Nguyen Chay (Nguyễn Trãi) – atoqli shoir, davlat arbobi, Vetnam xalqining milliy qahramoni. Nguyen Chay ona yurtini bosqinchilardan ozod qilgan imperator Le Loyaning yaqin do‘sti va maslahatchisi edi. Shoir xalqni ozodlikka chorlovchi she’rlari bilan tanilgan.
* * *
Bunda pagodalar* ko‘p ekan, talay,
Ana, yana biri ko‘ringay tog‘da.
Oyog‘im tagida g‘ijirlaydi Oy,
Bambukzor oralab daydigan chog‘da.
Bari o‘tmish! Terak, tag‘in shumtol ham,
Xrizantemalar uzra shivirlar qayin,
Bu ajib sukunat oltindan qimmat,
Kezaman o‘xshashin aslo topmayin.
___________
* Pagoda – ibodatxona.
* * *
Oyoq izlaridan iylanmish tosh ham,
Bambukzor naridan gullar bir dunyo.
Maymun chinqirig‘i titratar tog‘ni,
Quyosh derazaga boqar mahliyo.
Ibodatxonamiz quyuq nur to‘la,
Zumrad suv mavjlari yonar eshilib.
Ko‘lda o‘rdaklaru tag‘in turnalar,
Koshkiydi bariga ketsam qo‘shilib.
* * *
Oshaymiz batata*, tag‘in javdar ham,
Olxo‘ri soyasi – ruhga bop makon.
Bo‘rondagi suvdek talotum dunyo,
Jimjitlikka meni chorlar zimiston.
Nilufariy bazm, ovloqda zarang,
Tegrasida she’rlar tinglaydir hilol.
Bunda maymunlar bor, turnalar, qarang,
Mehmonga boqishar begona misol.
___________
* Batata – kartoshkasimon o‘simlik.
* * *
Oqshom kezinaman. Tiniq nigohim,
Osmon qushlariga tanish kenglikdir.
Daraxtlar poyasin taniydir shamol,
Tog‘lar cho‘qqilari bulutlarga pir.
Hali ham tuproq-chi, o‘sha-o‘shadir,
Zamin o‘sha-o‘sha, xuddi suv misol.
Ruhimni faqat men anglab yetolmam,
Nimadir, o‘ylarim elar shu savol.
* * *
Qishloq ohangida o‘qiyman she’rlar,
Oqqan suv oqdiyu ketdi, qaytmaydi.
O‘tmish ko‘zdan yitmish, borar yo‘limda,
Ne-ne to‘siqlar-da izg‘iydi daydi.
Bambuk darig‘ qolmish Oy nuridan, boq,
Soyasin oqizib bilmas sharshara.
Gullarning oltin rang, kumush jilvasi,
Yo‘qotgandan nasib meros-da, jo‘ra!
* * *
Qayoqqa qarama, hammayoqda suv,
Daryo qayiqlari langar izmida.
Oy nurlarin ermak aylab eshkaklar,
Yulduzlar ergashar yelkan izidan.
Suv ham ko‘m-ko‘k go‘yo mushuk ko‘zidek,
Oy nuri qa’rida oqarmish boshim.
Qarang-da, turnalar tegramda uchar,
Oqchorloqlar mudom endi yo‘ldoshim.
OQ QAYIN
Sovuq daraxtlarga o‘nglanmas xatar,
Oq qayin bardoshli bariga faqat.
To‘sin izlaganda bo‘lma ko‘p sarson,
Oq qayin metindek, tortma mashaqqat!
BAMBUK
1
Navqiron tollarda gullabdi rosa,
Tollarim, adl qadding shirindan-shakar.
Sen haqingda hamma joyda hangoma,
Barkamol yigitday mag‘rursan magar!
2
Barkamol, ey yigit, shavkating yuksak,
Do‘stlar ko‘rgay asling, xislating faqat.
Adl qadning hikmatin bilmas bir tentak,
Adllik ildizi bo‘lganida Adolat!
ShAFTOLI GULLARI
Shaftoli har bahor burkanar gulga,
Go‘zalligin sezib uyg‘onadir Sharq.
Xush iforin ilg‘ab chorlaydir yo‘lga,
Shamol, shamol bizni aylab yozga g‘arq.
Yoz bo‘yi ketmasdir o‘sha xush ifor,
Bariga “gunohkor” ko‘klam bir kuni.
Ayg‘oqchilik aylar qushlar-da takror,
Yaratgan-da ko‘kda bahor maftuni!
Rus tilidan Tursun Ali tarjimasi