Sizga yolg‘on, menga chin — bundan taxminan 40-50 yillar muqaddam odamlar… kitobga navbatda turishardi. Albatta, har kuni emas va har qanday kitobga ham emas. Avval “falonday zo‘r kitob chiqipti”, degan xabar tarqalardi, keyin o‘sha kitob falon kuni kitob magaziniga kelarmish, degan gap chiqardi. O‘sha kuni ertalab 11-12larga aytilgan do‘konga yetib borsangiz, izlagan kitobingiz allaqachon sotilib, tamom bo‘lib ketgan bo‘lardi. Xullas, bizga o‘xshagan oddiy kitobxonlarga yangi va kerakli kitoblarni xarid qilish jiddiy muammoga aylandi. Qiziq, bo‘lmasa, kitoblar 50 ming yoki 100 ming (ha, ha, 50 ming yoki 100 ming) va hatto undan ham ortiq nusxada bosilardi, lekin shunda ham yaxshi kitob yetishmasdi. Pulimni changallab, xunob bo‘lib kitob qidirib yurganimni ko‘rgan do‘stlarimdan biri Bahri opaga uchrashni maslahat berishdi.
Men Bahri opani tanimas edim. “Ie, — dedi suhbatdoshim allanechuk ta’na aralash kinoyali boqib. — Bahri opani tanimaydigan kitobsevar bor ekan-da shahrimizda! Bahri opa — kitob saltanatining malikasi-ku!”
Mening hamon angrayib turganimni ko‘rib, suhbatdoshim Bahri opaning respublika kitob savdosining boshlig‘i, juda dilkash, mehribon va tom ma’noda ziyoli odam ekanini uqdirdi.
Kitob savdosining idorasi Navoiy ko‘chasida qurilgan yangi imoratning o‘ng qavatida joylashgan bo‘lib, Bahri opa uzun, katta, yorug‘ xonada o‘tirar ekan. To‘rda katta rahbarning portreti, bir tomonda respublika xaritasi. Xonada boshliqning salobatli stoli, ustida har xil kitoblar, albomlar, allaqanday qog‘ozlar, bir tomonda telefon, selektor… Devorning bir tomonida kitob to‘la javonlar, qarama-qarshi tomonda esa 15-20 chog‘li odam majlis qilsa bo‘ladigan uzun stol va stullar.
Xonani ko‘rdim-u, tarvuzim qo‘ltig‘imdan tushdi. Negaki, bu xona men biladigan kalondimog‘, mutakabbir, byurokrat boshliqlarning xonasidan hech narsasi bilan ajralib turmasdi. Lekin ish stolining ortida o‘tirgan o‘rta yoshlardagi, istarasi issiq ayol meni o‘rnidan turib qarshi oldi. U juda oddiy kiyingan, shu bilan birga, ustidagi kostyum-yubkasi, oppoq ko‘ylagi o‘ziga juda yarashgan edi. Yuzida pardoz-andoz belgilari ko‘rinmasa-da, allaqanday tiniqlik bor edi, biroz qisiq ko‘zlari, qirra burni, lablari va dahanida esa qaysi bir tanish shoirning chehrasini eslatadigan chizgilar bor edi. Keyin bildim — Bahri opa G‘afur G‘ulomning tug‘ishgan singlisi ekan, shuning uchun uning chehrasi menga juda tanish ko‘rinayotgan ekan.
Avvaliga bu ayolni ham o‘ziga bino qo‘ygan, qo‘li ostidagi xizmatchilarga buyruq berib kun ko‘rishdan boshqani bilmaydigan byurokratlardan biri deb o‘yladim, hatto uning huzuriga iltimos bilan kelganimga ichimda afsuslanib ham qo‘ydim. Bahri opa meni stoli yonida turgan yumshoq o‘rindiqqa o‘tirishga taklif qildi, stolining ustidagi choynakdan bir piyola choy quyib uzatdi, oldimga shirinliklar solingan vazachani surib qo‘ydi.
Men nima iltimos bilan kelganimni aytdim. O‘sha paytda kitoblarga obuna bo‘lish keng rasm bo‘layotgan edi. Biron yozuvchining ko‘p jildlik asarlari yoki qomuslarni, har xil fantastika hamda sarguzasht kutubxonalarimi, biron muhim mavzudagi asarlar to‘plami chiqadigan bo‘lsa, ularga obuna e’lon qilinadi, siz bir jildning haqini to‘laysiz, qo‘lingizga kvitantsiya tutqaziladi. Shu kvitantsiya bir yilmi-ikki yilmi muddat ichida qolgan jildlarni ham olishingiz uchun kafolat beradi. Lekin haqini to‘lab, shu kvitantsiyani olaman, deganlar son-mingta. Navbatda turib, ularga yetishmoqning iloji yo‘q edi. Bahri opa bunaqa iltimoslarga ko‘nikib qolgan shekilli, hayron bo‘lmadi, aksincha, “kitoblar o‘zlarining chin egalariga yetib borgani ma’qul”, dedilar-da, mening nima sababdan ayni shu kitobni so‘rab kelganimga qiziqa boshladilar. Keyin, umuman, nimalarga qiziqishimni, nimalar o‘qiganimni so‘radilar, gap orasida “Falon kitobni o‘qiganmisiz? Falon kitob haqida nima deysiz?” deganga o‘xshash savollarni ham berib qo‘yardilar. Biz oramizda 15-20 yosh farq bo‘lishiga qaramay, darrov til topishdik. Qarshimda o‘tirgan ayol odmi va to‘poriga o‘xshab ko‘ringani bilan bir zumda ayon bo‘ldiki, u juda o‘qimishli, saviyasi keng, teran mulohazali, chindan-da tom ma’noda ziyoli va ma’rifatparvar bir inson edi. Men keyinchalik Bahri opaning oldiga tez-tez keladigan bo‘ldim. Shahardagi turli madaniy-adabiy yig‘inlarda uchrashib turardik. Men u kishining o‘g‘li Davron bilan tanishib, do‘stlashdim. U qo‘li gul jarroh edi, noyob operatsiyalar qilar, keyinroq universitetda Bahri opaning qizi Nodiraxon bilan birga ishladik. Bu uchrashuvlar va tanishuvlar oqibatida Bahri opaga hurmatim ortgandan orta bordi. U chindan-da kitoblar saltanatining malikasi, desa arzigulik ayol edi. Kitoblar saltanati, kitob dunyosi bamisoli hududsiz, chegarasiz bir ummonga o‘xshaydi. Bu ummonga kirgan odam kemaning rulini mahkam tutishdan tashqari, yelkanlarini boshqarishi, o‘txonalariga chapdastlik bilan o‘t yoqishni ham yaxshi bilishi kerak. Bahri opa shu ummonda o‘z kemasini bilag‘onlik bilan boshqara oladigan, manzilga adashmay yetkazib bera oladigan darg‘alardan biri edi.
Kitob ishi har qancha nozik va noyob bo‘lmasin, bir vaqtlar nisbatan oson ish bo‘lgan. Hali matbaa uncha rivojlanmagan, mashinalar bir kunda minglab kitoblarni chop etib tashlaydigan, qo‘lyozmani qo‘lda ko‘chirib, qo‘lda muqovalab, qo‘lda kitob holiga keltiradigan zamonlarda kitobni targ‘ib qilish ham, tarqatish ham oson bo‘lgan. Lekin keyinchalik kitob bosish va kitobni tarqatish xalq xo‘jaligining juda muhim va murakkab tarmoqlaridan biriga aylandi. Kitob — faqat tarbiya quroli, ma’naviy oziq manbai emas, biznes predmetiga ham aylandi. Bu soha ham maxsus bilimga, uquvga, qolaversa, iste’dodga ega bo‘lgan mutaxassislarni talab qiluvchi sohaga aylandi. Bahri opa o‘z sohasining eng nozik tomonlarini chuqur egallagan, uning hamma past-balandliklarini biladigan mutaxassis edi. Nazarimda, ayni kitob savdosi sohasida uning tashkilotchilik qobiliyati ham, bilimdonligi ham, tadbirkorlik bobidagi salohiyati ham ancha-muncha to‘la namoyon bo‘lgan. Respublikada kitob savdosi tezkor, ixcham, samarali va soat mexanizmiday aniq ishlaydigan tashkiliy shakllar kasb etgan edi. Toshkentdagi markaziy apparatdan tashqari, uning viloyatlarda va shaharlarda bo‘limlari bor edi. Qishloqlarda esa “O‘zbekbirlashuv”ning kitob savdosi bilan shug‘ullanadigan bo‘limlari, to‘g‘rirog‘i, katta-kichik magazinlari bo‘lardi. Albatta, ular o‘rtasida muayyan raqobat, ko‘z ilg‘amaydigan musobaqa bo‘lib turardi, ammo bu raqobat kitob savdosi xodimlariga ham, kitob muxlislariga ham faqat foyda keltirardi. Kitob savdosi katta soha edi. Uning nafaqat magazinlarida, balki bazalarida ham yuzlab, balki minglab odamlar ishlardi. Bahri opa ularning ko‘pchiligini shaxsan tanir, kimning nimaga layoqatli ekanini yaxshi bilardi. Natijada bu sohaga tajribali va malakali odamlar yig‘ilib qolgan ediki, ularning ham ko‘pchiligi o‘z sohasini xuddi Bahri opa kabi chin dillaridan sevar va unchalik serdaromad bo‘lmasa-da, yillar mobaynida, ba’zilar hatto butun umrlari davomida bu sohani tark etmas edilar. Men bu odamlarning ko‘pchiligi bilan Toshkentda, Farg‘ona vodiysida, Samarqand va Buxoro kabi ko‘hna shaharlarda ko‘rishganman, ayniqsa, qo‘qonlik kitob savdosi xodimlari bilan do‘stlashib ham qolganman. Ular nafaqat malakali xodimlar sifatida, balki o‘z kasbiga sadoqatli va fidokor odamlar sifatida chuqur taassurot qoldirgan edilar. Ular shunchaki savdo xodimi emas, xalq madaniyatining jonkuyar arboblari, kamsuqum, zahmatkash targ‘ibotchilari edi. “Kitob savdosi” deganimiz o‘z nomiga ko‘ra “savdo” deyilgani bilan boshqa savdolardan keskin farq qiladi. Masalan, non do‘koniga har kuni bir mahal-ikki mahal xaridorning o‘zi o‘z oyog‘i bilan kelib, kerakli nonni xarid qilib ketadi. Kitob do‘konida esa biroz boshqacha. Bunda ba’zi kitoblar shov-shuv bilan tezda qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketsa-da, ba’zi kitoblar bir ikki yillab turib qoladi. Bu hodisa biznes nuqtai nazaridan chidab bo‘lmaydigan hol — pul charxchining charxiday qancha tez aylansa, shuncha ko‘p tug‘adi, binobarin, shuncha ko‘p daromad keltiradi. Men Bahri opadan kitob savdosining bunaqa ichki “sirlari” to‘g‘risida tez-tez so‘rab turardim. Bahri opa “ha, endi har sohaning o‘ziga xosligi bor-da”, derdilar-u, “sir”ni ochishga ham oshiqavermas edilar. Nihoyat, bir gal men ko‘proq xiralik qildimmi yoki Bahri opaning kayfiyatlari har doimgidan chog‘roq bo‘lib turgan ekanmi, o‘zlari gapirib qoldilar:
— Hozirga paytda, ko‘p sohalar kabi kitob savdosi ham samarali bo‘lmog‘i uchun chuqur ilmiy asoslarga qurilishi kerak, — dedilar Bahri opa. Men ichimda “obbo, men aralashmagan bir kitob sohasi qoluvdi”, dedim-u, kayfiyatimni oshkor qilmay, tinglashda davom etdim. — Kitobni ko‘proq sotmoq va egasining qo‘liga yetkazib bermoq uchun mahalliy joylarda rosmana tadqiqotlar o‘tkazmoq, potentsial kitobxonlarimizni obdon o‘rganib chiqmog‘imiz kerak.
Bahri opa shunday deb kartotekalarini ko‘rsatdilar. Men uni har oyda keladigan kitoblar ro‘yxatidan iborat deb o‘tirgan ekanman. Yo‘q, unda respublikamizdagi har bir shaharda va har bir tumanda yashaydigan odamlarning yoshlari, ma’lumotlari, kasbkorlari, maktablar va boshqa shunga o‘xshash narsalar haqida ma’lumotlar bor ekan. Binobarin, Toshkentdan, aytaylik, Oqtosh yoki Kattaqo‘rg‘on shahriga kitob jo‘natilsa, to‘g‘ri kelgan kitoblarni arava-arava jo‘natmasdan, o‘sha yerdagi odamlarning yoshiga va kasbkoriga, qiziqish darajasiga, madaniy saviyasiga moslab jo‘natar ekanlar.
Bahri opa o‘zbek adabiyotining, o‘zbek yozuvchilarining yaqin do‘sti edi. Bu ayolning o‘zbek adabiyotiga bevosita ta’siri ham katta bo‘lgan. Bu gapni o‘qib hayron bo‘lmang, aziz o‘quvchim. Ha, Bahri opa shoira bo‘lmagan, romanlar yozmagan, lekin o‘z kasbining taqozosiga ko‘ra adabiyot rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan. Gap shundaki, adabiyot rivoji ko‘p jihatdan chop etiladigan kitoblarning miqdoriga bog‘liq. Kitobning miqdori qancha ko‘p bo‘lsa, o‘quvchilarning soni ham shuncha ortib boradi. Masalaning yana bir tomoni bor. U kezlarda yozuvchining qalam haqi kitoblarning adadiga ham bog‘liq edi. Masalan, kitob ma’lum miqdorda, masalan 10000 donadan oshsa, qalam haqi 160 foiz miqdorida to‘lanar edi. Binobarin, yozuvchi nashr etilayotgan kitobining adadi ko‘payishidan bevosita manfaatdor edi. Kitobning adadini esa faqat O‘zuvchilar uyushmasi yoki nashriyot emas, kitob savdosi tashkiloti belgilar edi. Shuning uchun Bahri opaning idorasiga yozuvchilar iltimos bilan ko‘p kelishar, Bahri opa ham kitobning ko‘proq sotilishiga ko‘zi yetsa, uning adadini ko‘proq belgilab beraverar edi. Bu jihatdan ham Bahri opa mardlarcha ish tutardi, bo‘ladigan ishni cho‘zmasdan, mujmallashtirmasdan, shartta hal qilib berar va yozuvchini mamnun qilib chiqarib yuborishga harakat qilardi.
Hayot bo‘lganida bugungi kunlarda Bahri opa 90 yoshga kirgan bo‘lardi. Bugun ham bu ajoyib ayolning unutilmas siymosini ko‘z o‘ngimga keltirib, uning xotirasini eslar ekanman, birinchi navbatda, xalqimizning iste’dodlarga, betakror shaxslarga naqadar boy xalq ekanidan iftixor qilaman. Xalqimiz orasidan asrlar mobaynida nafaqat erkaklar orasidan buyuk zotlar yetishib chiqqan, balki yorqin, o‘ziga xos, qobiliyati hammani qoyil qoldiradigan ayollar ham ko‘plab yetishgan. Ularning dovrug‘i zamonlar osha bizning kunlarimizga ham yetib kelgan. Bahri opa shunday ayollarimizdan biri edi. U buyuk shoirimiz G‘afur G‘ulomning tug‘ishgan singlisi edi. Ammo faqat shu xislati bilangina bu ayol yurtimizda katta dong qozongani yo‘q. U o‘zining aql-zakovati, bilimi, jo‘shqin harakati, mehr-muruvvatga to‘la qalbi bilan ham elu yurtning ardoqli farzandi bo‘lib qoldi. Bahri opa kitobga mehri, unga fidoyiligi, sadoqati bilan ham odamlar qalbida o‘chmas iz qoldirdi.
Yaqinda men muhtaram akademigimiz Azizxon Qayumov bilan suhbatlashib qoldim. Gap aylanib, Bahri opa to‘g‘risida ketdi. Azizxon aka ham men kabi Bahri opaning muruvvatlaridan bahramand bo‘lgan ko‘pgina odamning bittasi ekan.
— Biz jadidlarni hurmat qilamiz, — dedi Azizxon aka. — Mana, nihoyat mustaqilligimiz sharofati bilan ularni tarixdagi o‘rinlariga qaytaryapmiz. Ular juda og‘ir sharoitlarga qaramasdan, zulmatni ma’rifat mash’ali bilan yoritishga harakat qilishgan, bu olijanob niyat yo‘lida mollarini ham, jonlarini ham ayamaganlar. Mening nazarimda, elu yurtimizni ma’rifatli qilishda, kitobdan bahramand bo‘lishga o‘rgatishda Bahri opaning ham xizmati jadidlarnikidan qolishmaydi. Biz jadidlarni qanchalik e’zozlasak, Bahri G‘ulomovaga o‘xshagan siymolarni ham shuncha qadrlamog‘imiz kerak.
Akademikning bu gaplari menga juda manzur bo‘ldi. Darhaqiqat, mening uyim turli durdona kitoblarning nurlaridan charog‘on ekan, har gal bu kitoblarning ancha-munchasi mening uyimga Bahri opaning sharofati bilan kelib qolgani esimga tushadi va qalbim bu ajoyib, munavvar insonga nisbatan iliq tuyg‘ularga to‘ladi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2004 yil 3-sonidan olindi.