Ashurali Jo‘rayev. Labihovuzning tillo tabassumlari (2007)

Taniqli hajv ustasi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi  Ne’mat Aminov hayot bo‘lganlarida shu kunlarda qutlug‘ 70 yoshga to‘lardilar. U kishi 1937 yil 17 iyulda Buxoro viloyati Romiton tumanida tavallud topdi. Buxoro davlat pedagogika institutida (hozirgi universitet) o‘qib yurgan talabalik yillaridan boshlab adabiyotga mehr qo‘ydi. Iste’dod bilan yo‘g‘rilgan bu samimiy mehr tufayli u mashhur yozuvchi bo‘lib tanildi. Ilk hikoyasi, ilk kitobi bilan o‘quvchilar tiliga tushdi. Uzoq yillar Buxoro viloyat radiosida bosh muharrir bo‘lib ishladi. So‘ng Toshkentga — “Mushtum” jurnaliga ishga taklif qilindi. Poytaxtda ishlash Ne’mat Aminov ijodining yangi qirralarini ochdi.

Uning ko‘plab hajviy hikoyalari, feletonlari  va tanqidiy maqolalari qo‘lma-qo‘l bo‘lib o‘qildi. Adibning mahorat bilan yozgan  “Yolg‘onchi farishtalar” hajviy romani unga katta shuhrat keltirdi.

Ne’mat Aminov mustaqil yurtimizning adabiyoti, madaniyati va ma’naviyati rivojiga munosib hissa qo‘shib ketdi. Bu haqda hali adabiyotshunoslar, mutaxassislar va adabiy jamoatchilik o‘z munosabatini bildirishi, baho berishi tabiiy.

Yozuvchining shogirdi Ashurali Jo‘rayev ustozining hayoti va ijodi haqida hikoya qiluvchi xotira kitobini yozdi. Quyida ana shu yangi kitobdan ayrim sahifalarni e’tiboringizga havola etamiz.

 

Adabiyot haqida bo‘lgan suhbatlardan birida Ne’mat Aminov shunday degan edi:

—  Hikoyada xarakter bo‘lishi kerak. Agar yozuvchi xarakter yaratolmasa, biror chiroyli, quyma tasvir yo dialog o‘quvchini hayajonga solsin. Buni ham eplay olmasa, bir yangi so‘z yoki ibora yodida qolsin. Chunki bir bet hikoya yozganda ham, roman yozganda ham imon bilan yozish kerak. Adabiyot avvalo, bu — imon degani!

Ustoz o‘zining bu ibratli fikrlariga umrbod sodiq qoldi. Har qanday vaziyat va sharoitda ham imon bilan ish tutdi,  imon bilan ijod qildi, imonga suyanib yashadi. Haqiqatan ham, Ne’mat Aminov hayoti va ijodini sinchkovlik bilan kuzatarkanmiz, u kishi umrining oxirigacha imon-e’tiqodga hamisha sodiq qolganligiga guvoh bo‘lamiz.

Ne’mat Aminovning doimiy kulib turadigan samimiy chehralarini hech qachon unutib bo‘lmaydi. Bu muborak chehrada odamni o‘ziga tortadigan mehr nuri yog‘ilib turardi. U kishining tabassumi Labihovuzning suvlariday tiniq va toza edi. U kishining kulgisi Labihovuzday sokin, teran va chuqur edi. Ko‘zlarida odamlarni beg‘uborlik va halollik bilan sevish tuyg‘usi hamisha barq urardi. Hayot va ijodning murakkab tashvishlari bilan erta oqargan nuqraday sochlarida ham yorug‘lik shu’lalari taralib turganday edi. Ne’mat akaning qiyofasida kulgi bulog‘ining to‘lqinlari doimo jilolanib turardi.

Ne’mat Aminov tug‘ilganida u kishini Nasriddin Afandining farishtalari yo‘rgaklagan bo‘lsa ajab emas. Chunki ustoz kulgi bilan tug‘ilib, kulgi bilan yashab o‘tdi. Umrbod kulgiga, hajvga sodiq qoldi. Buxoro va buxoroliklarning barhayot kulgisini adabiyotga muhrlab ketdi.

“Kasb-korim — odamlar labidan, odamlar taqdiridan tabassum izlash bo‘ldi. Har bir ko‘rganim — tabassumni go‘yo bir tillo topgandek yon daftarcham varag‘iga avaylab tugib, xotiram kavaklariga yashirib qo‘ydim. Vaqti kelganda shu “tillo”larni qimmatli o‘quvchilarim boshidan sochdim. Bundan ko‘plarning ruhi oydinlashib, ko‘plarning yuzi munavvar bo‘ldi… Bitta-yarim jirillaganlar ham yo‘q emas. Nachora…”, deb yozgan edi Ne’mat Aminov o‘zining  “Tillo tabassumlar” kitobi so‘zboshisida.

Abdulla Qahhor iborasi bilan ayt­ganda, Ne’mat Aminov adabiyotga yonib kirgan iste’dodlardan edi. Yonib yashash, yonib ijod qilish, yonib so‘zlash Ne’mat akaga xos fazilat edi. U kishining birinchi kitobi —  “Ikki pullik obro‘” chop etilishi bilan adabiyotda voqea sifatida baholandi, o‘z o‘quvchilarini topdi. Ilk kitobi bilan shuhrat qozonish, tilga tushish kamdan kam yozuvchiga nasib etadi.  Shundan so‘ng turli yillarda chop etilgan “Qirq uchinchi pochcha”, “Labihovuz xandalari”, “Tillo tabassumlar”, “Jigari to‘kildi”,  “Chinorlar qo‘shig‘i”, “Qahqaha” singari kitoblari ham qo‘lma-qo‘l bo‘lib o‘qildi, adabiy jamoatchilikning yuksak baholariga sazovor bo‘ldi. Adibning nomini mashhur qilgan “Elvizak” va “Suvarak” qissalari negizida “Yolg‘onchi farishtalar” hajviy romani dunyoga keldi. Baralla aytish mumkinki, yozuvchining iste’dod bilan yozgan bu yirik asari ham adabiyotda o‘z o‘rnini topdi. Birinchi bo‘lib taniqli olim Ozod Sharafiddinov katta maqola yozib, asarni yuksak baholadi. O‘zbekiston Qahramoni Said Ahmad Ne’mat Aminov xotirasiga bag‘ishlab yozgan yodnomasida shunday deydi: “Yolg‘onchi farishtalar” bugungi adabiyotimizning durdona asari bo‘lib qoldi. Shamsi To‘rayevich, Bashirjon Zaynishev, Vafo Attor, Qiyomxon, Qirmizxonlar singari yaxlit quyma obrazlar sening chinakam portret ustasi, uncha-muncha ijodkorlarga nasib qilmagan noyob so‘z rassomi ekaningni namoyish qildi”. Aslida Ne’mat Aminovdek favqulodda iste’dodning o‘zi adabiyotimizda noyob hodisa edi.

Ba’zi jamiyatlarning satira, yumorga, ayniqsa, tanqidga tobi yo‘qligi tarixiy manbalardan ma’lum. Masalan, sobiq sho‘ro davrida hajvchi bo‘lish mashaqqat va azob edi. Lekin tanlagan yo‘li qanchalar og‘ir va murakkab bo‘lmasin, Ne’mat Aminov umrining oxirigacha unga sodiq qoldi va mardona turib ijod qildi. Uni bu yo‘ldan mashhur yirik poraxo‘rlarning po‘pisasi, tullak yulg‘ich va takabburlarning do‘qi, g‘iybatchi va tuhmatchilarning dag‘dag‘asi, katta-katta mansabdor va byurokratlarning stol ostidan ko‘rsatgan mushtlari aslo qaytara olmadi. Ayrim o‘tkir fele­tonlari tufayli Markazqo‘mga borib so‘roq berishlar, ayrim feletonlarning tasdiqlanish jarayonidagi to‘siqlar, o‘yinlar, ba’zi hajviyalar tufayli bo‘lgan mashmashalardan Ne’mat Aminovning jasorat va halollik bilan tutgan qalami aslo titramadi. Masalan, “Ko‘tarib urish operatsiyasi” nomli intermediyasi televideniyeda  namoyish etilgach, bir guruh ishchilar televideniyega aynan shunday voqea ularning korxonasida ro‘y berayotganidan tashvishlanib shikoyat yozishgan. Tekshirilgach, korxona rahbarining barcha kirdikorlari ochilib, ishdan chetlashtirilib, jazolangan. Adolat qaror topgan. Yoki  “Respublikanskiy eshon”, “Qora yurak”, “Ko‘kchiroq, qizil chiroq”,  “Aybdor sigir” singari feletonlari jiddiy shov-shuvlarga sabab bo‘lgan. Ba’zi feletonlar sababli tegishli idoralar o‘z sohalari bo‘yicha maxsus qarorlar qabul qilgan.

Yozuvchining tanqidi hamisha nishonga tekkani bois ham zarbasi kuchli bo‘lardi. Tanqidni yoqtirmaydiganlar, tanqiddan cho‘chiydiganlar Ne’mat Aminovdan hamisha hayiqib turganlariga guvoh bo‘lganmiz.

Xalqimizning yagona satira va yumor jurnali “Mushtum”ning ommaviylashuvida, mazmunan yanada boyishida dastlab mas’ul kotib, so‘ng bosh muharrir vazifasida ishlagan Ne’mat Aminovning xizmatlari katta. Lekin o‘zlari ham “Mushtum”dan nohaq musht yegan paytlari bo‘lgan. Masalan, 80-yillarning o‘rtalarida jurnalda bosilgan “Arslonning o‘limi” masali tufayli ishdan haydalgan jurnal bosh muharriri Ibrohim Rahim va bir guruh xodimlar orasida Ne’mat Aminov ham bor edi. U kishi besh yil ishsiz yurdi. Bir muddat asarlari bosilmadi. Aybi — bo‘lim mudiri sifatida masalning chop etilishiga imzo chekkani edi. Mus­taqillik arafasida Prezidentimiz Islom Karimovning tavsiyasi bilan Ne’mat Aminov 1989 yil 6 dekabrda “Mushtum”ga bosh muharrir etib ta­yinlandi. Bu haqiqiy adolat tantanasi edi…

***

Ne’mat aka bilan safarlarda yurish doimo maroqli edi. U kishi nihoyatda beozor hamroh edi, birovga aslo ziyoni tegmasdi. Dabdabalarni, ziyofatlarni unchalik yoqtirmasdi. Hamisha oddiy odamlar bilan bo‘lishni, kamtar dasturxonlar atrofida o‘tirishni  xush ko‘rardi. Kazo-kazolardan ko‘ra oddiy kishilar bilan tez til topishib, suhbati bir zumda qovushib ketardi.

Ne’mat akaning davrasida, albatta, qahqaha yangrab turardi. Kulgi bo‘lgandayam aminovcha kulgi. U kishi samimiy va beg‘araz kulgi borasida andak shafqatsizroq edilar. Ne’mat akaning kulgisida yumordan ko‘ra satira kuchli edi. Shu bois bu kulgining salmog‘i keng, toshi og‘irroq edi. U kishi davraga qarab, u yerda o‘tirganlarni hisobga olib ba’zan kulgili voqea­lar yoki hangomalarni to‘qib yuborardilar. Lekin buning to‘qima kulgiligi sezilmasdi. Hammasi tabiiy chiqardi. Masalan, ustozlari — mashhur adib Said Ahmad akaning 75 yilligiga bag‘ishlangan tantanali kechada so‘zga chiqib: “Ustoz bir suhbatingizda shogirdlaringizdan O‘lmas Umarbekov bilan O‘tkir Hoshimovni qanotlarim, deb to‘g‘ri aytdingiz. Ular qanotlaringiz bo‘lsa, men dumingizman. Chunki nozik joylarni  dum bekitib turadi-da”, deyishlari bilan zalda qahqaha yangragan. Yoki bir kuni sobiq sho‘ro davrida inqilob (hozirgi Amir Temur) xiyobonidagi bahaybat Karl Marks haykali yonidan yozuvchi Shukur Xolmirzayev, Ne’mat aka va kamina o‘tib qoldik. Shunda Ne’mat aka: “Orqasidan qarasang guvalaga, oldidan qarasang, “dohiy”ga o‘xshaydi”, dedi. Shukur aka kularkan: “Ne’mat dahshatsan. Bu haykalni bundan ortiq ta’riflab bo‘lmaydi”, degandi.

Ne’mat akaning “Elvizak” qissasi qo‘lma-qo‘l bo‘lib o‘qilayotgan kezlarda “Mushtum”da o‘tirsak, o‘rta yoshlardagi bir yozuvchi kirib kelib: “Kecha bir davraga borib qoldim. Hamma nuqul qissangizni maqtaydi. Oxiri, chidolmay “Ho‘, o‘rtoqlar, mani o‘n oltita kitobim chiqqan. Shundan to‘rttasi roman, o‘ntasi qissa, qolganlari hikoyalar. Ne’matning bor-yo‘g‘i bir qissasi chiqibdi”, desam ham quloq solishmaydi. Uyga kelib o‘qisam, haqiqatan, maqtaydigan kitob yozibsiz. Tabriklayman, uka”, dedi hayajonlanib.

***

Hayotda qaynab-jo‘shib yurgan ustoz umrining so‘nggi oylarida ancha horg‘in va sokin kayfiyatga berilib qolgan edi. Suhbatlarda, gap-so‘zlarda Ne’mat Aminovga xos bo‘lgan jo‘shqin ehtiros sezilmasdi. Bir umr kulib, kuldirib yurgan chehralariga qandaydir g‘amginlik, tushkunlik soya sola boshlagandi. “Endi hammasi Allohdan. Yaratgan Egam taqdirga nima yozgan bo‘lsa, shuni ko‘raman”, degan so‘zlarni tez-tez takrorlardi. Hatto bir safar suhbatlashib o‘tirganimizda: “Hajvchi bo‘lib, feletonchi bo‘lib to‘g‘ri qilganmikanman?” degan savolni ham bergan edi…

Bularning barchasi u kishiga kutilmaganda yopishib olgan og‘ir xastalikning ta’siri edi. Ana shu xastalik tufayli tez-tez kasalxonaga tushadigan bo‘lib qoldi. Xayollari, fikru yodlari ana shu kasallikni yengishda  va undan tezroq qutilishda edi. Irodali inson bo‘lganligi uchun ham dard bilan olishdilar. Uni yengish yo‘llarini izladilar. Kutilmaganda hamla qilgan bu darddan qutulish oson bo‘lmadi. Dard umr sahifalariga o‘z muhrini bosa boshladi.

Vafotlaridan bir oycha muqaddam Chkalov nomli aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi kasalxonasiga tushdilar. Kirsam, hansirab nafas olyaptilar. Yonlarida komaga tushgan bir odam alahsirab yotibdi. Ustozga o‘zimcha dalda berdim, lekin ko‘zlaridan oqqan yoshlarni to‘xtatishning iloji yo‘q edi. Ustozning yig‘laganlarini birinchi bor ko‘rganim uchun ham dovdirab qoldim. Nega, nima uchun? Bu mungli savollarning javobini o‘zlari bilan olib ketdilar. Bu savollar qiyomatgacha javobsiz qoldi.

Bir vaqtlar u kishining yordamchisi bo‘lib ishlagan Nodirjon Tursunov bilan ustozni ko‘rgani bordik. Palata eshigini sekin ochib qarasak, Ne’mat aka o‘ng tomonga yonboshlab chiroyli uxlab yotibdilar. Shu yotishda u kishi farishtaga o‘xshardi. Ustozni bunday go‘zal uyquda birinchi bor ko‘rishimiz edi. Shu bois uyg‘otib yuborishdan hadiksirab, biroz termulib o‘tirdik. Uzoq yillar mehnat qilib, halovat nimaligini bilmagan, hayot, ijod va turmush tashvishlaridan benihoya toliqqan, o‘tkinchi dunyoning mayda-chuyda ishlaridan, tashvishlariyu behuda yugur-yugurlaridan zerikkan Allohning oddiy bir bandasi ertaklardagi farishtadek qirq kechayu qirq kunduz uyquga ketgan edi. Ehtimol, Ne’mat aka bu uyquni bir umr kutgandir, bir umr orzu qilgandir. Ehtimol, shu beg‘ubor, pokiza uyqu uchun umrbod yelib-yugurgandir. Ehtimol, farishtalar u kishining uyqudagi suratini chizayotgandir, u kishidan halol bir insonning andozasini olayotgandir. Bu yolg‘iz Allohga ma’lum…

Ustoz o‘limidan o‘n kun oldin Yozuvchilar uyushmasining raisi Abdulla Oripov rahbarligida o‘rinbosarlari Sirojiddin Sayyid, Minhojiddin Mirzo va kamina u kishini ko‘rgani bordik. Bundan Ne’mat akaning kayfiyatlari ko‘tarildi. Va bir kun ilgari taniqli olim To‘ra Mirzayev boshchiligida olimlar, ijodkorlar kelib-ketganini aytdilar. Biroz hol-ahvol so‘rab bo‘lgach, Abdulla Oripov shunday dedi:

— “Yolg‘onchi farishtalar” romaningiz shifobaxsh doriga o‘xshaydi. Ba’zan o‘qib, xuddi osma ukol olganday mazza qilaman. Bashirjon Zaynishev — o‘lmaydigan tip. Adabiyotga katta xizmatlar qildingiz. Endi huzurini ham ko‘ring, aka! Hali Buxoroga borib yetmish yillik to‘yi­ngizni birga o‘tkazamiz, saylanmalaringizni chiqaramiz…

Vo darig‘, Buxoroga borish ham, yetmish yillik to‘yini ko‘rish ham ustozga nasib etmadi. Abdulla Oripovning dil so‘zlari, samimiy niyatlari u kishining umrini bir necha kunga uzaytirgan bo‘lsa ajab emas…

Yana bir shogirdi Anvar Obidjon bilan ustozimizni ziyorat qilgani bordik. O‘sha kuni 2005 yilning 12 oktyabri edi. Havo ochiq, kuz quyoshi charaqlab, hovlidagi xurmo daraxtlari  xuddi yangi yil archasining chiroqlaridek lovullab turibdi. Ustoz bilan ancha suhbatlashib o‘tirdik. Anvar aka u-bu hangoma aytib, u kishini kuldirgan bo‘ldi. Lekin kulgi ham Ne’mat akaga malol kelayotgandek siniq edi. Go‘yo u kishining bir umr kulib kelgan yuzlari, ko‘zlari, lablari kulgidan to‘ygan, kulgidan horigandek edi. Shunday bo‘lsa-da, u kishi ancha ochilib, suhbatlashib o‘tirdilar. Bir necha marta turmoqchi bo‘lsak, ruxsat  bermadilar. Afsus va nadomatlar bo‘lsinki, bu so‘nggi suhbat, so‘nggi diydorlashuv, so‘nggi uchrashuv va bir-birimizni so‘nggi bor ko‘rishimiz ekanligini hech birimiz bilmadik. Bandasi ojiz, deganlari shu bo‘lsa kerak-da.

Oradan besh kun o‘tib, adabiyotimizning zabardast adiblaridan biri, mashhur hajvchi Ne’mat Aminov hayotdan ko‘z yumdi. Huzurbaxsh kulgi tindi. Uzoq yillar yangrab kelgan beozor va beg‘ubor qahqaha so‘ndi.

Bu barhayot kulgi faqat jismonan to‘xtadi. Endi u ustozning kitoblarida, barkamol asarlarida davom etadi. Chunki Ne’mat Aminov adabiyotda o‘ziga xos kulgi maktabini  yaratib ketgan hajvchi. Uning qahramonlar galereyasi rang-barang, bir-biriga o‘xshamaydigan, bir-birini takrorlamaydigan noyob xarakterlar guldastasidir. 40 yillik ijod mahsulining samarasi bo‘lgan ushbu kulgi dastasidan turfa qahqahalar, samimiy tabassumlar, beozor va beg‘ubor kulgi ufurib turadi. Bu kulgidasta kulgisevar o‘zbek xalqi qalbidan saralab olinib, unga payvand qilingan. Taniqli adib Xudoyberdi To‘xtaboyev iborasi bilan aytganda: “Ne’mat Aminov Said Ahmad aka ham, biz ham yozishni orzu qilgan birinchi o‘zbek hajviy romanini zo‘r mahorat bilan yaratdi. Uning qahramoni Zaynishevga ham achinasiz, ham undan kulasiz. Aslida, adabiyotda bunday murakkab obraz yaratish juda qiyin. Lekin Ne’mat Aminov buning uddasidan chiqdi. Adabiyotimiz umr­boqiy obraz bilan boyidi”.

Ne’mat Aminov har jihatdan halol, imonda sobit va pok inson edi. Bu insoniy fazilatlar u kishining turmush tarziga, hayotiga singib ketgan edi. Ustoz odamlarga: yaqinlari va shogirdlariga imoni va halolligi qay darajadaligiga qarab baho berardi. Ne’mat aka imonsizlarga, poraxo‘rlarga, yolg‘onchilarga, amalparastlarga faqat o‘tkir va jasoratli qalami bilangina emas, balki irodali inson sifatida hayotda ham kurashib o‘tdi. Shu bois Ne’mat Aminov adabiyotda, hayotda, yashashda vijdon qo‘ng‘irog‘ini mardona chalib ketdilar, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu bebaho va beozor qo‘ng‘iroq ustozni bilganlar, ko‘rganlar va asarlarini o‘qib-uqiganlar qalbida, xotirasida hamisha aks sado berib turishiga ishonamiz.

“Hurriyat” gazetasidan olindi.