Li Sinchjao (1084-1155)

Li Sinchjao (xit. 李清照, pinin: Lǐ Qīngzhào) (13 mart 1084, Lichen, Shandun — 12 may 1155, Szinxua, Chjetszyan) — Sun dinastiyasida yashagan xitoy shoirasi. Taxallusi — Ian Szyuyshi (xit. 易安居士, pinin: Yìān Jūshì).
Li Sinchjao XI asr oxiri XII asrning birinchi yarmida yashab ijod qilgan. Shoira yashagan davrda Xitoyda Sun sulolasi hukmron edi. U Ian Szyuyshi taxallusi bilan ham she’rlar yozgan. Li Sinchjaoning otasi Li Geyey taniqli olim bo‘lib, Imperator Akademiyasida xizmat qilgan. Shoira 1101 yilda tarixchi Chjao Minchen bilan turmush quradi. 1129 yilda umr yo‘ldoshi vafot etadi. Shuning uchun shoira ijodida ayriliq motivlari ko‘p uchraydi. She’riyatining nafisligi jihatidan Li Sinchjaoni afsonaviy Li Boga qiyoslashadi.

* * *

Sukut kezib yurar uyimda.
Ayriliqning ayovsiz to‘ri
Dilni chirmab tashladi juda.

Bahor ketib qolibdi, essiz…
Yomg‘ir uzra uchar yaproqlar.
Minorada turaman yolg‘iz.

To‘rt tomonim ko‘m-ko‘k maysazor,
Qayda ko‘zdan uyquni quvgan?
Uy tomonga yo‘l izlaydi yor
Yo maysaga aldanar u ham.

* * *

Yorqinlashar bahor kun sayin –
Shinam hovli. Sokin deraza.
Hali parda ko‘tarilmayin
Ko‘k soyalar o‘ynaydi rosa.
Minoradan so‘zsiz kuzatgum,
Rangin tsitra torlari-da jim.

Cho‘qqi uzra to‘da bulutlar –
Yovuqlashib keladi oqshom.
Shamol tinar, titramas o‘tlar,
Yomg‘ir yo‘llar shavkatli osmon.
Gullagan nok qo‘rquvda bu dam:
O‘tolarmi gullar bahordan?!

Ruschadan Gulnoz Mo‘minova tarjimasi

* * *

Kimdir ekib ketgan bu palma
Derazamning ortida o‘sar
Yillar o‘tgan sayin baravj.
Hovlini
Quyuq soya qoplamish butkul.
Yolg‘izdirman, g‘amgin, benavo,
Qimirlagim kelmas o‘rnimdan.
Yomg‘ir devor ortida bedor
Taqillatib o‘tadi uch bor.
Tomchilar ortidan tomchilar
Yuragimga kiradi sizib.
Bu g‘uluvni ko‘tarmaklikka,
Tinglamakka yetarmi bardosh.
Ayriliqda eng olis tunni
Qisqartirib bilmadim yolg‘iz…

Oygul Suyundiqova tarjimasi

* * *

Bahor yaqin. Kun o‘tgani sayin oftob
Yashnatadi sokin hovli, jin ko‘chani.
G‘ira-shira soyalarga chulg‘ar, hali
Pardalari ochilmagan derazani.

Sukunatga berilib, jim minoradan
Kuzataman shu hovlini, ko‘nglimda g‘ash.
Qahraboli chiltoridan chiqmas sado,
Derazasin pardalari ko‘tarilmas.

Sayr etarkan bulut tog‘lar cho‘qqisida,
Zulmatlarni boshlab kelar birdan shoshib.
Maysalarni mavjlantirib uchar shamol,
Bag‘ri siyoh bo‘lar ko‘kning ko‘ngli toshib.

Izg‘irin bir sovuq turar, hurkitadi
Kurtaklagan nok daraxtin silkib chunon.
Xavotirman, yolg‘on, sarob bahorlardan,
Chin ko‘klamga yetarmikan gullar omon…

XRIZANTEMA

O‘n ming yaprog‘ingda quyosh zarrasi,
Gulbarglaring go‘yo kahrabo popuk.
Oltin quymalardek tovlanar yal-yal,
Egilsang yer qadar, qilganday qulluq.
Xrizantema – suluv kuz malikasi!
Mag‘rur va bardam ruh senda mujassam.
Mardi maydonlarning shon-shavkatidan
So‘ylar jismu joning – navrasta, ko‘rkam.
Olxo‘ri gullarga burkansin, mayli,
Eng nafis ko‘ylagin kiysin nastarin.
Baribir senga teng kelolmas hech gul,
Hech biri munavvar emas sendayin.
Munavvar chehrangda – munavvar ifor
Lutf etding, huzurbaxsh nuringga chulg‘ab.
Ammo, senga boqib ezildi ko‘nglim,
Olisdagi o‘sha kimnidir qo‘msab.

Rus tilidan Nodira Abdullayeva tarjimalari