Oxund Mulla Mashhuriy (XVIII asr)

* * *

G‘uncha la’lingg‘a, ey shirin dahan, suygum kelur,
Bog‘i husningg‘a kiribon g‘unchalar uzgum kelur.

Tiyra xotir hamnishinlardan yer uzra men malul,
Osmon uzra chiqib oylar bilan yurgum kelur.

Bo‘lmasa la’li shakarboring baham men tashnaga,
Qand suvni ichmayin, hasrat suvi ichgum kelur.

Dudi ohimni mening o‘rlatma, och sham’i jamol,
Mendumen parvona, diydor o‘tida kuygum kelur.

O‘tmagil tunda ravon salqinidek umri aziz,
Ostoni yorda bir necha kun turg‘um kelur.

Gul sovuq salqindan ochilur, dog‘i men gul kabi,
Xasm yetkursa sovuq so‘z, gul kabi kulgum kelur.

Ahli dunyo, ahli faqir bu ikov holin ko‘rub,
Zar qabolarni qo‘yib, pashmin qabo kiygum kelur.

Shum g‘animlar yuzidan yaxshidurur o‘lum yuzi–
Kim, raqibi shum ro‘larni ko‘rub o‘lgum kelur.

Kufrdur ahli tariqat mazhabida kim, riyo,
Xudnamo zohidlarni Mashhuriy o‘lturgum kelur.

Uyg‘ur tilidan Omonbek Jalilov tabdili