Otomo-no Yakamoti (大伴家持) — yapon shoiri. Otomo-no Tabitoning o‘g‘li. Yaaon she’riyatining yig‘uvchilaridan biri. «Man’yosyu» antologiyasining tuzuvchilaridan. Antologiyaga uning 46 nagaut va 480 tankasi kiritilgan.
* * *
Oqshom cho‘kar ekan,
Darvozani ochib qo‘ygancha,
Tushlarimda shivirlab shodmon
“Huzuringga boraman” degan
Mahbubamni kutaman intiq…
* * *
Hattoki yolg‘ondayam
Misqolchalik haqiqat bor-ku!
Sen ham, balki, ey suyukli yor,
“Seni sevmayman” deganing bilan
Ozgina bo‘lsa ham yaxshi ko‘rarsan?
* * *
Falaklardan to‘kilgan
Shaffof qorday beg‘ubor,
Darvozamning oldida
Qishki olxo‘ri shoxi
Oppoq bo‘lib gullabdi!
* * *
Bugun erta saharda kuzning
Shamollari sovuq keltirdi.
Oh, yaqindir, juda yaqindir,
Yovvoyi g‘oz – sargardon sayyoh
So‘ng bor bo‘zlab uchib ketadi…
* * *
Ziyrak quloq tutsang, eshitajaksan —
Kuz kelganda, tongotar mahal,
Ilk shu’lalar jimirlagan payt,
Tog‘lar aro qaldiroq solib,
Yolg‘izlikda bo‘zlaydi bug‘u.
* * *
Odam zoti bo‘lmagan biror go‘sha bormikan ,
Bironta jon bo‘lmagan o‘lka bormi dunyoda ?
O‘sha o‘lkaga ketsam
Suyukli yorim bilan,
Barcha chekkan azobim unutilib ketarmi?
Xurshid Davron tarjimalari
* * *
Muhabbating iztirob,
Firoqqa berolmam tob.
Yashma bo‘lganim ma’qul,
Uni taqib men bilan
Qolar edi mohitob!
* * *
Muncha yiroqsan, poytaxt!
Dildor ham olis juda…
Ming sevaman desam-da,
Ko‘rolmayman uni hech
Na tushim, na uyquda!
* * *
Bo‘ron shabadasidan
Olcha guli to‘zganday,
Darak berding paydar-pay…
Sevgim qayta uyg‘onar,
Shodman, sadag‘ang ketay!
* * *
O‘tdi g‘ozlar galasi
Bulutdan baland hatto.
Sen ham olisda pari…
Vasling izlab, ovora
Bo‘ldim topgunimcha to!
Rus tilidan Fayzi Shohismoil tarjimasi.