jiddiy munosabatda bo‘lishimizni taqozo etadi.
E’tirof etish kerakki, bugungi milliy qo‘shiqchilik san’atimizda muvaffaqiyatlar yetarli, bu sohaga bo‘lgan e’tibor tobora oshib borayotgani barobarida, turli ko‘rik-tanlovlarda yangi-yangi ovoz sohiblari kashf etilmoqda. Bu holatni muxlislaru mutaxassislarga birday tushunarli kliplardagina emas, milliy san’atimizga yaqinda kirib kelgan animatsion kliplarda ham ko‘rish mumkinki, bir xillik va takroriylikdan charchagan tomoshabin, tinglovchi ularni yangilik sifatida oson qabul qilmoqda. Endilikda real hayotda tasvirga tushirishning iloji bo‘lmagan syurrealistik kadrlarni ham bemalol yaratish imkoni bor. Mutaxassislarning fikricha, bunday kliplarning ta’sirchanlik darajasi nisbatan yuqori. Gap bu imkoniyatlardan nechog‘li samarali va maqsadga muvofiq foydalanishimizda qoldi, xolos.
Shu kunlarda teleekranlarimizda namoyish etilayotgan bir qo‘shiqqa ishlangan animatsion klipni tomosha qildim. To‘g‘risini aytganda, mazkur klipda maqsadli g‘oya ham, syujet izchilligi ham yo‘q. Voqealar qaysi zamon va makonda sodir bo‘layotganligini anglash qiyin. Bu klipni tomosha qilish jarayonida ustozimizning o‘gitlaridan biri yodimga tushdi: «Sizlar yozib kelayotgan stsenariylarda fikr bor, ammo yaxlit bir g‘oya yo‘q. G‘oya bo‘lishi uchun esa g‘oya va syujet o‘rtasidan bir «ip» o‘tkazish lozim…». Yuqorida tilga olgan klipda na «ip» bor, na mantiqiy illyustratsiya.
Shaxsan men san’atga qiziquvchi bir jurnalist sifatida zamonaviy o‘zbek estradasi yutuqlari to‘g‘risida faxrlanib yozishni istayman. Lekin qo‘lingga qalam olishing bilan to‘xtab qolasan. Chunki Anoraning «Hayot» nomli ashulasini kuzatganimizda ham ana shunday muammolardan xoli emasligiga guvoh bo‘lish mumkin. Mavzu taqozosiga ko‘ra jiddiy matn tanlangan. Lekin tasvir bilan so‘z mosligiga kelsak… Klip fonida qandaydir ramziy ishoralar bor. Ammo rejissyor mahorati «quruq» tasvir bilan cheklanib qolgan. Shuningdek, Behzod ijrosidagi «Sen o‘zing» deya kuylangan qo‘shiqni tinglash mumkin, ammo uni yutuq deb atash qiyin. O.Mutalxo‘jayev va N.Usmonova ijrosidagi duet-klipda xonandalar ijro chog‘i o‘zlarini qanday tutayotganlariga guvoh bo‘lganingda, Oybek va Nigoraning «Yuguraman», «100%» guruhining «Qattan shuncha mahorat», Jasur Umirovning «Bo‘lsa bo‘lsin» qo‘shig‘ini tinglaganingda, to‘g‘risi, qo‘lingdan qalam tushib ketadi. Yana boshqa ko‘plab kliplarda, mening nazarimda, ijrochilar qo‘shiq kuylashdan ko‘ra nartsizm — o‘ziga o‘zi mahliyo bo‘lib, ko‘z-ko‘z qilishga ko‘proq e’tibor beradilar. Zamonaviy ibora bilan aytganda, kosmopolitizm — ommaviy madaniyatning qusuri to‘g‘risida ham ijobiy fikr yuritish qiyin. Axir, milliy kolorit, ruh, odob-andisha qayerda qoldi?
Yaqinda bu yorug‘ olamni tark etgan «pop musiqasi qiroli» Maykl Jeksonning dunyoni ekologik halokatdan qutqarish to‘g‘risidagi bir klipini ko‘pchiligimiz ko‘rganmiz. Unda so‘z bilan birgalikda umuminsoniy — universum g‘oya mutanosib ravishda talqin etilgan. Kadrlar almashinuvi goh modernistik shaharlarga, goh tsivilizatsiyadan chetda yashayotgan qabilalar istiqomatgohiga o‘zgaradi. Turli millat vakillarining turmush tarzi, turli holatlari ko‘z o‘ngimizdan o‘tadi. Kadrda ekologik inqirozdan aziyat chekayotgan minglab jonivorlar ko‘rinadi. Mavzu taqozosiga ko‘ra xulosa chiqarish mumkinki, «Help me calling heal the world» («Dunyoni halokatdan saqlab qolish uchun mening da’vatimga qo‘shiling») ashulasida insoniyat o‘z fojeasini o‘zi yaratayotganligi haqidagi xitob bor. Qo‘shiqning favqulodda ta’sirchanligini nafaqat ijrochining ovoziyu matn mazmuni, balki unga ishlangan klip ham ta’minlagan.
Albatta, men haqiqiy san’at qanday bo‘lishiyu, bunga qanday erishish mumkinligi to‘g‘risida kimgadir saboq bermoqchi emasman. Lekin bir gapni oshkora aytishga majburman — teleekranda namoyish etilayotgan ko‘plab kliplarning og‘riqli nuqtasi — g‘oyasizlik. Haqiqiy san’at asari, u badiiy kitob, kartina yoki musiqiy klip bo‘ladimi, bundan qat’i nazar, tomoshabinga estetik zavq bag‘ishlab, uni badiiy didga boshlashi kerak. G‘oyasizlik esa bu intilishni chippakka chiqaradi. Bu ojizlikka yana sahnada faqat o‘zini namoyish qilish qo‘shilsa, muammo jiddiylashadi. E’tibor beraylik — faylasuflardan biri quyidagilarni yozib qoldirgan: «O‘ziga itoat ettirmoqchi bo‘lgan g‘oyani hayot oldin sukutu hayrat bilan qarshi oladi, keyin sabru toqat bilan kuzatib turadi, oxirida esa qahru g‘azab bilan o‘z qo‘ynidan yulib tashlaydi».
Ustoz jurnalistlardan biri qayta-qayta takrorlaydi: «Personajning boshiga do‘ppi kiydirib, belini belbog‘ bilan bog‘lagan bilan u o‘zbek bo‘lib qolmaydi. Milliylik uning ruhida, yuz ifodasida, gap-so‘zida, qo‘yingchi, jon-qonida bo‘lishi kerak. Ya’ni xatti-harakatlar yoki o‘zaro munosabatlar milliylik in’ikosi sifatida namoyon bo‘ladi. San’atshunos mutaxassislar esa qalb orqali anglanmagan, hissiy bilishning yuqori cho‘qqisiga chiqa olmaydigan san’atni san’at deb baholamaydilar.
Muammoning sabablari taftish qilinganda ba’zilar yaxshi klip yaxshi matn bo‘lgandagina yaratiladi, deyishadi. Bu fikrga qo‘shilib bo‘lmaydi. Yaxshi matn ham, yaxshi ijodkor ham bor. Gap badiiy didda.
San’atning vazifasi — insonni komillik sari undash. Shunday ekan, didsizlikni targ‘ib qilishni hech bir sabab bilan oqlab bo‘lmaydi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 38-sonidan olindi.