Bo Szyuyi (772-846)

Bo Szyuyi (白居易, boshqa taxalluslari: Bo Letyan 白乐天, Bo Syanshan 白香山) — Tan davridagi xitoy shoiri. Bo Sintszyanning akasi. Xenan shahrida tug‘ilgan. Tayyuan shahrida yashagan. Uni “Samoviy Bo” deb atashgan. Sababi shoir ijodi qadimgi Xitoy lirik she’riyatining eng yuqori cho‘qqisi, deb baholangan.

G‘AMGIN MUSOFIRGA

Yomg‘irdan zax tortgan zaminning bag‘ri,
Sohilda majnuntol egilgan xomush.
Izg‘irin erinmas, qorni daraklab
Ko‘kda chinqiradi adashgan oqqush.

Qirg‘oqqa qo‘narkan musofir g‘amnok,
Olis yo‘l oldidan tin olmoq bo‘ldi.
Suvo‘tlarni yuvar daryo, sohilda
Qayiq quchog‘iga to‘linoy to‘ldi.

ESIZ, GULLAR…

Kuzgi gullar, e-voh, kechikkan gullar…
Ayni ochilganda chiroyli, nafis.
Bir kechada nogoh uzildi, so‘ldi
Beayov shamolning ilkida, esiz!

Tongda noxush sezdi o‘zin zarg‘aldoq,
Qadrdon makonin yo‘qlashga bordi.
Bu ne hol? Yig‘ladi-siqtadi zor-zor,
Faryodi yalang‘och shoxlarda qoldi.

ChIRILDOQLAR GURUNGI

Qayerdadir chirildoqlar boshlar gurung,
Kalavadek cho‘zilgaydir tun xotirjam.
Rutubatli kuz g‘azabga minib battar,
Yomg‘ir bilan tahdid qilar ko‘k yuzi ham.

G‘ussalarga berilmoqdan balki qo‘rqar,
Bir lahzaga kiprigimga qo‘nsa g‘aflat.
Ko‘chib o‘tdi yonginamga… chirildoqlar,
Davom etdi tun bag‘rida qizg‘in suhbat.

Rus tilidan Nodira Abdullayeva tarjimalari