Muxtor Maqsud (1957)

Muxtor Maqsud 1957 yili Xo‘tan viloyatining Guma nohiyasida tug‘ilgan. 1983 yili Shinjon universitetining adabiyot fakultetini tamomlagan. Uning “Oshiqlar siri”, “Tanho qayiq”, “Iloha cho‘qqisi” kabi she’riy kitoblari chop etilgan.

MAQOM

Yozning behol oqshomlarida
Zil sukunat olganda quchib
Olislardan kelasan uchib,
Orzularga to‘lgan xayolim.
Yuksalasan arshlardan osha.
Umidlarim niholi so‘lsa,
Obihayot bo‘lib oqasan,
Tomirimda o‘tlar yoqasan.
Chechaklarga to‘ladi olam
Va hayotga masrur boqaman.
Horib qolsa olis safarda
Egarlayman uchqur otlarim
Va tushimda tishlab ontlarim
Manzilimga albat yetaman
Qayrilsa-da qo‘sh qanotlarim.
Sen quyoshdan taralgan navo,
Ko‘z yoshiyu isyonkor da’vat,
Mayoqdirsan yonguvchi abad.
Har nafasing umid rishtasi,
Kuylatguvchi o‘tli muhabbat.

UFQ

Ufq adashtirdi
Chirmab meni pardalariga,
Olagovgum
Sudrab kirdi tun qo‘yniga tez.
Ora-chora chaqnagan yulduz
Ko‘zlarimdan olib qochdi nishonni.
Xira tushlarim
Solib meni taxtiravonga
O‘ynatmoqda vaznsizlikda.
Quyosh
meni olqishlarmi
Yoki
O‘zimga sira ham o‘xshamaydigan
Soyamni?..

SOYaM

1

Soyamni izlab ketyapman,
Izlab ketyapman
Shahid bo‘lgan quyoshni
Ufqlar tomon.

2

Soyam
Singib ketgan chog‘i yo‘llarga.
Ko‘milgan chog‘i
Xira nurlarga.

3

Soyam
Ketgan balki quyoshni izlab,
Kelar uni boshlab bir kuni
Yutoqqan ufqni qabrga tashlab.

Emin Usmon nashrga tayyorlagan