Taqdir taqozosi bilan Vatandan olisda — o‘zga bir yurtda tug‘ilib, o‘zga bir yurtda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan suhbatlashib o‘tirar edik. Telefon jiringlab qoldi. Go‘shakni ko‘tardim va, beixtiyor:
— Uzr, Amerikadan mehmonlar kelishgan, biroz band edim, keyinroq telefon qilasizmi, — debman.
— Vatandosh, — dedi mehmonlardan biri norozi ohangda, — sizdan iltimos, boshqa vatandoshlardan ham o‘tinib so‘raymiz, bizlarni mehmon demanglar. Axir, qanaqasiga mehmon bo‘laylik? Ota-bobolarimizning kindik qoni to‘kilgan yurtda, o‘z yurtimizda, o‘z Vatanimizda, o‘z uyimizdamiz-ku, axir. Mehmon emasmiz, bizni xuddiki o‘zingizdek biling. Necha yillar olis yurtlarda o‘zga bayroqlarga sig‘inib, o‘zga madhiyalarni kuylab, o‘zga qadriyatlarga amal qilib keldik. Qancha-qancha jigarlarimiz Vatanning bir siqim tuprog‘i, bir qultum suvi, bir nasimi bo‘yiga yeta olmay olamdan o‘tib ketishdi. Istiqlol tufayli bizlar yana Vatanli bo‘ldik. Uni ko‘rib, non-tuzidan bahramand bo‘lib o‘tiribmiz, bizni mehmon demanglar…
Ochig‘i, keyingi paytlarda bunday e’tirozlarni takror-takror eshitishga to‘g‘ri kelmoqda. Mehmondo‘st, bag‘rikeng, borini baham ko‘radigan xalqmiz. Dunyoning ne-ne burchaklaridan har kuni yurtimizga necha yuzlab, minglab mehmonlar kelishadi. Ko‘chalar, sayilgohlarda, mustaqillik yillari bunyod etilgan go‘zal koshonalarda, har kuni, har soatda to‘p-to‘p xorijliklarni, jahongashta sayyohlarni ko‘rish mumkin. Ertalabki oshlar, kechki visol oqshomlarida ham mehmonlar alohida izzatda. Servis xizmati dunyo andozalaridan qolishmaydigan zamonaviy restoran, xususiy yemakxonalarga hadeganda o‘zimizcha boravermaymiz, ammo mehmon kelib qolsa, hurmat ma’nosida albatta olib boramiz. Mehmonlar bahonasida shu choqqacha o‘zimiz ko‘rmagan joylarni ko‘ramiz, ko‘hna obidalarimizni birgalashib tomosha qilamiz. Hech kim yurtimizdan ko‘ngli to‘lmay ketmasin, xursand bo‘lsin, yana qaytib kelsin, deymiz. Xayrlashayotganimizda “Uzr, yaxshi mehmon qila olmadik, biroz shoshib qoldik, bunisi hisobmas, boshqa kelinglar, bola-chaqalarni ham olib kelinglar”, deymiz. Va bu gaplarni shunchaki mulozamat uchun emas, chin dildan, samimiy aytamiz.
Nega shunday deymiz? Buning boisi shuki, mehmon, aslida, duch kelgan, sinalmagan joyga kelmaydi. Odamlar bir-birlarini tushunmay nifoqlashayotgan, qurolli mojarolar avj olib turgan, xalq, millat o‘z yo‘lini topa olmay, boshidan ne-ne mushkulotlarni o‘tkazayotgan makonlarga hech kim “Qani, ketdik, mehmon bo‘lib kelamiz”, deya otlanmaydi. Mehmon o‘zidan tinchigan, o‘zidan ko‘paygan, ahil-inoq yashayotgan, xirmoniga baraka kirgan, ko‘ngli ham, osmoni ham ochiq joylarga keladi. “Mehmon kelar eshikdan, rizqi kelar teshikdan” deganlaridek, qalbi pok, niyati ulug‘ insonlarning qadami, albatta, qutlug‘ keladi. Mehmon bahona gina-quduratlar unutiladi, yaxshi amallarga turtki beriladi. Shu bois hamki, mehmonni otamizday aziz ko‘ramiz, uyimizning to‘riga o‘tqizamiz, yelkalariga to‘n yopamiz, bellarini belbog‘ bilan mahkam bog‘laymiz. Ota-bobolarimiz bu ishni ming-ming yillar davomida muttasil va beminnat bajarib kelishgan va biz ham xuddi shunday qilishga burchlimiz. Lekin…
Lekini shuki, mehmon deganlari juda umumiy tushuncha. Mehmon maqomida yurtimizga kelib-ketayotganlar orasida, afsuski, gulzorda ochilib turgan turfa xil atirgullarga emas, kimningdir picha hafsalasizligi bilan vaqtida yulib tashlanmagan bir tup alafga ko‘zi tushadigan va bu holatdan xuddi yo‘ldan shokolad topib olgan boladek xursand bo‘lib, yurtlariga qaytgach katta falsafiy umumlashmalar chiqaradiganlari ham yo‘q emas. Bundaylarga ming bor iltifot ko‘rsating, boshingizga ko‘taring — foydasi yo‘q. Yo‘lda bir muhtoj qo‘l cho‘zib turgan bo‘lsa, bir joyda axlat vaqtida olib ketilmagan bo‘lsa, biror devor yomg‘irda sal qiyshayib qolgan bo‘lsa, shu muhim. Demakki, bundaylarning mehmon degan mo‘tabar so‘zga hech qanday aloqasi yo‘q.
Oliy Majlis quyi palatasiga saylov munosabati bilan Amerika Qo‘shma Shtatlaridan rasman kuzatuvchi bo‘lib kelgan millatdoshlarimiz — Amerikada istiqomat qiluvchi turkistonliklar jamiyatining prezidenti Abdulla Xo‘ja va shu jamiyatning fidoyi faollaridan biri, tadbirkor Lutfulla To‘rani ham mehmon desak, to‘g‘ri bo‘lmaydi. Ular o‘zimiznikilar, Yaratgan egamning ne-ne sinovlarini boshlaridan o‘tkazgan jabrdiyda avlodlarning munosib farzandlari, davomchilari. Hurriyat, Vatan, Ozodlik deganda qalblari bizdan ko‘ra ko‘proq junbushga keladigan, madhiyamiz kuylanganida, bayrog‘imiz mo‘tabar binolarning peshtoqlarida hilpiraganida ko‘zlaridan bizning ko‘zlarga nisbatan ko‘proq va mo‘lroq yosh oqadigan vatandoshlarimiz.
Istiqlolning o‘n uch yilidayoq biz, Vatan ichkarisida, juda ko‘p narsalarga ko‘nikib bo‘ldik. Keyingi yuz yil, yuz ellik yil ichida hech kimning hatto xayoliga kelmagan voqealarning guvohi bo‘lib turibmiz. O‘zbek bola jahon chempioni bo‘ldi, Yaponiya, Koreyaga borib, ayni shu mamlakatlarga xos sport turlari bo‘yicha mahalliy polvonlarning kuragini yerga tekkizib qaytdi, shoxmot tojini kiydik, o‘zimizda ishlab chiqarilgan mashinalarni minib yuribmiz, yosh olimlarimizning yutuqlari dunyoni hayratga solmoqda. Sirdaryolik bir dehqon Amerikada qovun ekib yuribdi, Solijon Sharipov fazo kemasida yana parvoz qildi. Bunaqangi yutuqlarga deyarli ajablanmay qo‘ydik. Chiqadi-da, nima boshqalardan kam joyimiz bormi, deya bemalol choyni o‘girib o‘tiribmiz. Ammo Abdulla Xo‘ja, Lutfulla, Xalil, Fathulla, Nasrullo To‘ralar, Jo‘ra qori akalar, Ro‘zi Nazar, Anvarbek, Davronbek akalarga aytsangiz, bolalarday quvonishadi, ko‘zlariga yosh olib, Allohga shukronalar aytib, bir-birlarini bag‘rilariga bosishadi. “Millatdoshlarimiz orasidan yangi-yangi buyuk shaxslar chiqishi muqarrar, — deyishadi ular. — Mana, Maykl Jeksonning menejeri ham o‘zbek-ku! Millatni kamsitish davrlari o‘tib ketdi”. Alohida faxr va g‘urur bilan aytiladi bu gaplar. Chunki ular o‘zimiznikilar. Biz bu yerda bu yorug‘ kunlarni qanchalar intiqib kutgan bo‘lsak, ular olisda, vatansizlikda aynan shunday kunlar kelishini dil-dildan istaganlar, umid qilganlar.
Abdulla Xo‘ja Vatan tashqarisida, Afg‘onistonning Qobul shahrida tug‘ilgan. Turkiya va Angliyada tahsil olgan. 1974 yildan buyon Amerikada muqim istiqomat qiladi. Oilali, besh nafar farzandi bor. Uning Vatan to‘g‘risidagi ilk taassurotlari bobosi Abdurahim oqsoqol va otasi Akbarxo‘ja akalarning, vatansizlik dardida ezilgan, xo‘rlangan, bugungi qutlug‘ kunlarga yetib kelolmagan necha yuzlab vatandoshlarimizning anduhli hikoyalari, xotiralari asosida shakllangan. Xorijda uzoq yillar goh och, goh to‘q, goh umid uchqunlari yiltillab hayot kechirgan, qorin qayg‘usi bilan emas, Vatan, millat qayg‘usi bilan nafas olgan vatandoshlarni ruhlantirib, to‘g‘ri yo‘l-yo‘riq ko‘rsatgan, “ezilmanglar, tushkunlikka tushmanglar, Vatanimiz baribir bir kuni ozod bo‘ladi, hurriyat bo‘ladi, ana o‘shanda o‘z Vatanimizga, o‘z millatimizga begona bo‘lib qolmaylik, tilni unutmanglar, urf-odatlarimizni unutmanglar, bolalarni vataniy, milliy qadriyatlardan boxabar qilib tarbiyalanglar, uyda ona tilimizda so‘zlashinglar” deya da’vat qilib charchamagan, bu borada ko‘p aziyatlar chekkan Jo‘ra qori akaning aytishicha, Abdulla Xo‘janing ona tomondan bobosi Abduxalil oqsoqol ilmli, ma’rifatli kishi bo‘lgan. Afg‘onistonda shaxsiy kutubxona ochgan. “Kalila va Dimna”ni shu kutubxonada o‘qiganman, — deydi qori aka. — U paytlari dunyoviy ishlardan boxabar, mulohazali, fikrli odamlarni “Kalila o‘qigan”, ya’nikim, o‘zimizning ibora bilan aytganda, “choyxona ko‘rgan” deya ta’riflashar edi.
Abdulla Xo‘ja bilan ilk bor 1992 yili uchrashganmiz. O‘shanda otalari Akbarxo‘ja aka (Alloh rahmatiga olgan bo‘lsin) bilan uzoq suhbatlar qurganmiz. Mustaqillik endi-endi teta-poya qila boshlagan kezlar. Abdulla Xo‘janing uyidan mehmon arimaydi. O‘rtahol tadbirkor, vaqti ziq, tinimsiz yelib-yugurishi zarurligiga qaramay, vatandoshlarni kutadi, mehmon qiladi, O‘zbekistonda kechayotgan voqea-hodisalar, o‘zgarishlarni bor vujudi bilan eshitadi.
To‘qsoninchi yillar boshlarini eslaylik. Kunda, kunora ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan yangilik, o‘zgarish. Erkin va ozod bir davlatning tamal toshlari qo‘yilmoqda. Sobiq imperiyaning ta’siri hali kuchli. Undan qolgan majruh iqtisodning tagi ko‘rinib qolgan. Har sohada taqchillik, peshtaxtalar huvillab yotibdi. Bunday sharoitda boshqalarni qo‘yaturaylik, o‘zimizda ham mustaqillik nima ekanligini anglamay, ochiqdan-ochiq ikkilanib turganlar, panaga o‘tib olganlar qancha edi? (Nimasini aytamiz, yaqin-yaqingacha ham har ehtimolga qarshi eski sovet pasportlarini, komfirqa biletlarini asrab-avaylab yurganlar bo‘ldi-ku.) Mana shunday bir paytda tashqi dunyoda, o‘zga bir muhitda tug‘ilib voyaga yetganlar, dunyoqarashlari tamomila boshqa bir sharoitda shakllanganlar uchun olis Vatandagi kechmishlarni hazm qilish oson emasdi. Ishonish qiyin edi. Shu boisdan ham ular Allohga shukronalar aytib, o‘zlariga emas, Mustaqillikka, Hurriyatga umrboqiylik tilar edilar, millatni yorug‘ yo‘lga boshlagan yo‘lboshchi Islom Karimov haqiga duo qilar edilar.
O‘tgan asrning elliginchi yillarida Nyu-Yorkning Bruklin degan gavjum joyida Amerikaga doimiy yashash uchun ko‘chib kelgan turkistonliklar tashabbusi bilan “Amerika-Turkiston” jamiyati tashkil etilib, bu yerda ko‘plab vatandoshlar o‘zaro muloqotda bo‘lishar, turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazishar edi. Aytishlaricha, bu jamiyat uchun bino sotib olishga bir necha vatandoshlar qatorida asli namanganlik, Amerikada muhandislik mahorati bilan ancha nom qozongan Isoqjon aka ham jiddiy hissa qo‘shgan ekan.
Abdulla Xo‘ja 28 yoshida ana shu jamiyatga ilk marta rahbar etib saylandi. 1984 yili Qo‘shma Shtatlarning o‘sha paytdagi Prezidenti, tarixga “kommunizmning go‘rkovi” nomi bilan ham kirgan Ronald Reygan (Moskvaga rasmiy tashrif bilan kelganida, kutilmaganda “o‘zbeklarning buyuk shoiri” deb hazrat Alisher Navoiyni eslab qolganligi yodingizda bo‘lsa kerak) mazlumlik asoratini boshidan kechirgan xalqlarning faol vakillarini Oq uyga taklif etadi. Taklif etilganlar orasida Abdulla Xo‘ja ham bor edi. Shu uchrashuvdan keyin jamiyat ishi yanada faollashadi. — “Jamiyatimiz O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasi, BMTdagi vakolatxonasi, Nyu-Yorkdagi Bosh konsulligi bilan yaqindan aloqa o‘rnatgan, — deydi suhbatdoshim. — Har ikki mamlakat hayotidagi milliy bayramlarni oilalar bilan jam bo‘lib nishonlaymiz. Vatanimizdan kelgan rasmiy arboblar, madaniyat va san’at namoyandalari, xususan, taniqli san’atkorlar bilan bo‘lgan uchrashuvlarimiz biz uchun, bolalarimiz uchun naqadar totli bo‘lishligini bilsangiz edi. Istiqlol sharofati bilan, mana, Vatanga uchinchi bor kelishim. Har kelganimda ko‘zimga yosh olaman. Bu yorug‘ kunlarni qancha-qancha fidoyi millatdoshlarimiz ko‘ra olishmadi. Rahmatli otam salomatliklari tufayli kela olmadilar. Bugungi ozod O‘zbekistonni, Qo‘qon, Marg‘ilonni ko‘ra olmadilar. Xudo nasib etsa onamni, rafiqam, farzandlarimni olib kelaman…”
Sahovatli vatandoshlarimizdan biri, zamonaviy ma’rifatparvar Nasrullo To‘ra eslab ketadi. Xorijda yashab qolgan millatdoshlar ichida Obijo‘sh qori degan kishi bo‘lgan ekan. Bir umr choy o‘rniga dog‘ suv ichganlari uchun shunday nom berishgan ekan. Shu kishi umrining oxirida eskib, piltalari chiqib ketgan aftodahol bir do‘ppini ko‘kraklariga mahkam bosib yurar ekanlar, azbaroyi eskiganidan kiyishga yaroqli bo‘lmay qolgan ekan. “Qori, qo‘ying shu eski matohni” deyishsa, “Eh, qazoyim yetsa, kafanim ustiga shu do‘ppini qo‘yib ko‘minglar, toki Munkar-Nakir o‘zbekligimni bilsin” deyar ekan. O‘ttizinchi yillari qanchadan-qancha vatandoshlarimiz sho‘rolar zulmiga chidamay, Vatanni tark etganlarida, ko‘plarning hayoti Amudaryoning o‘zida nihoyasiga yetgan. Bolalar yig‘lab qolsa, chegarachilar bilib qo‘yib, otib tashlashadi, deya norasidalarga ko‘knor suvi ichirishgan…
Ikkinchi suhbatdoshim — tadbirkor Lutfulla To‘ra. Oilada yetti o‘g‘il. Hammalari xorijda tug‘ilib voyaga yetishgan. Abdulla Xo‘ja ikkalalari bilan suhbatimiz sira tugamaydi. Mehmonlar (yana mehmonar deyapman, o‘rganib qolgandan keyin qiyin ekan-da…) Tashqi ishlar vazirligida, Islom universitetida, xorijiy mamlakatlar bilan madaniy aloqalar jamiyatida qabul qilindilar, Qatag‘on qurbonlari, Shahidlar xotirasi maydonlarini, teatrlarimizni, mustaqillik davrining mahobatli inshootlarini borib ko‘rdilar. Saylov kuni Zarafshon shahrida bo‘lib, ona zamin qa’ridan oltin qazib olish jarayonini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rdilar. Hamrohlarimizdan biri aeroportda lutf qilib, “tilla koniga borayapsizlar ekan, har qalay, quruq qaytarishmas”, degan edi, Lutfulla aka hozirjavoblik bilan dedi:
— Vatandan olib ketish emas, Vatanga olib kelish kerak…
Bu gap kecha-yaqinda hammamizning ko‘z o‘ngimizda sodir bo‘lgan ba’zi voqealarni yodga soladi. Vatanga tadbirkorlik niqobi ostida kelib, tubsiz hamyonlarining og‘zini lang ochib, hammani ayovsiz shilib-o‘marib ketganlar, endilikda esa bo‘lar-bo‘lmas fisqu-fasod gaplarni tarqatib yurganlar ham bo‘ldi-ku.
Lutfulla To‘ra hikoyasi:
— Mustaqillik qanday qo‘lga kiritilganligini, u qanday asrab qolinganligini yaxshi bilaman. Sho‘rolar saltanatining so‘nggi kunlari, xalqimizning o‘sha yillardagi ahvoli tasavvurimda bor. Dunyodagi qancha-qancha xalqlar o‘z ozodliklarini saqlab bilmaganlar, hurriyatga erishganlar, ammo xotirjamlikka berilib, ko‘p fursat o‘tmay bu ne’matdan judo bo‘lganlar. Islom Karimov janoblari O‘zbekiston parlamentida mamlakatni mustaqil, deb e’lon qilibdi, degan xabar, biz uchun bilsangiz, xuddiki osmonda yangi bir quyosh porlagandek bo‘lgan edi. O‘shanda o‘zimizni dunyodagi eng baxtiyor odamlarday his etgan edik, butun g‘am-anduhlarimiz, vatansizlik azoblari unut bo‘lganday edi. Bugun ham, ona tuprog‘imda turib aytamanki, biz hammamiz baxtli insonlarmiz, Yaratgan egamning nazari tushgan mo‘tabar bir zaminning farzandlarimiz. Millatimiz boshiga Islom Karimovday ulug‘ bir insonning kelishi hammamizning ham baxtimiz. Agar mendan, bugungi kunning eng muhim ishi nima, deb so‘rasalar, hech ikkilanmay, shu inson atrofida jam bo‘linglar, hurriyatni qadrlanglar, uni balo-qazolardan asranglar, degan bo‘lar edim. Beparvolik, xotirjamlik xatarli narsa, dunyo ishlaridan boxabar bo‘lib turinglar, deyar edim. Prezidentimizning ogohlikka da’vatlari har bir kimsaning, xoh u yosh bo‘lsin, xoh keksa bo‘lsin, quloqlari ostida jarang berib turishi kerak…
Suhbatdoshlarimdan yakunlanayotgan saylov jarayoni, vatandoshlar, xususan, yoshlar to‘g‘risidagi taassurotlarini so‘rayman.
— Mamlakat yildan yilga, kundan-kunga obod bo‘lib borayotganini ko‘rib turibmiz, — deyishadi ular. — Ammo, eng katta o‘zgarishni yoshlarda ko‘rdik. Ular orasida bugungi murakkab dunyo siyosatini, sir-sinoatini yaxshi tushunadigan, sog‘lom fikrlaydigan, mustaqil ravishda chuqur mulohaza yuritadiganlari ko‘p. Millat taraqqiysi uchun bu juda muhim narsa.
— Saylov bahslarining bir nechasini televiziondan tingladim va e’tibor qildimki, — deydi Abdulla Xo‘ja, — yoshlar, xususan ayollar orasida yangi-yangi millat fidoyilari, jur’atli siyosatchilar, tadbirkoru ishbilarmonlar yetishib chiqmoqda ekan.
— Men yana bir narsadan quvondim, — deydi Lutfulla To‘ra, — Islom universitetiga borganimizda u yerda chinakam zamonaviy oliy o‘quv yurtini ko‘rdim. Talabalar dunyoviy ilmlarni ham o‘rganishayotganiga, bo‘sh vaqtlarida musiqa, jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishayotganiga guvoh bo‘ldim. Lekin… Bilasizmi, dilimda bir gap bor, aytmasam bo‘lmaydi. — Lutfulla akaning ko‘zlari yoshlanadi, ich-ichidan bir xo‘rsiniq keladi. — Milliy hissiyot juda nozik tuyg‘u. Bu tuyg‘u vatansizlik dog‘ini ko‘rgan otalarimizda kuchli edi. Sobir Sayxonning otasi “Vatan, Vatan”, deya jon bergan. Otam rahmatli ertayu kech “Chust, Chust” der edilar. Bu so‘z nima ma’no berishini ham bilmas edik. Milliy hissiyotni biz ham mumkin qadar saqlab qoldik. Ammo u bizning o‘rnimizni bosadigan bolalarimizda, o‘zga bir olamda ko‘z ochib o‘zga bir qadriyatlar ta’sirida voyaga yetayotgan nabiralarimizda qanday bo‘ladi?
Bu savolning javobini bilaman, o‘zim misolimda, xorijdagi do‘st-qadrdonlarim misolida ko‘rib, anglab turibman. Amerikada, boshqa yirik davlatlarda ham, ota-bola, oilaviy munosabatlar butunlay boshqacha. Shunday holatlar bo‘ladiki, hatto o‘z jigaringga ham bir nima deya olmaysan…
Yurtdoshlarimizning Vatan bo‘ylab safarlari, odatdagidek, Toshkent aeroportida nihoyasiga yetdi. Xayrlashuv oldidan ular Yurtboshimizning to‘qsoninchi yillar boshlarida aytgan bir so‘zlarini esladilar. Islom Karimov mamlakat tashqarisida yashayotgan millatdoshlarimizning taqdiriga befarq qaramaymiz, degan edilar. Mustaqil O‘zbekistondan dunyoga dadil taralgan bu so‘zlar o‘shanda necha-necha ming-ming kishilarga xuddi qordan keyingi loladek ajib bir ruh baxsh etganini bilmagan ekanmiz…
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2005 yil 1-sonidan olindi.