Chu Txi Tom (1962)

Shoira va jurnalist Chu Txi Tom (Chu Thị Thơm) zamonaviy Vetnam adabiyotining samarali ijod qilayotgan vakillaridan biri. Uning she’rlari va publitsistik maqolalari matbuotda tez-tez chop qilinadi.

BIR KUNI

Alangaga qiyoslasa bo‘lar sevgini,
Hayotni bulut-la yonma-yon qo‘ymoq,
Seni solishtirdim po‘rtana bilan,
Shamolning ishqiga mangu boylangan.

Ishq har lahza olovlanadi,
Tebrangan bulutlar,
G‘uj-g‘uj to‘lqinlarning shiddati misol
Kundalik hayotga o‘rmalar oqlik.
Oqshom oyoq qo‘yar, ketib borar qo‘rquv xuruji…
Bulut–to‘lqin–hayot bekik aylana.

Bir kuni parvozga chog‘lanar hayot,
Bir kuni muhabbat kulga do‘nadi,
Bir kuni to‘lqinlar qo‘ldan to‘kilar…

KUZ TUYG‘USI

Bir kuni kun o‘tib ketadi kuzga. Shimoli-sharqiy shamol
Tirnoqgul iforida yo‘llar zahillik. Yurak xotiralardan
dong qotib qolar. Yoz olovin yashirar, iliq havo qaytmas ortiga…
Bir kuni she’rlar ivib ho‘l bo‘lar, ularni bekitgim kelmas (yomg‘irdan).
Biz issiq go‘shaga tashrif buyurdik. Majolsiz edik, baxtning
yashil ildizlarin uzib olishga. Ortda qolib ketar ismsiz gullar.

Kuzgi gullar chopar ochilmoq uchun. Sonsiz to‘fonlarning xira izlari.
Bizning o‘tmishdagi uyga kelib, qolar manguga kimdir. Qiyo ochiq eshik tirqishida alla sadosi.

Kuzgi tuyg‘ulardan titranib-titrab, shoshaman nam she’rlarni quritmoq uchun. Yelkam uzra yastanar sen kelar yo‘llar, qachonlardir unutilgan tush.
Eski va’dam sari kelyapman qaytib. Kutaverib, izlaring ko‘karar olis yillar ortida. Engashgan yelkalarda kechmishning yuki. O‘tmishni esga tizib, kuz sariq gullarin to‘zg‘itib sochar…

Rus tilidan Go‘zal Begim tarjimasi