Mahmud Sattorov. Oltin zanglamas… (2007)

Ushbu maqolani yozishimga yaqinda “Jahon adabiyoti” jurnalida atoqli adibimiz Odil Yoqubovning “Osiy banda” romanidan e’lon qilingan boblar turtki bo‘ldi. Odil aka yangi romanida mustamlaka zamonining umr shomida xalqimiz boshidan kechirgan og‘ir iztiroblar, fojealar chuqur ruhiy dramatik tahlil va mohirlik bilan ochib bergan.

Biz shogirdlar adabiyotshunos olim Asil Rashidovni ancha yaqindan bilar, u kishi bilan uzoq yillar samimiy munosabatda bo‘lib kelganmiz. Bo‘yi-basti, qaddi-qomati, kasbi-koriyu qiziqishlari bilan ukalari orasida akasiga juda o‘xshashi shu Asil aka Rashidov edi.

Men “O‘qituvchi”da redaktsiya mudiri bo‘lib ishlagan yillarimda hammuallifim rahmatli Akram Kattabekov bilan tarixiy asarlar tahliliga bag‘ishlangan “Olis yulduzlar jilosi” kitobini chop etadigan bo‘ldik, rahbarim Narimon Hotamovning tavsiyasi bilan Asil Rashidovni ushbu kitobga mas’ul muharrirlikka taklif etdik. Asil aka o‘zi yaqinda dissertatsiyasi monografiyasi — “O‘zbek qissalarida mehnat tasviri”ni nashr ettirib, bu qora mehnatning zahmatini chekkan, o‘sha g‘ayrat va sinchkovlik bilan bizning qo‘lyozmalarimizni ham ko‘zdan kechirib, tahrir qilib berdi.

Aytmatov asarlari mohir tarjimoni Asil Rashidov bilan shu tarzda qadrdonlashib ketdik. Bu orada besh adabiyotchining Qashqadaryoga qilgan machchoyi sayrimiz bizni yanada inoqlashtirdi. Bu “darveshlar yurishi” sayohati ekipaj a’zolari — Asil aka, Murod Xidir (tashabbuskor), Mahkam Mahmudov, men va avtoulov egasi — pedagog olim Muhammadi Jumanovlar edik. Bu safar bir-birimizni kashf etishimizga muhim omil bo‘ldi. Asil akaning nozikta’b ijodkor, printsipial olim, ayni chog‘da kamtarin, oddiy insonligini o‘sha safarda angladik. Bu yaqinlik bir-birlarimizning xonadonimizga mehmon bo‘lib borish-kelishda davom etdi.

Qashqadaryoga safarimizda tuman rahbarlaridan biri — xom sut emgan banda — Asil akani “siylab” sovg‘a-salom, to‘g‘rirog‘i, pora bermoqchi bo‘libdi. Bilyard­xonadan asabi qaynab chiqqan sherigimiz raykomning noz-ne’mat to‘la ziyofat stolini tark etib, Murod Xidirning brigadir akasining odmi dasturxoniga mehmon bo‘lgani  ham yodimdan ko‘tarilmaydi. Bir gal mening kelishimga Asil aka sho‘rva osib qo‘ygan ekan, pishgach, tushlik qiladigan bo‘ldik. Ikkita kulcha non qurib, qotib qolgan, sindirsak, qarsillab qoq non bo‘laklarga bo‘linib ketdi. Shunda Asil aka:

— Mahmudjon, nonning suvi qochib, qoq bo‘libdi, tashlab yuborsak, uvol bo‘ladi, yaxshisi, sho‘rvaga to‘g‘rab yeb qo‘ya qolaylik, — dedi.

Qoq nonni kursillatib yeb, ichgan o‘sha kobuliy sho‘rvamizning ta’mi hamon og‘zimdan ketmaydi…

Sho‘ro zamonida Aytmatov asarlari hassos tarjimoni sifatida tanilgan Asil Rashidov pedinstitutda domlalik qilar, bo‘sh vaqti jurnalist, noshirlar bilan shaxmat taxtasi ustida o‘tardi…

O‘shanda san’at darsligida Venera surati ostiga berilgan “istochnik” — “chashma” atamasiga ko‘nglim to‘lmadi-yu, ulug‘lar ko‘magiga ko‘z tutib, “O‘qituvchi”dan tepaga — badiiy adabiyot nashriyotiga ko‘tarildim. Mirziyod akaning xonasida shaxmat avjida edi. Kabinet egasi bor dunyoni unutib, muallif — tarjimon Asil Rashidov bilan kurashda qizg‘in pallaga kirgan ekan. Harb ustidagi “sarkarda”lardan biror savol so‘rash ham amri mahol edi. Ular taxtadan bosh ko‘targan paytlarini poylab, savol tashlab qoldim:

— Boshidagi ko‘zadan sut to‘kilayotgan Venera surati ostiga tarjimon “Chashma” deb tagso‘z yozibdi. To‘g‘ri tarjima bo‘lsa-da, ko‘nglim to‘lmayapti, — dedim yurak yutib.

Mirziyod aka:

— Izohli lug‘atdan qarang, klassik adabiyot lug‘atini ham unutmang, — dedi.

Asil aka:

— Ruscha-o‘zbekchadan tashqari forsiy-arabiy atamalarga ham murojaat qiling, — deya maslahat berarkan, “shoh” deb sherigiga kisht berdi.

Oqshom uyda lop etib miyamga “Sarchashma” atamasi urildi. Asil aka atamani behuda fors-arab so‘zlari orasidan qidirishni maslahat bermagan ekan. Yana shuni angladimki, mahoratli tarjimonlar ushbu atama ekvivalentini yaxshi bilishsa-da, yosh muharrir o‘zi qidirib topib, o‘rniga qo‘ysin deb ataylab, tayyor javobni aytmagan ekanlar…

2006 yilning oxirlariga kelib chop etilgan taniqli murabbiy olimlar Saydi Umirov va Boybo‘ta Do‘stqorayevlarning “Ziyobaxsh umr sahifalari” kitobi mening Asil aka haqidagi tasavvurlarimni yanada oydinlashtirdi. Bu mo‘jaz kitob muqovasida uzoqdan akademik Saxarovni eslatuvchi qadrdonimiz Asil Rashidovning o‘ziga xos o‘ychan siymosi aks etgan bo‘lib, mualliflar o‘z tadqiqotlarini “Asil Rashidov portretiga chizgilar” deb atashgan edi. Men bu kitobdan muhtaram tanishim haqida o‘zim bilmagan ma’lumotlarni hayajon bilan mutolaa qilib, risola portret chizgilari emas, chinakam barkamol inson port­reti ekanligiga imon keltirdim. Qarang, muhtaram gazetxon, Asil aka Rashidov O‘zbekistonda ilk bor ta’sis etilgan jurnalistika bo‘limining birinchi qaldirg‘ochlaridan ekan. Chingiz Aytmatov asarlari tarjimasiga qo‘l urishni unga ustozi, ilmiy rahbari akademik Vohid Zohidov tavsiya etgan ekan. Kitobda katta samimiyat bilan darj etilgan G‘aybulla Salomov va Asil Rashidovlarning 40 yillik bezavol do‘stligiga Sharof Rashidov sababchi bo‘lgan ekanlar…

“Ziyobaxsh umr sahifalari” bir paytlar rus adabiyotida mashhur bo‘lgan JZL (Jizn zamechatelnыx lyudey) seriyasidagi asarlar kabi maroq bilan o‘qiladi. Albatta, uning qahramoni va unga yondosh siymolar ham biz tanigan va tanimagan buyuk zotlardan kam emas. Jahon badiiyatining yetuk arbobi Chingiz Aytmatov, o‘zbek xalqi tarixi va adabiyotida nurli iz qoldirgan Sharof Rashidov, milliy fan va madaniyatimiz buyuk siymosi, akademik Ibrohim Mo‘minov, falsafa, adabiyot-san’at fido­yisi Vohid Zohidov, qomusiy-adabiyot ilmlari sohibi, so‘nggi hujayrasigacha vatanparvar ziyoli G‘aybulla Salomovlar qaysi xalq va millat buyuklaridan kam deysiz?!

“Do‘st — do‘stga oyna” deyishadi donishmandlar. “Ziyobaxsh umr sahifalari”ning ikkinchi qahramoni Asil Rashidovning beminnat do‘sti, bir umrlik hamrohi, salafi, sirdosh, fikrdosh yo‘ldoshi G‘aybulloh as-Salom bo‘lgan. Bu ikki do‘st, Xudoning qudrati bilan ilmu amalda bir-birini to‘ldirgan, boyitgan — bir-biriga oyna bo‘lgan.

Do‘stlikning bezavolligini qarang, rahmatli G‘aybulla Salomovni Asil Rashidov haqidagi ushbu mazmundor risolaning hammuallifi ham deyish mumkin. Kitobda keltirilgan murosasiz bahsu munozaralar, intervyular, xolis tanqidiy va tahliliy fikr-mulohazalar shunday deyishimizga imkon beradi.

Qahramonimiz Asil Rashidov 75 dan o‘tib, 77 ga ketyapti. Bu, albatta, kichik yosh emas. Lekin risola mualliflari haqli ravishda ta’kidlashganlaridek, adabiyotshunos, munaqqid, mutarjim, mudarris, maqolanavis nisbalariga dog‘ tushirmay, halol, betanaffus, bekamu ko‘st ijodning qora mehnatini qilish har kimning qo‘lidan keladigan ish emas.

Bu hunarni san’at darajasida, oliy maqomda ushlab turish ijod dehqoniga xos bo‘lgan fazilat. Xal­qimiz “oltin zanglamas, asil aynimas” deganda muazzam zamondoshimiz Asil Rashidov singari asl ziyoli farzandlarni ko‘zda tutgani aniq.

Mahmud SATTOROV

“Hurriyat” gazetasidan olindi.