Toshpo‘lat Rahmatullayev. Internet mas’uliyatsizlik makoni emas (2006)

yoxud tarmoqni huquqiy jihatdan boshqarish zarurati xususida

Internet tarmog‘ida axborot tarqatishni huquqiy jihatdan tartibga solish masalasi butun dunyoda eng dolzarb muammolardan biriga aylangan. Bu yo‘nalishda faqat tarmoqning o‘zida bildirilayotgan mulohazalar yuzlab saytlardan joy olgan bo‘lib, ularning hajmi qog‘ozda chop etilgan taqdirda o‘n minglab sahifani tashkil etadi. Internetni tartibga solishga bo‘lgan ehtiyoj, talab qanday paydo bo‘ldi, u nega bunchalik dolzarblik kasb etmoqda?

Internet vujudga kelib, axborot tizimi sifatida tarqala boshlangan dastlabki paytlarda tarmoq global xarakterga ega ekanligi, uni boshqaradigan yagona markaz yo‘qligi va bo‘la olmasligi mutaxassislarda va foydalanuvchilarda  uni boshqarishning hojati ham, imkoni ham yo‘q degan tasavvurni uyg‘otgan edi. Tartibga solish uchun qilingan har qanday intilish yangi tizimni bo‘g‘ish, cheklab qo‘yish, axborot olish erkinligiga daxl etish sifatida talqin etilgan edi.

Lekin ko‘p o‘tmay Internetda yolg‘on, tuhmat, ma’lum bir fuqaro shaxsini obro‘sizlantiruvchi axborotning ko‘payishi, mualliflik huquqini mensimaslik kabi holatlar tarmoqni tartibga solish zarurligini ko‘rsatdi. Agar aniq choralar ko‘rilmasa, yuzaga kelayotgan holat Internetning o‘ziga ham salbiy ta’sir qilishi namoyon bo‘lib qoldi. Masalan, tarmoqdagi axborotning haqqoniyligiga ishonmaydiganlar ko‘paydi. O‘tgan yilning oxirida jahonning taraqqiy etgan 25ta mamlakatida o‘tkazilgan tadqiqot natijasiga ko‘ra Internet axborot manbai sifatida TV va radioga nisbatan oldinga o‘tib ketgan. Lekin, shu bilan birga, undagi axborotning haqqoniyligiga ishonuvchilar soni nisbatan kam. Bundaylar Yaponiyada so‘rovda qatnashganlarning 13, Germaniyada 25, ?vetsiyada 33, Xitoyda 58, Janubiy Koreyada 70 foizni tashkil etarkan.

Ana shunday bo‘lgandan keyin Internetni huquqiy jihatdan tartibga solish nafaqat foydalanuvchilar uchun, balki tarmoqning tozaligi va yanada taraqqiy etishiga manfaatdor bo‘lgan sayt egalari va provayderlar uchun ham muhimligi isbot talab etmaydi.

Internetning katta bir tarmoq va axborot manbai sifatidagi o‘ziga xos xususiyati real hayotda o‘xshashi bo‘lmagan maxsus xususiy muammolarni yuzaga keltirmoqda. Ulardan biri tarmoqda mualliflik huquqini himoya qilish masalasidir.  Ikkinchisi, elektron tijoratni tartibga solish muammosi. Bunga Internet orqali shartnoma tuzish, reklamaning haqqoniyligini ta’minlash, Internetdagi tadbirkorlikni soliqqa tortish masalalarini kiritish mumkin. Uchinchi muammo tovar belgilarini tarmoqda foydalanish bilan bog‘liq.

To‘rtinchi huquqiy muammo provayderlar va sayt egalarining ular serverida mavjud axborot mazmuniga javobgarligini aniqlash masalasidir. Bu yerda shuni inobatga olish kerakki, qator mamlakatlarda bu yo‘nalishda qabul qilingan qonunu qarorlar faqat milliy xususiyatlardan kelib chiqqan bo‘lib, Internetning umumjahon xarakterga ega ekanligi inobatga olinmagan. Beshinchisi, informatsion xavfsizlik, jumladan, kompyuter jinoyatchiligi masalasidir. Oltinchisi, fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatini hamda yuridik shaxslarning tuhmatu bo‘htonlardan himoya etish masalasi. Yettinchisi esa, shaxsga doir xususiy axborotning daxlsizligini ta’minlash, ya’ni shaxsiy hayot va xususiy xarakterdagi ma’lumotlarning sir saqlanishi masalasidir.

Internet jadal rivojlanib borayotgan mamlakatlarda huquq sohasida yangi ixtisos — Internet huquqi vujudga kelayotganligi uqtirilmoqda. Ukrainada yuridik xizmatlar bozorini o‘rganish maqsadida o‘tkazilgan tadqiqot natijasiga ko‘ra ushbu mamlakatda Internet huquqi mutaxassislariga talab umumiy talabdan o‘rtacha yoki yuqori darajada bo‘lgan. Bu haqda ma’lumot bergan tadqiqotchi «shu bilan birga, haligacha Internet huquqi nima ekanligi, uning huquqiy tabiati nimada namoyon bo‘lishi noma’lumligicha qolayotganligini» qayd etadi.

Ushbu yo‘nalishda xorijda amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rganish va keraklisini o‘zimizda ham joriy etish muhim vazifalardan biri bo‘lib turibdi. Avstraliyada tarmoq orqali noqonuniy axborot tarqatilganligi uchun Internetda axborot mazmunini tartibga solishga qaratilgan qonunlar qabul qilingan edi. Germaniyada «Provayderlar javobgarligi to‘g‘risida»gi qonun mavjud. Qator mamlakatlarda sohani tartibga solishga qaratilgan «Internetni himoya etish to‘g‘risida», «Internetdagi shaxsiy axborotni himoya etish to‘g‘risida» va boshqa qonunlar qabul qilingan.

Ayniqsa, Rossiyada Internet tarmog‘ini huquqiy jihatdan tartibga solish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rganish biz uchun muhimdir. Bu yerda muammoning turli qirralari tadqiq etilgan kitoblar, ko‘plab maqolalar chop etilgan, ilmiy izlanishlar olib borilmoqda, bir nechta dissertatsiya ham himoya qilingan. Maxsus tashkil etilgan «Huquq va Internet» saytidan turli mazmun va yo‘nalishdagi tadqiqotlar o‘rin olgan va unda muntazam ravishda mavzuga bag‘ishlangan internet-anjumanlar o‘tkazilib turiladi. Moskva davlat yuridik akademiyasi ta’sis etgan «Internetda Rossiya huquqi» elektron jurnali mavjud.

Mamlakatimizda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va yanada rivojlantirish hamda shu munosabat bilan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan huquqiy masalalarni tartibga solish uchun amaliy ishlar qilinmoqda. Bundan to‘rt yil oldin Oliy Majlisning Sanoat, qurilish, transport va aloqa qo‘mitasi qator xalqaro tashkilotlar bilan «Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) va qonunchilik» mavzusida davra suhbati o‘tkazgan edi. Unda AKT bo‘yicha mavjud qonunchilik bazasi tahlil etilgan, qonunlarga o‘zgartirishlar kiritish, yangilarini ishlab chiqish va qabul qilish, eng asosiysi, O‘zbekistonda axborot va kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish kontseptsiyasi tahlil etilgan edi.

Shuningdek, yurtimiz vakillari Moskvada bo‘lib o‘tgan «Huquq va Internet» VI Xalqaro anjumanida hamda informatsion jamiyat masalalari bo‘yicha Jenevada (2003) va Tunisda (2005) o‘tkazilgan xalqaro sammitlarda ishtirok etishdi.

Ayniqsa, keyingi yillarda AKTni yanada takomillashtirish va uning huquqiy bazasini mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Bunga eng avvalo O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2002 yil 30 maydagi “Kompyuterlashtirishni yanada rivojlantirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish to‘g‘risida”gi farmoni va shundan keyin qabul qilingan «Axborotlashtirish to‘g‘risida», «Elektron raqamli imzo to‘g‘risida», «Elektron tijorat to‘g‘risida», «Elektron hujjat aylanishi to‘g‘risida»gi qonunlar misol bo‘la oladi.O‘tgan yilning o‘zida ushbu qonunlarni hayotga tadbiq etishga qaratilgan qator qarorlar e’lon qilindi.

Mamlakatimizda kompyuterlashtirishni va axborot-kommunikatsiya texnologoyalarini rivojlanitirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash faoliyat yurgizmoqda. Shuningdek, 2002 yildan «InfoCom.uz» axborot-tahliliy jurnali chiqib turibdi.

AKT sohasida kadrlar tayyorlashga e’tibor kuchaytirildi. Toshkent axborot texnologiyalari universitetida bir qancha yo‘nalishlar, jumladan, «Axborot xavfsizligi», «Elektron tijorat» yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanmoqda. O‘tgan yili esa Samarqand, Farg‘ona, Urganch, Nukus va Qarshi shaharlarida universitetning filiallari tashkil etildi.

Albatta, amalga oshirilayotgan ishlar mamlakatimizda AKTni taraqqiy etishiga asos bo‘ladi, uning xavfsizligini ta’minlaydi. Shu bilan birga, Internetning yuqorida sanab o‘tilgan o‘ziga xos muammolarini hal etish yo‘lida qilinishi lozim bo‘lgan vazifalarni aniq belgilab olish va ularni amalga oshirish zarur. Agar biz uchun elektron tijorat, reklama haqqoniyligi, tovar belgilaridan foydalanish muammolari erta-indin voqelikka aylanadigan bo‘lsa, axborot xavfsizligini ta’minlash, fuqarolar sha’ni va qadr-qimmatini himoya etish, xususiy axborotni daxlsiz bo‘lishi kabilar allaqachon dolzarblik kasb etgan.

Hozirda O‘zbekistonning o‘zida, ya’ni  «.UZ» milliy domeni hududida ro‘yxatga olingan internet-resurslar soni 6000ga yetgan. Bundan tashqari chet ellarda tashkil etilib, yurtimiz haqida axborot tarqatayotgan ko‘plab saytlar mavjud.  Ular ham yuqorida tilga olingan illatlardan xoli emas. Ularni huquqiy jihatdan tartibga solish yo‘llari qanday? Umuman, «Internetni tartibga solish yoki boshqarish» deganda nimalar tushuniladi va u qanday amalga oshiriladi? Bu masalalar chuqur o‘rganilishi va ularga aniqlik kiritilishi talab etiladi.

Ushbu muammo BMT diqqat markazida bo‘lganligi ham uning global xarakterga ega ekanligidan dalolat beradi. Informatsion jamiyat bo‘yicha xalqaro sammitning 2003 yilda Jenevada bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida Internetni boshqarish bo‘yicha ishchi guruhi tashkil etilgan edi. Uning asosiy vazifasi etib «Internet-Hukumat» masalasi bo‘yicha ochiq munozaralar tashkil etish, «Internetni boshqarish» tushunchasi ta’rifini ishlab chiqish, Internetni boshqarishda hukumatlar, xalqaro tashkilotlar, tadbirkorlar va jamoatchilikning roliga aniqlik kiritish belgilangan edi.

Ishchi guruhi tomonidan tashkil etilgan munozaralar davomida  Internet faoliyati o‘z yechimini kutayotgan ko‘plab texnik, huquqiy va axloqiy muammolar bilan bog‘liqligi tan olingandi. Ammo ularni hal etish uchun yagona bir mexanizm tuzmasdan, mavjud boshqaruv tizimidan foydalanish maqsadga muvofiq degan xulosa bildirildi. Vazifasini bajargan ishchi guruhi yaqinda o‘z o‘rnini yangi xalqaro tuzilma — Internetdan foydalanuvchilarni boshqarish masalalari bo‘yicha forumga bo‘shatib beradi. Yangi tashkilotni ta’sis etishga bag‘ishlangan yig‘ilish 16-17 fevralda BMTning Jenevadagi qarorgohida bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekistonda Internet shaxdam odimlar bilan kirib kelayotganligini inobatga olib, tarmoq bilan bog‘liq huquqiy muammolarni tartibga solish shu kunning talabiga aylanganligini uqtirmoq joiz. Aks holda, noqonuniy faoliyat nazorat qilib bo‘lmaydigan darajada avj olishi va tuhmatu bo‘htonlar oqimi to‘xtatishi mumkin bo‘lmagan sel kabi kuchayib ketishi mumkin. Bu esa odamlarda Internet tarmog‘ida qonunga rioya qilmasa bo‘laverarkan, degan tushunchaning shakllanishiga olib keladi. To‘g‘ri-da, real hayotda jazolanishi muqarrar bo‘lgan faoliyatni virtual olamda bemalol amalga oshirish mumkinligi odamni buzadi. Bunga misol tariqasida tarmoqda behisob pornografik saytlarning mavjudligi, shaxsni kamsituvchi, ochiqdan-ochiq haqoratdan iborat so‘zlarning ishlatilishi, reklamada mahsulotlarning kamchiligini yashirish, jamiyat uchun zararli axborotning joylashtirilishi (shu o‘rinda narkotik moddalarni tayyorlash, sotish, xarid qilish haqida ma’lumot beruvchi saytlar mavjudligini uqtirish o‘rinli) kabilarni ko‘rsatish mumkin.

Internetdan foydalanuvchilar, provayderlar va sayt egalarining javobgarligi qonunchilikda belgilab qo‘yilishi lozim. Foydalanuvchilarni axborot bilan ta’minlashda provayderlar vositachi ekanligini inobatga olib, xorij qonunchiligida ular zimmasiga qator vazifalar yuklatilgan. Ayrim mamlakatlarda provayderlarga Internetda qonunlarga rioya qilinishi nazorat etish topshirilgan. Lekin bu ularga xohlagan saytini “yopib qo‘yish” yoki undagi axborotni “yo‘qotish” huquqini bermaydi. Bizda ham provayderlarning huquqiy maqomiga aniqlik kiritib, ularning huquqi, mas’uliyati va javobgarligi darajasini aniq belgilab qo‘yish vaqti keldi. Ana shu maqsadda “Internet xizmati ko‘rsatishni huquqiy jihatdan tartibga solish to‘g‘risida” qonun qabul qilish mavridi kelganga o‘xshaydi.

Tarmoq zamon talabiga mos ravishda rivojlanishi uchun uni boshqarishda davlat iloji boricha kamroq ishtirok etishi kerakligi aksariyat mamlakatlarda tan olingan. Internetni boshqarish jarayonida uning huquqiy, axloqiy, texnikaviy va ijtimoiy jihatlarini inobatga olishga to‘g‘ri keladi. Ularning har biri o‘ziga xos yondoshuvni talab etadi. Shu bois Internetni bir joydan turib boshqarish yoki bu ishni bir tashkilot zimmasiga yuklatish ko‘zlangan natija bermaydi. Umumjahon miqyosida bu muammoni hal etishga taklif tayyorlagan BMTning Ishchi guruhi quyidagi xulosaga kelgan edi: huquqiy va axloqiy muammolarni yechishni Ishchi guruhi o‘z zimmasiga oladi, texnikaviy masalalarning yechimini mavjud xalqaro tashkilotlar (ICANN  va ITU) bajaradi, ijtimoiy muammolarni hal etish BMTning tegishli tuzilmalari va xalqaro gumanitar tashkilotlarga yuklatiladi.

Biz ham shu asosda ish tutishimiz mumkin. Chunki Internet umumjahon xarakterga ega ekanligi sababli uni huquqiy boshqarish  barcha mamlakatlarda deyarli bir xilda amalga oshirilishini taqozo etadi. Faqat axloqiy masalalarda farq bo‘lishi muqarar. Chunki «axloq» tushunchasi  turli millatlarda turlicha talqin etiladi.

Muammolarning yechimiga kelganda, ularning xususiyatiga qarab, qaysi vazifani qanday tashkilot bajarishini puxta o‘ylash zarur. Shunday yo‘l tutmoq lozimki, huquqiy cheklovlar sohaning erkin rivojlanishiga to‘siq bo‘lmasin, undagi sub’ektlar manfaatiga ziyon yetkazmasin. Dastlab qanday qilib Internetni boshqarishda mavjud qonunlardan foydalanish, nimalarni o‘zgartirish muhimligiga e’tibor qaratmoq zarur. Masalan, ommaviy axborot vositalari va aloqa tizimini tartibga soluvchi mavjud konunlarni Internetga nisbatan qo‘llaganda, yuzaga kelgan talablarga mos ravishda ularni qanday takomillashtirish kerakligini aniqlashga to‘g‘ri keladi.

OAV qonunchiligiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish jarayonida quyidagilarni hisobga olish zarur, deb o‘ylayman:

—  qonunlarda, jumladan, «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi qonunda barcha tushunchalarga ta’rif berib o‘tish; «ommaviy axborot vositasi» tushunchasiga ta’rif berganda Internet ommaviy axborot vositasi ekanligini qayd etish; «veb-sayt» tushunchasiga ta’rif berish; «ommaviy axborot vositasi mahsuloti» tushunchasiga ta’rif berib, jumladan, veb-saytni ham tilga olib o‘tish;

—  Internetda ommaviy axborotni tarqatayotgan saytlarni ommaviy axborot vositalari sifatida ro‘yxatga olishni yo‘lga qo‘yish va maxsus Nizom ishlab chiqish; ro‘yxatdan o‘tgan Interent tarmog‘iga tegishli guvohnoma berish;

—  OAV sifatida ro‘yxatdan o‘tish ixtiyoriy bo‘lganligi bois, ro‘yxatdan o‘tgan saytlarni rag‘batlantirish maqsadida ularga ommaviy axborot vositalari uchun belgilangan imtiyozlar daxldorligini nazarda tutish;

—  ro‘yxatdan o‘tgan internet-OAV jurnalistlariga qonunlarda belgilangan tartibda imtiyozdan tashqari majburiyat va mas’uliyat yuklatilishi bois «OAV to‘g‘risida»gi qonunda «jurnalist»  tushunchasiga ta’rif berganda, unga shtatda turuvchi tahririyat xodimi deb emas, balki ommaviy axborot vositasi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi asosida yoki uning topshirig‘i bilan materiallar to‘plash, ularni tahlil hamda tahrir qilish va tayyorlash bilan shug‘ullanuvchi shaxs tushunilishini  qayd etish.

Bulardan tashqari, yuristlar va huquqiy mavzuda qalam tebratayotgan tajribali jurnalistlarni Internet huquqi bo‘yicha ixtisoslashuviga keng yo‘l ochish muhim vazifa sanaladi. Internetni xuquqiy jihatdan boshqarish mavzusi OAV diqqat markazida bo‘lishi, unga bag‘ishlab muntazam nazariy va ilmiy-amaliy anjumanlar, davra suhbatlari tashkil etib turish zarur.

Internetda jamiyatimizda mavjud ba’zi bir muammolarni bilib-bilmasdan ko‘tarib chiqilishi, ayrim sohalardagi kamchiliklarni tanqid qilish bahonasida shaxsning sha’ni va qadr-qimmatiga dahl qilish kabi holatlarning  oldini olish maqsadida matbuotimiz, radio va televideniyemizda real voqelikni bayon qilishdan qo‘rqmaslik, taraqqiyotimizga to‘siq bo‘layotgan muammolarni ro‘y-rost ko‘rsatish ham muhim.

Maqolamiz yakunida shuni uqtirmoqchi edikki, mutaxassislar Internet rivojlangan mamlakatlarda o‘ziga xos ijtimoiy qatlam — tarmoq hamjamiyati shakllanganligini ta’kidlashmoqda. Dunyoda Internetdan foydalanuvchilar soni 600 million atrofida bo‘lsa, ularning aksariyati o‘zini o‘ziga xos ijtimoiy axborot muhitining ajralmas qismi sifatida his etadi. Bizning ham bu voqelikdan chetda qolmasligimiz turgan gap.

Toshpo‘lat RAHMATULLAEV

“Hurriyat” gazetasidan olindi.