Hafiz Abdusamatov. Xo‘rozni yenggan sinchalak (2007)

Bir paytlar Abdulla Qahhorning mashhur “Sinchalak” povestiga malomat toshlari otildi. Adibga partiya tashkilotini, kommunistni maqtagan, ko‘klarga ko‘targan degan “ayb” yopishtirib, asarni chippakka chiqarmoqchi bo‘lishdi. Masalaga chuqurroq yondashsak, qahramonning ichki olamiga sayohat qilsak, uning tub mohiyati ochiladi.

50-yillarning oxirlarida Abdulla Qahhorning nigohi adolatparvar yosh rahbarga tushib qoladi, uning obrazini zavq-shavq bilan, zo‘r ilhom bilan adabiyotga olib kiradi. Xo‘sh, Saidaning qaysi tomonlari Abdulla Qahhorni maftun etgan edi.

Saida jismoniy tomondan ojiz, tanasi ozg‘in bo‘lsa ham, lekin ichki dunyosi boy, aqli o‘tkir, idroki zo‘r, bilimdon qiz. U xalq­dan ozuq oldi, bu esa unga qudratli kuch baxsh etdi.

Saida usta tashkilotchi hamdir. Uning bu xislati, ayniqsa, qishloqning oqsoq tomoni — madaniy-maishiy hayotini ko‘tarishda alohida ko‘zga tashlanib turadi. U doim pilla tutilib yurgan klubni dehqonga dala ishi, ro‘zg‘or tashvishidan bo‘shaganida boshini tiqib, nafasini rostlaydigan madaniyat o‘chog‘iga aylantiradi.

Saida har bir ishga mohir. Kishilar bilan muomalada, ularni tarbiyalashda, ayniqsa, Saidaning ichki imkoniyatlari, iste’dodi mukammal namoyon bo‘ladi. Shu bilan qahramonimizning yana bir olijanob fazilati ochiladi.

Saidani insonni tarbiyalash uslubi — urib yiqitish, ishdan haydash, do‘q qilish, qattiq jazo berib mayib qilish emas, balki tushuntirish, ishontirish, uqtirishdir.

Saidaning insonlarga bo‘lgan hurmati, muruvvati, ularda mavjud nuqsonlarga murosasizligi bilan uzviy tutashib ketgan. Paxtakorlar onglarining o‘sishi, masalani to‘g‘ri tushunishlari, muhitning sog‘lomlanishi uni qanchalik xursand qilsa, daladagi qing‘ir ishlar shunchalik yuragiga tashvish soladi.

Kamchiliklarning ildizi esa Qalandarov ish faoliyatining tomirlariga borib tutashadi. Qishloq illatlarining payini qirqish, dastavval, rais rahbarligida va ish usulidagi kamchiliklarni tugatish bilan uzviy bog‘lanib ketadi.

Qalandarov garchi chalasavod bo‘lsa ham juda tajribali deh­qon. Uning universiteti — hayot, bilim manbai — dala bo‘ldi. Raisning ko‘p yillik, boy tajribasi katta xo‘jalikning mexanizmini eplab yurgiza olishga imkon berdi. Qalandarovning yutuqlar oldida esankirashi, o‘zini yo‘qotib qo‘yishi, to‘g‘ri pozitsiyadan toyishiga olib kelgan narsa — uning chala savodligi, o‘z ustida ishlamasligi, o‘z mehnatidan qanoatlanishi, tanqid, intizom doirasining tashqariga chiqib qolganligi edi. Bu hol esa o‘z-o‘zidan Saida bilan Qalandarov o‘rtasida konfliktga olib kirdi.

Muallif konfliktni soxtalashtirmasdan, zaiflashtirmasdan, bo‘yamasdan, murakkabligi, o‘tkirligi va keskinligi bilan yoritdi. Ilgari ayol boshi bilan kotib bo‘lishidan qo‘rqqan Saida qishloqqa kelib, dala azamatlari bilan uchrashib, yuragiga dalda oladi, o‘z mehnatini bekorga ketmasligiga ishonch hosil qiladi. Bu esa qahramonning kuchiga kuch, g‘ayratiga g‘ayrat qo‘shadi.

Tortishuvlarda rais daraxtning shoxida bo‘lsa, kotiba bargida yuradi. Bu holat birinchi to‘qnashishdayoq seziladi. Rais yengiltaklik qilganda ham to‘la odobni saqlaydi, ovozini ko‘tarmaydi, gapning ohangini o‘zgartirmaydi. Jang maydonida Qalandarovga ketma-ket zarba berib, uni yengib boradi, “chirillatib-qirsillatib” ega boshlaydi. Rais tortishuv bobida kotibga nisbatan ongsizroq ekanligiga kurash kuchaygan vaqtida tan beradi: “Bu sinchalakni urolmasam, so‘kolmasam, mahmadona ekan, gapiga qarshi gap topolmasam”. Keyinchalik esa u: “Ayol toifasidan bo‘lsangiz ham durust chiqdingiz!” deb Saidaning o‘zicha e’tirof etadi. Uni Saidaning salobati bosadigan bo‘lib qoladi.

A. Qahhor ayollarni faqat jamiyat ishlarida emas, balki oilada ham erkaklar bilan to‘la ma’noda teng huquqqa ega bo‘lganliklarini ifodalash bilan, eski urf-odatlarning o‘rnini yangi munosabatlar egallab borishini, illatlar surib chiqarilayotganligini ishonarli qilib ochib beradi.

Eski odatlarning mag‘lubiyatga uchrashi, yangi munosabatlarning afzalligi Saida bilan Kozimbek aloqasida, muhabbatida yorqin gavdalanadi. Muallif bu ikki yosh yurak samimiy ichki tuyg‘ularining bo‘lishini, kucha­yishini tipiklashtirib ko‘rsatadi. Sevgini jimjimador gaplar, uzundan-uzoq tantanali va’dalar, dabdabali nutqlar, yorni ko‘klarga ko‘taradigan chiroyli maqtovlar negizida emas, balki realis­tik vaziyatda, oddiy voqealar jarayonida samimiy ravishda ifodalaydi. Asarda Saida va Kozimbek hattoki biror marta bir-birlariga muhabbat izhor qilganligini uchrata olmaymiz. Lekin ularning munosabatlaridan, muomalalaridan yosh yuraklar sevgi bilan to‘lib toshganligi sezilib turadi.

Bunga aniqlik kiritish uchun yozuvchi Saidaning ichki hissiyotlarini kitobxonga ochib beradi. “Saida esa undan balog‘atga yetganidan beri qalbining harorati bilan qizib, o‘zga qalbga chippa yopishadigan biror og‘iz so‘z kutar edi. Yo‘q, Kozimbekdan bunday so‘z chiqmadi”. Asarda Kozimbekning ichki tuyg‘ulari oshkora ravishda yoritilmaydi, buni aniqlab olishni muallif kitobxonga havola qiladi. Yosh sevgining taqdirini yozuvchi hal qilguncha, kitobxon muallif xulosasiga undan oldin keladi. Bu asarning nuqsoni emas, balki fazilati. Syujet yo‘nalishi, ikki yurak munosabatlarining real rivoji kitobxonda to‘g‘ri xulosa chiqarishga imkon bergan.

A. Qahhor sevgini tasvirlashda ham original bir vositani qo‘lladi. U oshiq-ma’shuqni tashqi tomondan ham go‘zal qilib ko‘rsatish odatidan qochdi. O‘z qahramonining ko‘rinishini xunuk, ko‘rimsiz qilib chizdi. Kozimbekning tash­qi qiyofasi bunday ta’riflanadi: “… novcha, bo‘yni ingichka, quloqlari yelpug‘ichday”, kallasi katta. Shunday bo‘lsa ham u Saidaning yurak torlarini chertib, unda haqiqiy, chin sevgi uyg‘otdi. Unga Kozimbekning “shalpon qulog‘i” ham o‘ziga yarashgan, istarasi issiq, ochiq, xushchaqchaq yigitday ko‘rinadi. Kozimbekning boy, go‘zal ichki dunyosi, o‘tkir aqli, soddaligi, ma’sum qiyofasi Saidani o‘ziga maftun etadi. Ilg‘or narsalarning har bir sohada, shu bilan birga, maishiy turmushda ham borgan sari hukmronlikni egallashi kelajak — ilg‘orlik, yangilik davri, ularning tantanasi davri ekanligining isbotidir. Bular hammasi Saidaning boqiy obraz ekanligini isbot qiladi.

Saida, Qalandarov, Tojixon, Kifoyatxon, Eshon, Hamidullo xarakterining suyak-suyagiga, qon-qoniga milliy xususiyatlar singib ketgan. Milliy xarakterlar mazmun asosida qurilgan o‘zbek milliy sharoiti, maishiy, oilaviy hayotda, tarixiy-o‘tmish asnosida an’analar misolida yorqin ochib beriladi.

“Sinchalak”ning milliy xususiyatlarini, ayniqsa, asar tilida, personajlarning nutqidan yaqqol ko‘rish mumkin.

Ma’lumki, A. Qahhor so‘z ustasi. Uning butun ijodi buni yaqqol isbot qildi. “Sinchalak” esa muallifni bu sohada yangi bir yuqori pog‘onaga ko‘tardi.

Uning katta yutuqlaridan biri shundaki, asarda muallif o‘z ijodida ishlatilgan birorta iborani, maqolni qayta ishga solmaydi. O‘zbek tilining butun murakkabligicha bilgan adib asarni boshidan-oyoq yangi-yangi jumlalar, qiziqarli, o‘tkir iboralar bilan boyitdi. Muallif hattoki bir xil toifadagi, bir xil xarakterdagi kishilarni qalamga olib, ularning qiyofasini ko‘z oldimizga keltirishda ham boshqacha iboralarga murojaat qilgan.

Bitta detalning o‘zi ham bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Yozuvchining “Mayiz yemagan xotin” hikoyasida Norqo‘zi xotinining “farishta”ligini bildirish maqsadida, osmonda uchgan samolyotdagi kishilardan qochadigan qilib ko‘rsatadi. Povestda esa xuddi shunga o‘xshash juvonning xarakterini gavdalantirish uchun muallif adabiyotda qo‘llanilmagan, lekin yuqoridagi mazmunni to‘la anglata oladigan qisqa shaklni topa oldi. “Hatto xo‘rozdan ham yuzini berkitadigan xotin” de­yishi bilan kitobxonga uning kim ekanligini, tabiatini, xulq-atvorini ochiq anglatadi.

U Qalandarov bilan Eshon o‘rtasidagi yaqinlikni, Eshon raisning to‘la ishonchiga o‘tib olganligini quyidagi jumla bilan ifodalaydi. “Eshon dadamning go‘shti bilan terisi orasiga kirib olgan”, deydi Kozimbek. Qanchalik aniq, chuqur ta’rif.

A. Qahhor yaratgan obrazlar hayotiy konkretligi, tipiklashmaning ijtimoiy-siyosiy chuqurligi, individuallashtirishning kuchliligi bilan ajralib turadi. Adibning har bir personajida o‘ziga xos belgi bor deb aytsak, mubolag‘a qilgan bo‘lmaymiz.

Muallif o‘z qahramonlari tiliga xalq tilining ruhi, qudratini singdirib yuborgan. Asardagi boy yumor, chuqur ma’noli kinoyalar, kesatiqlar, o‘tkir so‘z o‘yinlari, mashhur iboralar, nishonga nayzaday sanchiladigan maqollar qahramonlar tiliga jon kiritib yuborgan, obrazlilik baxsh etgan.

Bularning hammasini biriktirsak, qahramonlar tili naqadar individuallashganligi, asar tili naqadar rangdor, serbuyoq va go‘zalligi, milliy xususiyatlar porloq va yorqin tasvirlanganligi yaqqol sezilib turibdi.

Bu shuni ko‘rsatadiki,
A. Qahhorning badiiy mahorati, ayniqsa, “Sinchalak”da barq urdi.
A. Qahhor uslubining o‘ziga xos xususiyatlari — voqelikni haqqoniy tasvirlash, g‘oyaviy jihatdan puxtalik, konfliktni butunligicha, murakkabligida, keskin o‘tkirligida ko‘rsatish, obrazlarni keng tarzda umumlashtirib, yorqin va jonli yaratish, ijtimoiy-siyosiy masalalarni tipiklashtirishning konkretligi, psixologik tahlilning chuqurligi, ifodalanayotgan voqea, hodisalarni kitobxon ko‘z oldida yaqqol gavdalantirgan.

A. Qahhor ijobiy obrazlari  adabiyot xazinasiga kirib, olijanob shaxslarning timsoli bo‘lib qoldi, kitobxonlar qalbidan chuqur o‘rin egallay oldi. Lekin shu bilan birga, A. Qahhor sho‘ro davri ideologiyasining ta’siriga berilgan. Bu tuzumning oqibatlarini ra­yon partiya qo‘mitasi kotibi Nosirov faoliyatida yaqqol sezish mumkin. Partiya siyosatini maqtashlari, uning ijobiy samaralari to‘g‘risidagi gaplar o‘tmish tuzumini eslatadi. Buning uchun A. Qahhorga ta’na qilish yoki “Sinchalak” povestini kamsitish o‘rinsiz, deb bilaman. Bunga ayb­dor Abdulla Qahhor emas, u yashagan tuzumdir. Chunki uning g‘oyalaridan hech kim qutila olmagan, butunlay chetlab o‘ta olmagan.

Umuman olganda, “Sinchalak” asari kitobxonlarga samarali ta’sir ko‘rsatib, yuksak mafkuraviy ongni tarbiyalashga, kishilar tushunchasida hanuzgacha saqlanib kelayotgan yaramas illatlarni yengishga yordam beradi va bunga tar­g‘ib qiladi.

Hafiz ABDUSAMATOV

“Hurriyat” gazetasidan olindi.