HAYoT QO‘NG‘IROG‘I
Sahro, cho‘llar o‘tib keladi karvon,
Safari mushkuldir, manzili yiroq.
Go‘yoki yer bilan tutashdir osmon,
Sukunat bag‘rini tilar qo‘ng‘iroq.
Goh gulshan, goh daryo misoli sarob
Og‘ushiga chorlar oson chalg‘imoq.
“Odamlar, mudramang, elitmasin xob”,
Deya sado berar tinmay qo‘ng‘iroq.
Qaqragan lablarda bir so‘z hukmron:
Zorlanib bir qultum suv deydi bu chog‘.
Bardoshli bo‘lishga chaqirib hamon,
Yurak zarbi kabi yangrar qo‘ng‘iroq.
Hu, ana ko‘rindi oppoq cho‘qqilar,
Kutilgan oshyon ham emasdir uzoq.
Horigan vujudga orom tarqalar,
Shodlikka ohangdosh bo‘lar qo‘ng‘iroq.
Vodiylar, gulzorlar bo‘ldi poyandoz,
Karvonni kuzatib qoldi necha bog‘.
Yangradi qo‘shiqlar, sho‘x kuyladi soz,
Hamon jaranglaydi munis qo‘ng‘iroq.
Karvonga o‘xshagay biz sevgan hayot,
Safari mushkuldir, manzili yiroq.
Shoir esa doim g‘aflat dushmani –
Umidni uyg‘otgan o‘sha qo‘ng‘iroq.
Uyg‘ur tilidan Nosir Muhammad tarjimasi
ER O‘G‘LONIMAN
Cho‘qqida turibman. Poyimda bulut.
Poyimda daraxtlar dengizi yoyiq.
Cho‘qqidan cho‘qqiga ko‘chuvchi burgut
Pastdagi jilg‘aga boqadi yoniq.
Cho‘qqida turibman, ko‘zlarim esa
Kumush irmoqlarda kezar havasda.
Olamda neki bor, ne jilva bo‘lsa
Zamzama qiladi yakkash shu pastda.
Qadam olishimdan ko‘chuvchi toshlar
Pastga otilishi — shitobli har dam.
Havo pastga shoshar, suv pastga shoshar,
Uzilib tog‘dagi asrlik qordan.
Bunda hamma narsa pastga intilar,
Erga ta’zim yo‘llar yuksak tog‘u tosh.
Hissiz g‘aflat to‘lar, mungli tun to‘lar,
Erga intilishdan to‘xtasa quyosh.
Men zamin o‘g‘liman, lekin mabodo
Tog‘ bo‘lsam, nur bo‘lsam, suv bo‘lsam-da men
Erga intilishdan tolmasdim aslo
Tortish kuchi bo‘lib turarkan zamin.
VATAN SEVGISI
Nogoh Vatanimni bossa zo‘r to‘fon,
Shul to‘fon qa’riga boshlanglar meni.
Vatanni yondirmoq bo‘lsa qay gulxan,
Shul gulxan ichiga tashlanglar meni.
Mayliga, jizg‘inak bo‘lsam ham darrov,
Mayli, do‘zax bazm qursin ustimda,
O‘sha do‘zaxdan ham kuchliroq olov —
Vatanim sevgisi yashar ko‘ksimda.
G. Nurullayeva tarjimasi