1952 yil edi. Sakkizinchi sinfda o‘qib yurgan kezlarimda maktabimizning direktori, marhum Yunus domla Nurmuhamedov boshchiligida bir necha sinf o‘quvchilari Ohangaronning Quruqsoy mavzeidagi g‘allazorga manak terish uchun bordik. Bu yerda bug‘doy maysalarini g‘allaga ofat keltiruvchi manakdan tozalash uchun nainki Ohangaron, balki Toshkent shahridan ham o‘quvchilar chiqib hashar qilishgan. Ana shu paytda Yunus domla biz — o‘quvchilarni bir gumbazning yoniga olib keldilar va buni sardoba deydilar, deya usti baland qilib yopilgan kattagina gumbazning ichkarisiga boshladilar. Dumaloq gumbazning ichida ulkan buloq bo‘lib, atrofi tosh devorlar bilan o‘ralgan hovuzga quyilar, hovuzdan toshgach maxsus ariqcha orqali tashqariga oqib chiqardi.
— Bu gumbazni Qo‘qon xoni Amir Umarxon ayoli, mashhur shoira Nodirabegim iltimosi bilan 1811 — 1812 yillarda barpo qildirgan, — dedi Yunus domla. — Huv narida maxsus karvonsaroy, masjid, qorovulxona, karvonsaroyning ichida esa o‘nga yaqin hujralar ham bo‘lgan. Afsuski, 1936 yilda karvonsaroyni buzishib, g‘ishtlarini aravalarda Ohangarondagi yangi shifoxona qurilishiga tashib ketishgan…
Men o‘sha paytda, garchi domlaning aytganlarini qiziqib tinglasam ham, keyinchalik ular xotiramdan ko‘tarilganday bo‘ldi.
1962 yil edi. “Ohangaron” gazetasida ishlardim. Tumanga O‘zbekiston Fanlar akademiyasidan bir guruh olimlar kelishgandi, ularni qadimgi Qaynar shaharchasiga boshlab borishim lozim edi. Qaynar Ohangaronning hozirgi Quruqsoy mavzeidagi Jiydali qishlog‘ida joylashgan, ammo hozir yo‘q bo‘lib ketgan, undan faqat bitta sardobagina yodgorlik bo‘lib qolgan eski shahar o‘rni hisoblanadi. Xullas, Toshkentdan kelgan olimlar M.Andreev, M.Qosimov, T.To‘laganovlar bilan Qaynarga bordik. Olimlar gumbazni ko‘zdan kechirdilar. Uning besh paxsali devorining ustki bir paxsasi va tomi allaqachon qulab tushgan, atroflari nuray boshlagan edi. Olimlar o‘zlaricha nimalarnidir izlab gumbaz atroflarini qazib ko‘rishdi. Ammo izlagan narsalarini topa olishmayotgani ko‘rinib turardi. Tushlik paytida bizni shu yerlik Po‘lat ota degan cho‘pon uyiga taklif qildi. Ota xonadonida To‘xtamurod To‘laganov gapirib qoldi:
— Gumbaz va karvonsaroyni 1811 — 1812 yillarda Nodirabegimning tavsiyasi bilan Amir Umarxon qurdirgan. 1810 yilda Amir Umarxon Chimkentga yo‘l olib, Shaydon — Mullomir — Qo‘shrabot, Kandir dovoni — Oq ota — Yangibozor, Telov — Yonariq — Yalpoqtepa — Oqtepa — Yakkatut — Jiydali — Bilovti — Parkent yo‘li bo‘yicha Toshkent orqali Chimkentga o‘tgan. Shu safar chog‘ida uning zavjai mukarramasi, shoira Nodirabegim ham bo‘lib, karvon Jiydalida bir oqshom dam olgan. Xuddi shu yerda Nodirabegim Amir Umarxondan shu qishloqda bir karvonsaroy qurdirib, qaynar buloq ustiga sardoba, bino barpo etishni iltimos qilgan. Natijada Jiydalida, ya’ni biz o‘tirgan ushbu qishloqda mashhur Qaynar shaharchasi paydo bo‘lgan. Bu-ku juda aniq gap. Ammo bino va sardobani kim, qaysi usta qurgan, uning tarxini kim chizgan? Ekspeditsiyamizning maqsadi ana shularni aniqlashdir.
Bir payt gapga quloq tutib o‘tirgan cho‘pon Po‘lat bobo indamay ichkariga kirib ketdi. Oradan o‘n besh daqiqa o‘tgan ham ediki, oq matoga o‘ralgan bir g‘ishtni ko‘tarib chiqdi.
— O‘g‘lim, izlaganlaringiz mana bu g‘isht emasmi, — deb dokani ocha boshladi cho‘pon ota. To‘xtamurod domla dast o‘rnidan turib g‘ishtni oldi. Mahmudali ham, Mixail Semenovich Andreev ham o‘rinlaridan turib ketishdi. Nazarimda ular izlagan narsalarni topishgandi. To‘xtamurod domla kattagina musulmon g‘ishtga o‘yib yozilgan arabcha yozuvning changlarini qoqib, asta o‘qiy boshladi: “Amali ustod Abdurashid Ho‘qandiy”. Hamma suyunib ketdi. Men esa olimlar o‘zlari bilan o‘zlari ovora ekanligida Po‘lat choldan asta so‘radim:
— Bu g‘isht parchasi sizga qanday kelib qolgan?
— Mening butun umrim tog‘u toshlar orasida, yaylovlarda o‘tdi, — deya so‘zlay boshladi Po‘lat chol. — Bu yerda ulkan karvonsaroy bor edi. Aytishlaricha, uni ham boya, haligi yigit aytgan shoira qurdirgan ekan. O‘ttiz oltinchi yilda, o‘shanda Ohangaronning raisi qoraxitoylik Toshton Sultonov edi, karvonsaroyni buzib, g‘ishtlarini ho‘kiz aravalarda Ohangarondagi yangi shifoxona qurilishiga olib ketishgan. Bu g‘ishtni esa men uch-to‘rt yil avval mol boqib yurib ana shu gumbaz atrofidan topib olganman. Qarasam ichida yozuvi bor. Omi odamman, lekin nimasidir bor-ov, deb dokaga o‘rab, hech kimga ko‘rsatmasdan uyga berkitib qo‘ygandim. Mehmonlar shuni izlab kelishgan ekan-da, buni qarang-a…
Mehmonlar xursand bo‘lib ketishdi. Keyinchalik bu voqealar M.Qosimovning “Qadimgi Iloq tarixidan”, Yu.F.Buryakovning “Tunkent — Obliq tarixidan arxeologik materiallar”, shuningdek, “Iloq davlati tarixiga oid”, “Qadimgi Lashkarak” nomli kitoblarda ham qayd etildi.
Men qadimgi Qaynar shaharchasining Amir Umarxon tomonidan barpo etilgani, bu yerdagi sardoba va karvonsaroyning Nodirabegimning iltimosi bilan qurilgani haqidagi ma’lumotni professor M.E.Massonning 1953 yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi nashriyotida atigi ming nusxada chop etilgan “Axangeran, Arxeologo-topograficheskiy ocherk” kitobida ham uchratdim. Xullas, Ohangarondagi Qaynar shaharchasining karvonsaroy va sardoba gumbazi Qo‘qonning mashhur binokor me’mori Abdurashid Ho‘qandiy tarxi va ishtirokida barpo etilgani endi isbot talab qilmaydigan haqiqat bo‘lib qoldi.
Professor M.E.Massonning yuqoridagi kitobida qayd etilishicha, Nodirabegim qurdirgan karvonsaroy g‘ishtlari bu yerdan unchalik uzoq bo‘lmagan Sho‘raboy degan joydagi tepalikda bunyod etilgan kattagina xumdonda (uning qoldiqlari, singan g‘isht parchalari hozir ham bor) pishirilib, maxsus aravachalarda bu yerga keltirilgan ekan. Buni Buryakovning asarlari ham tasdiqlaydi.
Qaynar XIX asrning o‘rtalariga kelib, juda katta shaharcha bo‘lgan. Ma’dalixon davrida (1822-42 yillar) Nodirabegim o‘g‘li bilan Qaynarga kelib, Ma’dalixon to Toshkentdan qaytib borgunicha shu yerda dam olgan, masjidda namoz o‘qigan, karvonsaroydagi Ko‘shkda hordiq chiqargan…
Po‘lat cho‘ponning farzandlari Nodirabegimning tashabbusi bilan qurilgan gumbaz-sardobaning hovuzini har yili tozalab qo‘yishadi. Butun Jiydali qishlog‘i shu sardoba suvidan ichadi, ekinlarini sug‘oradi, u qishloqning hayot bulog‘i hisoblanadi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2008 yil 4-sonidan olindi.