Jabbor Eshonqul. Voqelik va xayolot uyg‘unligi (2002)

Tarix g‘ildiragi hamisha oldinga qarab aylanadi. Uni hech qachon ortga burib bo‘lmaydi. Biroq ma’lum bir jamiyatda muayyan davrda yuz bergan voqea boshqa bir davrda, boshqa bir jamiyatda qaysidir ko‘rinishda takrorlanishi mumkin. Tarixda bunga misollar ko‘p.
Isoni chor mixga tortgan olomon bilan Mansur Xallojni dorga osgan olomon o‘rtasida unchalik katta tafovut yo‘q. Tafovut faqat vaqt deb atalmish sarhadning kengligida. Sarhad esa keng, cheksiz, cheksizlik esa absurddir. Absurd tushunchasi, eng avvalo, ana shu vaqt cheksizligi qarshisida lol turgan inson shuurini aks ettiradi. San’at inson shuurini tadqiq etar ekan, qaysidir ma’noda absurdni tadqiq etadi.
San’at va adabiyotga turli davrlarda turlicha munosabatda bo‘lib kelingan. Ba’zan san’atdagi rang-baranglikka taraqqiyotning asosi deb qaralgan bo‘lsa, ba’zan uni inkor etganlar. Alber Kamyu „sensimonchi”lar bilan nigilistlarning yoxud markschilarning san’atga munosabatida unchalik katta farq yo‘q, deydi. Ular bitta aqidaga, ya’ni san’atni sud qilishga, uning ustidan hukm chiqarishga harakat qiladilar. Sho‘ro tuzumi davrida bunga so‘zsiz amal qilindi.
Mustaqillikdan so‘ng san’at va adabiyotga munosabat tubdan o‘zgardi. Ilgari faqat bir xil qolipda tadqiq etilgan asarlar endi turlicha nuqtai-nazarlardan turib tahlil etila boshlandi. Turlicha metod va yo‘nalishlar haqidagi tadqiqotlar paydo bo‘ldi. Muhimi, adabiyotshunoslik yana o‘zining azaliy rang-barangligini kashf etdi. Bu borada Ozod Sharafiddinov, Umarali Normatov, Ibrohim Haqqul, Ahmad Otaboyev, Bahrom Ro‘zimuhammad va boshqa munaqqid hamda ijodkorlarimizning xizmatini alohida ta’kidlab o‘tish joiz.
Biroq adabiyotshunosligimiz hali ham, aksariyat hollarda, badiiy ijodga bir xil munosabatda bo‘layotganday. Badiiy asarni bir xil qolipdagi mezon bilan o‘lchashga, u haqda uzil-kesil hukm yurgizishga moyillik hali ham ustunday. Zotan, biror-bir badiiy matnni faqat mazmun yoxud uslubiy jihatidan to‘la-to‘kis yoritib berib bo‘lmaydi. Har qanday badiiy asar kompleks yondashuvni talab qiladi. Asarning tili, uslubi, metodi va mazmuni yaxlit olingandagina tahlil to‘laqonli bo‘ladi.
Yaqinda gazetada e’lon qilingan „Absurd ma’nisizlikdir” (“O‘zAS”, 2002 yil 27-son) sarlavhali maqolani o‘qib shunday mulohazalarga bordik. Maqola, asosan, Umarali Normatov va Dilmurod Quronovning keyingi paytda e’lon qilingan ayrim maqolalariga javoban yozilgan. Albatta, bugungi kunda bunday bahs va munozaralar, tortishuvlar juda ham zarur. Chunki u hammamizni fikrlashga, mulohaza yuritishga chorlaydi. Biroq bunday munozaralarda „falon yo‘nalishdagi tahlillar to‘g‘ri, boshqachasi esa mutlaqo noto‘g‘ri va bizga yot” degan keskin xulosalardan o‘zimizni tiyganimiz ma’qulga o‘xshaydi.
Umarali Normatov va Dilmurod Quronovlar o‘z chiqishlarida Abdulla Qahhor va boshqa adiblarimizning asarlarini turlicha nuqtai nazarlardan tahlil qilishga urinishgan. Bunga, maqola muallifi ta’kidlaganidek, tabiiy hol deb qarashimiz kerak. Biz ham bu adiblar ijodidan absurd asar namunalarini izlashlarga, ayrim asarlarini absurd asar deb baholashlarga qo‘shilolmaymiz. Chunki absurd asar absurd ijodni talab qiladi. Absurd ijod yo‘q joyda absurd asar ham bo‘lmaydi. Biroq har qanday badiiy asar turlicha yo‘nalishlarda talqin qilinishini esa hech kim cheklay olmaydi. Bu har bir adabiyotchining ixtiyoridagi yumush. Adabiyot hamisha turli–tuman talqinlarga muhtoj. Bu esa biron-bir talqinning hukmron talqin bo‘lishiga izn bermaydi.
B. Sarimsoqov o‘z fikrlarini qat’iy xulosalar tarzida keltiradi va negadir XX asr jahon madaniyatida tan olingan absurd adabiyotni „ma’nisiz adabiyot” deb keskin qoralaydi: „Menimcha uni ( Abdulla Qahhor nazarda tutilmoqda — J.E.) ma’nisiz adabiyotga (?), ayniqsa, subutsiz (?) ekzistentsializm falsafasi bilan bog‘laguncha, sotsrealizm bilan bog‘lash haqiqatga yaqin-ku.”
Ehtimol, atoqli yozuvchimizning ijodi hammamiz ko‘nikib qolgan bir xil metoddan boshqacharoq talqin qilingani hurmatli olimimizning biroz g‘ashini keltirgandir. Biroq Abdulla Qahhor kabi ulkan adiblarimizning asarlari turlicha talqinga izn beradi. Ayniqsa, bugungi kunda bizga ana shunday rang-barang talqinlar juda zarur.
„Ular, — deb yozadi B.Sarimsoqov O‘.Hoshimov, Sh.Xolmirzayev, M.Muhammad Do‘st, T. Murod, X.Do‘stmuhammad kabi yozuvchilarning asarlarini sanab o‘tarkan, — real voqelik (?), real qahramonlar (?), real xronotop (?) asosida yaratilgan…” U holda bu adiblarimizning ijodkorligi qayoqqa ketadi? Axir, ijodkorlik voqelikdan nusxa ko‘chirish emas, balki uni xayol, kechinma orqali qayta idrok etish, voqelik va xayolotni uyg‘unlashtirishda namoyon bo‘lmaydimi?! „Hech qaysi san’at, — deb yozadi Alber Kamyu, — voqelikdan butkul uzilishi mumkin emas. Shaklparastlik qiyofasiz ijodni dunyoga keltiradi. Shuningdek, xayolot ishtirokisiz quruq realizm ham tubanlikka aylanib qoladi. Hatto eng yaxshi fotosurat ham quruq realizmdan qochadi, hatto u ham voqelik va xayolot qorishib ketgan manzarani izlaydi”.
Absurd asar tafakkur jarayoni bilan bog‘liq tushuncha. Shu sababli absurd asar ko‘proq falsafiy mohiyat kasb etadi. Inson hamisha jumboq bo‘lib kelgan. Bu „jumboq”ni o‘rganish esa hamisha absurd savollarni, ularni o‘rganish esa absurd ijodni yuzaga keltiradi. Absurd — insonni badiiy tadqiq va tasvir etishning bir usuli, xolos. Shu ma’noda absurd ma’nisizlik emas, aksincha, ma’nisiz voqelikdan qochish, voqelik va xayolotning uyg‘unligidir. F. Kafka, A. Kamyu, J.P. Sartr, S. Bekket, E. Sabota va yana boshqa o‘nlab dunyo adabiyotida o‘zining munosib o‘rnini egallagan adiblarning ijodida ana shunday uyg‘unlik namoyon bo‘lganini ko‘ramiz.
Maqola muallifi yana bir o‘rinda: „Sharq adabiyoti, xususan, o‘zbek adabiyotida absurd asar agar endi yaratilmasa, hozirgacha uchramaydi”, deb yozadi. To‘g‘ri, Sharq adabiyotida tom ma’nodagi absurd asar yaratilmagan. Biroq tasavvuf va ekzistentsial adabiyotida voqelikka munosabat hamda uni badiiy idrok etishda hayratlanarli darajada bir-biriga yaqinlik mavjudligini inkor eta olmaymiz. Tasavvuf va ekzistentsializmdagi bunday jihatlar alohida va kengroq maxsus muqoyasani taqoza etadi.
B. Sarimsoqov „Absurd asar ijtimoiy estetik jihatdan arziydigan g‘oya tashimaydi”, degan qat’iy fikrni ilgari suradi. Xo‘sh, ular arzimaydigan g‘oya tashir ekan, nega dunyoning ko‘plab mamlakatlarida sevib o‘qilmoqda? XX asrda Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan ijodkorlarning ko‘pchiligi shu oqim vakillari emasmi?! Yoxud ularning asarlarini tuzukroq o‘rganmasdan turib „puf sassiq”, deb burnimizni jiyirishimiz to‘g‘rimi? Nahotki, sotsialistik realizm nazariyasi bizni bir umr ta’qib etsa? Aqalli bugun, dunyo hamjamiyati bilan teppa-teng munosabatga kirishgan, o‘z tafakkurimizni dunyo tafakkuriga moslayotgan bir paytda, ehtimol, bunday bir tomonlama hukmlardan o‘zimizni tiyishimiz kerakka o‘xshaydi.
Ekzistentsializm, absurd, umuman, Farbning ilg‘or, ya’ni modern adabiyotiga bir paytlar Sovet Entsiklopediyasi va adabiyotshunoslik terminlari lug‘atida bir yoqlama, mutlaqo asossiz baho berilgan edi. Har ikkala manbada ham modernizm „norealistik yunalishdagi”, „shaklbozlikdan iborat, xalqqa yot” bir oqim sifatida ta’riflangandi. Mana oradan salkam o‘ttiz yilga yaqin vaqt o‘tibdiki, hamon ongimizda o‘sha ta’riflarni asrab kelayapmiz. Ustoz Ozod Sharafiddinovning shu gazetada e’lon qilingan suhbatini (“Modernizm — jo‘n hodisa… emas”), inobatga olmaganda, bu mavzuda hali shu paytgacha tuzukroq, asosli bir ijobiy fikr bildirilmadi. Aksincha, modernizmning „xalqqa yotligi”, unga taqlid qilmaslik, ta’siriga tushmaslik to‘g‘risidagi totalitar tuzum paytidagi mag‘zavasi chiqqan fikrlar haligacha o‘z „meva”sini berayapti. Bunday fikrlarni o‘qib shunday xulosaga kelish mumkin. Bir yoqlama fikr bildirayotganlarning ko‘pchiligi yo ilg‘or Farb adabiyotini yaxshi tushunmayapti yoki realistik metodni sotsialistik realizm metodidan farqlab ololmayapti. Axir, modernistik metodning tub mohiyatida voqelikka o‘ziga xos realistik yondashuv yotganligi kunday ravshan-ku! Yoxud eng realistik asarlarda ham voqelikka modernistik, yani noan’anaviy yondashuvni ko‘rmaymizmi?!
Men Farbdagi hamma narsa go‘zal, barchasini yoppasiga ko‘r-ko‘rona o‘rganish, o‘zlashtirish kerak, degan tushunchadan butkul yiroqman. Biroq Sharq va Farb haqidagi tushunchalarimiz sho‘ro davridagi tushunchalardan tamoman farqlanishi kerak. Zero, “Sharq” va “Farb” alohida-alohida tushunchalar emas, balki yaxlit hodisalardir. Chinakam haqiqat esa ana shu ikki qutblarning birligidadir. Shuning uchun ham Cho‘lpon adabiyotni Sharq va Farbni tutashtiruvchi „oltin ko‘prik” deb atagan edi. Darhaqiqat, Sharq va Farb qaysi davr badiiy tafakkurida sintezlashgan bo‘lsa, o‘sha davr san’atida, albatta, rivojlanish ro‘y bergan. Navoiy, Cho‘lpon va boshqa adiblarimizning ijodi fikrimizning dalilidir.
Farbga taqlid qilmaslik kerak deymizu, ammo biror-bir tadqiqotchi o‘zbek yozuvchisining aynan qaysi hikoyasi qaysi g‘arblik yozuvchi asariga taqlid tufayli yuzaga kelganini asosli tarzda tahlil qilgani yo‘q. Bu borada faqat bir xil umumiy gaplar takrorlanayapti, xalos. Muayyan asar haqida fikr yuritganda bu asar taqlid doirasida qolib ketganmi yoki adabiy ta’sir tufayli bir yetuk badiiy asar yuzaga kelganmi, deya o‘ylab ko‘rishimiz lozim bo‘ladi. „Gulzor chetidagi quyosh”, „Alvon mato ostidagi hayot”, „Suratdagi ayol”, „O‘pqon”, „Yolg‘izlik” kabi o‘nlab asarlarning yuzaga kelishida g‘arb adabiyotining ta’sirini ko‘rishimiz mumkin. Biroq bular taqlid darajasida qolib ketgan asarlar emas. Aksincha, Sharq va Farb adabiyotlarining sintezi o‘laroq yuzaga kelgan, badiiy jihatdan puxta asarlardir. Zero, biror-bir adabiyot faqat o‘z qobig‘iga o‘ralib qolar ekan, uning ertasi, albatta, tanazzul bilan yakun topadi. Shu ma’noda, bugungi nasrda Sharq va Farb adabiyotining qaysidir darajada sintezi mavjud ekan, bundan faqat quvonmoq darkor.
Badiiy ijoddagi milliylik va umuminsoniylik mushtarak tushunchalardir. Milliylik asar qahramonining do‘ppi kiygani, beliga belbog‘ bog‘lagani bilan belgilanmaydi. Yoxud umuminsoniylik milliy zamindan uzilishni anglatmaydi. Zotan, san’atkor o‘zi mansub xalqning vakili bo‘lgani uchun uning tafakkurida, ongida kechgan voqealar shu xalqqa mansub bo‘ladi. Biror-bir obrazning yuzaga kelishi, badiiy voqelikning yaratilishida yozuvchining qaysi xalqqa mansub ekanligi muhim ahamiyatga ega. Xayol, ya’ni badiiy idrok ijodkorga qanchalik kuch bag‘ishlagan bo‘lsa, u o‘quvchi tafakkuriga ham shunchalik ta’sir ko‘rsatadi. Ijodkorning ko‘ngil kechinmalari va xayollari, birinchi navbatda, milliy tafakkurga asoslanadi. Sharq xalqlari, jumladan, turkiy xalqlar mifologiyasi dunyo badiiy tafakkurida alohida o‘rin tutadi. Buni jahonning ko‘plab ilg‘or yozuvchilari e’tirof etishgan. Folkner, Borxes, Gesse, Joys va Markes kabi adiblarning mulohazalari fikrimizning dalilidir. Biroq bugun biz „modern” yoki g‘arbga taqlid ta’sirida yuzaga kelgan deya ta’kidlayotgan hikoyalarning asosida xalqimizning qadim mifologik tasavvurlari yotganini ko‘pam ilg‘ayvermaymiz.
„Sotilgan tush” nomli o‘zbek ertagini olib qaraylik. Bu ertak turkiy xalqlarning deyarli barchasida uchraydi. Unda ertak qahramoni o‘rtog‘ining tushini sotib oladi-da, ana shu tushdagi baxtni izlab yo‘lga tushadi va o‘z maqsadiga erishadi. Ertak boshdan-oxir tush talqiniga qurilgan va ham shaklan, ham mazunan moderncha hikoyalarga shu qadar o‘xshab ketadiki, kishini hayratga soladi. Yoxud ertaklarimizda qahramonning turli qiyofa kasb etishini olaylik. „Ahmadlar” nomli ertakda esa qahramon qiyofasi yanada go‘zalroq, ta’bir joiz bo‘lsa, „modern” uslubida namoyon bo‘ladi. Ertak qahramoni Ahmad bir necha Ahmadlarga bo‘linib ketadi. Bu badiiy shartlilik deb ataluvchi tushunchalardan ancha baland turadigan adabiy hodisa. Demak, voqelikka o‘zgacha yondashuv, uni aks ettirishda badiiy tasavvur, xayol, fantaziyaning ustivorligini faqat g‘arb adabiyotiga taqlidchilikdan izlash noo‘rin. Mif, ertak, dostonlarimizdagi badiiyatni chuqurroq ilg‘asakkina jahon adabiyotining murakkab tuyulgan sara asarlari bizga tushunarli, yangicha usulda yozilayotgan asarlarimizning ildizlari milliy tafakkurimiz bilan chambarchas bog‘liq ekanligini yaxshiroq anglab yetamiz.
Bugungi va ertangi kun adabiyoti ham inson kim, u qayoqdan keldi va qayoqqa ketayotir, degan savollarga javob izlaydi. Bu jumboqlarning javoblari esa rang-barang bo‘lishi kutilayotir. Shu rang-baranglik ichida absurd adabiyoti ham bo‘lishi tabiiy.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2002 yil 29-sonidan olindi.