Se An

NASTARIN ChORBOG‘I

* * *

Qadimgi donolar
davridagidek
Bizlar ham
navbahor sayrin istadik.
Qirlar, adirlarga
talpindi yurak,
Boychechak qidirdik,
lola izladik.

Daraxtlar osmonga
bo‘y cho‘zdi birga,
Yaylovlar to‘shaldi
yalang‘och yerga.
Bulutlar o‘rladi
ko‘kka tutundek,
Pildirab muzlarni
eritdi jilg‘a.

* * *

Farovon kunlarga
aylab shukrona,
Yonma-yon o‘tirdik
jam bo‘lib yana.
Osmonni to‘ldirib
bulutlar ko‘chdi,
Shamol qanotlari
qayiqni quchdi.
Chorbog‘da biz
sharob ichib quvondik,
Buyuk Fu Si hamda
muhtaram Tandek.
Dunyoda hammaning
qismati birdir –
Xoh go‘dak boladir,
xoh qari choldir.

Rus tilidan Tursun Ali tarjimasi.