Pirimqul Qodirov. Qarshidan boshlangan zafarlar (2006)

Hozirgi zamon o‘quvchisi tarixiy shaxslar va voqealar haqida chin haqiqatni bilishga katta ehtiyoj sezadi. Istiqlol sharofati bilan Amir Temur hayoti va faoliyatiga oid nufuzli tarixiy manbalar chop etilgan. Natijada o‘quvchining chin haqiqatni bilishga bo‘lgan ehtiyojini qondirish imkoniyatlari kengaydi.
Biz quyida shu imkoniyatlardan foydalanib, Amir Temurning Qarshidan boshlangan ulkan zafarlarini ilmiy badia shaklida ko‘rsatishga intildik.
Muallif

Temurbek yigirma besh yoshida mo‘g‘ul istilosidan xalos bo‘lishga qaratilgan xalq ozodlik harakatiga yetakchilik qilgan va Chig‘atayxon avlodidan bo‘lgan Ilyosxo‘jaxon bilan uning zolim amiri Bekichikni 1363-1364 yillarda Vaxsh daryosi bo‘yida va Kesh viloyatida mag‘lub etib, katta nufuzga erishgan edi. O‘shi qirqlarga borgan makkor Amir Husayn qaynog‘alik huquqidan foydalanib, Temurbekning yoniga ittifoqdosh bo‘lib suqulib kiradi. Keyinchalik Temurbek uning g‘arazli maqsadlarni ko‘zlaganini seza boshlaydi. «Amir Husayn mening g‘alaba va yutuqlarimni ko‘rolmaydi, hasad ichini kemiradi, hamma vaqt meni mag‘lub etish payida bo‘lib, firib berib kelardi», deb yozadi «Temur tuzuklari»da.
1365 yilda Toshkent bilan Chinoz oralig‘ida mo‘g‘ullar bilan bo‘lgan «loy jangi»da Amir Husayn Temurbekka xiyonat qilib, uning qo‘shiniga katta talofat keltiradi. O‘zi esa harbiy kuchlarini saqlab qolib katta ustunlikka erishadi va Turonning bosh hukmdori darajasiga ko‘tarila boshlaydi. (Bu ishda unga chingiziy xonlarning qarindoshi Amir Muso yordam beradi. Amir Husayn mo‘g‘ul xoni Tarmashirinning qiziga uylangan edi. Bu qizning onasi O‘rduxotin Husaynbekka o‘z hukmini o‘tkazadigan qaynonalardan edi. Shu xotinning maslahati bilan darveshnamo mo‘g‘ul shahzodasi Qobulshohga xonlik lavozimi berilgan edi. Uning hukmi bilan Samarqand shahri Temurbek ixtiyoridan olinib, Amir Husayn tasarrufiga o‘tkaziladi.
Atrofini mustamlakachi chingiziylar o‘rab olgan Amir Husayn xiylayu nayrang ishlatib, Amir Temurga qarashli bo‘lgan Qarshi qal’asiga o‘zining mo‘g‘ul qarindoshi Amir Musoni hokim qilib qo‘yadi, uning ixtiyoriga yetti ming qo‘shin beradi.
Amir Husayn va uning vaziru amirlari xuddi mo‘g‘ul istilochilari kabi xalqni talab boylik orttirar edilar. Amir Husayn Chingizxon joriy etgan shafqatsiz yosoq qonunlariga asoslanib, arzimagan gunohlar uchun ham odamlarni qatl ettirar edi. Soliqlar orasida boju xirojdan tashqari amaldorlarga alohida to‘lanadigan «shilon», «qo‘nalg‘a», «savoriy», «moli jihot» kabi shariatda yo‘q, faqat chingiziylar joriy etgan og‘ir soliqlar ham Husaynbek amaldorlari tomonidan shafqatsizlik bilan undirilardi.
Amir Husayn xuddi mo‘g‘ul xonlariga o‘xshab faqat harbiy kuchga tayanib, zo‘ravonlik va talonchilik siyosatini olib borgan sari aholi orasida unga qarshi norozilik kuchayib borar edi.
Butun xalq zolim chingiziylar istilosidan qanday qutulgan bo‘lsa, zolimlikda ulardan qolishmayotgan Amir Husayn odamlaridan ham shunday xalos bo‘lishni istardi. Temurbek xalq orasida adolatli rahbar bo‘lib tanilgani sari Amir Husayndan ixlosi qaytgan va Temurbek bayrog‘i ostiga yig‘ilib kelayotgan kuchlar tobora ko‘payib bormoqda edi.
Temurbek har qancha sabr-bardoshli bo‘lsa ham, endi Chingiziylar istibdodini davom ettirayotgan Amir Husaynga qarshi hayot-mamot kurashiga chiqmay turolmaydi.
Uning qo‘l ostidagi mingdan ortiq sadoqatli beku navkarlar Temurbekning Amir Husaynni bartaraf qilish haqidagi qarorini ma’qullaydilar. Temurbek yaqin beklari bilan qilgan maxfiy mashvaratda eng avval o‘zi imoratini qurdirgan Qarshi qal’asini Amir Husayndan tortib olish rejasini tuzadi. Ba’zi amirlar erta tongda qal’aga xujum qilish va yuzma-yuz jang bilan uni egallashni taklif qiladilar.
Biroq Temurbek bu taklifni qabul qilmaydi. Chunki Qarshi qal’asida besh ming, uning atrofida yetti ming qo‘riqchi askarlar bor edi.
Tong otganda bo‘ladigan yuzma-yuz olishuvda har ikki tomondan ko‘p talofat bo‘lishi va bunday jang fuqarolik urushini keltirib chiqarishi mumkin edi.
Holbuki, Amir Husayn so‘nggi yillarda hiylayu nayrang bilan o‘z tomoniga og‘dirib olgan beku navkarlarning ko‘pchiligi bir el, bir yurtning farzandlari edilar. Ularning orasida bir vaqtlar xalq ozodlik harakatiga qo‘shilib, Temurbek qo‘l ostida jang qilgan yigitlar ko‘p edi. Kelajakda agar Temurbek va uning sodiq navkarlari adolat uchun kurashda g‘olib kelsalar Amir Husayn tomoniga gumrohlik qilib o‘tib ketgan beku navkarlarning ko‘pchiligi Temurbek bayrog‘i ostiga qaytib kelishlari mumkin edi.
«Loy jangi»da juda ko‘p odamini yo‘qotib achchiq tajriba orttirgan Temurbek hozir unga sadoqat saqlab xizmat qilayotgan sipohiylardan hech birini ortiqcha xavf-xatarga duchor qilishni istamaydi. Butun mas’uliyatni o‘ziga olib, oz kuch va puxta o‘ylangan reja bilan Qarshi qal’asini tunda, yovlar g‘aflat uyqusida yotganda to‘satdan borib egallashning ajoyib bir tadbirini o‘ylab topadi.
Bu paytda Temurbek o‘ttiz yoshli pahlavon yigit edi. Ayni kuchga to‘lgan, juda ko‘p tarixiy voqealarni boshdan kechirib, katta tajriba orttirgan sarkarda edi. U o‘z qo‘shinlari orasidan jang ko‘rgan dovyurak va epchil bahodirlardan 243 kishini tanlab oladi-da, Qarshi qal’asini ichidan va tashidan qo‘riqlab yotgan o‘n ming kishilik yov lashkariga kechasi to‘satdan hujum uyushtiradi.
Son jihatidan ellik barobar ko‘p lashkarga qarshi qorong‘u tunda hayot-mamot jangiga otlanish chetdan qaraganda o‘ta qaltis bir tavakkalchilik bo‘lib ko‘rinishi mumkin. Ammo Temurbek uchun bu bir tavakkalchilik emas, balki barcha imkoniyatlari oldindan puxta o‘rganilgan, loyihasi zargarona aniqlik bilan tayyorlangan mardona harbiy tadbir edi. Qarshi qal’asining hokimi Amir Muso to‘rt tarafga o‘z ayg‘oqchilarini yuborib, Temurbekning qayerda yurganiga, qancha odami borligiga, nima qilayotganiga ko‘z-quloq bo‘lib turar edi. Chunki hozir Qarshi qal’asiga Temurbekdan boshqa hech kim xavf sololmas edi. Amir Musoning xo‘jayini Husaynbek ham «faqat Temurdan ehtiyot bo‘l!», deb unga qayta-qayta tayinlagan edi.
Buni yaxshi biladigan Temurbek, eng avvalo, Amir Musoning xavotirini bosadigan, uni xotirjam va beparvo qiladigan ilk tadbirni amalga oshiradi. Bu ilk tadbir haqida «Temur tuzuklari»da shunday deyiladi:
«Qarshi qal’asidagi beklarning xotirini jam qilish uchun bu yerdan ko‘chib, Xuroson tomonga qarab yo‘lga tushdim. Amu daryosidan kechib o‘tganimda Xuroson tomondan Qarshiga kelayotgan karvonga duch keldim. Karvon boshchisi menga sovg‘alar taqdim etdi. Men undan Xuroson amirlarining hol-ahvolini surishtirdim, Xuroson viloyatiga ketayotganimni izhor etib, ketishlariga ruxsat berdim.
Faqat karvonga ayg‘oqchi qo‘shib yubordim. Va u xabar keltirgunicha daryo sohiliga joylashib, kutdim. Ayg‘oqchi olib kelgan xabarga ko‘ra, karvondagilar Amir Musoga shunday deydilar: «Temurni Amudaryoning narigi yoqasida ko‘rdik, Xuroson tarafga ketayotgan ekan». Bu gap Amir Muso va Amir Husaynning lashkariga yetgach, hammasi xursand bo‘lib o‘yin-kulgu, ayshu ishratga beriladilar».
Bu parchada «ayg‘oqchi» deb atalgan odam bugungi tilda «xufya» yoki «razvedkachi» deb aytiladi. Temurbek yov tomonidan olinadigan axborotga qanchalik katta ahamiyat bergani bu yerda juda aniq ko‘zga tashlanadi. U rejalashtirgan qaltis tadbir aniq ma’lumotlar va imkoniyatlarni hisobga olib tuzilgan va har tomonlama puxta o‘ylab amalga oshirilgan harbiy kashfiyot ekanini voqealarning keyingi rivojida ham ko‘ramiz.
Qarshi qal’asini Temurbek o‘zi qurdirgani uchun uning qayerida nima borligini yaxshi bilardi. U qo‘shinlari orasidan jang ko‘rgan bahodir yigitlarni tanlab olgach, Amudaryodan ularni olib o‘tadi, Qarshiga yetmasdan Shirkent (Beshkent yaqinidagi qishloq) degan joyda to‘xtaydi. Va bir kecha-kunduz atrofni kuzatib, hujumga tayyorgarlik ko‘radi. Bu tayyorgarlikning bir qismi — yo‘g‘on arqonlarni bir-biriga bog‘lab, baland qal’a devoriga chiqadigan ko‘laki narvonlar yasashdan iborat edi. Bu narvonning zinalari ham pishiq arqondan qilinadi. Ular yog‘och narvonlarga nisbatan yengil. Ularni qal’a devoridagi kungira-shinaklarga otib ilintirish oson. Ular yog‘och narvonga o‘xshab qo‘pol emas va taq-tuq ovoz chiqarmaydi. O‘ylangan tadbir amalga oshishi uchun bularning hammasi juda muhim edi!
Temurbek shu qadar ehtiyotkorlik va aniq hisob-kitob bilan amalga oshirmoqchi bo‘lgan harbiy tadbirda o‘z odamlarini kutilmagan xavf-xatardan asrab-avaylashga juda katta e’tibor beradi. Buning aniq dalil va isbotlarini «Temur tuzuklari»da uchratamiz:
«Qarshi qal’asidan bir farsang (taxminan olti chaqirim) masofaga kelib tushdim… Shu payt Amir Joku tizza urib, «Bir guruh bahodirlar orqada qoldilar, ular kelguncha to‘xtab turish zarur», deb o‘tindi. Shunda xotiramga bir fikr keldi. Bahordirlarim yetib kelguncha qal’ani o‘zim ko‘zdan kechirmoqchi bo‘ldim. Qirq kishi hamrohligida Qarshi qal’asi tomon yo‘l oldim. Qal’a qorasi ko‘ringan joyda bahodirlarimni to‘xtatib qo‘ydim va uyimizda tug‘ilib o‘sgan Mubashshir bilan Abdullo ismli yigitlarni birga olib, o‘zim ketdim. Suv bilan to‘ldirilgan xandaq bo‘yiga yetdim. Qarasam, xandaq suv bilan limmo-lim ekan. Tevarak-atrofga nazar solib, xandaq tepasidan qal’aga suv olib boradigan tarnovga ko‘zim tushdi. Otimni Mubashshirga qoldirib, o‘sha tarnov orqali suv kechib, xandaq ustidan o‘tdim va qal’a devoriga yaqinlashdim. Darvoza oldiga borib, eshik qoqdim. Darvozabonlar uxlayotgan ekan, ichkaridan sado chiqmadi. Qal’a devorini ko‘zdan kechirib, narvon qo‘yib, arqon zinalar bilan chiqsa bo‘ladigan joyni topdim. So‘ng orqaga qaytdim va otlanib bahodirlarim oldiga bordim».
Temurbek qay darajada dovyurak va mard yigit bo‘lganligi mana shu lavhada bo‘rtib ko‘rinadi. Uning mardligi — butun mas’uliyatni o‘ziga olib, barcha xavf-xatarga avvalo o‘zi yuzma-yuz bo‘lganida ko‘zga tashlanadi. Agar qo‘rg‘on darvozaxonasi ichida qo‘riqchilar uyg‘oq bo‘lganda Temurbek eshik taqillatgan zahoti yopirilib chiqishlari va uni tutib olishlari yoki o‘q yog‘dirib tirik qo‘ymasliklari mumkin edi. Darvoza qarshisidagi suv to‘ldirilgan chohdan o‘tib qutulib ketishning esa imkoni yo‘q edi. Temurbek shuni bila turib darvozani taqillatib ko‘radi. Ichki bir ovoz unga «hech kim yo‘q, qo‘rqma!» deganday dalda beradi. Chindan ham qal’a ichidagilar kayf-safodan keyin qattiq uyquga ketgan bo‘ladilar. Darvozagacha borib, vaziyatni shaxsan o‘zi aniqlagan Temurbek endi qat’iyat bilan qal’aga hujum uyushtiradi. 200 yigit Temurbek sinab ko‘rgan tarnov orqali suv to‘ldirilgan chohdan o‘tadi va qal’a devori bo‘ylab sekin ilgari yuradi.
Sarkarda belgilab qo‘ygan joyda arqondan to‘qilgan narvonlarning uchini yuqoriga otib, qal’a kungiralariga ilintiradilar.
Er yigitlardan qirq kishi ana shu narvonlar bilan qal’a devori ustiga chiqadilar. Bu ishlar hammasi ovoz chiqarmasdan imi-jimida qilinadi. Qal’a devori ustidan yurib borib, Temurbek taqillatib ko‘rgan G‘uzor darvozaxonasiga yuqoridan tushadilar.
Darvozaxonada uxlab yotgan qo‘riqchilar endi uyg‘onib ketadi va shovqin ko‘tarib, qurol ishlatmoqchi bo‘ladi. Shunda Temurbekning qirq yigiti ularni urib yiqitib, qo‘l-oyoqlarini bog‘laydilar.
Temurbek qolgan 160 yigiti bilan darvoza tashqarisida uning ochilishini kutib turadi. Darvozaga otning kallasiday qulf osilgan bo‘ladi. Kalit topilmaydi. Yigitlar qulfni bolta bilan urib sindirib tushiradilar. Darvoza orqasiga tosh va kesaklarni uyib, ochilmaydigan qilib qo‘ygan ekanlar. Endi bir emas, ikki-uch bolta bilan darvozani buzib, qulatib yo‘l ochadilar. Darvoza tashqarisida chohdan o‘tiladigan ko‘prik bor ekan. Arqon bilan ko‘tarib qo‘yilgan ko‘prikni choh ustiga tushiradilar. Shundan so‘ng Temurbek boshliq barcha bahodirlar ko‘prikdan va qulatilgan darvozadan o‘tib qal’aga kiradilar. Temurbek besh-o‘n joyda o‘tkir ovozli burg‘i va karnay chaldiradi. Qal’ada mast uyquda yotgan Amir Muso va minglab navkarlar cho‘chib uyg‘onadilar. Ular Temurbekning momoqaldiroqday gulduragan ovozini eshitadilar. Temurbek katta qo‘shin bilan kelganini aytib, behuda qon to‘kilmasligi uchun qarshilik ko‘rsatmasdan taslim bo‘lishni talab qiladi. Qal’adagilarni vahima bosadi. Ularning nazarida Temurbek osmondan tushganday tuyuladi. Qorong‘uda o‘zlarining qo‘rqib qochayotgan odamlari ham Temurbekning quvib kelayotgan bahodirlaridek ko‘rinadi.
Qal’a boshlig‘i Amir Muso Samarqand va Buxoro tomonga qaragan darvozalar lang ochiq turganini, vahimaga tushgan navkarlar o‘sha darvozalardan qochib chiqib ketayotganini ko‘radi. Ularni qamchi ham, qilich ham orqaga qaytara olmaydi. Shundan keyin Amir Musoning o‘zi ham uyida qolgan homilador xotini Orzu Malikni va 14 yashar o‘smir o‘g‘li Muhammadni himoyasiz qoldirib, qal’aning Samarqand darvozasidan chiqib qochadi. Qal’ada sarosima bo‘lib, qaysi darvozadan qochib qutulishni bilmay izg‘ib yurgan yov navkarlari ko‘p edi.
Ovozi baland jarchilar ularga Temurbek nomidan murojaat qilib, taslim bo‘lganlarning joni omon qolishini ma’lum qiladi: «Biz bir el, bir yurt odamlarimiz, oralaringda Amir Husaynning yolg‘on va’dalariga ishonib aldangan navkarlar ko‘p, bir vaqtlar Temurbek xizmatida bo‘lganlar o‘z xatolariga chin dildan iqror bo‘lib tavba qilsalar, ular adolat uchun kurashayotganlar safiga yana qabul qilingaylar!». Temurbekning o‘zi ham ot ustida turib, qal’a ichida sarosima bo‘lib qochayotganlarni taslim bo‘lishga va adolat yo‘liga qaytishga da’vat etadi.
Temurbekning so‘zi bilan ishi bir ekanini, uning mardligi va tantiligini amalda ko‘p marta ko‘rgan ko‘plab yigitlar qurollarini tashlab taslim bo‘ladilar va Temurbek qarshisida tiz cho‘kib, agar tirik qolsalar umrbod unga sodiq qolishlarini aytadilar. Shu tarzda Temurbekning bahodir yigitlari safiga yana yuzlab yangi navkarlar qo‘shiladi. Tong otib kun yorishgandan keyin Amir Musoning qal’adan kochib chiqqan minglab navkarlari yuzboshi va mingboshi amirlar taz’yiqi ostida bir joyga to‘planadilar. Ular aql-hushlarini sal yig‘ib olganlaridan keyin tunda qal’aga bostirib kirgan Temurbek askarlari son jihatidan uncha ko‘p emasligini fahmlaydilar. Holbuki, qal’a tashqarisida turgan yetti ming askar hali jangga kirgan emas edi. Faqat Durraka Bahodir degan amir o‘zining besh yuzdan ortiq navkarlari bilan G‘uzor darvozasidan oq bayroq bilan kelib, Temurbek tomonga ixtiyoriy ravishda o‘tib ketgan edi.
Bunday hodisalar takrorlanishidan qo‘rqqan Amir Muso Malik Bahodir degan eng yaqin amiri bilan bor qo‘shinini to‘plab, qal’a atrofini o‘rab oladi. Ular suv to‘ldirilgan chohdan o‘tishning ilojini topolmay, ancha naridan o‘q otib ko‘radilar. Ammo o‘qlari qal’ada himoyada turganlarga yetib kelmas edi.
Amir Musoning lashkari ko‘p bo‘lgani uchun qal’aga ikki kun davomida qayta-qayta hujum qilib ko‘radi. Bu hujumlarni qaytarishda Temurbek shaxsan o‘zi ham qo‘lda qilich bilan jang qiladi. Shunga oid bir lavhani Sh.Yazdiy «Zafarnomasi»dan keltirish mumkin:
«Dushman tomoni yuz kishikim cherik orqasida cherik saqlagani turib erdilar, ikki qo‘shin bo‘lib, biri o‘zini Elchi Bug‘o Bahodirga urdi va biri hazrat sohibqiron sari chopdilar. Hazrat sohibqiron qilich tortib, alar sari chopib, yel kibikim, xashakni surgay, ularni o‘shandoq surib, bir-bir mag‘lub etdi. O‘zgalarkim, ul hamlani ko‘rdilar, alar dag‘i turmay qochdilar».
O‘rni kelganda shuni aytish o‘rinliki, dunyo miqyosida shuhrat qozongan ulug‘ sarkardalardan faqat Aleksandr Makedonskiy Temurbek kabi 30 yoshlarida o‘z qo‘shinining oldingi safida dushmanlari bilan bevosita qilich chopib jang qilgan ekan. Uning o‘z jangchilariga ko‘rsatgan shu qahramonona ibrati va boshqa fazilatlari uchun xamsanavislar uni ko‘p ulug‘laganlar. Xususan, hazrat Alisher Navoiy o‘zining «Saddi Iskandariy» dostonida Iskandarni podsho va sarkardalarning eng botiri deb e’zozlaganlar. Temurbek hozir o‘sha darajada jang qilardi. Temurbek jangga kirganda uning ovozini, hatto nomini eshitgan dushmanlarini vahima bosardi.
Chunki undagi afsonaviy shijoat va g‘oliblikning asl manbai ilohiy qudratdan deb ishonadiganlar ko‘p edi. Sh.Yazdiy ham bu haqda ishonch bilan yozadi:
«Inoyati ilohiyni ko‘ringki, bir kishigakim, ani inoyatidin xose qilsa, anga andoq jur’at berurkim, ikki yuz qirq uch kishi bilan o‘n ikki ming kishini urushib bosqay (enggay) va ikki kunda alarning shahar va qal’asini olg‘ay… Va bu so‘z yolg‘on ermas, aning uchunkim, ul ma’rakada bo‘lg‘on kishilardin eshitib va ko‘rganlardin tahqiq qilib bitduk. Dushmanlarning azimat va shavkatlari bartaraf bo‘lib, har biri bir sori qochdilar… Hazrat sohibqiron ul qish saodat va iqbol bilan Qarshida turdi va lutfu ehson bila andagi ulug‘, kichik, faqir, miskin raiyatlarga shafqat ko‘zi bilan boqib, ziroatqa va imoratqa sa’yi qildi».
Chindan ham Temurbekning Qarshini zolim Husaynbek asoratidan ozod qilishdagi tengsiz jasorati va puxta o‘ylab amalga oshirgan tadbiri bu qadar muvaffaqiyatli chiqqani ilohiy bir inoyatdek tuyuladi. Qarshi qal’asida qo‘lga tushgan asirlar orasida Amir Musoning Muhammad ismli o‘smir o‘g‘li ham bo‘ladi. Ba’zi amirlar uni bandi qilib garovda saqlashni maslahat beradilar. Ammo Temurbek bunday ishni o‘ziga munosib ko‘rmaydi. O‘smir Muhammadni qochirib yuborishni buyuradi. «Toki u otasiga barcha ko‘rganlarini aytib bersin, Amir Muso Temurbekka bas kelolmasligini shundan ham sezsin». Bu tadbir ham, albatta, o‘z natijasini beradi. Amir Muso Temurbekdan yengilib, homiysi Amir Husayn huzuriga qochib ketadi.
Yazdiyning guvohlik berganidek, Temurbek Qarshi shahrida qishlagan oylarida miskin va faqirlarga ehsonlar qiladi, vayron bo‘lgan imoratlarni qayta tiklatadi, bahor yaqinlashganda ekin ekish uchun urug‘ligi bo‘lmagan dehqonlarga urug‘lik ulashadi. Bu haqda «Temur tuzuklari»da shunday deyiladi: «Mening dargohimga iltijo qilib, panoh istab kelgan turku tojik, arabu ajam toifalaridan bo‘lgan… dehqonlar va raiyatdan qaysi birining dehqonchilik qilishga qurbi yetmay qolgan bo‘lsa buyurdimkim, unga ekin-tikin uchun zarur urug‘ va asbob tayyorlab berilsin. Agar fuqarodan kimning uy imorati buzilib, tuzatishga qurbi yetmasa, kerakli uskunalar bilan yordam ko‘rsatilsin».
Bu hammasi Temurbekning chinakam xalqparvar yo‘lboshchi bo‘lganini ko‘rsatadi va el-yurt orasida uning tarafdorlari sonini ko‘paytiradi. Qarshidan keyin Buxoro Temurbek ixtiyoriga o‘tadi. U yerga Temurbek o‘zining ishongan amirlaridan Mahmudshoh va Ali Yasavuriyni hokim va qal’a begi qilib tayinlaydi.
Qarshidan boshlangan zafarlar yillar davomida butun Turonni qamrab oldi. Toshkent va Samarqand ham Amir Husayndan yuz o‘girib, Temurbek ixtiyoriga o‘tdi. Termiz, Qunduz viloyatlarining beku amirlari ham o‘z navkarlari bilan Amir Temur lashkarlari safiga kelib qo‘shildilar. El-yurt nazaridan qolgan Amir Husayn o‘z xiyonatlarining qurboni bo‘lib hayotdan ko‘z yumadi.
1370 yilgi istiqlol kunlarida Turonning barcha viloyatlaridan Samarqandga yig‘ilib, ulkan qurultoy o‘tkazgan el-yurt akobirlari, eng nufuzli xalq vakillari 36 yoshli yigit Amir Temurni qahramon va sohibqiron deb ulug‘ladilar, uning boshiga oltin toj kiydirdilar, beliga tilla kamar bog‘lab, mustaqil Turon hukmdori sifatida taxtga chiqardilar.
Biz Amir Temur yetakchiligida erishilgan istiqlolning naqadar ulug‘ qadriyat bo‘lganini oradan asrlar o‘tgandan keyin O‘zbekiston mustaqilligi yillarida astoydil his qildik. 1996 yil mamlakatimizda «Amir Temur yili» deb e’lon qilingan kunlarda ulug‘vor Temuriylar tarixi davlat muzeyining ochilish marosimida yurtboshimiz Islom Karimov aytgan quyidagi so‘zlar bizning Sohibqiron bobomizga atalgan ezgu tuyg‘ularimizni ifoda etdi:
— Mo‘g‘ul istibdodi avjiga chiqqan yillarda Movarounnahrday gullab-yashnagan poydor yurt o‘zining tarixiy nomini ham yo‘qotib, mustamlaka o‘lkasiga — Chig‘atoy ulusiga aylanib qolgan edi… Cheksiz adolatsizliklardan Temurbekning qanchalar iztirob chekkanini bizning avlodimiz — siz bilan biz — ayniqsa chuqur his qilamiz. Chunki oradan olti asr o‘tib, xuddi shunday ko‘rguliklar bizning ham boshimizga tushgan edi.
Shavkatli ajdodimizning o‘lmas xizmatlari shundaki, u murakkab tarixiy sharoitda xalqning boshini qovushtira bildi. Istilochilarga qaqshatqich zarbalar berib, Turkiston zaminida ilk bor istiqlol bayrog‘ini baland ko‘tardi. Parokanda ellar, elatlarni birlashtirib, markazlashgan qudratli davlat tuzdi… Zurriyotlariga qarata «istiqlol bilan mulku millat, lashkar va ra’iyatni boshqaringiz!» deb vasiyat qildi.
Bu o‘lmas vasiyat bugungi O‘zbekiston istiqloli davrida xalqimiz va rahbariyatimiz tomonidan izchil amalga oshirilmoqda. Biz bu tarixiy hodisaga nafaqat guvohmiz, balki mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ulkan xayrli ishlarga zarracha bo‘lsa ham hissa qo‘shish ishtiyoqi bilan mehnat qilmoqdamiz.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2006 yil 11-sonidan olindi.